Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Sentabr, 2026   |   5 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:44
Quyosh
06:04
Peshin
12:18
Asr
16:41
Shom
18:35
Xufton
19:51
Bismillah
16 Sentabr, 2026, 5 Rabi`us soni, 1448

Ro‘zaning hikmatlari

25.04.2020   5028   5 min.
Ro‘zaning hikmatlari

Ko‘z ochib yumguncha umrimizning yana bir yili o‘tib, rahmat va mag‘firat, barakot oyi bo‘lgan Ramazon kirib keldi. Bu kunni mushtoq kutgan, bu oyning tashrifidan umidvor qanchadan-qancha insonlar ichida bizni ham omonlik va sihatlikda ushbu yangi Ramazon bilan siylagan Allohga cheksiz hamdlarimiz bo‘lsin.

Bu oyning fazilatlari, ta’riflarga sig‘mas xislatlari va mehribonchiliklarini o‘z ummatlariga ilingan Payg‘ambarimizga s.a.v. salovot va salomlarimiz bo‘lsin.

Ushbu muborak oyning imkoniyatlaridan oqilona foydalanib, bu oyni “mo‘minning mavsumi” deya g‘animat bilgan, olti oy Allohdan Ramazonga yetkazishini so‘rab yig‘lagan, yana olti oy esa Ramazonda tutilgan ro‘zalarini qabul bo‘lishligini so‘rab iltijolar qilgancha ushbu oydan gunohlari mag‘firat qilingan holatda chiqqan sahobalar va Allohning jamiki suyukli bandalariga Robbimizning rahmatlari yog‘ilsin.

Bu oyning fazilatlari va xosiyatlari, biz bilgan va bilmagan tuxfalarining sanog‘i behisob. Bir bugun ularga urg‘u bermoqchi yoki ro‘zaning farzligi haqida eslatmoqchi g‘am emasmiz. Chunki har yili Ramazon yaqinlashishi bilan bu ma’lumotlar takror va takror aytilganidan ko‘pchiligimiz Ramazon haqida, ro‘za haqida anchagina ma’lumotlarga egamiz. Bugun biz yil bo‘yi e’tibor bermaganimiz, aynan Ramazon oyining ro‘zasi tufayligina bizning jasadimizda sodir bo‘ladigan OCHLIK degan holatning dunyo va oxiratimiz uchun nechog‘lik foydali ekanligini eslatib qo‘ymoqchimiz xolos.

Avvalo Alloh uchun bo‘lgan ochlikda Allohning roziligi bor. Imom G‘azzoliy “Ihyoi ulumid-din” kitoblarida ushbu hadisni keltiradilar. Rosululloh s.a.v.:   “Nafslaringizga qarshi ochlik va chanqoqlik bilan kurashinglar. Albatta bu ikkisining ajri Alloh yo‘lida jihod qiluvchining ajri kabidir ”, dedilar.

 Qiyomat kunining   shiddati va qo‘rqinchlaridan omonda bo‘ladi. Abu Hurayra r.a. aytadilar: Bir kuni Rosulullohning s.a.v. xuzurlariga kirdim va u zotni o‘tirib namoz o‘qiyotgan holatlarida topdim. Bas, u kishidan buning sababini so‘radim. U zot: “Ochlik sababli, turib namoz o‘qishga xolim yo‘qligidan o‘tirib namoz o‘qiyapman”, dedilar. Buni eshitib men yig‘ladim. Shunda Rosululloh s.a.v.: “Yig‘lama, ey Abu Hurayra! Albatta qiyomat kunining shiddati Allohdan savob umidida och yuruvchi kishiga yetmaydi”, dedilar.  (Mansur rivoyati)

Alloh taoloning huzuridagi manzillarning afzalida bo‘ladi.  “Alloh taoloning huzurida manzil jihatidan eng afzalingiz ochligi va tafakkuri uzunroq bo‘lganingizdir. Alloh yomon ko‘radigan kishilar esa har bir ko‘p uxlovchi va ko‘p yeb-ichuvchilardir” (G‘azzoliy)    

Qalbning munavvar bo‘lishiga va shaytonning yo‘llarini toraytirishga sabab bo‘ladi. Nabiy s.a.v. aytadilar: “ Qalblaringizni ochlik va dag‘al libos kiyishlik bilan munavvar qilinglar. Albatta shayton insonning qon tomirlarida yuradi. Uning yo‘liniochlik bilan toraytiringlar”. 

Yahyo ibn Mu’oz ar-Roziy aytadilar: “Vasvasa shaytonning urug‘idir. Agar unga yer va suv berilsa o‘sadi, agar bu ikkisi topilmasa qurib ketadi. Aytildi: “Yer nimayu, suv nima?”. Aytdilar: “To‘qlik vasvasa uchun yer, uyqu esa u uchun suvdir”.

 Aytiladiki : “ Dunyoda ochlikni ixtiyor qilganlar, oxiratda to‘q bo‘ladilar. Bu dunyoda to‘q bo‘lgan insonlarning ko‘plari oxiratda och bo‘ladilar”.

Imom G‘azzoliy (r.a.) o‘zlarining “Ihyou ulumid-din” kitoblarida shunday deydilar: “ To‘q qorin ustiga ovqatlanish moxov kasalini keltirib chiqaradi”.

Imom Bayhaqiydan rivoyat qilingan bir hadisda aytiladi: “ Bir kunda ikki mahal ovqatlanish isrofdir. Va Alloh isrof qiluvchilarni suymas”.

Sahl ibn Abdulloh aytadilar: “ Oxirat talabida yurgan kishi uchun to‘qlikdan ko‘ra zararliroq narsani bilmayman”.

Boyazid Bistomiy hazratlaridan: “ Bu ulkan darajalarga nima sababidan yetdingiz?”, deb so‘rashdi. Shunda u zot: “ Och qorin va yalang‘och badan bilan”, deya javob berishdi.

Demak , ochlikning inson uchun dunyo va oxiratda foydalari katta ekan. Aytishadiki: “ Agar Fir’avn och bo‘lganda, xudolikni da’vo qilmagan bo‘lardi”.

Xulosa o‘rnida shuni aytmoqchimizki, ramazon oyi kelishi bilan ba’zi bir insonlar arzimagan bahonalar va bemorliklarini ro‘kach qilib ro‘za tutishdan o‘zlarini “ozod” qilib olishadi. Agar shunday kishilar ham ixlos bilan, ozgina sabr-toqat bilan, Alloh taolodan savob umidida bir oy ramazon ro‘zasini tutsalar, va mana shu odatni tark qilmagan holda yil bo‘yi ma’lum bir kunlarda ro‘za tutib ochlik hissini tuyib yursalar, ham oxiratlari uchun, ham bu dunyodagi xojatlarining ro‘yobi uchun, sog‘liqlari uchun ham foydali bo‘ladi. Eng asosiysi esa, Rosululloh s.a.v. aytganlaridek: “Bir banda Alloh yo‘lida bir kun ro‘za tutsa, o‘sha kungi ro‘zasi sababli Alloh uning yuzini do‘zaxdan yetmish yillik masofaga uzoq qiladi”. (Muttafaqun alayh)

 

Olmazor tumanidagi “Mevazor” masjidi imom-noibi:    Yorbek Islomov

 

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Turkiy davlatlar muftiylari 10 ga yaqin muhim bayonot va fatvolarni imzoladilar

14.09.2026   17784   1 min.
Turkiy davlatlar muftiylari 10 ga yaqin muhim bayonot va fatvolarni imzoladilar

Xabar berganimizdek, Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylari kengashining navbatdagi VII yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston muftiylari muhim yo‘nalishlarda 3 ta bayonot va zamonaviy masalalarga oid 6 ta yirik fatvoni imzolashdi.

Jumladan, «Islomning ilm-fan va texnologiyaga yondashuvi» mavzusidagi bayonotda Islom dinida insoniyat farovonligiga xizmat qiluvchi barcha ilmiy va texnologik yutuqlar qo‘llab-quvvatlanishi bilan birga, ular yuksak axloqiy mezonlar, adolat va mas’uliyat tamoyillari asosida rivojlanishi shartligi ta’kidlandi.

«Musulmonligi ma’lum bo‘lgan shaxsni kofirga chiqarishning hukmi» to‘g‘risidagi bayonotda Islom ta’limotiga ko‘ra, kalimai shahodat keltirib, qibla ahlidan bo‘lgan har qanday shaxs musulmon hisoblanishi hamda qilgan gunohi yoki amaldagi nuqsoni tufayli uni kufrda ayblash (takfir qilish) qat’iyan man etilishi aytildi. Shuningdek, Turkiy davlatlar ulamolari ushbu bayonotda jamiyatda fitna, qon to‘kilishi va nizolarga sabab bo‘luvchi takfirchilik oqimlariga qarshi ilmiy-ma’rifiy kurashni kuchaytirish, ummat birdamligini mustahkamlash zarurligiga e’tibor qaratishdi.

«Oila qurishga targ‘ib qilish, uni muhofaza qilish va mustahkamlashga doir umumiy mas’uliyat» bayonotida Islom ta’limotiga ko‘ra, oila nikoh asosiga quriladigan, sog‘lom avlod va jamiyat davomiyligini ta’minlovchi, insonga ruhiy xotirjamlik hamda axloqiy tarbiya beruvchi muqaddas muassasa ekaniga urg‘u qaratildi. Muftiylar oila institutini himoya qilish, yoshlarni oilaga tayyorlash va milliy-ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlashda birdamlikka chaqirdilar.

Shuningdek, muftiylar tomonidan «Bitta qabrga birdan ortiq mayyitni dafn etishning hukmi», «Ijaraga berilgan dehqonchilik yerlarining ushri», «Fatvo so‘rash va fatvo berishda sun’iy idrokdan foydalanish masalasi», «Juma namozi durust bo‘lishining shartlari», hijriy oy boshlanishini aniqlash mezonlari va takfir masalasiga doir 6 ta fatvo matni imzolandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari