Ko‘z ochib yumguncha umrimizning yana bir yili o‘tib, rahmat va mag‘firat, barakot oyi bo‘lgan Ramazon kirib keldi. Bu kunni mushtoq kutgan, bu oyning tashrifidan umidvor qanchadan-qancha insonlar ichida bizni ham omonlik va sihatlikda ushbu yangi Ramazon bilan siylagan Allohga cheksiz hamdlarimiz bo‘lsin.
Bu oyning fazilatlari, ta’riflarga sig‘mas xislatlari va mehribonchiliklarini o‘z ummatlariga ilingan Payg‘ambarimizga s.a.v. salovot va salomlarimiz bo‘lsin.
Ushbu muborak oyning imkoniyatlaridan oqilona foydalanib, bu oyni “mo‘minning mavsumi” deya g‘animat bilgan, olti oy Allohdan Ramazonga yetkazishini so‘rab yig‘lagan, yana olti oy esa Ramazonda tutilgan ro‘zalarini qabul bo‘lishligini so‘rab iltijolar qilgancha ushbu oydan gunohlari mag‘firat qilingan holatda chiqqan sahobalar va Allohning jamiki suyukli bandalariga Robbimizning rahmatlari yog‘ilsin.
Bu oyning fazilatlari va xosiyatlari, biz bilgan va bilmagan tuxfalarining sanog‘i behisob. Bir bugun ularga urg‘u bermoqchi yoki ro‘zaning farzligi haqida eslatmoqchi g‘am emasmiz. Chunki har yili Ramazon yaqinlashishi bilan bu ma’lumotlar takror va takror aytilganidan ko‘pchiligimiz Ramazon haqida, ro‘za haqida anchagina ma’lumotlarga egamiz. Bugun biz yil bo‘yi e’tibor bermaganimiz, aynan Ramazon oyining ro‘zasi tufayligina bizning jasadimizda sodir bo‘ladigan OCHLIK degan holatning dunyo va oxiratimiz uchun nechog‘lik foydali ekanligini eslatib qo‘ymoqchimiz xolos.
Avvalo Alloh uchun bo‘lgan ochlikda Allohning roziligi bor. Imom G‘azzoliy “Ihyoi ulumid-din” kitoblarida ushbu hadisni keltiradilar. Rosululloh s.a.v.: “Nafslaringizga qarshi ochlik va chanqoqlik bilan kurashinglar. Albatta bu ikkisining ajri Alloh yo‘lida jihod qiluvchining ajri kabidir ”, dedilar.
Qiyomat kunining shiddati va qo‘rqinchlaridan omonda bo‘ladi. Abu Hurayra r.a. aytadilar: Bir kuni Rosulullohning s.a.v. xuzurlariga kirdim va u zotni o‘tirib namoz o‘qiyotgan holatlarida topdim. Bas, u kishidan buning sababini so‘radim. U zot: “Ochlik sababli, turib namoz o‘qishga xolim yo‘qligidan o‘tirib namoz o‘qiyapman”, dedilar. Buni eshitib men yig‘ladim. Shunda Rosululloh s.a.v.: “Yig‘lama, ey Abu Hurayra! Albatta qiyomat kunining shiddati Allohdan savob umidida och yuruvchi kishiga yetmaydi”, dedilar. (Mansur rivoyati)
Alloh taoloning huzuridagi manzillarning afzalida bo‘ladi. “Alloh taoloning huzurida manzil jihatidan eng afzalingiz ochligi va tafakkuri uzunroq bo‘lganingizdir. Alloh yomon ko‘radigan kishilar esa har bir ko‘p uxlovchi va ko‘p yeb-ichuvchilardir” (G‘azzoliy)
Qalbning munavvar bo‘lishiga va shaytonning yo‘llarini toraytirishga sabab bo‘ladi. Nabiy s.a.v. aytadilar: “ Qalblaringizni ochlik va dag‘al libos kiyishlik bilan munavvar qilinglar. Albatta shayton insonning qon tomirlarida yuradi. Uning yo‘liniochlik bilan toraytiringlar”.
Yahyo ibn Mu’oz ar-Roziy aytadilar: “Vasvasa shaytonning urug‘idir. Agar unga yer va suv berilsa o‘sadi, agar bu ikkisi topilmasa qurib ketadi. Aytildi: “Yer nimayu, suv nima?”. Aytdilar: “To‘qlik vasvasa uchun yer, uyqu esa u uchun suvdir”.
Aytiladiki : “ Dunyoda ochlikni ixtiyor qilganlar, oxiratda to‘q bo‘ladilar. Bu dunyoda to‘q bo‘lgan insonlarning ko‘plari oxiratda och bo‘ladilar”.
Imom G‘azzoliy (r.a.) o‘zlarining “Ihyou ulumid-din” kitoblarida shunday deydilar: “ To‘q qorin ustiga ovqatlanish moxov kasalini keltirib chiqaradi”.
Imom Bayhaqiydan rivoyat qilingan bir hadisda aytiladi: “ Bir kunda ikki mahal ovqatlanish isrofdir. Va Alloh isrof qiluvchilarni suymas”.
Sahl ibn Abdulloh aytadilar: “ Oxirat talabida yurgan kishi uchun to‘qlikdan ko‘ra zararliroq narsani bilmayman”.
Boyazid Bistomiy hazratlaridan: “ Bu ulkan darajalarga nima sababidan yetdingiz?”, deb so‘rashdi. Shunda u zot: “ Och qorin va yalang‘och badan bilan”, deya javob berishdi.
Demak , ochlikning inson uchun dunyo va oxiratda foydalari katta ekan. Aytishadiki: “ Agar Fir’avn och bo‘lganda, xudolikni da’vo qilmagan bo‘lardi”.
Xulosa o‘rnida shuni aytmoqchimizki, ramazon oyi kelishi bilan ba’zi bir insonlar arzimagan bahonalar va bemorliklarini ro‘kach qilib ro‘za tutishdan o‘zlarini “ozod” qilib olishadi. Agar shunday kishilar ham ixlos bilan, ozgina sabr-toqat bilan, Alloh taolodan savob umidida bir oy ramazon ro‘zasini tutsalar, va mana shu odatni tark qilmagan holda yil bo‘yi ma’lum bir kunlarda ro‘za tutib ochlik hissini tuyib yursalar, ham oxiratlari uchun, ham bu dunyodagi xojatlarining ro‘yobi uchun, sog‘liqlari uchun ham foydali bo‘ladi. Eng asosiysi esa, Rosululloh s.a.v. aytganlaridek: “Bir banda Alloh yo‘lida bir kun ro‘za tutsa, o‘sha kungi ro‘zasi sababli Alloh uning yuzini do‘zaxdan yetmish yillik masofaga uzoq qiladi”. (Muttafaqun alayh)
Olmazor tumanidagi “Mevazor” masjidi imom-noibi: Yorbek Islomov
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bugungi globallashuv sharoitida barcha sohalar kabi din bilan bog‘liq jarayonlar ham jadallashib bormoqda. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda diniy arkonlarni noto‘g‘ri talqin qilish holatlari tobora avj olmoqda. Bunday vaziyatda har bir kishi bilim va axborot iste’moli madaniyatiga juda muhtoj bo‘ladi. Dinini sof saqlamoqchi bo‘lgan inson to‘g‘rini noto‘g‘ridan ajratib olishi uchun yetarlicha salohiyatga ega bo‘lishi davrimizning eng dolzarb talablaridan bo‘lib qoldi.
Hozirgi kunda oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilib, odamlarni o‘z buzg‘unchi g‘oyalariga undayotgan oqimlardan biri salafiylik toifasi bo‘lib, u Markaziy Osiyo mintaqasiga ham o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazmoqda.
Avvalo “salafiylik” iborasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, u arab tilidagi “سلف” [salaf] so‘zidan olingan bo‘lib, “ajdodlar”, “avval yashab o‘tganlar” ma’nolarini anglatadi. Hadislarga ko‘ra, “salaflar” yo “salafi solihlar” deganda, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan keyingi ikki davrda yashagan musulmonlar tushuniladi. Ya’ni, bular – sahoba, tobein va tabaa tobeinlar. Ulardan keyingi davrlarda yashab o‘tgan odamlarga nisbatan “salaf” atamasi ishlatilmagan.
Keyingi yillarda “salafi solihlarga ergashish” shiori ostida soxta salafiylar jamoasi paydo bo‘ldi. Ularning aqidaviy asosi Ibn Taymiya (1263/1328) ismli shaxsga borib taqaladi. U fiqhiy-aqidaviy masalalarda ixtilof qilgani sababli ahli sunna ulamolari tomonidan qattiq tanqid qilingan va keskin raddiyalarga uchragan. Shunday bo‘lsa-da, uning g‘oyalari turli mutaassib toifalarga asos bo‘lib xizmat qilishda davom etyapti.
Mustaqillikdan keyingi yillarda bizning yurtimizda vahhobiylik harakati bo‘y cho‘zdi. Aslida salafiylik bilan vahhobiylik orasida farq yo‘q. Ularning e’tiqod va qarashlari bir xil. Vahhobiylik salafiylikdan kelib chiqqan. Uning asoschisi Muhammad ibn Abdulvahhob (1703-1791) Ibn Taymiyaning fikrlariga qo‘shilishga chaqirgan.
Salafiylikning faoliyatiga e’tibor berilsa, ular ahli sunnaning aqida bo‘yicha ash’ariylik va moturidiylik ta’limotlarini, to‘rt fiqhiy mazhab va tasavvufni inkor etadi. Fiqhiy mazhablar o‘rtasidagi juz’iy ixtilofli masalalarni tanqid qilib, ularni ayblaydi va mazhabsizlikka undaydi. Fiqhiy-aqidaviy ixtiloflar keltirib chiqaribgina qolmay, ijtimoiy-siyosiy holatlarni tanqid ostiga olib, o‘z buzuq g‘oyalarini singdirishga urinadi. Ularning targ‘iboti zamirida jihod va xalifalik g‘oyalari yotadi.
Hozirgi vaqtda salafiylik g‘oyalarining tarqalishi keng tus olmoqda. Mamlakatimiz misolida ko‘radigan bo‘lsak, xorijda turib, o‘zini shayx, haq da’vatchi va islomning asl mohiyatini to‘g‘ri ochib beruvchi qilib ko‘rsatayotgan ba’zi salafiy da’vatchilar mazhablarni ixtilofda ayblab, Qur’on va sunnatga ergashish da’vosi bilan salafiylikka, mazhabsizlikka da’vat qilmoqda. Ijtimoiy-siyosiy vaziyatga doir ayrim holatlarni tanqid qilib, o‘z ta’sirini oshirishga urinmoqda.
Salafiy da’vatchilar ijtimoiy tarmoqlardagi “va’z”larida fiqhiy-aqidaviy mazhablarni tugatish va tasavvufni inkor qilishga qattiq urg‘u bermoqda. Da’volari juda jimjimador. Go‘yo ular Qur’on va sunnatga ergashayapti-yu, ixtiloflarni mazhablar keltirib chiqarayotganday.
Tarixdan ma’lumki, barcha davrlarda o‘z maqsadi yo‘lida islom aqidasi va arkonlarini noto‘g‘ri talqin qilib, odamlarni haq yo‘ldan ozdirishga harakat qiladigan toifalar chiqib turgan. Salafiylar ham shulardan biri. Chuqurroq tahlil qilinadigan bo‘lsa, ularning g‘oyalari tarixdagi mo‘tazila, mushabbiha, mujassima, karromiya kabi botil toifalarning qarashlariga o‘xshashi yaqqol ko‘rinadi. Quyida ulardan ba’zilarini sanab o‘tamiz.
Salafiylar aqida borasida “Rahmon Arshga istivo qildi” (Toha surasi, 5-oyat), “Yoki sizlar osmondagi Zot (Alloh)dan xotirjammisiz?!” (Mulk surasi, 16-oyat), “Balki Alloh taolo u (Iso alayhissalom)ni O‘ziga ko‘tarib oldi” (Niso surasi, 158-oyat) kabi ba’zi mutashobih (birini-biridan ajratish qiyin bo‘lgan va bir necha ma’nolarni anglatadigan) oyatlarni zohiriga (yuzaki ma’’nosiga) qarab, Alloh taologa makon nisbat beradi va U Zotni osmonda, deb da’vo qiladi.
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, Alloh taolo makondan oliy va behojat Zotdir. Ulamolarimiz aqidaviy masalalarda, ayniqsa, Alloh taolo borasida, U Zotni nuqson va kamchiliklardan poklashda o‘ta ehtiyotkordir. Eng nozik nuktalarni ham e’tibordan chetda qoldirmay, masalaning asl mohiyatini ochib berishga bor kuch-quvvatini sarflagan. Alloh taologa makon nisbat berish U Zotni maxluqotlarga o‘xshatishdir. U Zot azza va jalla Qur’oni karimda: “Albatta, Alloh barcha olamlardan behojatdir” (Ankabut surasi, 6-oyat), degan. Ya’ni, Arsh, yer va osmonlar kabi narsalar Alloh yaratgan maxluqotlar bo‘lib, olam jumlasiga kiradi. Olam esa azaliy emas, Alloh taolo azaliydir. Azalda esa Allohdan o‘zga hech kim va hech narsa mavjud bo‘lmagan. U Zot azaldan makon va zamon ehtiyojidan xoli bo‘lgan va bundan buyon ham shunday bo‘ladi. Demak, Alloh taolo olamlardan behojat, ya’ni ularga ehtiyoji tushmaydigan Zotdir. Boshqa bir oyatda: “Unga o‘xshash biror narsa yo‘q” (Sho‘ro surasi, 11-oyat), deydi. Ya’ni, Alloh taolo biror narsaga o‘xshamaydi va O‘zi yaratgan narsalarga o‘xshab biror makonga muhtoj emas.
Bundan tashqari, salafiylarning tavhid, qabrlarni ziyorat qilish, mavlidni nishonlash, namozdan keyin jamoat bo‘lib duo qilish va yana ko‘plab aqidaviy masalarda ixtiloflari mavjud. Ularning barcha da’volariga ahli sunna olimlari kuchli dalillar asosida javob bergan va berib kelmoqda.
Hozir ba’zi salafiylar Oli Imron surasining 103-oyatidagi “Allohning arqonini mahkam tuting” so‘zlarini keltiradi va “Allohning arqonini birgalikda ushlash va ixtilofga bormaslik kerak. Biz ixtilofga borsak, qalblarimiz ixtilofga boradi. Ayrimlar o‘zicha: “Biz islomda odamlarni tarbiyalayapmiz. O‘z mazhabiga amal qilsa, nima bo‘pti, deyapmiz”, deb o‘ylashi mumkin. Lekin bu hech qachon odamlarni birlikka olib bormaydi. Balki ixtilofga, bo‘linishga olib boradi” deb, mazhabga ergashish ixtilofga sabab ekanini da’vo qiladi. Shunday da’vo bilan mazhablarni islomdan ayrodek tasavvur qildirishga urinmoqda. Vaholanki, islom dini shu to‘rt mazhab asosida asrlar osha davom barqaror qolib kelmoqda. Bugun ham qanchadan-qancha odamlar shu mazhablar asosida dinga amal qilib keladi. Ya’ni, aqidada – Moturidiy va Ash’ariy ta’limotlariga, fiqhda – Abu Hanifa, Imom Molik, Imom Shofeiy va Ahmad ibn Hanbal mazhablariga amal qilib kelmoqda. Xuddi Payg‘ambarimiz aytganlaridek, savodul a’zam – ulkan jamoatni lozim tutib kelmoqda. Asrlar davomida shu to‘rt mazhabning mujtahid olimlari islomning asl mohiyatini Qur’on va sunnat asosida musulmonlarga bayon qilib kelgan. Salafiylar esa, tarixda ham, hozir ham ummat ichida ixtilof va tafriqaga (bo‘linishga), diniy va ijtimoiy-siyosiy notinchlikka sabab bo‘lgan, xolos.
Salafiylarning g‘alati bir jihati shundaki, haq yo‘ldaligini aytib, da’vatida o‘ziga ergashishni targ‘ib qiladi. Vaholanki, musulmonlar shundoq ham ulardan olimroq, Qur’on va sunnatni ulardan ko‘ra chuqur biluvchiroq bo‘lib, Payg‘ambarimiz alayhissalomga ulardan yaqinroq davrda yashagan mazhab mujtahidlariga ergashadi. Demak, yaqinda chiqib, o‘ziga ergashishga chaqirayotgan bunday toifalarning etagini tutishga hech qanday hojat yo‘q. Chunki mazhab mujtahidlari ergashishga ulardan ko‘ra loyiqroq zotlardir. Shunday ekan, dinini sof saqlamoqchi bo‘lgan har bir musulmon kecha paydo bo‘lgan toifaga emas, ahli sunna val jamoa mazhabiga ergashishi maqsadga muvofiq. Axir, biz osmon-falakka ko‘tarilib, uzog‘imizni yaqin qiladigan samolyotlarni, koinot kengliklarini zabt etadigan raketalarni tashlab, yaqinda velosipedni kashf qilgan va noto‘g‘ri yasagan odamning ikki qadam masofadan keyin ag‘anab tushadigan ixtirosiga o‘zimizni ursak, bu biror mantiqqa ham to‘g‘ri kelmaydi-da.
Salafiylikning tarixiy ildizlariga e’tibor berilsa, Markaziy Osiyo mintaqasi bunday oqimlarga makon bo‘lmagan. Ammo doimiy tarzda bu yerdagi o‘lkalarga botil g‘oyalarni singdirishga urinishlar bo‘lib turgan va hozir ham davom etmoqda. Lekin har davrda ahli sunna val jamoa ulamolari ularning g‘oyalariga qarshi o‘z fiqhiy-aqidaviy mazhablarini mahkam tutgan holda qattiq kurashib kelgan.
Tarixan bizning xalqimiz aqidada moturidiylikni, fiqhda hanafiylikni asrlar osha mahkam tutib kelgan. Urf odatlarimiz va milliy onggimizda ushbu fiqhiy-aqidaviy mazhab asosiy o‘rin tutadi. Yaqinda chiqib, “haqiqiy to‘g‘ri yo‘l”ni ko‘rsatmoqchi bo‘layotganlar asrlar osha muayyan tartib-qoidalar asosida dinga amal qilib kelgan bu xalq, dunyoga qanchadan-qancha ulug‘ olimlarni yetishtirib bergan bu diyor odamlari islomga noto‘g‘ri amal qilib kelganini da’vo qilmoqda. Tashvishlanarli va achinarli tomoni bo‘lmaganda, bu juda kulgili bo‘lardi. Salafiylar Qur’on va sunnatga amal qilayotganini iddao qilib, mazhablarni inkor etmoqda. Rasululloh alayhissalom va sahobalar davrida hech qanday mazhab bo‘lmaganini dalil qilib keltirmoqda. Bu juda ham noto‘g‘ri va soxta da’vo ekani kundek ravshan. Bunga hujjat-dalillar yetarli darajada ko‘p. Tarixda ham, hozir ham ahli sunna olimlari ularning yo‘li noto‘g‘ri ekanini bot-bot isbotlagan.
Chetdan qaraganda, bir tabiiy xulosa yaqqol namoyon bo‘ladi. Biz Qur’oni karimning har bir oyati qachon, qanday vaziyatda nozil bo‘lganini aniq biladigan, uning turli tafsir va ta’villaridan boxabar bo‘lgan, yuz minglab hadislarni yod olgan mujtahidlarning yo‘lini tutganimiz to‘g‘rimi yo kechagina duyoga kelgan, ilmining tayini bo‘lmagan, biror ulug‘ asar yozib ulamolar e’tirofini qozonmagan, ijtihodga mutlaqo yaramaydigan, peshvolari o‘rgatganini takrorlab, mustaqil fikr bildirishga qodir bo‘lmaganlarga ergashishimiz durustmi? Asrlar davomida muayyan mazhabni mahkam tutgan ota-bobolarimiz haqmi yo anavilar ulardan aqlliroq chiqib qoldimi? Internet orqali tinmay “sayrayotgan” bu salafiylarning birortasi, deylik, Abu Hanifa yo Imom Shofeiy yo ularning mujtahid izdoshlari bilganini biladimi?
Tashvishga soladigan jihati shuki, salafiylikning mamlakatimiz hayotiga salbiy ta’siri yo‘q emas. Mamlakatimiz aholisi ahli sunnaning fiqhiy-aqidaviy mazhablarini mahkam tutgan va hayot tarziga tasavvuf g‘oyalarini singdirgan xalqdir. Salafiylik esa aynan mazhablar va tasavvufni qoralaydi. Shu sababli salafiylik g‘oyalarining kirib kelishi va kimlarning ularning domiga tushishi oqibatida xalq orasida ixtilof va bo‘linishlar ehtimoli yuzaga keladi.
Mustaqillikning dastlabki yillarida kuzatilgan vahhobiylik xurujlari bunga yorqin misoldir. Salafiylik ham diniy, ham ijtimoiy-siyosiy beqarorlikka sabab bo‘ladi. Chunki bu toifaning asl maqsadlari zamirida hijrat va xalifalikni tiklash kabi g‘oyalar yotadi. Vaholanki, musulmonlarning yagona xalifalik hukmronligi ostida yashashi haqida buyruq yoki ko‘rsatma na oyat va na hadisda mavjud. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam xalifalik borasida: “Mendan so‘ng xalifalik o‘ttiz yildir. Undan keyin podshohliklar bo‘ladi”, deganlar. Hijrat xususida esa: “Fathdan (Makka musulmonlar tomonidan zabt etilganidan) keyin hijrat yo‘q”, deb aytganlar. Ulamolar “bu hadis umumiy bo‘lib, o‘zidan oldin kelgan hijratga dalolat bo‘luvchi rivoyatlarni nasx (bekor) qiluvchi” ekanini aytgan. Shu bilan birga, Nabiy sollallohu alayhi vasallam islomni qabul qilganlarga o‘zlari tomon hijrat qilishni amr etmaganlar va o‘z yurtida yashashini inkor ham etmaganlar.
Nafsilamrini aytganda, salafiylik jamiyat ichida diniy asosdagi qarama-qarshilik, ziddiyat va nizolar yuzaga kelish ehtimolini oshiradi. Hozir ko‘p joylarda jamoatchilik osudaligini buzishga urinayotgan, ba’zan buzayotgan bu toifa bizning mamlakatimizga ham ta’sir o‘tkazishga urinmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekzabon ba’zi salafiy da’vatchilar o‘z g‘oyalarini yoyishga qattiq kirishib ketgan. Bu, afsuski, gohida natija ham bermoqda. Turli davlatlarda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham ularning botil aqidasiga ergashib qolish holatlari yo‘q emas. Bu holat, ayniqsa, internet va ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanadigan yoshlar orasida uchrab turadi. Dinga qiziqqan yoshlar orasida bilib-bilmay salafiylarning ta’sir doirasiga tushib qolish holatlari sodir bo‘lmoqda.
Salafiy da’vatchilarning ijtimoiy tarmoqlar va boshqa platformalardagi faoliyati ancha rivojlangan va takomiliga yetgan. Ularni kuzatib boruvchilar soni ko‘payishda davom etmoqda. Bunga Yaqin Sharqdagi, ayniqsa, Suriya va Falastin yerlaridagi beqarorlikdan foydalanish, shu bilan odamlarning jazavasini qo‘zg‘ash kabi usullar katta turtki bermoqda. Chunki salafiylar o‘zini musulmonlar uchun qayg‘urayotgan jonkuyar insonlar qilib ko‘rsatadi. O‘zi demokratik mamlakatlar hududidan boshpana topganiga qaramay, O‘zbekistondagi demokratik tuzumni “kufr tuzumi” deb atab, yoshlarimizni chalg‘ityapti. Lekin mohiyatan bu mantiqsizlikdan boshqa narsa emas. Shunday esa-da, bir qarashda mayda ko‘rinadigan salafiylikning ta’siri og‘ir kechadigan oqibatlarga olib kelishi mumkin ekan. Ular go‘yo juz’iy diniy masalalarni ko‘tarib chiqqandek bo‘ladi, lekin mayda-mayda qilib, pirovardida tog‘dek g‘oyasini singdirib yuborishi hech gap emas.
Bu buzg‘unchilar nufuzli ilmiy tashkilotlar yoki e’tiborli ulamolar tomonidan e’tirof etilgan emas. Shunday bo‘lsa-da, rivojlanish darajasi qanday ekanidan qat’i nazar, har qanday yurtda uchrashi mumkin bo‘lgan ayrim ijtimoiy muammolarni ko‘tarish uslubi ularning auditoriyasi kengayishiga hissa qo‘shmoqda. Ba’zan kichkina haqiqatni gapira turib, ortidan ulkan nohaqlikni iroda qilayotgani, buni esa din borasida yetuk bilimga ega bo‘lmagan yoshlar anglab yetmayotgani ularga juda asqotmoqda. Ularning bunday ma’ruzalari yoshlar orasida islom dini borasida tushunmovchiliklar keltirib chiqaradi, albatta. Buning oldini olish uchun esa, avvalo, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash lozim. Adashgan toifalarning da’volari noto‘g‘ri ekanini isbotlovchi raddiya shaklidagi audio-video murojaatlarni, ixcham risolalarni ko‘paytirish va odamlarga yetkazish ham foydadan xoli emas.
Bunday salbiy illatlarning oldini olish maqsadida mamlakatimiz ma’anaviy-ma’rifiy sohasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz tomonidan xalq ma’naviyatini yanada boyitish, diniy bilimsizlikni bartaraf etish maqsadida turli institutlar, universitet va ilmiy markazlar, masjid va madrasalar barpo etilib, ko‘plab imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Shundan foydalangan holda o‘z ma’naviyatini boyitib, dunyoqarashini kengaytirib, mantiqqa tayanish va tanqidiy fikrlashni o‘rganish, shu tariqa salafiylik kabi toifalarning g‘oyalariga aldanib qolishdan saqlanish kattayu-kichik har bir yurtdoshimizga lozim bo‘ladi.
Ravshan ELMURODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi