Saxiylik eng yaxshi insoniy xulqlardandir. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom yaxshilik qilishda, saxiylikda, infoq-ehson qilishda saxovatlilarning saxovatlisi edilar. U zotdan biron narsa so‘ralsa, aslo yo‘q demasdilar.
Kimga mol - dunyo berilgan bo‘lsa, uni ko‘paytirib, bosib yotmasdan infoq - ehson, sadaqa yo‘llariga sarf qilishi kerak. Saxiylik najot topishning yo‘llaridandir. Alloh taolo saxiylikni insonlarning eng yaxshi fazilatlaridan sanab, saxiy kishilarga oxiratda ulkan ajr - savoblar bo‘lishi xabarini bergan: “Alloh yo‘lida mollarini infoq-ehson qiladigan kishilarning misoli xuddi har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqargan bir dona donga o‘xshaydi. (Ya’ni, qilingan bir yaxshilik yetti yuz barobar bo‘lib qaytishiga ishora qilinmoqda). Alloh o‘zi xohlagan bandalariga bir necha barobar qilib beradi. Alloh (fazli-karami) keng, bilguvchi zotdir" (Baqara surasi, 261-oyat).
Hozirgi pandemiya paytida butun dunyoda kuzatilayotgani kabi yurtimizda ham ishsizlar, yordam va ko‘makka muhtoj aholi soni ortishi qayd etilgan. Shu maqsadda, Muhtaram Prezidentimiz “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surdilar. Bu haqda u kishi 20 aprel kuni sanoat, qurilish va infratuzilma tarmoqlari korxonalarining to‘liq ishlashini ta’minlash masalalari bo‘yicha o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilgan.
“Yaqin kunlarda barchamiz uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyi kirib keladi. Bu oyda ehtiyojmand va muhtoj oilalarga yordam ko‘rsatish ham qarz, ham farzdir. Shuning uchun ushbu muqaddas oyda har bir tadbirkor o‘zi faoliyat yuritayotgan hududda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini, avvalo mahalladoshlari, qo‘ni-qo‘shnilarini faol qo‘llab-quvvatlashi maqsadga muvofiq”, — degan davlatimiz rahbari.
Buning natijasida Ramazon oyida amalga oshiriladigan ehson va xayriyalar manzilli bo‘lishi, iftorliklarga sarflanadigan mablag‘lar va oziq-ovqat mahsulotlari aholining kam ta’minlangan qatlamlariga yo‘naltirilishi lozimligi ta’kidlandi.
“Imkoniyatidan kelib chiqib, qaysidir tadbirkor bir oyda misol uchun, 10 ta, boshqa biri esa 20 ta oilaga ko‘maklashishi, eng muhimi muhtoj oilalar a’zolarini ishga jalb qilishi mumkin. Davlat tomonidan o‘z navbatida bunday tadbirkorlarga soliq, lizing, kredit to‘lovlari, zarur resurslar bilan ta’minlash bo‘yicha turli imtiyoz va preferensiyalar beriladi. Ya’ni, bu aholiga davlat tomonidan tadbirkorlik subyektlari orqali ko‘rsatiladigan saxovat va ko‘mak bo‘ladi”, — dedilar Muhtaram Yurtboshimiz.
“Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati davlatimiz va xalqimiz qudratining amaliy namoyoniga aylanishiga ishonaman, — deya alohida ta’kidladilar.
Hazrat Oishadan (roziyallohu anho) rivoyat qilinadi: Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) aytdilar: “Saxiylik bir daraxtdir, uning tomirlari jannatda, shoxlari esa dunyoga tushgandir. Kim uning bir shoxiga osilsa, uni jannatga olib boradi. Baxillik ham bir daraxt, tomirlari do‘zaxda va shoxlari dunyoga tushgan. Kim uning bir shoxiga osilsa, uni do‘zaxga olib boradi”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eng saxovatli Zot edilar. U kishining saxovati oldida boshqa saxovatlar ip esha olmas edi. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarning eng yaxshisi, odamlarning eng saxiysi va odamlarning eng shijoatlisi edilar”.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan biror narsa so‘ralganda, hech qachon “yo‘q” demaganlar”.
Saxovat bu – avvalo, Allohga shukronalik qilishning bir belgisi. Axir, karam bilan saxoni ham Allohing o‘zi bandasiga ravo ko‘ribdimi, buning shukronasi bo‘lishi, ya’ni baxillik qilmaslik kerak-da. Bu to‘g‘risida Alisher Navoiy hazratlari shunday deydilar:
Buki sanga Tengri ato ayladi,
Qism karam birla saxo ayladi.
Judu saxovat chog‘i buxl etmagil,
Shukr zamoni dog‘i buxl etmagil.
Saxovat, alloma Badruddin Ayniyning izohlashicha, "Haqdorga tegishli narsani berish, o‘z molidan hech bir evazsiz sarflashdir. Bu eng ulug‘ chiroyli xulqlardan biri. Baxillik esa buning aksidir".
Xabarlarda saxiylik va saxiylar haqida shunday deyilgan: “Saxiy kishining taomi shifodir, baxil odamning taomi kasallikdir”, “Saxiy kishining xatolarini kechiringlar, chunki Alloh taolo har bir qoqilganida uni qo‘lidan tutib turadi”, “Xufyona qilingan sadaqa Allohning g‘azabini so‘ndiradi”.
Alloh taolo aytadi: “Sadaqalaringizni agar oshkora bersangiz, juda yaxshi. Bordiyu, kambag‘allarga pinhona bersangiz – o‘zingiz uchun yanada yaxshiroqdir va (U) gunohlaringizdan o‘tar. Alloh qilayotgan (barcha) ishlaringizdan xabardordir”. (Baqara surasi, 271-oyat).
Shu tufayli salafi solihlar o‘zlarining sadaqalarini odamlar ko‘zidan yashirishda mubolag‘a qilganlar. Toki sadaqa berguvchining kimligi bilinmasin. Ba’zilari ko‘r kambag‘alni, ba’zilari uxlab yotgan faqirni qidirar, ba’zilari esa faqirlar olishi uchun ular o‘tadigan yo‘lga sadaqalarini tashlab qo‘yishar edi.
Abdulloh ibn Mas’udning mana bu fikrlariga e’tibor bering: “Qaysilaringiz bir dirhamni sog‘ligida va baxilligida infoq-ehson qilsa, o‘lim vaqtida yuz dirhamni infoq etishni vasiyat qilishidan yaxshiroqdir. Agar boylik topsang, uni qurtlarga yem bo‘lmasin yoki qaroqchilar qo‘liga tushmasin, desang, sadaqa qil”.
Yahyo ibn Muoz aytadi: “Har qanday odamning qalbida saxiyga muhabbat, baxilga nafrat bor”. Hasan Basriy: “Torlik, ziqnalik qilmanglar, aks holda sizlarga torlik qilinadi”, deganlar.
Imom G‘azzoliy aytadi: “Baxillik dunyoga bog‘lanishning mevasi, saxiylik esa zuhdning, ya’ni dunyoga qiymat bermaslik samarasidir. Saxiylik haqiqiy tavhid va tavakkulga erishish natijasidir. Ya’ni sadaqa bilan mol kamayib qolmasligiga, Alloh taoloning birga o‘n barobar qilib qaytarish va’dasiga va rizqni Alloh taolo yetkazishiga ishonchdan saxiylik tug‘iladi. Baxillik shubhadan tug‘iladi. Sabablarga yopishib qolish va Alloh taoloning rizq haqidagi va’dasidan shubhalanish natijasidir”.
Salmon Forsiyning aytishicha, “Agar saxiy kishi vafot etsa, yer hamda odamlarning nomai a’mollarini bituvchi farishtalar bunday deydi: “Ey Rabbim, bandangning bu dunyoda qilgan gunohlarini avf et!”. Agar vafot etgan kimsa baxil bo‘lsa, ular: “Ey Allohim, bu bandani jannatdan to‘sgil, chunki u bandalaringni Sen uning qo‘liga bergan mol-dunyolardan to‘sgan edi”, deyishadi.
Islom tarixidagi ulug‘ shaxslardan biri Abdulloh ibn Muborak oddiy bir bog‘bonning o‘g‘li bo‘lib, o‘zining sa’y-harakatlari va mehnatining evaziga juda boy-badavlat bo‘lgan ekan. U zot aqlli, diyonatli, zuhdu taqvoga tayangan, sermulohaza, oxiratni o‘ylab ish ko‘radigan inson bo‘lib, uning maqsadi molu-dunyosini Alloh roziligida xayriya ishlar va ezgu maqsadlarga sarflash bo‘lgan. Ular doimo atrofdagilarga, ko‘shnilarga, yetimlarga, nochorlarga, kambag‘al va miskinlarga yordam berardilar.
Abdulloh ibn Muborakning bir yahudiy qo‘shnilari bor edi. Abdulloh o‘z bolalarini ovqatlantirishdan avval kambag‘al qo‘shnilarining bolalariga taom berar, farzandlarini kiyintirmasdan oldin yahudiy qo‘shnilarining bolalarini kiyintirardilar. Odamlar yahudiyning oldiga kelib: “Hovlingni bizga sot”, deyishdi. Shunda yahudiy: “Hovlimni ikki ming dinorga sotaman. Aslida, uning narxi ming dinor, keyingi ming dinor esa Ibn Muborakka qo‘shni bo‘lganim uchun”, dedi. Keyinchalik o‘sha yahudiy qo‘shnilari Abdullohning duolari bilan musulmon bo‘ldi.
Saxiylik va baxillikning bir necha darajalari bor. Saxiylikning eng oliy darajasi o‘zining mol-dunyoga hojati bo‘lib tursa-da, qo‘lidagi hamma narsani saxiylik bilan boshqalarga tarqatib yuborishdir. Baxillikning eng yuqori pog‘onasi esa kishining molga hojati bo‘laturib, uni o‘ziga sarflashda baxillik qilishidir. Hazrati Ali aytganlariday, “Boylik ehson qilinsa – izzat, berkitilsa xorlik keltiradi”.
Albatta, Ramazon xayru ehson oyi. Ezgulikka tashna xalqimiz bu oyda yanada saxovatli bo‘lishadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sadaqalarning eng yaxshisi Ramazon oyida qilingan sadaqadir”, deganlar. Shunga ko‘ra zakot va nafl sadaqalarni ham Ramazon oyida ado etish yanada fazilatlidir.
Hayotda har xil vaziyatlarga duch kelamiz. Odam turli sabablarga ko‘ra nochor ahvolga tushib qolishi mumkin. Kimdir sog‘lig‘ini tiklash uchun katta mablag‘ sarflashiga to‘g‘ri keladi. Farzandini o‘qitaman deb yordamga muhtoj bo‘lib qolayotganlar bor. Ana shunday paytda birov saxiylik ko‘rsatib, hojatmandning joniga oro kirsa, nur ustiga nur bo‘ladi.
Qarz berish ham saxiylik hisoblanadi. Biroq qarzdan qarzning farqi bor. Biror zarurat sabab yoki boshiga tashvish tushib muhtoj bo‘lib qolgan odamga qarz berilsa, savob olinadi, inshaalloh. Shuningdek, qo‘ni-qo‘shnilar, qarindosh-urug‘lar va tanish-bilishlarning kundalik ehtiyojlari bilan bog‘liq holatlarda ham qarz berish savobdir. Shunday ekan barchalarimiz doimo yon-atrofdagilarimizga mehrli, saxovatli bo‘lib isrofdan saqlanishlikka harakat qilaylik. Ali ibn Abu Tolib ta’kidlaganlaridek: “Eng ezgu ehson hojatmandga berilganidir”.
Robbimiz o‘z bandalarini doimo xayru saxovatli bo‘lishga buyuradi. Saxiylik insonga baxt-saodat keltiradigan va o‘zgalarning sevimli kishisiga aylantiradigan xislatdir. Mehr-muruvvat, hamjihatlik, saxiylik xalqimiz ardoqlagan, asrlar osha amal qilib kelayotgan go‘zal fazilat hamdir. Xayr-saxovat, saxiylik insonlar o‘rtasida mehr-oqibat rishtalarining mustahkamlanishiga, o‘zaro hurmat va totuvlikning ortishiga xizmat qiladi. Donolar aytganidek, “Aqlning qadri odob bilan, boylik qadri saxovat bilan oshadi”.
Muhammadi QORAYEV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasining
Qashqadaryo viloyatidagi vakili o‘rinbosari
Ilmga qiziqish, avvalo, manbaga murojaat qilishdan boshlanadi. Tarixni chuqur anglash esa uni kitob, qo‘lyozma va ishonchli ilmiy manbalar orqali o‘rganishni talab etadi. Yangi o‘quv yilini yangi bilim va katta maqsadlar bilan boshlagan Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutining 1 bosqich talabalari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar, xabar bermoqda iccu.uz.
Talabalar tashrifni, dastlab Markazning kutubxonasi bilan tanishishdan boshladi.
Bu yerda ular ilmiy izlanish uchun muhim bo‘lgan adabiyotlar, tarixiy manbalar va turli yo‘nalishlardagi ilmiy nashrlar bilan tanishdi. Kutubxona nafaqat kitoblar jamlangan maskan, balki tadqiqotchi uchun zarur bo‘lgan bilim va manbalarni bir joyga jamlovchi muhim ilmiy-ma’rifiy makon sifatida namoyon bo‘ldi.
Ayniqsa, islom tarixi, madaniyati, ilm-fani va ajdodlarimizning ilmiy merosini o‘rganayotgan yoshlar uchun bunday muhitning ahamiyati katta. Chunki auditoriyada o‘rganilgan bilimni mustahkamlash, mavzu bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot izlash va ilmiy izlanish olib borishda manba bilan ishlash ko‘nikmasi muhim o‘rin tutadi.
Mazkur tashrif yoshlar uchun navbatdagi ekskursiya emas, balki tarix, ilm-fan va milliy o‘zlik bilan bevosita yuzma-yuz kelish imkonini bergan muhim ma’rifiy uchrashuv bo‘ldi.
Institutning bo‘lajak islomshunoslari Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Markazning boy ekspozitsiyalari orqali O‘zbekiston hududida qadimdan shakllangan sivilizatsiya jarayonlari, islom madaniyatining rivojlanishi, buyuk allomalarimizning ilmiy merosi hamda ajdodlarimizning jahon tamadduniga qo‘shgan beqiyos hissasi bilan yaqindan tanishdilar.
Markazning Islomdan avvalgi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans, ilm-fan va ma’rifat taraqqiyotiga bag‘ishlangan ekspozitsiyalari talabalar e’tiborini tortdi.
Tarixiy manbalar, noyob qo‘lyozmalar, qadimiy ashyolar va zamonaviy muzey texnologiyalari uyg‘unligi orqali namoyish etilgan ma’lumotlar yoshlarning o‘tmish haqidagi tasavvurlarini yanada boyitdi.
Bu yerda ular Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy kabi buyuk ajdodlarimizning ilmiy va ma’naviy merosi bilan bog‘liq ma’lumotlarni ko‘zdan kechirdilar.
Ayniqsa, bir vaqtlar shu zaminlarda yaratilgan ilmiy kashfiyotlar bugungi zamonaviy fanlarning shakllanishida qanday ahamiyat kasb etgani talabalar uchun qiziqarli bo‘ldi.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida tahsil olayotgan yoshlar uchun bunday maskanning ahamiyati, tabiiyki, yanada katta. Chunki ular o‘zlari o‘rganayotgan diniy-ilmiy merosning tarixiy ildizlarini nafaqat kitoblardan, balki Markaz ekspozitsiyalarida bevosita ko‘rish imkoniga ega bo‘ldilar.
Talabalarning fikricha, Markazdagi eng muhim jihatlardan biri — tarixning oddiy sanalar va voqealar ketma-ketligi sifatida emas, balki ilm-fan, tafakkur va insoniyat taraqqiyoti bilan bog‘liq yaxlit jarayon sifatida namoyish etilganidir.
“Bu yerda ajdodlarimizning ilm-fanga qo‘shgan hissasini ko‘rib, ular bilan faxrlanish tuyg‘usi yanada kuchaydi. Ayniqsa, islom dini rivoji bilan birga ilm-ma’rifat ham yuksalib borganini ko‘rish biz uchun juda katta taassurot qoldirdi”, — deydi institutning 1-bosqich talabalaridan biri.
Yoshlar Markazning kutubxona faoliyati bilan ham tanishdilar. Bu yerda jamlangan ilmiy adabiyotlar, tarixiy manbalar va tadqiqotlar bo‘lajak mutaxassislarning kelgusidagi ta’lim va ilmiy izlanishlari uchun muhim manba bo‘lishi ta’kidlandi.
Tashrif davomida talabalar uchun Markazning faqat tarixiy merosni namoyish etuvchi maskan emas, balki ilmiy izlanish, ma’rifat va zamonaviy tafakkur uyg‘unlashgan muhim platforma ekanligi yanada yaqqol namoyon bo‘ldi.
Talabalar Markaz bilan tanishish jarayonida o‘zlari tahsil olayotgan soha — islomshunoslikning qanchalik katta ilmiy meros va tarixiy mas’uliyat bilan bog‘liqligini ham chuqurroq his etdilar.
Shu ma’noda, yangi o‘quv yilining dastlabki kunlarida tashkil etilgan mazkur tashrif talabalar uchun yangi bilimlar sari tashlangan muhim qadam bo‘ldi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazidagi ushbu ma’rifiy tashrif esa bo‘lajak islomshunoslar uchun yangi o‘quv yilini tarix saboqlari, ilmga qiziqish va katta maqsadlar bilan boshlashga xizmat qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati