Alloh taolo olimlarning martabasi haqida Qur'oni karimda bunday marhamat qiladi: «Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko'tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir» (Mujodala surasi, 11-oyat).
Shunga binoan, Yaratuvchining O'zi ulug'lab qo'ygan zotlarga hasad qilish, ularni kamsitish uchun odam o'taketgan johil bo'lishi kerak. Negaki, fahmu farosati bor har bir kishi Allohning amriga itoatsizlik qilish – o'z boshini balolar jodisi ostiga qo'yish ekanini darrov fahmlaydi.
Nabiy sollallohu alayhi va sallam ham olimlarning martabasi qanchalik baland ekanini quyidagicha bayon etganlar: “Olimlar payg'ambarlarning merosxo'rlaridir. Payg'ambarlar dinor yoki dirham meros qoldirmaganlar, balki ilmni meros qilib qoldirganlar” (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).
Sa'diyning “Guliston”ida ajoyib hikoyat bor: «Ikki navjuvon qishloqdan Misrga keldi. Biri – ilm o'rganib, olim bo'ldi. Ikkinchisi – mol jamlab, Misr amiri bo'ldi. Kunlarning birida ular uchrashib qolishdi va Misr amiri uni mazax qilmoqchi bo'lib: “Buni qara, ikkalamiz shaharga kelgan vaqtimizda har jihatdan birday edik. Endi esa, men Misrga sohib bo'ldim, sen kelgan vaqtimizda qanday bo'lsang, o'sha holingcha turibsan”, dedi. Olim unga javoban: “Sen Qorunning merosini qo'lga kiritding, men Muso alayhissalomning merosini”, deb javob berdi».
Sohibqiron bobomiz saltanatni boshqarishda o'zi qat'iyan amal qilgan va farzandlariga ham tavsiya etgan o'n ikki tamoyilning ettinchisida ulamoyu mashoyix, oqilu donolarga hurmat ko'rsatish masalasi aytilgan. O'zining qanday qilib elu yurt hurmatini qozongani, bepoyon erlarni qo'lga kiritgani haqida bunday deydi: “Men doim sayyidlarga ehtirom bilan qarardim, ulamo va shayxlarni e'zozlardim. Bu kishilarni doimo majlislarimga chaqirardim. Ularni din masalasi yuzasidan aytganlarini diqqat bilan tinglar va unga amal qilardim. Shuning uchun menga nisbatan xalqning mehri baland va hamma mendan minnatdor edi”.
Olimni nega hurmat qilish kerak? Chunki olimlik igna bilan quduq qazishdek gap. Jaloliddin Rumiy hazratlari aytganidek:
Qancha-qancha yillar kerak
Bir mardi Haq olim bo'lish uchun.
Qancha-qancha asrlar kerak
Bir mardi Haq valiy bo'lish uchun.
Binobarin, yillar davomida mashaqqatli mehnatlar, uyqusiz tunlar, sarflangan ko'z nurlari, egilgan qaddu qomatlar, o'qilgan oyati karimalar, hadisi shariflar... evaziga olim bo'lgan kishiga Alloh taolo valiylik fazilatini ham yuqtirib qo'yadi. Bunga shubhalanib, olimga tosh otib ko'rish – o'zini ko'ra-bila turib, falokat girdobiga tashlashdir. Aqli sog'lom odam bunday noma'qulchilikdan tiyiladi va olimu ulamoning hurmatini joyiga qo'yadi, qadrlaydi.
Damin JUMAQUL
"Islom nuri" gazetasidan
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati