O‘zbekiston musulmonlari idorasi butun dunyoga katta tashvish bo‘lib turgan koronavirus kasalligi pandemiyasi davrida qator xorijiy mamlakatlarda Ramazon oyi ibodatlarini qanday o‘tkazilishi bilan bog‘liq masalalarni o‘rganib chiqdi. Natijada barcha davlatlarda karantin talablariga xos jiddiy va qat’iy chora-tadbirlar joriy etilganiga guvoh bo‘lindi.
Qozog‘iston
Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, bosh muftiy Navro‘zbay qozi Tag‘anuli Prezident huzuridagi Markaziy kommunikatsiyalar xizmatida 14 aprelda bo‘lib o‘tgan internet matbuot anjumanida mamlakatda favqulodda holat davrida diniy marosimlarni o‘tkazish tartibini e’lon qildi.
Bosh muftiyning ta’kidlashicha, favqulodda holat tufayli mamlakatda karantin davrida Ramazon oyida epidemiya tarqalishining oldini olish maqsadida, tarovih namozlari masjidlarda o‘tkazilmaydi. Hamma o‘z uyida oila a’zolari bilan birga ibodat qilishni talab qilanadi. Diniy idora epidemiya tarqalishining oldini olish uchun masjidlar, kafelar, jamoat joylari va boshqalarda iftorlik faoliyatini vaqtincha to‘xtatishga chaqirdi.
Qirg‘iziston
Qirg‘izistonda favqulodda holat joriy yilning 30 apreliga qadar uzaytirilgani munosabati bilan Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmasi muftiysi Maqsatbek hoji Toktomushev xalqqa murojaat qildi. U musulmonlar uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyining boshlanishi karantinga to‘g‘ri kelishini ta’kidlab, fuqarolarni favqulodda holat tartibini buzmaslikka chaqirdi.
“Ro‘za bir necha kundan keyin boshlanadi va bu yil favqulodda holat munosabati bilan iftor va taroveh ibodatlari uyda, oilada o‘tkaziladi”, deb ta’kidladi muftiy hazratlari.
Iordaniya
Iordaniya “Vaqf” ishlari vaziri Muhammad al-Xaliliy o‘z mamlakati yangi koronavirus kasalligining keng tarqalishiga qarshi kurash choralari doirasida Ramazon oyida masjidlarda jamoat bo‘lib, namoz o‘qishni taqiqlanishini e’lon qildi. Tarovih namozlari uylarda o‘qiladi, masjidlarda emas, bu tadbirlar Islom shariatiga muvofiq bo‘lganini tushuntirdi.
Rossiya
Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy idorasining markazlashgan diniy tashkiloti Ulamolar Kengashi 2020 yil 16 aprelda 3/20-sonli fatvosini e’lon qildi. Unga ko‘ra, 2020 yil Ramazon oyining birinchi kuni 24 aprel, oxirgi kuni – 23 may deb belgilandi.
Ushbu fatvoning 5-bandida koronavirus kasalligining keng tarqalishi bilan bog‘liq hozirgi vaziyat, shuningdek Moskva va Rossiyaning boshqa mintaqalarida ommaviy yig‘inlarning taqiqlanishi munosabati bilan Kengash taroveh namozini uyda o‘qishni maqsadga muvofiq va zarur deb hisoblagan.
Pokiston
CNN telekanali xabar berishicha, Pokiston prezidenti Arif Alaviy Pokistonning yetakchi ruhoniylari bilan maslahatlashgandan so‘ng, Alavi masjidlarda niqob kiyishni majburiy qilish va ijtimoiy masofani ta’minlash uchun masjidlarga politsiya xodimlarini jalb etish kabi tadbirlarni o‘z ichiga olgan 20 banddan iborat rejasini ishlab chiqdi.
Pokiston prezidenti, agar ushbu tartiblarga rioya qilinmasa yoki holatlar keskin ko‘payib ketsa, hukumat Ramazon oyida masjidlarga nisbatan siyosatining har qanday qismini ko‘rib chiqadi va o‘zgartirishini ma’lum qildi.
Demakki, barcha mamlakatlarda butun dunyoga katta tashvish bo‘lib turgan koronavirus kasalligi tufayli Ramazon oyi davomida jiddiy va qat’iy ehtiyot choralari qo‘llangan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
O‘zbekiston taraqqiyotining yangi davrida diniy-ma’rifiy soha rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, haj va umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish yangi bosqichga ko‘tarildi. 2016 yilda 5 ming 200 nafar vatandoshimiz haj amallarini bajargan bo‘lsa, 2024 yilda 15 mingdan ortiq mo‘min-musulmonlar hojilik sharafiga muyassar bo‘ldi.
Bu yil ham 15 mingdan ziyod yurtdoshlarimiz haj ibodatini ado etishadi. Mamlakatimizning 9 ta hududiy aeroportidan ziyoratchilar har kuni to‘g‘ridan to‘g‘ri Madina shahriga haj safariga yuboriladi. Parvozlar “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi bilan birgalikda Saudiya Arabistonining “FlyNas” va “FlyAdeal” aviakompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi.
Yurtdoshlarimizga Madinai munavvarada hamda Makkai mukarramada barcha shart-sharoitni yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimlaridan iborat dastlabki ishchi guruh faol ish olib bordi.
Madina shahrida muhtasham besh yulduzli “Zam-zam Pullman” mehmonxonasi, Makkai mukarramada “Marmara hotel”, “Romance hotel”, “Al-Ayyam elite”, “Concrete hotel”, “Abroj Dania”, “Paradise”, “Open hotel”, “Ayyed saha” kabi sakkizta mehmonxona hojilarni yuqori saviyada kutib olishga shay qilingan. Mehmonxonalarda ziyoratchilar uchun namozxonalar, oshxonalar, tibbiyot punktlari hamda boshqa zarur vositalar hozirlandi.
13 may kuni tongda muborak haj safarini niyat qilgan ziyoratchilarning dastlabki guruhi dilda quvonch, tilda shukronalik bilan muqaddas zamin sari yo‘lga chiqdi.
Bo‘lg‘usi hojilarni kuzatish uchun Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, shuningdek, mutasaddi tashkilotlar mas’ullari va ommaviy axborot vositalari vakillari Toshkent xalqaro aeroportida jam bo‘ldi.
Orzulari ro‘yobidan his-hayajonga to‘lgan “Haj — 2025” mavsumining ilk ziyoratchilari aeroportdan Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi.
Shu kuni Madina shahriga eson-omon yetib kelgan ziyoratchilar “Haj — 2025” ishchi guruhi va mutasaddilar tomonidan tantanali kutib olindi.
Yurtdoshlarimizga muhtasham “Zam-zam Pullman” mehmonxonasiga kirishlari bilanoq zam-zam suvlari, xurmo, shirinliklar va hadyalar ulashilib, izzat-ikrom ko‘rsatildi. Vatandoshlarimiz shodlik va shukronalik tuyg‘ulari bilan ziyorat va ibodatlarni ado etishga kirishdi.
Ayniqsa, mehmonxonaning Masjidi Nabaviyga juda yaqin masofada joylashgani hojilarimizni behad mamnun qilmoqda. Ular kunlik barcha ibodatni ushbu muborak masjidda ado etmoqda. Ular o‘z duolarida Yaratgandan yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga bundan-da farovonlik so‘rashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ziyoratchilarimiz 2025 yil 13 maydan 28 mayga qadar haj safariga kuzatiladi.
«Xalq so‘zi».