Saharlik – barakadir.
Abdulloh ibn Horis roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirganimda u zot sollallohu alayhi vasallam saharlik qilayotgan ekanlar. Shunda: “Albatta, saharlik barakadir”, dedilar” (Imom Nasoiy rivoyati).
Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Saharlik qilish – barakadir, bir qultum suv bilan bo‘lsa ham saharlik qiling”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Baraka jamoat va saharlikdadir”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati)
Saharlik qilish Nabiy alayhissalomning sunnatlaridandir.
Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu bunday deydi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan birga saharlik qildim. So‘ngra u zot bomdod namoziga turdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Irboz ibn Sariya roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyida meni saharlikka chaqirib: “Baraka dasturxoni sari shoshilgin”, dedilar (Imom Abu Dovud, Imom Nasoiy rivoyati).
Saharlik – Islom ummatini ahli kitobdan ajratib turuvchi amallardan biri hamdir.
Bu haqda Amr ibn Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bizning ro‘zamiz bilan ahli kitobning ro‘zasi orasidagi farq saharlik qilishdadir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Saharlik qilish fazilatlaridan yana biri unda duo qabul bo‘luvchi vaqt bor.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taolo har kechaning oxirgi uchdan biri qolganda: “Kim Menga duo qiladiki, Men uni qabul qilsam, kim Mendan so‘raydiki, Men unga bersam, kim Menga istig‘for aytadi, Men uni mag‘firat qilsam”, deydi», dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Saharlik qilish Alloh va farishtalarning rahmatiga noil qiladi. Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Saharlik qiluvchiga Alloh va farishtalarning rahmati bo‘ladi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Saharlikda xurmo iste’mol qilish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridan hisoblanadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Xurmo mo‘min uchun qandoq ham yaxshi saharlik”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Alloh taolo barchamizga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishni nasib etsin.
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi.
Ilgari bu yerda faqat kichik namozxona bo‘lgan. “Fayzobod” va yon-atrofdagi mahallalarda istiqomat qiladigan namozxonlarga qulaylik yaratish maqsadida 2018 yilning 18 iyunida Mirobod tumanidagi “Oq uy” musulmonlar qabristoni hududida yangi jome masjid barpo etish to‘g‘risida Toshkent shahar hokimligining qarori chiqdi.
2019 yil fevral oyida “Oq uy” jome masjidi poydevoriga birinchi g‘isht qo‘yildi. Hashar yo‘li bilan yangi barpo etilgan “Oq uy” masjidi 2024 yil mart oyida foydalanishga topshirildi. Masjid xonaqohi sig‘imi olti ming kishiga mo‘ljallangan, hayit namozlarida o‘n-o‘n ikki ming kishi namoz o‘qiydi.
Jomening ikki qanotida ikkinchi qavatlari ham mavjud. Shuningdek, katta xonaqoh hajmicha keladigan yerto‘lasi ham bor va u yerda ham namoz o‘qiladi. Masjidning bitta minorasi bo‘lib, balandligi yigirma yetti metr.
Imom-xatib va imom noiblari uchun to‘rtta xona ajratilgan. Ulardan tashqari, yana beshta umumiy xizmat xonasi, masjid kutubxonasida esa 250 dan ortiq kitob bor. Issiq va sovuq suv bilan ta’minlangan zamonaviy tahoratxona bir vaqtning o‘zida 120 kishiga xizmat ko‘rsatadi.
Robiya DAMIN qizi
“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 1-sonidan
http://hidoyatuz.taplink.ws