Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Sentabr, 2026   |   4 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:43
Quyosh
06:03
Peshin
12:18
Asr
16:43
Shom
18:37
Xufton
19:52
Bismillah
15 Sentabr, 2026, 4 Rabi`us soni, 1448

Farishtaning duosi

21.04.2020   7102   6 min.
Farishtaning duosi

Abu Hurayra va Anas ibn Molik (roziyallohu anhumo) lar rivoyat qiladilar: “Kunlardan bir kuni Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) minbarga ko‘tarildilar-da, “Omin”  dedilar. Keyin ikkinchisiga ko‘tarildilar-da, “Omin” dedilar.  So‘ng tik turdilar-da, “Omin” dedilar. Ushbu holatdan taajjublangan ul zotning sahobalari “Nima uchun “Omin” dedingiz “Ey Allohning Rasuli?” – deb savol qilishdi. Shunda Muhammad (sollallohu alayhi vasallam): “Hozir mening huzurimga Jabroil alayhis salom kelib menga “Ey Muhammad! (sollallohu alayhi vasallam) Sizning ismingiz zikr qilinganda;

Kimki sizga salovat va salom aytmasa, uni burni yerga ishqalansin”– dedi, men “Omin” dedim.

Kimki ota-onasi yoki ulardan birini tiriklik chog‘ida  xizmatlarini qilib roziligini topa olmasa va jannatni qo‘lga kirita olmasa, uni ham burni yerga ishqalansin”– dedi, men “Omin” dedim.

Kimki ramazon oyini topsa-yu, bu oyda o‘z gunohlaridan mag‘firat qilinmasa, uni ham burni yerga ishqalansin”– deb duo qildi, men “Omin”  – deb javob qildim degan ekanlar (Buxoriy va Termiziy rivoyati)

“Burni yerga ishqalansin”, degan so‘z arab tilida “xor bo‘lsin, yuztuban bo‘lsin degan ma’noda ishlatiladi.

Demak, Ramazon oyidan unumli foydalana olmagan va unda gunohlaridan forig‘ bo‘la olmagan kishining qiyomat kunida holiga voy ekan.

Sharh.Ushbu hadisning sharhiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, unda har bir inson bajarishi lozim bo‘lgan uchta ulug‘ amal haqida so‘z bormoqda.

Birinchisi, Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) ga salovat va salom aytishlikning fazilati haqida bo‘lib, Alloh taolo Qur’oni karimning quyidagi oyatida shunday marhamat qiladi: ”Albatta Alloh va uning farishtalari Payg‘ambarga salovat ayturlar. Ey iymon keltirgan bandalar! Sizlar ham unga salovat va salom aytinglar” (Ahzob,56).   

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): ”Kimki menga bir marta salovat aytsa, Alloh unga o‘n marta salovat aytadi”, dedilar (Buxoriy rivoyati)

Demak, har bir inson Payg‘ambarimizning muborak Muhammad ismlarini eshitganida “Sollallohu alayhi vasallam” deb ul zotning haqlariga salovat va salom aytishligi shariatimizdagi lozim bo‘lgan amallardan biri hisoblanadi. 

Ikkinchisi, ota-onaga yaxshilik qilish va ularning rizoligini topishlik borasida bo‘lib, Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

”Robbingiz uning o‘zigagina ibodat qilishga va ota-onaga yaxshilik qilishlikka buyurdi”(Isro,23).

Ibn Abbos (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): ”Qaysi bir mo‘min bandaning ota-onasi musulmon holatida barhayot bo‘lsa, u banda uchun Alloh jannatning ikki eshigini ochib qo‘yadi. Ulardan biri hayot bo‘lsa, bir eshigini ochib qo‘yadi. Agar otasi yoki onasi o‘z farzandidan g‘azablanadigan bo‘lsa, toki ular rozi bo‘lmagunicha Alloh bu farzanddan rozi bo‘lmaydi. Sahobalar savol qildilar: ”Agar ota-ona zulm qilsa-chi? Zulm qilgan bo‘lsa ham”,  deb javob qildilar (Buxoriyrivoyati)

Demak, qalbida iymoni mustahkam bo‘lgan har bir banda uchun ota-onasini rizoligini topishlik dinimizda Allohning rizoligini topish bilan barobar bo‘lar ekan.    

Uchinchisi, ramazon oyining fazilati va ro‘za tutishning ajru-savobi naqadar ulug‘ ekanligi haqidadir. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday  marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar, sizdan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi, shoyadki, taqvo qilsangiz” (Baqara,183). Ushbu oyatdan ma’lum bo‘ladiki ro‘za tutmoqlik Odam (alayhi salom) dan to Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) davrlarigacha yashab o‘tgan barcha Payg‘ambar va ular orqali jamiiki bashariyat ahliga farz qilingan.

Darhaqiqat, ramazon oyi mo‘minlar uchun rahmat va mag‘firat oyi bo‘lib, ushbu oyni g‘animat bilish va undan samarali foydalana olishlik biz bandalar uchun lozim amallardan biri sanaladi.   

Zero, ramazon cheksiz fazilatlarga ega bo‘lgan ulug‘ bir oy bo‘lib, ularning ba’zi-birlarini quyida zikr qilib o‘tamiz:

  1. Ramazon oyida Allohning amri bilan osmon eshiklari ochiladi. Bu eshiklardan yer yuziga Allohning rahmati va xayr-barakoti yog‘iladi. Allohning farishtalari yerga tushadi va har bir bandaning tutgan ro‘zalari hamda qilgan solih amallarining savobini ko‘paytirgan holatda o‘zi bilan birga osmonga olib chiqib ketadi.
  2. Ramazon oyida jahannam eshiklari yopiladi. Muborak ramazon oyining hurmatidan jahannam eshiklari yopilib, Alloh taolo unga kirishni vaqtincha kechiktiradi. Insonlarga Allohning cheksiz rahmati yog‘ilib, ularga yaxshi imkoniyatlar yaratib beriladi. Ushbu imkoniyatlardan oqilona foydalanib, ramazon oyini ibodatda o‘tkazgan har bir banda jahannamdan ozod qilinadi.
  3. Ramazon oyida shaytonlar zanjirband qilinadi. Ramazon oyining ulug‘ligidan insonlarni hidoyatdan zalolatga boshlaguvchi barcha shaytonlar zanjirband qilinadi. Natijada ular ro‘za tutgan mo‘minlarni hargiz vasvasa qila olmaydi. Ro‘zadorlar esa xayrli ishlarini va ibodatlarini to‘la-to‘kis ado etadilar.

Alloh taolo kirib kelayotgan ramazon oyini barchamizga muborakbod etsin. Bu oyda qiladigan barcha solih amallarimizni o‘z dargohida husni qabul aylab, ramazon oyining barokoti, hamda duolarimizni sharofatidan elu-yurtimizni va barcha musulmon ahlini har xil kasallik va fitnalardan o‘z panohida asrasin.     

 

Abror ALIMOV,

Toshkent shahar “Huvaydo”

jome masjidi imom-xatibi

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Tarixni buzib ko‘rsatmaslik uchun

15.09.2026   16190   2 min.
Tarixni buzib ko‘rsatmaslik uchun

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida "Islom ma’rifati, hadis ilmi va Imom Buxoriy merosi" o‘quv kursi o‘tkazildi. Mutaxassislar tomonidan yodgorlik majmuasi gid-ekskursovodlari uchun o‘tkazilgan mashg‘ulotlar doirasida ekskursiya faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, nazariy va amaliy masalalar ko‘rib chiqildi, xabar bermoqda “Samarkandskiy vestnik” nashri.

- Bu yerga tashrif buyurgan har bir ziyoratchi faqat ibodat qilish uchun emas, balki ma’naviy "oziq" olish uchun ham borishi kerak, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov. - Bu yerda faoliyat yuritayotgan gidlarning malakasini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yar ekanmiz, ularga Imom Buxoriyning bizga qoldirgan merosini, bu merosning tarixiy manbalarini chuqur o‘rgatishimiz shart.

Kurs doirasida majmuaga birinchi marta tashrif buyurgan mehmonlar bilan muloqotning o‘ziga xos xususiyatlari muhokama qilindi. Xorijlik ziyoratchilarga nafaqat Imom al-Buxoriy hayotidagi faktlar va diniy qadriyatlarimizni yetkazish, balki boy madaniy merosimizni asrab-avaylash va yetkazish kabi dolzarb masalalar ko‘tarildi.

Gid-ekskursovodlar ham o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, kelgusidagi ishlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar berdilar. Bu bevosita ekskursiyalarni o‘tkazish paytida yuzaga keladigan masalalarni muhokama qilish imkonini berdi.

Kurs O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Diniy ta’lim sohasida kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, viloyat hokimligi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini saqlash va uning atrofini obodonlashtirish departamenti tomonidan tashkil etildi.

Tarixiy obidalar va ziyoratgohlar turizm salohiyatining muhim qismi bo‘lgan Samarqand viloyati uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash alohida ahamiyatga ega. Mehmonga tashrif buyuriladigan joyning tarixi qanchalik to‘liq va tushunarli ochib berilishi gidning professionalligiga bog‘liq. Shuning uchun ham gid-ekskursovodlarning malakasini muntazam oshirib borish, ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda zamonaviy xizmat ko‘rsatish standartlarini joriy etish Samarqandda turizm xizmatlari sifatini oshirishda ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari