Abu Hurayra va Anas ibn Molik (roziyallohu anhumo) lar rivoyat qiladilar: “Kunlardan bir kuni Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) minbarga ko‘tarildilar-da, “Omin” dedilar. Keyin ikkinchisiga ko‘tarildilar-da, “Omin” dedilar. So‘ng tik turdilar-da, “Omin” dedilar. Ushbu holatdan taajjublangan ul zotning sahobalari “Nima uchun “Omin” dedingiz “Ey Allohning Rasuli?” – deb savol qilishdi. Shunda Muhammad (sollallohu alayhi vasallam): “Hozir mening huzurimga Jabroil alayhis salom kelib menga “Ey Muhammad! (sollallohu alayhi vasallam) Sizning ismingiz zikr qilinganda;
Kimki sizga salovat va salom aytmasa, uni burni yerga ishqalansin”– dedi, men “Omin” dedim.
Kimki ota-onasi yoki ulardan birini tiriklik chog‘ida xizmatlarini qilib roziligini topa olmasa va jannatni qo‘lga kirita olmasa, uni ham burni yerga ishqalansin”– dedi, men “Omin” dedim.
Kimki ramazon oyini topsa-yu, bu oyda o‘z gunohlaridan mag‘firat qilinmasa, uni ham burni yerga ishqalansin”– deb duo qildi, men “Omin” – deb javob qildim degan ekanlar (Buxoriy va Termiziy rivoyati)
“Burni yerga ishqalansin”, degan so‘z arab tilida “xor bo‘lsin, yuztuban bo‘lsin degan ma’noda ishlatiladi.
Demak, Ramazon oyidan unumli foydalana olmagan va unda gunohlaridan forig‘ bo‘la olmagan kishining qiyomat kunida holiga voy ekan.
Sharh.Ushbu hadisning sharhiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, unda har bir inson bajarishi lozim bo‘lgan uchta ulug‘ amal haqida so‘z bormoqda.
Birinchisi, Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) ga salovat va salom aytishlikning fazilati haqida bo‘lib, Alloh taolo Qur’oni karimning quyidagi oyatida shunday marhamat qiladi: ”Albatta Alloh va uning farishtalari Payg‘ambarga salovat ayturlar. Ey iymon keltirgan bandalar! Sizlar ham unga salovat va salom aytinglar” (Ahzob,56).
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): ”Kimki menga bir marta salovat aytsa, Alloh unga o‘n marta salovat aytadi”, dedilar (Buxoriy rivoyati)
Demak, har bir inson Payg‘ambarimizning muborak Muhammad ismlarini eshitganida “Sollallohu alayhi vasallam” deb ul zotning haqlariga salovat va salom aytishligi shariatimizdagi lozim bo‘lgan amallardan biri hisoblanadi.
Ikkinchisi, ota-onaga yaxshilik qilish va ularning rizoligini topishlik borasida bo‘lib, Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
”Robbingiz uning o‘zigagina ibodat qilishga va ota-onaga yaxshilik qilishlikka buyurdi”(Isro,23).
Ibn Abbos (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam): ”Qaysi bir mo‘min bandaning ota-onasi musulmon holatida barhayot bo‘lsa, u banda uchun Alloh jannatning ikki eshigini ochib qo‘yadi. Ulardan biri hayot bo‘lsa, bir eshigini ochib qo‘yadi. Agar otasi yoki onasi o‘z farzandidan g‘azablanadigan bo‘lsa, toki ular rozi bo‘lmagunicha Alloh bu farzanddan rozi bo‘lmaydi. Sahobalar savol qildilar: ”Agar ota-ona zulm qilsa-chi? Zulm qilgan bo‘lsa ham”, deb javob qildilar (Buxoriyrivoyati)
Demak, qalbida iymoni mustahkam bo‘lgan har bir banda uchun ota-onasini rizoligini topishlik dinimizda Allohning rizoligini topish bilan barobar bo‘lar ekan.
Uchinchisi, ramazon oyining fazilati va ro‘za tutishning ajru-savobi naqadar ulug‘ ekanligi haqidadir. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Ey iymon keltirganlar, sizdan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi, shoyadki, taqvo qilsangiz” (Baqara,183). Ushbu oyatdan ma’lum bo‘ladiki ro‘za tutmoqlik Odam (alayhi salom) dan to Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) davrlarigacha yashab o‘tgan barcha Payg‘ambar va ular orqali jamiiki bashariyat ahliga farz qilingan.
Darhaqiqat, ramazon oyi mo‘minlar uchun rahmat va mag‘firat oyi bo‘lib, ushbu oyni g‘animat bilish va undan samarali foydalana olishlik biz bandalar uchun lozim amallardan biri sanaladi.
Zero, ramazon cheksiz fazilatlarga ega bo‘lgan ulug‘ bir oy bo‘lib, ularning ba’zi-birlarini quyida zikr qilib o‘tamiz:
Alloh taolo kirib kelayotgan ramazon oyini barchamizga muborakbod etsin. Bu oyda qiladigan barcha solih amallarimizni o‘z dargohida husni qabul aylab, ramazon oyining barokoti, hamda duolarimizni sharofatidan elu-yurtimizni va barcha musulmon ahlini har xil kasallik va fitnalardan o‘z panohida asrasin.
Abror ALIMOV,
Toshkent shahar “Huvaydo”
jome masjidi imom-xatibi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Makka shahridagi hamyurtlarimiz istiqomat qilayotgan mehmonxonada ziyoratchilarga go‘zal va manfaatli ma’ruza qildilar.
Samimiy va fayzli ruhda o‘tgan muloqot davomida Muftiy hazratlari Yer yuzidagi eng muqaddas shahar — Makkai mukarrama va insoniyat qalbining qiblasi bo‘lgan Ka’bai muazzamaning fazilatlari haqida so‘zlab berdilar.
Ma’ruzada Makka shahri Haq taolo tomonidan tanlab olingani, Ka’bai muazzama esa «Baytulloh», ya’ni Allohning uyi, deya sharaflangani oyat va hadislar bilan tushuntirib berildi.
Muftiy hazratlari dunyoda millionlab mo‘min-musulmonlar faqat bir binoga — Ka’baga qarab namoz o‘qishining asl mohiyatiga to‘xtaldilar. Darhaqiqat, jaziramada, kimsasiz sahroda Ibrohim alayhissalom o‘g‘li Ismoil alayhissalom bilan og‘ir toshlarni ko‘tarib, Ka’bani qurganlar. Ammo ular bu ulug‘ ishni tugatib, Allohning amrini ado etdik, deya kibrlanmasdan, aksincha: «Ey Robbimiz! Bizdan qabul qilgin...» deya yig‘lab duo qilganlarini ta’sirli shaklda so‘zlab berildi.
Manfaatli suhbat davomida bo‘lg‘usi hojilarga Ibrohim alayhissalom kabi amallarining qabul bo‘lishini so‘rab duolar qilishlari, hoji bo‘lish biror martaba emasligi, balki haj gunohlardan poklanish va ajru mukofotlarga erishish fursati ekanini eslatib o‘tildi.
Uchrashuv yakunida Alloh taolodan yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi, yoshlarimiz ilm-ma’rifatli va Davlatimiz Rahbarining xayrli islohotlari bardavom bo‘lishi uchun duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati