Saudiya Arabistoni Qizil yarim oy jamiyati yurak xurujiga uchragan onasining hayotini saqlab qolgan Asir shahrida yashovchi 12 yoshli bolani mukofotladi, deb xabar berdi “Gulf News” matbuot xizmati.
Ayol hushini yo'qotgach, Abdussalam al-Ahmariy tez yordam chaqirib, onasi nafas olishni to'xtatgani haqida xabar bergan. Shifokorlar boladan manzilini so'rashgan va yurak-o'pkani qayta jonlantirishni o'rgatishgan. Bola shifokorlar maslahati bilan tez yordam kelgungacha sun'iy nafas olish va yurak massajini o'tkazdi. Natijada u vazifani a'lo darajada bajarib, onasini o'limdan saqlab qolishga sababchi bo'ldi.
Voqea joyiga etib kelgan shifokorlar yurak xurujiga uchragan ayolning yuragini qayta ishga tushirishga muvaffaq bo'lishdi. Hozir u kasalxonada davolanmoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Qatarning “Al Jazeera” nashrida Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforum haqida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Maqola muallifi, xalqaro mediaforumda ishtirok etgan Muhammad A’moriyning ta’kidlashicha, yaqinda Toshkent shahrida bunyod etilgan O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi mediaforum ishtirokchilarida katta taassurot qoldirgan.
Markazda O‘zbekiston hududida islom sivilizatsiyasining shakllanishi va taraqqiyoti, tarixiy yodgorliklar, qo‘lyozmalar, arxeologik topilmalar hamda buyuk allomalar merosi o‘rin olgan. Muzeyda qariyb 8 mingta tarixiy ashyo va eksponat saqlanishi, ular orqali Movarounnahr xalqlarining qadimgi davrlardan boshlab ilm-fan va madaniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi namoyish etilgan.
Maqolada yozilishicha, muzey ekspozitsiyalari asosan to‘rt muhim tarixiy davrni qamrab olishiga e’tibor qaratilgan. Bular – islomdan oldingi davr, Movarounnahrdagi birinchi uyg‘onish davri, Temuriylar davri va Islom sivilizatsiyasiga oid qimmatli Qur’on qo‘lyozmalari namoyish etilgan zaldir.
Ushbu majmuada Usmon Mus'hafiga alohida o‘rin berilgan. Shu bilan birga, muzeyda qadimgi shaharlar, Buyuk Ipak yo‘li, haj an’analari, Ka’ba va uning muqaddas yodgorliklari bilan bog‘liq eksponatlar ham taqdim qilingan.
Materialda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo tarixida chuqur iz qoldirgan buyuk allomalar – Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Abu Nasr Forobiy, Mirzo Ulug‘bek, Kamoliddin Behzod, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi tarixiy shaxslarning ilm-fan, din, madaniyat, san’at va davlatchilik rivojiga qo‘shgan hissasi keng yoritilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati