Saudiya Arabistoni Qizil yarim oy jamiyati yurak xurujiga uchragan onasining hayotini saqlab qolgan Asir shahrida yashovchi 12 yoshli bolani mukofotladi, deb xabar berdi “Gulf News” matbuot xizmati.
Ayol hushini yo'qotgach, Abdussalam al-Ahmariy tez yordam chaqirib, onasi nafas olishni to'xtatgani haqida xabar bergan. Shifokorlar boladan manzilini so'rashgan va yurak-o'pkani qayta jonlantirishni o'rgatishgan. Bola shifokorlar maslahati bilan tez yordam kelgungacha sun'iy nafas olish va yurak massajini o'tkazdi. Natijada u vazifani a'lo darajada bajarib, onasini o'limdan saqlab qolishga sababchi bo'ldi.
Voqea joyiga etib kelgan shifokorlar yurak xurujiga uchragan ayolning yuragini qayta ishga tushirishga muvaffaq bo'lishdi. Hozir u kasalxonada davolanmoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi tomonidan Turizm qo‘mitasi hamda MARA Texnologiya universiteti (UiTM) bilan hamkorlikda O‘zbekistonning turistik salohiyati va boy madaniy merosiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Kuala-Lumpur shahrida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston-Malayziya: kreativ va ziyorat turizmi” nomli tadbirda Malayziya Turizm, san’at va madaniyat vaziri Tiong King Sing, Islom turizm markazi bosh direktori Mohammad Faisal, mahalliy siyosiy va ishbilarmon doiralar, vazirlik va idoralar, madaniyat hamda turizm sohasi vakillari, diplomatik korpus hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Anjuman so‘nggi yillarda O‘zbekiston hududlarida barpo etilgan yangi ziyorat turizmi maskanlari hamda UiTMning San’at, dizayn va media fakulteti suratkash va dizaynerlaridan iborat ijodiy jamoasining shu yil 17–31 avgust kunlari Toshkent shahri, Samarqand, Buxoro va Xorazm viloyatlariga amalga oshirgan tashrifi yakunlariga bag‘ishlandi.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimida O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev so‘zga chiqib, mamlakatimizda turizm va madaniyat sohalarida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, yangi sayyohlik yo‘nalishlari hamda investitsiyaviy imkoniyatlar haqida atroflicha ma’lumot berdi. U malayziyalik turoperator va investorlarni O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada kengaytirishga chaqirdi.
O‘z navbatida, Malayziya Islom turizm markazi bosh direktori Mohammad Faisal ikki mamlakat o‘rtasida ziyorat turizmi, madaniyat, oliy ta’lim va kreativ iqtisodiyot sohalaridagi aloqalarning kengayishi o‘zaro sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi. U O‘zbekistonning madaniy, ziyorat va qishki turizm yo‘nalishlari Malayziyada tobora ommalashib borayotganini alohida qayd etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati