Allohga beadad shukrlar bo‘lsin, muborak Ramazon oyini barchamiz tinchlik-xotirjamlikda o‘tkazib kelayotirmiz.
“Ramazon” so‘zi besh harfdan iborat. Uning har bir harfiga ulamolar shunday ma’no berganlar: “ro” – “rahmat”, “mim” – “mag‘firat”, “zod” – “zimonun liljannat” (jannatga kirish uchun kafolat), “alif” – “amanun minannar” (do‘zaxdan omonlik), “nun” – “nurun minalloh” (Allohdan nur) ma’nolarini anglatadi. Ushbu fikrni Imom Termiziy rivoyat qilingan: “Ramazonning avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri do‘zaxdan ozodlik kunlaridir”, hadisi sharifi ham quvvatlaydi. Ya’ni: “ro” harfi ramazonning avvali bo‘lgan rahmat kunlariga, “mim” o‘rtadagi mag‘firat kunlariga, “zod” va “alif” harflari oxiridagi “do‘zaxdan ozod bo‘lish” kunlariga, “nun” harfi esa butun ramazonning natijasida hosil bo‘ladigan nurga dalolat qiladi.
Bu oyning dastlabki o‘n kuni – “rahmat” dahasida ro‘yi zaminga Allohning rahmati yog‘iladi. Yaratganning o‘zi qodir qilganicha ro‘za tutib, taroveh namozlarini ado etamiz.
Ikkinchi o‘n kunligi – “mag‘firat” dahasida xolis niyat bilan ro‘za tutgan bandalarning oldingi qilgan gunohlari kechiriladi, deyilgan.
Oxirgi o‘n kunligi esa “Itqun minan-niyron”, yana “Qadr dahasi” ham deyiladi. Kim Ramazon oyining ro‘zasini pok niyat bilan tutgan bo‘lsa, u bandaga Alloh va’da qilgan ajrlarini ato etgay. Ramazon hayiti kuni esa Alloh taolo Ramazon ro‘zasini tutgan, taroveh namozlarini o‘qigan, Qadr kechasini bedor o‘tkazgan bandalariga O‘zi tayyorlab qo‘ygan mukofotlarni ko‘paytirib beradigan kundir.
Bu oyda imon-e’tiqod bilan qilinadigan duolar mustajob bo‘ladi. Chunki muborak oyda Alloh taolo bandalariga osmon eshiklarini ochib, har bir duo qilguvchining duosini qabul qiladi.
Nafs tarbiyasida ro‘za asosiy o‘rin tutadigan ibodatdir. Ro‘za nafsni o‘z holiga qo‘ymay, uni mahkam jilovlash deganidir. Unda imon va e’tiqod bir taraf, xohish-istak va shayton ikkinchi bir taraf bo‘lib kurash olib boradi. Jannatdan quvilganidan beri shayton inson zotiga qarshi ayovsiz kurashishi haqida Alloh taolo aytadi: “U (alamidan) dedi: “Qasamyod etamanki, meni yanglishtirganing tufayli Sening To‘g‘ri yo‘ling (Islom dini) uzra ular (odamlarni chalg‘itish) uchun o‘tiraman. So‘ngra ularga oldilaridan, ortlaridan, o‘ng tomonlaridan va so‘l tomonlaridan (chalg‘itish uchun) kelaman. (Natijada) ularning aksariyatini shukr qiluvchi holda topmaysan” (A’rof, 16-17).
Alloh taolo shayton ig‘vosini rad etadi: “Mening bandalarim ustidan sen uchun hech qanday saltanat (hukmronlik) yo‘qdir, illo senga ergashgan gumrohlarnigina (yo‘ldan ozdira olursan)” (Hijr, 42).
Shayton bilan inson o‘rtasidagi bu kurashda ro‘za muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, inson hayoti uchun zarur bo‘lgan taom va suv hamda shahvat – kurash maydonlaridir. Bularning har birida o‘ziga yarasha kuch-quvvat bor. Agar inson u mayl qarshisida sobit tura olsa va nafsining ig‘volariga uchmasa, albatta, imtihondan o‘tadi va Parvardigori huzurida ulug‘ darajaga erishadi.
Manbalar asosida No‘mon ABDULMAJID tayyorladi
Jannatul Baqi’ — Saudiya Arabistonining Hijoz mintaqasida, Madinai munavvarada joylashgan islom tarixidagi ilk va eng qadimiy qabriston. U Masjidun Nabaviyning janubi-sharqiy tomonida joylashgan bo‘lib, “Baqi’ul G‘arqad” nomi bilan ham mashhur. Bu yerda Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning oila a’zolari va ko‘plab sahobalari dafn etilgan.
Qabriston milodiy 622 yilda tashkil etilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkadan Madinaga hijrat qilganlarida (milodiy 622 yil, sentyabr), Baqi’ yerlari g‘arqad, ya’ni tikanli butalar bilan qoplangan bo‘sh maydon edi.
Badr jangi bo‘layotgan vaqtda (milodiy 624 yil) vafot etgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qizlari Ruqayya roziyallohu anho Baqi’ qabristoniga birinchilardan bo‘lib dafn etilgan. Sahobalardan esa birinchi bo‘lib, muhojirlardan Usmon ibn Maz’un roziyallohu anhu, ansorlardan As’ad ibn Zurora roziyallohu anhu shu yerga qo‘yilgan.
Jannatul Baqi’dagi 13 ta mashhur qabr va ziyoratgohlar:
1. Safiya binti Abdulmuttalib va Otika roziyallohu anhumo: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ammalari.

2. Abdulloh ibn Ja’far va Aqiyl ibn Abu Tolib roziyallohu anhum: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yaqin qarindoshlari va amakivachchalari.

3. Rasulullohning ayollari, mo‘minlarning onalari: Xadicha binti Xuvaylid va Maymuna binti Horis roziyallohu anhumolardan tashqari Payg‘ambarimizning barcha ayollari shu yerga dafn etilgan.

4. Payg‘ambarimizning qizlari: Fotimai Zahro, Ruqayya, Zaynab va Ummu Kulsum roziyallohu anhumolarning qabrlari.

5. Payg‘ambarimizning yaqin ahli baytlari: Bu yerda amakilari Abbos ibn Abdulmuttalib, shuningdek, Zaynulobiddin ibn Husayn, Hasan ibn Ali, Muhammad Boqir va Ja’far Sodiqlar dafn etilgan.

6. Ibrohim roziyallohu anhu: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning go‘dakligida vafot etgan o‘g‘illari.

7. Harra jangi shahidlari: Madina shahrini himoya qilishda shahid bo‘lganlar.

8. Usmon ibn Affon roziyallohu anhu: “Zunnurayn” - ikki nur sohibi, Islom olamining uchinchi xalifasi.

9. Halimai Sa’diya: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning emizgan sut onalari.

10. Abu Said Xudriy va Sa’d ibn Muoz roziyallohu anhum: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eng ulug‘ sahobalaridan.

11. Imom Molik va Imom Nofe’: Mashhur Molikiy mazhabi asoschisi Imom Molik ibn Anas va uning ustozi, qiroat olimi Imom Nofe’ ibn Abu Nuaym.

12. Hasan ibn Ali roziyallohu anhu: Payg‘ambarimizning suyukli nabiralari, Hazrat Ali va Fotima onamizning o‘g‘illari.

13. Fotima binti Asad roziyallohu anho: Hazrat Ali roziyallohu anhuning onalari va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni o‘z farzandidek voyaga yetkazgan ayol.

Baqi’ qabristonidagi maqbara va gumbazlar 1806 va 1925 yillarda buzib tashlangan. Hozirgi kunda qabrlar ustida hech qanday bino yoki belgilar yo‘q, ular oddiy tuproq va toshlar bilan belgilangan.
T.Azimov tayyorladi