frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Tasavvuf haqida tasavvur: SUNNIY TASAVVUF

19.04.2020   7358   20 min.
Tasavvuf haqida tasavvur: SUNNIY TASAVVUF

Sunniy tasavvuf o‘zi nima va uning vazifasi nimadan iborat?

Avvalo turli omillarga ko‘ra «tasavvuf» so‘zi orqali ifoda qilinayotgan haqiqatning «ruhiy tarbiya», «tazkiyatun-nafs», «suluk» va shunga o‘xshash ma’nolar bilan ifoda qilinganini aytib o‘tmog‘imiz lozim.

Qur’oni Karimda dinimizning sho‘balaridan va nubuvvat orqali kelgan muhim narsalardan biri bo‘lgan bu haqiqat «tazkiya» – «poklash» deb atalgan. Tazkiya Qur’oni Karimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam olib kelgan to‘rt muhim narsadan biri sifatida zikr qilingan.

Alloh taolo Jumu’a surasida quyidagilarni aytadi:

هُوَ ٱلَّذِي بَعَثَ فِي ٱلۡأُمِّيِّۧنَ رَسُولٗا مِّنۡهُمۡ يَتۡلُواْ عَلَيۡهِمۡ ءَايَٰتِهِۦ وَيُزَكِّيهِمۡ وَيُعَلِّمُهُمُ ٱلۡكِتَٰبَ وَٱلۡحِكۡمَةَ وَإِن كَانُواْ مِن قَبۡلُ لَفِي ضَلَٰلٖ مُّبِينٖ٢

«U savodsizlarga ularning ichidan Uning oyatlarini o‘qib beradigan va ularni poklaydigan hamda ularga Kitobni va hikmatni o‘rgatadigan Rasulni yuborgan Zotdir. Holbuki, ular ilgari ochiq-oydin zalolatda edilar» (2-oyat).

Biz «savodsiz» deb tarjima qilgan ma’no arab tilida «ummiy» deyilib, bu so‘z o‘qish-yozishni bilmaydigan shaxsga nisbatan ishlatiladi. «Umm» ona degani. Demak, «ummiy» so‘zidan «onadan tug‘ilgandek, o‘qish-yozishni o‘rganmay yurgan» degan ma’noni tushunish kerak. O‘sha davr arablari «ummiy qavm» deb atalgan, chunki ularning ichlarida o‘qish-yozishni biladiganlari juda oz bo‘lgan.

Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom ham o‘qish-yozishni mutlaqo o‘rganmaganlar. Albatta, Alloh taoloning ulkan hikmati tufayli shunday bo‘lgan. Nima uchun hikmat, deyapmiz? Chunki savodsiz jamiyatda ummiy bo‘lib o‘sgan, umrida hech narsa o‘qimagan-yozmagan, o‘zga dinlar, shariat va madaniyatlardan bexabar holda voyaga yetgan, payg‘ambar bo‘lganlaridan keyin ham o‘qish-yozishni o‘rganmagan bir odam qirq yoshga to‘lganlarida Allohning irodasi bilan xalqlarni dunyoda eng mukammal din bo‘lmish Islomga da’vat qila boshladilar.

Endi bevosita oyati karimaning sharhiga o‘taylik.

«U savodsizlarga ularning ichidan Uning oyatlarini o‘qib beradigan… Rasulni yuborgan Zotdir. Holbuki, ular ilgari ochiq-oydin zalolatda edilar».

Alloh taolo arablarga o‘zlarining ichidan chiqqan va o‘zlariga o‘xshash ummiy kishini elchi qilib yuborganini minnat qilmoqda. Bu elchi Muhammad alayhissalomdirlar. Bu elchining vazifalari jumlasiga quyidagilar kiradi:

Alloh taolo O‘zining «...oyatlarini o‘qib beradigan...» Rasulni yubordi.

Ya’ni Rasululloh alayhissalom o‘zlariga Alloh tomonidan nozil bo‘layotgan Qur’oni Karim oyatlarini ummiy qavmlarga yetkazadilar;

«...va ularni poklaydigan...»

Ya’ni o‘sha Rasul ularni kufr va gunohlar botqog‘idan poklaydi. Ularning qalblarini, ruhlarini, vijdonlarini, muomalalarini, xullas, barcha-barcha taraflarini poklaydi.

O‘sha poklash «tazkiyatun-nafs» – «nafsni poklash» deb atalib, mo‘minlarning nafslarini kuchlantirib sayqallash, ularga fazilatlarni kasb qildirish, ularni razolatlardan xoli qilish bilan bo‘ladi.

«...hamda ularga Kitobni va hikmatni o‘rgatadigan Rasulni yubordi».

«Kitob»dan murod Qur’oni Karimdir, ya’ni o‘sha Rasul ularga Qur’on ta’limotlarini, undagi amrlarni, qaytariqlarni va ahkomlarni o‘rgatadi.

«Hikmat»dan murod esa Payg‘ambarimizning sunnatlaridir. «Sunnat» Nabiy alayhissalomning so‘zlari, qilgan ishlari va o‘zgalar tomonidan aytilgan so‘z yoki qilingan ishni ma’qullaganliklaridan iboratdir. Sunnat musulmonlar uchun Qur’ondan keyingi ikkinchi manba hisoblanadi. Dinimizning ko‘pgina ahkomlari, hayotimizdagi zarur ta’limotlar Nabiy alayhissalomning sunnatlari, hadislaridan olingandir.

«...garchi ular bundan avval ochiq zalolatda bo‘lsalar ham...» degani, Islomdan oldin dunyo xalqlarining qattiq adashishda ekanligiga, ularning jaholat botqog‘ida quloqlarigacha botib yotganligiga ishoratdir.

Demak, tazkiyatun-nafs Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bajarishlari lozim bo‘lgan to‘rt muhim narsa: oyatlarni ummiylarga tilovat qilib berish, ularga Kitobni ta’lim berish, ularga hikmatni o‘rgatish va ularni poklashdan biridir.

Nafsni poklash haqida yuqoridagi oyatdan boshqa oyati karimalar ham bor.

Alloh taolo Baqara surasida quyidagilarni aytadi:

كَمَآ أَرۡسَلۡنَا فِيكُمۡ رَسُولٗا مِّنكُمۡ يَتۡلُواْ عَلَيۡكُمۡ ءَايَٰتِنَا وَيُزَكِّيكُمۡ وَيُعَلِّمُكُمُ ٱلۡكِتَٰبَ وَٱلۡحِكۡمَةَ وَيُعَلِّمُكُم مَّا لَمۡ تَكُونُواْ تَعۡلَمُونَ١٥١

«Shuningdek, ichingizga o‘zingizdan, sizlarga oyatlarimizni tilovat qiladigan, sizlarni poklaydigan, sizlarga Kitobni, hikmatni va bilmaydigan narsalaringizni o‘rgatadigan Rasul yubordik» (151-oyat).

E’tibor qilinsa, ushbu oyatda olti muhim narsa haqida so‘z bormoqda:

Birinchidan, o‘zingizdan tanlab, Rasul yubordim.

Ikkinchidan, u Rasul sizlarga oyatlarimni tilovat qilib beradi.

Uchinchidan, u sizlarni poklaydi. Alloh iroda qilmasa, sizlarni kim poklashi mumkin edi, axir?!

To‘rtinchidan, u Rasul sizlarga Kitobni – Qur’onni o‘rgatadi.

Beshinchidan, hikmatni o‘rgatadi.

Oltinchidan, bilmaydigan narsalaringizni o‘rgatadi.

Mazkur ishlarning barchasi Alloh taoloning ulug‘ ne’matlaridir. Allohdan boshqa hech kim bunday ne’matlarni ato eta olmaydi. Ana o‘sha muhim ishlar ichida tazkiya ham bor.

Alloh taolo A’laa surasida quyidagilarni aytadi:

قَدۡ أَفۡلَحَ مَن تَزَكَّىٰ١٤ وَذَكَرَ ٱسۡمَ رَبِّهِۦ فَصَلَّىٰ١٥

«Darhaqiqat, kim pok bo‘lsa, yutuq topadir. Va Robbi ismini zikr qilsa va namoz o‘qisa» (14-15-oyatlar).

Ha, oxiratda yutuqqa erishish uchun, katta olovga kirib kuymaslik uchun, o‘sha olov ichida na o‘lmay va na tirilmay, dahshatli azobda qolmaslik uchun har bir banda bu dunyoda kufrdan, shirkdan, nifoqdan va turli gunohlardan pok bo‘lishi, o‘z Robbini zikr qilib, namoz o‘qishi shart.

Bu yerdagi poklanish va zikrdan siz bilan biz o‘rganayotgan haqiqat ko‘zda tutilgan.

Alloh taolo Shams surasida quyidagilarni aytadi:

وَنَفۡسٖ وَمَا سَوَّىٰهَا٧ فَأَلۡهَمَهَا فُجُورَهَا وَتَقۡوَىٰهَا٨ قَدۡ أَفۡلَحَ مَن زَكَّىٰهَا٩ وَقَدۡ خَابَ مَن دَسَّىٰهَا١٠

«Va nafs bilan va uning bekamu ko‘st qilinishi bilan qasam. Unga fujurini va taqvosini ilhom qildi. Batahqiq, kim u(nafs)ni poklasa, zafar topdi. Va batahqiq, kim uni bulg‘asa, noumid bo‘ldi» (7-10-oyatlar).

Alloh taolo insonning nafsini O‘zi yaratadi. Yaratganda ham, ajoyib qilib, kamolga erishish iste’dodiga ega qilib, hamma narsasini mo‘tadil qilib, turli quvvat va qobiliyatlarga ega qilib, aqlli qilib yaratadi. Inson o‘zini bekamu ko‘st qilib yaratgan Alloh taologa iymon keltirishi va Unga itoatu ibodat qilishi lozim va lobuddir.

Alloh taoloning shuncha narsalar bilan qasam ichishidan maqsad ulardan keyin keladigan masalaga, ya’ni inson nafsining pok bo‘lishiga e’tiborni tortish, uning ahamiyatini oshirishdir.

«Unga fujurini va taqvosini ilhom qildi».

Ya’ni Alloh taolo inson nafsini bekamu ko‘st qilib yaratgan bo‘lishiga qaramay, unga, uning nafsiga fujur yo‘li nima-yu, taqvo yo‘li nima ekanini bayon qilib ham berdi. Yaxshi nima – yomon nima, iymon nima – kufr nima, savob nima – gunoh nima, hidoyat nima –  zalolat nima, hamma-hammasini tushuntirib berdi.

Ana shundan keyin endi:

«Batahqiq, kim u(nafs)ni poklasa, zafar topdi».

Ya’ni kim o‘z nafsini kufrdan, shirkdan, nifoqdan, turli yomonlik va gunohlardan poklasa, ikki dunyoda yutuqqa erishadi.

«Va batahqiq, kim uni bulg‘asa, noumid bo‘ldi».

Ya’ni kim o‘z nafsini kufr, shirk, nifoq, turli yomonlik va gunohlar ila iflos qilsa, ikki dunyoda noumid bo‘ladi, hasratga uchraydi.

Ushbu oyatlardan tazkiyatun-nafs – nafsni poklash dinimizdagi eng muhim ishlardan biri ekanini anglab olamiz. Bu muhim ishni amalga oshiradigan, yo‘lga qo‘yadigan, o‘rgatadigan ilmni «tasavvuf» deb atash urf bo‘lib qolgan. Uni boshqa nomlar bilan atasa ham bo‘lar edi. Ammo nima uchundir ayni «tasavvuf» degan nom bilan atalib qolgan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u zotning sahobai kiromlarining buyuk hayotlariga diqqat bilan nazar soladigan bo‘lsak, tazkiyatun-nafs, ixlos va axloqning oliy namunalarini ko‘ramiz.

Ular shariatning amr etgan narsalari bo‘lgan ibodatlarni ado etishda bo‘lsin, yurish-turishda bo‘lsin, qiroatu tasbehda bo‘lsin, duo va zikrda bo‘lsin,  kasbu muomalada bo‘lsin – har qanday holatda ham ixlos, sabr, zuhd, adab, hayo, xushu’, xuzu’, shavqu zavq kabi oliymaqom darajalarda bo‘lganlarini ko‘ramiz.

Albatta, bu holatlarni diqqat bilan o‘rgangan odam u zotlarni xuddi boshqa olamdan kelgan, o‘ziga xos his-tuyg‘u bilan yashayotgan, nafas olayotgan kishilar deb o‘ylar edi. Chunki ular Alloh taolo bilan doimiy aloqa hissi bilan hayot kechirar edilar.

Xuddi shu ma’no Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida «ehson» deb atalganini har bir kishi alohida ehtimom bilan o‘rganmog‘i lozimdir.

Ilm ahllari orasida «Jabroil hadisi» nomi bilan mashhur bo‘lgan hadisi sharif o‘zida ulkan ma’nolarni mujassamlashtirgan bo‘lib, uni alohida e’tibor bilan o‘rganilsa, juda ko‘p foydalar hosil bo‘ladi. Keling, bu hadisi sharifni qo‘ldan kelganicha o‘rganib chiqaylik.

عَنْ عُمَرَ بْنِ الْخَطَّابِ  قَالَ: بَيْنَمَا نَحْنُ عِنْدَ رَسُولِ اللهِ  ذَاتَ يَوْمٍ إِذْ طَلَعَ عَلَيْنَا رَجُلٌ شَدِيدُ بَيَاضِ الثِّيَابِ، شَدِيدُ سَوَادِ الشَّعْرِ، لَا يُرَى عَلَيْهِ أَثَرُ السَّفَرِ، وَلَا يَعْرِفُهُ مِنَّا أَحَدٌ، حَتَّى جَلَسَ إِلَى النَّبِيِّ ، فَأَسْنَدَ رُكْبَتَيْهِ إِلَى رُكْبَتَيْهِ، وَوَضَعَ كَفَّيْهِ عَلَى فَخِذَيْهِ، وَقَالَ: يَا مُحَمَّدُ، أَخْبِرْنِي عَنِ الْإِسْلَامِ. فَقَالَ رَسُولُ اللهِ : «الْإِسْلَامُ أَنْ تَشْهَدَ أَنْ لَا إِلَهَ إِلَا اللهُ، وَأَنَّ مُحَمَّدًا رَسُولُ اللهِ، وَتُقِيمَ الصَّلَاةَ، وَتُؤْتِيَ الزَّكَاةَ، وَتَصُومَ رَمَضَانَ، وَتَحُجَّ الْبَيْتَ إِنِ اسْتَطَعْتَ إِلَيْهِ سَبِيلًا». قَالَ: صَدَقْتَ. قَالَ: فَعَجِبْنَا لَهُ يَسْأَلُهُ وَيُصَدَّقُهُ، قَالَ: فَأَخْبِرْنِي عَنِ الْإِيمَانِ. قَالَ: «أَنْ تُؤْمِنَ بِاللهِ وَمَلَائِكَتِهِ وَكُتُبِهِ وَرُسُلِهِ وَالْيَوْمِ الْآخِرِ، وَتُؤْمِنَ بِالْقَدَرِ خَيْرِهِ وَشَرِّهِ». قَالَ: صَدَقْتَ. قَالَ: فَأَخْبِرْنِي عَنِ الْإِحْسَانِ. قَالَ: «أَنْ تَعْبُدَ اللهَ كَأَنَّكَ تَرَاهُ، فَإِنْ لَمْ تَرَاهُ فَإِنَّهُ يَرَاكَ». قَالَ: فَأَخْبِرْنِي عَنِ السَّاعَةِ. قَالَ: «مَا الْمَسْئُولُ عَنْهَا بِأَعْلَمَ مِنَ السَّائِلِ». قَالَ: فَأَخْبِرْنِي عَنْ أَمَارَاتِهَا. قَالَ: «أَنْ تَلِدَ اْلأَمَةُ رَبَّتَهَا وَأَنْ تَرَى الْحُفَاةَ الْعُرَاةَ الْعَالَةَ رِعَاءَ الشَّاءِ يَتَطَاوَلُونَ فِي الْبُنْيَانِ». قَالَ: ثُمَّ انْطَلَقَ فَلَبِثْتُ مَلِيًّا، ثُمَّ قَالَ لِي: «يَا عُمَرُ، أَتَدْرِي مَنِ السَّائِلُ؟» قُلْتُ: اللهُ وَرَسُولُهُ أَعْلَمُ، قَالَ: «فَإِنَّهُ جِبْرِيلُ، أَتَاكُمْ يُعَلِّمُكُمْ دِينَكُمْ». رَوَاهُ الْخَمْسَةُ.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Bir kuni biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Birdan ustimizda oppoq kiyimli, sochlari qop-qora odam paydo bo‘ldi. Unda safarning asari ko‘rinmas edi. Uni birortamiz tanimas ham edik. U kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘rilariga o‘tirdi. Ikki tizzasini u zotning ikki tizzalariga tiradi. Ikki kaftini sonlari ustiga qo‘ydi va:

«Ey Muhammad, menga Islom haqida xabar ber», dedi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Islom – «Laa ilaaha illallohu va anna Muhammadan Rasululloh», deb shahodat keltirmog‘ing, namozni to‘kis ado qilmog‘ing, zakot bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘lga qodir bo‘lsang, Baytni haj qilmog‘ing», dedilar.

«To‘g‘ri aytding», dedi u.

Biz undan ajablandik. O‘zi so‘raydi, o‘zi tasdiqlaydi.

«Menga iymon haqida xabar ber», dedi.

Ul zot sollallohu alayhi vasallam:

«Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, rasullariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing, yaxshiyu yomon qadarga iymon keltirmog‘ing», dedilar.

«To‘g‘ri aytding», deb tasdiqladi va:

«Menga ehson haqida xabar ber», dedi.

Ul zot sollallohu alayhi vasallam:

«Allohga xuddi Uni ko‘rib turgandek, agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turgandek ibodat qilmog‘ing», dedilar.

«Menga soat(qiyomat)dan xabar ber», dedi.

Ul zot sollallohu alayhi vasallam:

«So‘raluvchi bu haqda so‘rovchidan bilimliroq emas», dedilar.

«Uning alomatlaridan xabar ber», dedi.

Ul zot sollallohu alayhi vasallam:

«Cho‘ri o‘z xojasini tug‘ishi, yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al va cho‘ponlarning bino qurishda bir-birlaridan o‘zishga urinishlarini ko‘rmog‘ing», dedilar.

So‘ngra u qaytib ketdi. Men ancha payt (Rasulullohning huzurlarida) bo‘ldim. So‘ngra u zot sollallohu alayhi vasallam menga:

«Ey Umar, so‘rovchining kimligini bildingmi?» dedilar.

«Alloh va Uning Rasuli biluvchiroq», dedim.

Ul zot sollallohu alayhi vasallam:

«U Jabroildir. Sizlarga dinlaringizdan ta’lim bergani kelibdi», dedilar».

Imom Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasaiy rivoyat qilishgan.

Ushbu hadisi sharif inson vasfiga ojiz bo‘lgan ulkan haqiqatlarni o‘z ichiga olgan. Chunki unda Islom, iymon, ehson nimaligi hamda qiyomat kuni haqida ma’lumotlar berilmoqda. Hadisning oxirida esa ushbu narsalarning jami «din» deb atalmoqda.

Bu hadisda diniy ta’lim berishda amaliy – ko‘rgazmali dars ko‘rinishi bayon qilinmoqda.

Imom Muslim Ammor ibn Qa’qa’adan rivoyat qilishlaricha, bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalar ichida o‘tirib:

«Mendan so‘raydigan narsangizni so‘rab olinglar», dedilar. Odamlarni haybat bosib, biror narsani so‘ray olmay qoldilar. Shunda hadisda vasf qilingan, oppoq kiyimli, sochlari qop-qora, o‘zida safarning asari yo‘q, hech kimga tanish bo‘lmagan bir odam kirib kelgan va vasf qilingan hay’atda o‘tirib olib, hamma uchun g‘oyatda muhim bo‘lgan savollarni bera boshlagan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam savol beruvchining:

«Ey Muhammad, menga Islom haqida xabar ber», degan savoliga:

«Islom – «Laa ilaaha illallohu va anna Muhammadan Rasululloh», deb shahodat keltirmog‘ing, namozni to‘kis ado qilmog‘ing, zakot bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘lga qodir bo‘lsang, Baytni haj qilmog‘ing», deb javob berdilar.

Dinning amaliy qismi bo‘lgan shahodat kalimasini aytish, namoz o‘qish, zakot berish, ro‘za tutish va haj qilish kabi ibodatlarning «Islom» deb atalishini shundan bilib olamiz.

So‘rovchining:

«Menga iymon haqida xabar ber», degan so‘roviga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, rasullariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing, yaxshiyu yomon qadarga iymon keltirmog‘ing», deb javob berdilar.

Bu iymonning shar’iy ma’nosi haqidagi, ya’ni shariat bo‘yicha «iymon» deb nimaga aytiladi, degan savoldir.

Javobda esa shariat bo‘yicha iymonning bosh masalalari hisoblangan narsalar umumiy ko‘rinishda aytilmoqda.

«Allohga iymon keltirish» degani umumiy gapdir. Lekin shariatga ko‘ra «Allohning borligiga ishonaman», deyish bilan ish bitmaydi. Allohga iymon keltirishni tafsiloti bilan bilish lozim. Alloh taolo O‘zi aytganidek, U Zotning Rasuli Muhammad sollallohu alayhi vasallam vasf etganlaridek iymon keltirmoq lozim. Allohning borligiga, qadimiyligiga, azaliyligiga, abadiyligiga, ismlariga, sifatlariga va ishlariga to‘g‘ri ravishda iymon keltirish lozim.

Shuningdek, Allohning farishtalariga iymon keltirish ularning borligiga iymon keltirish bilan tugal bo‘lmaydi. Farishtalarga tugal iymon Alloh taolo va Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek bo‘lishi kerak. Ularning vasflariga, xizmatlariga va xususiyatlariga birdek iymon keltirish lozim.

Shuningdek, Alloh taoloning kitoblariga, rasullariga iymon keltirish ham Qur’on va Sunnat ko‘rsatmalariga muvofiq bo‘lishi lozim. Oxirat kuniga bo‘lgan iymon ham, yaxshiyu yomon qadarga iymon ham shariat ko‘rsatmasi bo‘yicha bo‘lishi kerak. Bu ishda birovlarga taqlid qilish bilan ish bitmaydi. Shuning uchun har bir musulmon aqiyda masalalarini ularni yaxshi biladigan taqvodor ulamolardan o‘rganib olmog‘i zarur. Iloji bo‘lsa, aqiyda kitoblaridan birortasini o‘rganish, muxtasar matnlardan birini yodlab olish lozim.

Dinning e’tiqod qismiga oid ta’limotlari «iymon» deb atalishini shundan bilib olamiz.

Savol beruvchining uchinchi savoli:

«Menga ehson haqida xabar ber», deyish bo‘ldi.

Bu hadisi sharifning siz bilan bizga hozirgi bahsimiz uchun kerakli joyi aynan shu yerdan boshlanadi.

«Ehson» lug‘atda «yaxshilik», «go‘zal ish» degan ma’noni anglatadi. Ulamolar: «Bu hadisda u «ixlos» ma’nosida kelgan», deya sharhlaydilar.

 Javobda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining oz so‘zlari bilan ko‘p ma’noni ifoda eta olish qobiliyatlarini ko‘rsatadilar. Ul zot sollallohu alayhi vasallam ehsonning ta’rifida:

«Allohga xuddi Uni ko‘rib turgandek, agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turgandek ibodat qilmog‘ing», dedilar.

Ushbu ta’rifni va u orqali «ehson»ni to‘liq va to‘g‘ri tushunish uchun avvalo «ibodat» so‘zining ma’nosini batafsil anglab olmog‘imiz lozim.

Bizda «ibodat» deganda namoz o‘qish, ro‘za tutish, haj qilish kabi narsalar tushuniladi. Albatta, bu narsalar ulkan ibodatlardir. Lekin ibodat ma’nosi faqat ushbu narsalar bilan chegaralanmaydi.

Bu so‘z «abada» fe’lidan olingan bo‘lib, «qullik qildi», «qul bo‘ldi» degan ma’nolarni bildiradi. Abdulloh – Allohning quli deganidir. Demak, ibodat «qullik qilish» ma’nosidadir. Bu ma’no forschasiga «bandalik» deyiladi. Agar namoz, ro‘za va hajnigina ibodat deydigan bo‘lsak, o‘sha ibodatlarni ado etish paytida Allohga qullik qilinadi-yu, undan keyin Allohga qullik to‘xtaydimi? Unda inson namoz, ro‘za va hajdan boshqa vaqtda kimga qullik qiladi? Inson namoz o‘qib, ro‘za tutib, haj qilayotganda Allohni ko‘rib turgandek holatda bo‘lishga harakat qilishi lozim-u, boshqa vaqtda lozim emasmi? Yoki o‘sha ibodatlar paytida «Alloh meni ko‘rib turibdi», deb tasavvur qilishi kerak-ku, boshqa vaqtlarda «ko‘rmayapti», deb o‘z bilganini qilaverishi kerakmi?

Yo‘q, aslo undoq emas! Alloh taologa insonning bandaligi – qulligi doimiydir. Namoz o‘qiyotgan inson ham, uxlayotgan inson ham Alloh taoloning bandasi. Ro‘za tutayotgani ham, ro‘za tutmayotgani ham Alloh taoloning bandasi. Haj qilayotgan ham, ilojini qila olmay hajdan qolgan ham Alloh taoloning bandasi.

Faqat gap o‘sha banda o‘zining bandaligini tan olishida! Ya’ni «Allohning quliman», degan odamning Alloh taologa haqiqiy qullik qilishida!

Boshqacha qilib aytganda, hayotning hamma sohalarida Allohning aytganini qilib yashashida! Bir xo‘jayinning xojaligini bo‘yniga olib, unga xizmatkor bo‘lgan shaxs xojasining aytganlarini qilmasa, xizmatkorligi qolmaydi. Xojasidan qilmishiga yarasha jazo olishiga to‘g‘ri keladi. Alloh taologa qul bo‘lgandan keyin, ana shu qullikni o‘rniga qo‘yib yashamoq kerak.

Shuning uchun ham ulamolarimiz: «Allohning roziligiga yetkazadigan har bir ish ibodatdir», deydilar.

Shundan kelib chiqib, musulmon odam har lahzada Alloh taoloni ko‘rib turgandek, ixlos bilan yashamog‘i, U Zotning roziligini olishga harakat qilmog‘i kerak. Agar bu oliy maqomga erishishga ojizlik qilsa, har lahzasini «Alloh taolo meni ko‘rib turibdi» degan e’tiqod bilan o‘tkazib, o‘shanga yarasha harakatda bo‘lmog‘i lozim. Ana o‘shandagina ehsonning quyi darajasiga erishadi.

Agar bu darajaga erisha olmasa, namoz vaqtida Alloh taologa, kasbu kor paytida esa molu dunyoga bandalik qiladi. Ro‘za paytida Alloh taologa, ovqatlanish paytida qorniga bandalik qiladi.

Demak, ehson – bandaning Alloh taoloni ko‘rib turgandek ixlos bilan ibodat qilmog‘i, hayot kechirmog‘idir. Juda bo‘lmasa, «Alloh meni ko‘rib turibdi» degan ishonch bilan, o‘shanga yarasha amal bilan yashamog‘idir. Bu darajaga yetmagan shaxs esa hali ehson va ixlos darajasiga yetmagan bo‘ladi.

Qisqa qilib aytadigan bo‘lsak, iymon, Islom va ehsonning qo‘shiluvidan din hosil bo‘lar ekan.

 

Davomi bor...

 

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“EHSON” TUSHUNCHASI VA BUGUNGI KUNDAGI AHAMIYATI

13.08.2026   11021   8 min.
“EHSON” TUSHUNCHASI VA BUGUNGI KUNDAGI AHAMIYATI

Tasavvuf masalasi ham salafiylar tomonidan qattiq tanqidga olingan va ko‘r-ko‘rona rad etiladigan mavzulardan biridir. Tasavvuf, tariqat, suluk, shayx, murid va shu kabi atamalarni eshitishlari bilan mavzuni inkor qilishga tushib ketadilar. Lekin aslida ham shundaymi?

Ming yillardan beri Islomning ruhi bo‘lib kelgan va Islom ummati og‘ishmay amal qilib kelayotgan bu mavzu rad etilishi kerakmi?!

Tasavvuf – bu Allohni tanish va nafsni poklashni o‘rgatadigan va shu yo‘ldagi harakatlarni ifodalaydigan, ularni anglatadigan va bu holatlarga erishish uchun nima qilish kerakligini tushuntiradigan bir ilmdir. Tasavvuf islomiy ilmlarning eng sharaflisidir. Bu ilmning sharafi, mavzusining sharafi bilandir.

Modomiki, tasavvufning maqsadi, mavzusi ma’rifatulloh – Allohni bilish-tanish ekan, u o‘z-o‘zidan islomiy ilmlarning eng sharaflisi bo‘ladi. Tasavvuf bizga nima qilsak, Alloh bizni sevadi? Nima qilsak, qalbimizda bo‘lishini istaganimiz “Alloh sevgisi” hosil bo‘ladi, kabi savollarga javob beradi va bu maqomga erishish yo‘llarini o‘rgatadi.

Tasavvufga ulamolar tomonidan ko‘plab ta’riflar berilgan. Shayx Ibrohim ibn Muvallid Roqqiy rahmatullohi alayh o‘zining kitoblarida bu ta’riflarni yuzdan oshig‘ini jamlagan.

Shayx Muhammad ibn Ali Qassob rahimahulloh: “Tasavvuf bu – saodat asrida sharafli qavmning eng oliyjanob kishisidan sodir bo‘lgan eng go‘zal xulqlardir”, degan.

Shayx Abu Muhammad Jaririy rahimahulloh: “Tasavvuf – har bir go‘zal xulqni olish va har bir yomon xulqni tark qilishdir”, dedi.

Shayx Muhammad ibn Ali ibn Husayn ibn Ali ibn Abu Tolib rahimahulloh: “Tasavvuf – go‘zal xulq bilan bir ma’noda bo‘lib, kimning xulqi senikidan go‘zal bo‘lsa, tasavvufi ham go‘zaldir”, degan.

Shayx Abu Hafs Naysoburiy rahimahulloh: “Tasavvuf – uning barchasi odobdir. U har bir vaqt, har bir hol va har bir maqomning odobidir”, degan.

Tasavvuf ba’zi kishilar: “Bu narsa hijriy uchinchi asrdan keyin paydo bo‘lgan bid’at, avvalgi davrda bo‘lmagan. Qur’oni karim va hadisi sharifda “Tasavvuf” so‘zi biror marta zikr qilinmagan”, deb da’vo qilayotganidek keyin paydo bo‘lib qolgan bid’at ilm emas, balki u barcha shar’iy ilmlar qatori Islomning avvalidan mavjuddir.

Qur’oni karimda va hadisi shariflarda “Tasavvuf” so‘zini biror marta kelmagani uni islomiy ilm emasligiga dalil bo‘lmaydi. Chunki boshqa islomiy ilmlarning ham nomlari Qur’on va hadisda zikr qilinmagan. Agar Qur’on va hadisda zikr qilinmagan narsalarni inkor qilsak, juda ko‘plab narsalardan voz kechishimizga to‘g‘ri keladi.

Tasavvuf Islomning avvalgi asrlaridan beri mavjud bo‘lib, u ham boshqa islomiy ilmlar qatori Qur’on va sunnatdan olingan. Bunga Qur’on, hadis va tobeinlarning so‘zlarida dalillar bor. Avval aytganimizdek tasavvufning asosiy vazifasi insonning nafsini tarbiyalash, gunohlardan poklash va botiniy amallarini tartibga solishdir.

Alloh taolo An’om surasining 120-oyatida bunday marhamat qilgan:

﴿وَذَرُوا ظَاهِرَ الْإِثْمِ وَبَاطِنَهُ﴾

“Va oshkora hamda maxfiy gunohlarni tark qilinglar!”.

Alloma Alouddin Ali ibn Muhammad Bag‘dodiy rahimahulloh bu oyati karimani tafsir qilib: “Oshkora gunohdan tashqi a’zolar bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan. Maxfiy gunohdan qalb bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan” degan.

Zohiriy a’zolar bilan qilinadigan gunohlarni tark qilishni va unga beriladigan jazolarni fiqh fani o‘rgatsa, qalb kasalliklarini davolashni aynan tasavvuf o‘rgatadi. Boshqa oyati karimada shunday deyiladi:

﴿قَدْ أَفْلَحَ مَنْ زَكَّاهَا﴾

“Batahqiq, kim u(nafs)ni poklasa, yutuqqa erishdi” (Shams surasi, 9-oyat).

Darhaqiqat, inson oxiratda yutuqqa erishishi uchun, jahannam olovidan omonda bo‘lishi uchun bu dunyoda kufrdan, shirkdan, nifoqdan va turli gunoh va qalb kasalliklaridan o‘zini poklashi kerak.

Alloh taolo bu oyati karimalarda bandalarini kufr, shirk va gunohlardan o‘zlarini poklashga buyurmoqda. Mana shu poklashni o‘rgatadigan fanni “Tasavvuf” deb nomlash insonlar orasida urf bo‘lgan.

Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida tasavvuf ehson deb nomlangan. “Jabroil hadisi” deb nomlangan mashhur hadisi sharifda “ehson” ayni tasavvuf ekani namoyon bo‘ldi.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Birdan ustimizda oppoq kiyimli, sochlari qop-qora odam paydo bo‘ldi. Unda safarning asari ko‘rinmas edi. Uni birortamiz tanimas ham edik. U kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘rilariga o‘tirdi. Ikki tizzasini u zotning ikki tizzalariga tiradi. Ikki kaftini sonlari ustiga qo‘ydi va: “Ey Muhammad, menga Islom haqida xabar ber”, dedi.

Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Islom “Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh”, deb shahodat keltirmog‘ing, namozni to‘kis ado qilmog‘ing, zakot bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘liga qodir bo‘lsang, Baytni haj qilmog‘ing”, dedilar.

“To‘g‘ri aytding”, dedi u. Biz undan ajablandik. O‘zi so‘raydi, o‘zi tasdiqlaydi.

“Menga iymon haqida xabar ber”, dedi.

“Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing, yaxshiyu yomon qadarga iymon keltirmog‘ing”, dedilar.

“To‘g‘ri aytding”, dedi.

“Menga ehson haqida xabar ber”, dedi u.

“Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.

“Menga Soat (qiyomat)dan xabar ber”, dedi.

“So‘raluvchi bu haqda so‘rovchidan bilimliroq emas”, dedilar.

“Uning alomatlaridan xabar ber”, dedi.

“Cho‘ri o‘z xojasini tug‘ishi, yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al cho‘ponlarning bino qurishda bir-birlaridan o‘zishga urinishlarini ko‘rmog‘ing», dedilar. So‘ngra u (qaytib) ketdi. Bas, birmuncha vaqt o‘tkazdim. So‘ngra u zot menga:

“Ey Umar, so‘rovchi kimligini bildingmi?” dedilar.

“Alloh va Uning Rasuli biluvchidir”, dedim.

“Albatta, u Jabroildir. Sizlarga diningizni o‘rgatgani kelibdi”, dedilar».

Ushbu hadisi sharifda dinning asllari iymon, Islom, ehson, zohiriy va botiniy amallarni isloh qilish va oxirat kuni haqida va bularning barchasi din ekanligini xabari berilmoqda.

Hadisi sharifda zikr qilingan “Islom”ni fiqh ilmi o‘rgatadi. “Iymon” qismini aqoid ilmi o‘rgatadi. Bizning mavzumizga bevosita bog‘liq bo‘lgan “ehson” qismini esa tasavvuf ilmi o‘rgatadi va bu hadisi sharifda bunga amaliy namuna ham bor.

Jabroil alayhissalom: “Menga ehson haqida xabar ber”, deganlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.

Tasavvufning asosiy maqsadlaridan biri ham banda qilayotgan har bir ibodatida, amalida Alloh uni ko‘rib turganini va bu amaliga qiyomat kuni albatta savol-javob bo‘lishini qalban his qildirishdir.

“Tasavvuf” so‘zi Islomning dastlabki asrida ishlatilmagan bo‘lsa-da, keyingi davrlarda “so‘fiy” so‘zi ishlatilganini kuzatishimiz mumkin.

Ulamolar mutavotir hadisning qanday bo‘lishi va shartlarini bayon qilib aytadilarki “Mutavotir hadis – uning sanadidagi har bir tabaqada juda ko‘p roviy rivoyat qilgan. Ana shu roviylarning barchasi rivoyat qilingan hadisni o‘zgartirishga kelishib olishlari mumkinligini aql inkor etadi”.

Shunday ekan, tasavvuf ilmi ham ikkinchi asrdan (tobeinlar asridan) to shu kungacha minglab shariatimiz peshvolari orqali ham naqlan, ham amalan mutavotir holatda bizgacha yetib kelgan. Shuning o‘zi ham tasavvuf ilmining shar’iy ilm ekaniga yetarli dalil bo‘ladi.

Mashhur muhaddis olim, Shayx Shoh Valiyyulloh Dehlaviy rahimahulloh: “Suhbatlarimiz va ta’lim-tarbiyamiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga sahih va mashhur sanad bilan yetib borgan tariqat odobidir”, degan.

 

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA