Alloh taolo mo‘minlar uchun abadiy mukofot bo‘lgan jannatni ta’riflaganda judayam ko‘p o‘rinlarda daraxtzorlarni, bog‘u-rog‘larni, turli xil mevalarni zikr qilgan. Xususan, Rohman, Voqe’a suralarida bog‘u bo‘stonlar, mevalar va daraxtlarning zikri judayam ko‘p takrorlanadi. Masalan, Rohman surasida quyidagicha oyatlar keladi: “U (yer)da mevalar va guokosali xurmolar bor. Va somonli donlar hamda rayhonlar bor”. (11-12-oyatlar) “U (jannat)lar shox novdalidirlar”. (48-oyat) “Ikkovlarida mevalar, xurmo va anorlar bordir” (68-oyat)
Voqea surasida esa jannat ahllarini ta’riflab shunday deydi: “Ular tikonsiz sidrzorlardadirlar. Sermeva bananzorlardadirlar. Va yoyilgan soyalardadirlar” (28-29-30-oyatlar)
Bunga o‘xshash daraxtlar, mevalar, yerdan unib chiqadigan don-dunlar va ekinlar haqidagi oyatlarni, ulkan daraxtlarning soyalari haqidagi zikrlarni jannat ta’rifi kelgan judayam ko‘p oyatlarda uchratishimiz mumkin.
Bundan tashqari, hadislarda ham bu kabi ta’riflar va bashoratlar judayam ko‘p uchraydi. hattoki Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki: “Subhanallohi va bihamdihi”, desa, u uchun jannatda bir xurmo ekiladi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Bu dunyoda savobli amalni qilgan kishi uchun jannatda bir daraxt ekilishi be’jiz emas albatta. Chunki, mevali daraxt ne’matlar ichida eng e’tiborli va qadri balandlaridan hisoblanadi.
Xulosa, qilib aytadigan bo‘lsak, turli xil mevali daraxtlar, inson uchun kerakli bo‘lgan ziro’atlar jannat ne’matlaridan bir nishona hisoblanadi. Alloh taolo bandalari jannat ne’matlarini his qilib yashashlari uchun ulardan ba’zilarini shu dunyoning o‘zida bizlarga berib qo‘ydi. Demak, musulmon kishi bu nishonalarning qadriga yetishi lozim. Ularni asrab avaylash bilan birgalikda, bu kabi ne’matlarni ko‘paytirishga hissa qo‘shmog‘i lozim.
Shuning uchun har bahor faslida kishi o‘z tomorqasiga turli xil ekinlar ekmog‘i, har xil mevali bog‘lar yaratmoqqa ishtiyoqmand bo‘lmog‘i savobli ishlardan hisoblanadi. Insonlarga halal bermaydigan joylar, ko‘cha va suv bo‘ylari, e’tibordan chetda qolgan qarovsiz yerlarga ham mehr berib, ulardan unumli foydalanmog‘i kerak. Bu eng avvalo, kishining halol rizq topishiga sabab bo‘ladi. Qolaversa, daraxtlarning mevasi va soyasidan bahra olgan insonlar va hayvonlar, ekin tikinlarning bir donasidan tanovul qilgan qushlar, hattoki hashorotlar uchun ham kishi sadaqa berganning ajrini oladi. Sadaqai joriyaning bir turi bu aynan ekib ketilgan daraxdir. Chunki, bitta darax bir necha yillar va hattoki bir necha asrlar yashashini hisobga olsak, bu imkoniyat mo‘minlar uchun ayni muddaodir.
Unutmang! Qilingan har bir yaxshi amalga mukofot bor. Zarra miqdorida bo‘lsa ham qilingan sadaqa jahannamdan parda bo‘ladi. har bir ho‘l jigar uchun qilingan yaxshilikka Alloh taoloning roziligi bor.
Olmazor tumanidagi “Mevazor” masjidi imom noibi: Islomov Yorbek
Shu yil 12-13 avgust kunlari Misr Arab Respublikasining Qohira shahrida "Sun’iy intellekt asrida diniy ulamolarning o‘rni" mavzusida konferensiya o‘tkazilmoqda.
Anjuman Misrning Darul-Ifto tashkiloti, Butun dunyo fatvo idoralari va institutlari Bosh kotibiyati tomonidan Prezident Abdul Fattoh as-Sisiy homiyligida tashkil etilgan.
Xalqaro anjumanda dunyoning 70 dan ortiq davlatidan muftiylar, vazirlar, ulamolar va axborot texnologiya mutaxassislari qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov va Fatvo markazi bosh mutaxassisi Abdullatif domla Tursunov ishtirok etmoqda.
Joriy yilgi 10-xalqaro fatvo konferensiyasini ochib bergan Misr muftiysi doktor Nazir Muhammad Ayyod hazratlari yig‘ilganlarga minnatdorlik bildirish barobarida mavzu bo‘yicha nutq so‘zladi.
Anjuman davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov ham mavzu yuzasidan chiqish qilish asnosida mamlakatimiz aholisining diniy ehtiyojlarini ta’minlash borasida qilinayotgan ishlar, xususan, Fatvo markazi faoliyati haqida ma’lumot berdilar.
Shuningdek, mamlakat vaqflar vaziri doktor Usama Al-Azhariy, Jazoir Din ishlari va vaqflar vaziri doktor Yusuf Belmahdiy, Abu-Dabidagi Islom ishlari va vaqflar umumiy boshqarmasi raisi, doktor Umar Al-Deray, Islom hamkorlik tashkilotining Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi bosh kotibi doktor Qutb Sano, Falastin Bosh sudyasi va Falastin Prezidentining Din ishlari bo‘yicha maslahatchisi doktor Mahmud Sidqiy Al-Habbash va boshqalar so‘zga chiqdi.
Anjumanda notiqlar raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt davrida fatvo berishdagi muammolar, shariat va zamon talablari o‘rtasidagi muvozanatga erishish yo‘llari to‘g‘risida ma’ruza qilish barobarida mavzu yuzasidan taklif va mulohazalarini bildirmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati