Ramazon Qur’on oyi. Bu oyda Qur’on nozil bo‘ldi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hazrati Jabroil alayhissalomga har yili Ramazon oyida Qur’onni o‘qib berardilar. Ulug‘larimiz bu fazilatli oyda qiladigan asosiy ishlaridan biri Qur’oni Karimni xatm qilish bo‘lardi.
*****
Muhammad ibn Ismoil Buxoriy rahimahulloh Ramazon oyida kunduzi bir xatm, har uch kunda taroveh namozidan keyin yana bir xatm qilar edilar.
*****
Sa’id ibn Jubayr rahimahulloh har ikki kechada Qur’onni xatm qilardilar.
*****
Zubayd Yomiy Ramazon oyi kelsa, Qur’onni tilovat qilishga astoydil kirishar va do‘stlarini ham shu ishga jamlardilar.
*****
Valid ibn Abdulmalik rahimahulloh har uch kunda Qur’onni bir marta xatm qilardilar. Ramazon oyida jami o‘n yetti marta xatm qilishga erishardilar.
*****
Abu Avona aytadilar: “Qatodaning Ramazon oyida Qur’ondan dars berayotganini ko‘rdim”.
*****
Qatoda hazratlari yil davomida Qur’onni o‘qib yurib, har yetti kunda bir marta to‘liq o‘qib chiqardilar. Ramazon oyi kelganda, har uch kunda bir marta to‘liq o‘qib chiqardilar. Ramazonning oxirgi o‘n kunlarida esa har kecha bir marta to‘liq o‘qib chiqardilar.
*****
Imom Shofeiyning shogirdlaridan Rabiy’ ibn Sulaymon aytadi: “Shofeiy Ramazon oyida Qur’onni oltmish marta xatm qilardilar. Ya’ni har kecha ikki martadan xatm bo‘lardi. Ramazondan boshqa oylarda esa har oy o‘ttiz martadan xatm qilardilar”.
*****
Qosim ibn Ali otasi Ibn Asokir haqlarida bunday deydi: “Otam jamoat namozini, Qur’on tilovatini qoldirmas edilar. Odatda har juma Qur’onni bir marta xatm qilardilar. Ramazonda esa har kuni xatm qilardilar”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Ey Abu Hurayra, faroiz (meros) ilmini o‘rganinglar va odamlarga o‘rgatinglar. Chunki u ilmning yarmidir. U eng birinchi unutiladigan ilmdir. Ummatim orasidan eng birinchi ko‘tariladigan ilm ham shudir".
Saidjamol domla MASAYITOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ulamosi.