Joriy yilning 12-15 sentyabr' kunlari Malayziya poytaxtida joylashgan xalqaro savdo va ko'rgazmalar markazida bo'lib o'tayotgan “MIHAS-2023” Halqaro halol mahsulotlari ko'rgazmasida O'zbekiston elchixonasi ko'magida respublikamizning mahalliy korxonalari vakillari ishtirok etmoqda, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
Halqaro halol mahsulotlari ko'rgazmasi (Malaysia International Halal Showcase – MIHAS-2023) halol mahsulotlar sanoatida dunyodagi eng yirik tadbir bo'lib, 2004 yildan beri har yili Malayziya poytaxtida o'tkazib kelinadi. Ushbu ko'rgazma tashkilotchisi – Malayziya savdo va sanoat vazirligi huzuridagi Halqaro savdoni rivojlantirish korporatsiyasi (MATRADE).
Ushbu tadbirda har yili 40 dan ortiq mamlakatlardan 1000 ga yaqin kompaniyalar, 80 dan ortiq mamlakatlardan 25 ming kishi ishtirok etadi. Mazkur yilda ko'rgazmada 43 mamlakatdan 549 ta kompaniya va 64 mamlakatdan 16,5 ming kishi ishtirok etmoqda.
“MIHAS-2023” ochilish marosimida Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim ishtirok etdi. Tadbir davomida ishtirokchilar “halol” sanoatidagi yangi yo'nalishlar va tendentsiyalar bilan tanishdilar.
Tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizning eksport salohiyati, mahalliy mahsulotlarni xorijiy mamlakatlar bozorlariga chiqarish bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va mahsulotlar tannarxini tushirish bo'yicha foydalanilayotgan xalqaro transport koridorlari bo'yicha batafsil ma'lumotlar berildi.
Tadbir davomida O'zbekistondan tashrif buyurgan “Eclair”, “Elice” va “Asia Premium Deluxe” kompaniyasi vakillari Malayziyaning bir qancha ishlab chiqaruvchilari, shu jumladan “Imedikel Pharma Holding Berhad”, “RCAB food ventures Sdn. Bhd.”, “Eramas Group”, “Mahkota”, “Quanterm Logistics Sdn Bhd”, “The Vida World Sdn Bhd” va “Matase Sutera” kompaniyalari bilan muzokaralar olib bordilar. Unda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni Malayziya bozoriga eksport qilish va Malayziya ishlab chiqaruvchi kompaniyalarini respublikamizda investitsion loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Ko'rgazmada ishtirok etayotgan Malayziyaning “Imedikel Pharma Holding Berhad”, “RCAB food ventures Sdn. Bhd.”, “Makhota Detergent” va “The Vida World Sdn Bhd” kompaniyalari O'zbekistonda qo'shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko'rib chiqishga qiziqish bildirdilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Savol: Oilaliman, 2 nafar farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im ehtiyojlarim, kasal bo‘lsam dori-darmonim uchun pul bermaydilar. Bolalarimizni ehtiyojlari uchun berib turadilar, xolos. O‘zim ishlayman, “ishlab topgan pulingni hammasini menga berishing kerak, chunki Xadicha onamiz ham hamma pullarini Rasulimiz alayhissalomga berganlar” deydilar doim. E’tiroz bildirsam, “menga itoatsizlik qilyapsan” deydilar.
Yaqinda shu masalada janjallashib qolganimizdan keyin pulimni yarmini olib, o‘zimda qolgan yarmini ro‘zg‘orga ishlatishimga majburlayaptilar. Bizning vaziyatimizga shariatda qanday izoh beriladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taolo oilada erkakni rahbar etib tayinlab, uning zimmasiga qo‘l ostidagilarning: ayoli va farzandlarining nafaqasini yuklab qo‘ygan. Ayolning topayotgan pulida na erning va na qaynonaning haqi bor, uni zulm qilib olib qo‘yishga mutlaqo haqi yo‘q. Agar o‘zi rozi bo‘lib bersa, olishi mumkin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Musulmon kishining moli boshqaga halol emas, faqatgina o‘zi rozi bo‘lib, ko‘nglidan chiqarib bersagina, halol bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyati).
Xadiyja roziyallohu anho onamiz butun molu jonini Sarvari olam bo‘lgan turmush o‘rtoqlariga in’om etganlar, ya’ni o‘z ixtiyorlari bilan berganlar. Payg‘ambarimiz alayhissalom tortib yoki talab qilib olib qo‘ymaganlar. Nafaqat Xadiyja onamiz, balki u zotning atrofidagi barcha sahobalar u zotni jonlaridan ortiq yaxshi ko‘rganlar va borini berishga shay turganlar.
Shariatimiz har bir shaxsga moliyaviy mustaqillik bergan. Er topgan pulini o‘zi istaganday sarflashi va bunga na ayoli va na boshqa odamlar to‘sqinlik qilishga haqi yo‘q bo‘lgani kabi, ayolning ham shaxsiy mablag‘idagi tasarrufi o‘z qo‘lida bo‘ladi. Faqatgina foyda-zararni bilmaydigan aqli zaif toifalargina bundan mustasno. Ularning tasarrufini valiylari olib boradi.
Ammo yuqoridagi gaplardan ayol topganini hech kimga bermasligi, faqat o‘zi ishlatishi kerak ekan, degan xulosa chiqmaydi. O‘z ixtiyori bilan eriga, farzandlariga yoki boshqalarga hadya qilishi mumkin va bu uchun albatta, ajr oladi.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning ayollari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: “Erimga sadaqa qilsam bo‘ladimi?” – deb so‘ragan va u zot alayhissalom: “Ha”, deb javob berganlar. Ya’ni sahobiya ayollar erlariga sadaqa, hadya qilib turganlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bejizga: “O‘zaro hadyalashinglar, o‘rtada muhabbat paydo bo‘ladi”, deb aytmaganlar.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, oila er-xotin o‘zaro bir-birlarini tushunishlari, hurmat qilishlari va o‘z burchlarini muhabbat bilan ado etishlari lozim. Ana shunda oilaviy hayot saodatli davom etadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.