Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Iyul, 2025   |   17 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:19
Quyosh
05:01
Peshin
12:34
Asr
17:41
Shom
20:01
Xufton
21:34
Bismillah
12 Iyul, 2025, 17 Muharram, 1447

Ramazon yaqin: tanani ro‘zaga tayyorlash...

12.04.2020   3264   3 min.
Ramazon yaqin: tanani ro‘zaga tayyorlash...

Ramazonga sanoqli kunlar qolganida eng avvalo tanamizni ro‘zaga tayyorlash kerak bo‘ladi.

Bu yil nasib etsa Ramazon bahor oyiga to‘g‘ri kelmoqda. Kunlar uzayib, havo isishi bilan iqlim o‘zgaradigan pallalarda to‘g‘ri kelayotgan ro‘zada to‘g‘ri va sog‘lom ovqatlanish, taomlanish vaqti va ozuqalar o‘zgarishi, ochlik hissi ortishi bilan kechadi. Bu holatlarga tanamizni avvaldan o‘rgatib borishga erishsak, muborak Ramazon oyida sog‘liq bilan bog‘liq muammolarsiz ibodatlarimizni bajarishga muvaffaq bo‘lamiz, insha Alloh.
 
Muborak Ramazon oyiga kirishdan avval eng muhim hozirliklardan biri porsiyalarni kamaytirishdir. Albatta, bu borada Shabon oyida ro‘za tutish eng asosiy yordamchi bo‘ladi. Biroq, Shabon oyida ro‘za tutolmaganlar Ramazon uchun tayyorgarlikni porsiyalarni kamaytirishdan ish boshlaganlari ma’qul.

Dasturxonga foydali va to‘yimli ozuqalar, meva- sabzavot, sut mahsulotlari va dukkakli mahsulotlar tortamiz. Bu yeguliklarga Ramazondan avval vujudni ko‘niktirish, ro‘za kunlarida oshqozon-ichak tizimi bilan bog‘liq muammolarga duch kelmaslikni kafolatlaydi. Bugundan boshlab yengil salatlar, qaynatilgan yoki bug‘da pishirilgan sabzavotlarni tanovvul qilishni boshlasak, Ramazonda bu yeguliklarni iste’mol qilishga tanamiz ko‘nikma hosil qilgan bo‘ladi. Yog‘li, sho‘r, dudlangan mahsulotlarni oddiy kunlarda hazm qilish qiyin bo‘lgani uchun, Ramazonda bemalol xavfli yeguliklar guruhiga qo‘shishimiz mumkin.

Bu yeguliklar ortiqcha vazn bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqish xavfi yuqori bo‘lgani uchun ham Ramazon oyida ulardan keskin tiyilgan ma’qul. Mol va qo‘y go‘shti, tovuq, baliq mahsulotlarini pechda toblab yoki qaynatilgan holda iste’mol qilish foydali. Avvalo, tanovvul qilayotgan yeguliklar salomatligimiz, ibodatlar uchun kuch-quvvat bo‘lishini hisobga olish kerak. Uzoq ochlikdan keyin shirinliklar iste’mol qilish qonda shakar miqdorini oshirish bilan birga, salomatlikka jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Shuning uchun hozirdan shirinliklar iste’mol qilishda me’yordan oshmaslik, imkoni bo‘lsa, shakar va shakar mahsulotlarini quruq mevalar, shakarsiz qoqi qaynatmalari, toza meva va sabzavot sharbatlari (uy sharoitida tayyorlangan) hamda asal bilan almashtirgan yaxshi. Ramazondan avval, Ramazonda va undan keyin iste’mol qilishdan tiyilish kerak bo‘lgan gazli ichimliklar, tayyor meva sharbatlari  va yuqori kaloriyali shirin suvlardan parhez qilish uchun hozir ayni vaqti.

Turli damlamalar, giyohli, dorivor o‘tlar qaynatmalarini ichish bilan ham kundalik qabul qilinadigan suyuqliklar bilan ortiqcha vazndan qutulish, ham Ramazondan avval vujuddagi ortiqcha toksinlardan xalos bo‘lish mumkin. Ayni kunlarda Ramazon oyiga tayyorgarlik ko‘rishning vaqti. Kech qolmang va shaytonlar kishanlanib, bandalar ruhan poklanadigan oyga avval tanangizni poklab kirishsangiz, ibodatlarni xotirjam va halovat bilan ado etish imkoniga ega bo‘lasiz.
 
Ramazondan avval toksinlardan qutulish uchun maxsus parhez oldi ichimlik tayyorlash:

2. litr suv
2 dona ko‘k olma
1 dona limon
1 choyqoshiqda qalampirmunchoq donalari
1 choy qoshiqda donali qora murch
1 dona dolchin po‘chog‘i (koritsa)

Olma va limon parrak to‘g‘raladi va ikki litr suvga solinadi. Qalampirmunchoq, qora murch va va dolchin ham ortidan solinadi  va 15 daqiqa davomida qaynatiladi. Tayyor bo‘lgan damlama kun davomida ichiladi. Bu dorivor damlama zaharli toksinlardan xalos bo‘lishga va Ramazonga tetik, sog‘lom kirishga yordam beradi.

Har doim salomat bo‘ling!

Alloh bizni Ramazonga sog‘-salomat, xotirjam va hamjihatlikda yetkazsin!

Umida Aziz

Manba: https://azon.uz

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar

“Qur’oni karimni o‘qishdan seni nima chalg‘itdi?!”

11.07.2025   2295   3 min.
“Qur’oni karimni o‘qishdan seni nima chalg‘itdi?!”

Xolid ibn Valid roziyallohu anhu yoshlari o‘tib, keksayib qolgan chog‘larida Mus'hafi sharifni olib, yig‘lab turib shunday der edilar: “Jihodlar bilan ovora bo‘lib seni o‘qiy olmay qoldik”.

Bu qandayin go‘zal uzr! Xo‘sh, biz o‘zimizni nima deb oqlaymiz?! Xolid ibn Valid roziyallohu anhu shundayin gap aytdilar, ammo biz nima deymiz?! Qiyomat kunida “Qur’oni karim o‘qishdan seni nima chalg‘itdi?!” – deb so‘ralsak, nima deb javob beramiz?! Toki u bizni zararimizga emas, foydamizga hujjat bo‘lishi uchun ko‘ksimizga bosib, kechayu kunduz tilovat qilib bormaymizmi?! Axir Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taoloning zikrini lozim tut, Qur’oni karim tilovatida mahkam bo‘l. Chunki bu sening osmondagi ruhing, yerdagi zikringdir” [1], deganlar.

Quroni karim oyatlarini tadabbur qilmasdan, ma’nolari haqida fikr yuritmagan holda, hech qanday tushunchasiz ko‘p tilovat qilish asosiy maqsad emas. Agar inson bir necha oyatni tadabbur qilsa, tafsir kitoblariga murojaat etsa yoki tafsir darslariga qatnashsa, ma’nolarni o‘zlashtirsa va ularga amal qilsa, bu ishi o‘sha inson uchun ulkan yaxshilik, xayr-baraka bo‘ladi.

Imom  G‘azzoliy hazratlari bunday deydilar: “Qur’on siz so‘rashingiz mumkin bo‘lgan va u sizning so‘rovlaringizga javob bera oladigan tirik Rasuldir. Siz unga quloq solsangiz, u sizni qondiradi”.

Qalblari iymon nuri ila qorishib ketgan zotlar uchun, albatta, Qur’onda shifo bordir. Yana Qur’oni karimda sarosima, shaytoniy vasvasalar, nafsu havoga ergashishdan saqlovchi shifo bor. Qur’on o‘qigan paytimizda bizni farishtalar qurshab oladi va ular ham bizga qo‘shilib Rahmon bo‘lgan Zotning oyatlariga quloq tutadi. Samo farishtalari tuni bilan Qur’onga qoim bo‘ladigan yer farishtalariga yaqinlashadilar. Endi ayting-chi, odamlar uxlayotgan paytda, tun qorong‘usida biz Qur’on tilovat qilyapmizmi?! Yeru osmonlar Robbi bizga quloq soladigan darajada  oyatlarini tilovat qilyapmizmi?!

 Alloh taoloning shifo oyatlari quyidagilardir:

«...Va mo‘min qavmlarning ko‘ngillariga shifo beradir» (Tavba surasi, 14-oyat).

«Ey odamlar! Sizga o‘z Rabbingizdan mav’iza, ko‘ksingizdagi narsaga shifo, mo‘minlarga hidoyat va rahmat keldi» (Yunus surasi, 57-oyat).

«Biz Qur’onni mo‘minlar uchun shifo va rahmat o‘laroq nozil qilurmiz...» (Isro surasi, 82-oyat).

«...U iymon keltirganlar uchun hidoyat va shifodir...» (Fussilat surasi, 44-oyat).

«...Unda (asalda) odamlar uchun shifo bordir...»  (Nahl surasi, 69-oyat).

«Bemor bo‘lganimda menga shifo beradigan ham Uning O‘zi» (Shuaro surasi, 80-oyat).

 Qur’oni karimni tilovat qilish, eshitish, amal qilish va har bir ishda undagi hukmlarga tayanib ish ko‘rishdan chetlashmang!

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Imom Ahmad rivoyati.