Tavhidning lug‘aviy va istilohiy ma’nolari
Tavhid so‘zi ismi masdar bo‘lib, lug‘atda “yakkalash”, ya’ni bir narsaga yakkayu yolg‘izlik nisbatini berish va uning ko‘p adadda ekanini inkor qilish ma’nolarini anglatadi. “Qomusul muhit” kitobida, “tavhid yolg‘iz Allohga iymon keltirishdir” deyilgan.
Tavhidning istilohiy ma’nosi to‘g‘risida bir qancha ajoyib ta’riflar kelgan. Mulla Ali Qori rahmatullohi alayh tavhidni shunday ta’riflagan:
هُوَ إِثْبَاتُ الْوَحْدَانِيَّةِ لِلذَّاتِ الصَّمَدَانيَّةِ
“Abadiy barhayot Zotning yakkayu yagonaligini tasdiqlash, tavhid deb ataladi”[1].
Muhammmad Anvar Badaxshoniy esa “Aqidatut-Tahoviy”ning sharhida tavhidga shunday ta’rif bergan:
أَنْ يَتَبَرَّأَ الاِنْسَانُ عَنْ جَمِيعِ وُجُوهِ الاِشْرَاكِ بِاللهِ وَيَعْتَقِدَ أَنَّ اللهَ سُبْحَانَهُ وَتَعَالَى وَحْدَهُ لَا شَرِيكَ لَهُ لَا فِى ذَاتِهِ وَلَا فِى صِفَاتِهِ وَلَا فِى اَفْعَالِهِ وَلَا فِى اَسْمَائِهِ وَلَا فِي أَحْكَامِهِ
“Inson Alloh taologa shirk keltirishning barcha ko‘rinishlaridan o‘zini saqlab, Alloh taoloni zotida ham, sifatlarida ham, fe’llarida ham, ismlarida ham hukmlarida ham sherigi yo‘q, yakkayu yolg‘iz ekanligiga e’tiqod qilishi tavhid deb ataladi”[2].
Ushbu ta’rifdan Alloh taolo haqida quyidagicha e’tiqod qilish lozimligi kelib chiqadi:
– Alloh taolo borliqdagi biror narsaga o‘xshamaydi va Uning biror nuqsonu kamchiligi yo‘qdir;
– Alloh taoloning ism va sifatlari Qur’on va hadislarda bayon qilingandir;
– Alloh taoloning ism va sifatlarining haqiqati qanday ekanini bilishdan barcha xaloyiq ojiz.
Aqoid ulamolari ilohiyot bobidagi masalalarni ikkita asosga bog‘lab tushuntiradilar:
Alloh taoloning borligiga iymon keltirish dalillari haqida quyidagi gapni aytganlar: “Alloh taoloning borligiga dalillar maxluqotlarning adadlarichadir”. Alloh taoloning borligiga iymon keltirish dalillari ham ikki qismga bo‘linadi:
a) barcha maxluqotlarda mushohada etiladigan dalillar;
b) payg‘ambarlar olib kelgan dalillar.
Banda Alloh taoloni borliqdagi biror narsaga o‘xshamasligiga va Uning biror nuqsonu kamchiligi yo‘qligiga qat’i e’tiqod qilmagunicha mo‘min bo‘la olmaydi. Qur’oni karimda Unga o‘xshash biror narsa yo‘q ekani haqida shunday xabar berilgan:
﴿لَيۡسَ كَمِثۡلِهِۦ شَيۡءٞۖ وَهُوَ ٱلسَّمِيعُ ٱلۡبَصِيرُ١١﴾
“Uning mislidek biror narsa yo‘qdir. U Eshituvchi va ko‘ruvchidir”[3].
Shuningdek, har bir mo‘min banda Alloh taoloning ismu sifatlari haqida Qur’oni karimda va hadisi shariflarda bayon qilinganidek e’tiqod qilishi lozim. Bu haqida quyidagi rivoyatlar keltirilgan:
“Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayh: “Alloh taolo O‘zi vasf qilganidan yoki Rasuli vasf qilganidan boshqacha vasf qilinmaydi, Qur’on va hadisdan tashqariga chiqilmaydi”, degan.
Imom Buxoriyning ustozi Nu’aym ibn Hammod: “Kim Allohni Uning yaratgan narsasiga o‘xshatsa, kofir bo‘libdi, kim Alloh O‘zi haqida vasf qilgan narsani yoki Uning Rasuli vasf qilgan narsani inkor qilsa, kofir bo‘libdi, Alloh O‘zini vasf qilgan narsada va Rasuli Uni vasf qilgan narsada o‘xshash ham, teng ham yo‘qdir”, degan”.
So‘fi Ollohyor bobomiz ushbu masalalarni qisqa va sodda so‘zlari bilan tushuntirib qo‘ygan:
Ko‘ngilda kechsa ko‘zga tushsa har shay,
Erur andin munazzah Xoliqi Hay.
* * *
Udur hokim ki hukmin o‘zga etmas,
Aning zotig‘a hech kim aqli yetmas.
Ya’ni Alloh taolo insonning ko‘ngliga kelgan va tasavvur qilgan barcha narsalardan oliydir. Chunki bandalar zamon va makon ichida bo‘lgan narsalarni tasavvur qiladilar. Alloh taolo esa zamon va makonning ichida emas, balki ularni yo‘qdan bor qilgan zotdir.
Shunday ekan, har bir mo‘min banda Alloh taoloning ism va sifatlarining haqiqati nimadan iborat ekanini bila olmasligiga qat’i e’tiqod qilishi hamda ularning qanday ekanini bilishga urinib bahs qilmasligi lozim. Quyidagi hikmatli she’r bu haqida yetarli tasavvur beradi:
اَلْعَجْزُ عَنْ دَرْكِ الإِدْرَاكِ اِدْرَاكٌ
وَ البَحْثُ عَنْ سِرِّ ذَاتِ الرَّبِّ إِشْرَاكٌ
“Idrok etish fahmidan ojizlik idrok etishdir,
Robbning zoti sirini izlash shirk keltirishdir”[4].
Zero, bahs qilishning biror foydasi ham bo‘lmaydi. Chunki biror narsadagi sifatning haqiqati nimadan iborat ekanini to‘liq anglash uchun o‘sha sifat egasini to‘liq anglash kerak bo‘ladi. Alloh taoloning zoti qanday ekani esa so‘ralmaydi. Shuning uchun Alloh taolodagi sifatlarning asl mohiyati nimadan iborat ekanini so‘rash ham durust bo‘lmaydi.
Alloh taoloning go‘zal ismlari
Qur’oni karimda va hadisi shariflarda Alloh taoloning go‘zal ismlari zikr qilingan. Hadisi sharifda Alloh taoloning to‘qson to‘qqizta ismi bor ekanligi bayon qilingan. Ammo bundan Alloh taoloning barcha ismlari faqat to‘qson to‘qqiztadan iboratligi kelib chiqmaydi, balki bizlarga bayon qilinganlari to‘qson to‘qqizta ekani tushuniladi. Ushbu to‘qson to‘qqizta ismlarini nomma-nom sanab chiqqanlarga jannat va’dasi berilgan:
عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِنَّ لِلَّهِ تِسْعَةً وَتِسْعِينَ اسْمًا مِائَةً غَيْرَ وَاحِدَةٍ مَنْ أَحْصَاهَا دَخَلَ الْجَنَّةَ وَهُوَ وِتْرٌ يُحِبُّ الْوِتْرَ هُوَ اللَّهُ الَّذِى لاَ إِلَهَ إِلاَّ هُوَ الرَّحْمَنُ الرَّحِيمُ الْمَلِكُ الْقُدُّوسُ السَّلاَمُ الْمُؤْمِنُ الْمُهَيْمِنُ الْعَزِيزُ الْجَبَّارُ الْمُتَكَبِّرُ الْخَالِقُ الْبَارِئُ الْمُصَوِّرُ الْغَفَّارُ الْقَهَّارُ الْوَهَّابُ الرَّزَّاقُ الْفَتَّاحُ الْعَلِيمُ الْقَابِضُ الْبَاسِطُ الَخَافِضُ الرَّافِعُ الْمُعِزُّ الْمُذِلُّ السَّمِيعُ الْبَصِيرُ الْحَكَمُ الْعَدْلُ اللَّطِيفُ الْخَبِيرُ الْحَلِيمُ الْعَظِيمُ الْغَفُورُ الشَّكُورُ الْعَلِىُّ الَكَبِيرُ الْحَفِيظُ الْمُقِيتُ الْحَسِيبُ الْجَلِيلُ الْكَرِيمُ الرَّقِيبُ الْمُجِيبُ الْوَاسِعُ الْحَكِيمُ الْوَدُودُ الْمَجِيدُ الْبَاعِثُ الشَّهِيدُ الْحَقُّ الْوَكِيلُ الْقَوِىُّ الْمَتِينُ الْوَلِىُّ الْحَمِيدُ الْمُحْصِى الْمُبْدِئُ الْمُعِيدُ الْمُحْيِى الْمُمِيتُ الْحَىُّ الَقَيُّومُ الْوَاجِدُ الْمَاجِدُ الْوَاحِدُ الصَّمَدُ الْقَادِرُ الْمُقْتَدِرُ الْمُقَدِّمُ الْمُؤَخِّرُ الأَوَّلُ الآخِرُ الظَّاهِرُ الْبَاطِنُ الْوَالِى الْمُتَعَالِى الْبَرُّ التَّوَّابُ الْمُنْتَقِمُ الْعَفُوُّ الرَّءُوفُ مَالِكُ الْمُلْكِ ذُو الْجَلاَلِ وَالإِكْرَامِ الْمُقْسِطُ الْجَامِعُ الْغَنِىُّ الْمُغْنِى الْمَانِعُ الضَّارُّ النَّافِعُ النُّورُ الْهَادِى الْبَدِيعُ الْبَاقِى الْوَارِثُ الرَّشِيدُ الصَّبُورُ. رَوَاهُ الْبَيْهَقِيُّ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taoloning 99 ta, bir kam 100 ta ismi bor. Kim ularni nomma-nom aytib chiqsa, jannatga kiradi. U toqdir toqni yaxshi ko‘radi. U Undan boshqa iloh yo‘q bo‘lgan: 1. Alloh (Ibodat qilingan Zot), 2. Ar-Rohman (Mehribon), 3. Ar-Rohiym (Shafqatli), 4. Al-Malik (Ega), 5. Al-Quddus (Mutlaq pok), 6. As-Salam (Tinchlik ato etuvchi), 7. Al-Mu’min (Iymon ato etuvchi), 8. Al-Muhaymin (Nazorat qiluvchi), 9. Al-Aziyz (Eng kuchli), 10. Al-Jabbar (Eng qudratli), 11. Al-Mutakabbir (Eng buyuk), 12. Al-Xoliq (Yaratuvchi), 13. Al-Bari’ (Yo‘qdan bor qilguvchi), 14. Al-Musovvir (Maxluqotlarga suvrat beruvchi), 15. Al-G‘offar (Nihoyatda kechiruvchi), 16. Al-Qohhar (Bo‘yin sundiruvchi), 17. Al-Vahhab (Doimiy ne’matlar ato etuvchi), 18. Ar-Rozzaq (Rizq beruvchi), 19. Al-Fattah (Fayzu-baraka manbasini ochuvchi), 20. Al-Aliym (Har bir narsani biluvchi), 21. Al-Qobiz (O‘zi xohlagan barcha narsani ushlab turuvchi ), 22. Al-Basit (Qalblarni kengaytiruvchi), 23. Al-Xofiz (Pasaytiruvchi), 24. Ar-Rofi’ (Ko‘taruvchi), 25. Al-Mu’izz (Aziz qiluvchi), 26. Al-Muzill (Xor qiluvchi), 27. As-Samiy’ (Har bir narsani eshituvchi), 28. Al-Basiyr (Har bir narsani ko‘ruvchi), 29. Al-Hakam (Hukm qiluvchi), 30. Al-Adl (Mutlaq adolat qiluvchi), 31. Al-Latiyf (Eng iltifotli), 32. Al-Xobir (O‘ta xabardor), 33. Al-Halim (Mo‘minlarning tavba qilib olishlariga o‘ta imkon beruvchi), 34. Al-Aziym (Eng ulug‘), 35. Al-G‘ofur (O‘ta mag‘firatli), 36. Ash-Shakur (Oz amal uchun ko‘p savob beruvchi), 37. Al-Aliy (Eng oliy martabali), 38. Al-Kabiyr (Eng katta), 39. Al-Hafiyz (Muhofaza qiluvchi), 40. Al-Muqiyt (Rizq beruvchi), 41. Al-Hasiyb (Hisob qiluvchi), 42. Al-Jalil (Ulug‘ Zot), 43. Al-Kariym (Lutfu-karam ko‘rsatuvchi), 44. Ar-Roqib (Eng yuksak kuzatib turuvchi), 45. Al-Mujiyb (Ijobat qiluvchi), 46. Al-Vasi’ (Ilmu rahmati bepoyon), 47. Al-Hakiym (Har bir narsani hikmat bilan qiluvchi), 48. Al-Vadud (Barchaga mehr ko‘rsatuvchi), 49. Al-Majid (Shon-sharafi cheksiz), 50. Al-Ba’is (Yuboruvchi), 51. Ash-Shahiyd (Guvohlik beruvchi), 52. Al-Haqq (Haqni yuzaga chiqaruvchi), 53. Al-Vakiyl (Barchaning ishi unga topshirilgan Zot), 54. Al-Qoviy (Kuchli Zot), 55. Al-Matiyn (Matonatli Zot), 56. Al-Valiy (Homiy Zot), 57. Al-Hamiyd (Unga hamdu-sano aytilgan Zot), 58. Al-Muhsiy (Hisob qiluvchi), 59. Al-Mubdi’ (Asos soluvchi), 60. Al-Mu’iyd (Qaytaruvchi), 61. Al-Muhyi (Tiriltiruvchi), 62. Al-Mumiyt (O‘ldiruvchi), 63. Al-Hay (Azaliy va abadiy barhayot), 64. Al-Qoyyum (Qoim qiluvchi Zot), 65. Al-Vajid (Xohlaganini topuvchi Zot), 66. Al-Majid (Shon-sharafli Zot), 67. Al-Vahid (Yakkayu-yagona), 68. As-Somad (Ehtiyojsiz Zot), 69. Al-Qodir (Barcha narsaga Qodir Zot), 70. Al-Muqtadir (Nihoyatda Qudratli), 71. Al-Muqaddim (Oldinga suruvchi), 72. Al-Muaxxir (Orqaga suruvchi), 73. Al-Avval (Barcha narsadan avval), 74. Al-Oxir (Maxluqotlar yo‘q bo‘lib ketganda ham O‘zi qoluvchi), 75. Az-Zohir (Borligi ochiq-oydin), 76. Al-Batin (Maxfiy narsalarni biluvchi), 77. Al-Vaaliy (Barcha narsalarning egasi), 78. Al-Muta’aliy (Nuqsonlardan pok Zot), 79. Al-Barr (Eng yaxshilik qiluvchi), 80. At-Tavvab (Gunohlarni kechiruvchi), 81. Al-Muntaqim (Intiqom oluvchi), 82. Al-Afuvv (Avf qiluvchi), 83. Ar-Rouf (O‘ta mehribon), 84. Malikul mulk (Mulk egasi), 85. Zul jalali val ikrom (Shon-sharaf va izzat-ikrom egasi), 86. Al-Muqsit (Adolat qiluvchi), 87. Al-Jami’ (Jamlovchi), 88. Al-G‘oniy (Behojat), 89. Al-Mug‘niy (Hojatlarni ravo qiluvchi), 90. Al-Mani’ (Man qiluvchi), 91. Az-Zorr (Zararli narsalarni ham yaratuvchi), 92. An-Nafi’ (Naf beruvchi), 93. An-Nur (Osmonlar va yerni yoritguvchi), 94. Al-Hadiy (Hidoyat qiluvchi), 95. Al-Badiy’ (Narsalarni o‘xshashsiz yaratuvchi), 96. Al-Baqiy (Boqiy qoluvchi), 97. Al-Varis (Mavjudotlar yo‘q bo‘lib ketganda ham doimiy bo‘luvchi), 98. Ar-Roshiyd (To‘g‘ri yo‘lga yo‘llovchi), 99. As-Sobur (O‘ta sabrli)”, – dedilar”. Bayhaqiy rivoyat qilgan.
Sharh: Matndagi أَحْصَاهَا مَنْ kalimasi haqida Xattobiy shunday degan: “Ihso qilish” (nomma-nom aytib chiqish) bir qancha ko‘rinishlarda hosil bo‘lishi mumkin:
﴿عَلِمَ أَن لَّن تُحۡصُوهُ ﴾
(... U sanog‘iga yeta olmasligingizni bilib...)[5] ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu so‘zlari, kim ushbu ismlarning haqqini ado etishga toqati yetsa va ular taqozo qiladigan narsalarga amal qila olsa, jannatga kiradi, ma’nosidadir. Bu esa ularning ma’nolarini anglash va ular taqozo qiladigan narsalarni o‘ziga lozim tutish orqali vujudga keladi. Masalan, kim Roziqni tanisa, rizq masalasida xotirjam bo‘ladi. Boshqa ismlarda ham shu kabi bo‘ladi.
Ba’zi ulamolar esa “Kim ularni nomma-nom aytib chiqsa jannatga kiradi”, so‘zining besh xil ma’nosi bor deganlar:
“Alloh taolo toqdir” so‘zi Alloh taolo sherigi yo‘q, o‘xshashi yo‘q bo‘lgan yagona zotdir, barcha maxluqotlar esa juftdir, degan ma’noni anglatadi.
“Toqni yaxshi ko‘radi” so‘zi Alloh taoloning ismlari adadida juftdan toqning afzal ko‘rilishi, toq vahdoniyat ma’nosiga dalolat qiluvchiroq bo‘lganligi uchundir, deb tushuniladi. Shuningdek, bu so‘zni Alloh taolo xuddi namozning besh vaqt toq qilib ado etilishi, tahoratdagi amallarning uch yoki bir martadan bajarilishi va namozdan keyingi zikrlarning o‘ttiz uch martadan aytilishi kabi amallardan va zikrlardan toqlarini yaxshi ko‘radi, deb tushunish ham mumkin.
Albatta, tarjimada berilgan ma’nolar Alloh taoloning ismlari ma’nolaridan biri bo‘lib, undan boshqa ma’nolari ham ko‘p. Hujjatul Islom Imom G‘azzoliy “Maqsidul asna sharhu asmaillahil husna” (Alloh taoloning go‘zal ismlari sharhidagi ulug‘vor maqsad) asarida to‘qson to‘qqizta ismning har birini alohida-alohida sharhlagan.
KЕYINGI MAVZULAR:
ALLOH TAOLOGA IYMON KЕLTIRISH BAYONI
[1] Mulla Ali Qori. Zov’ul maoliy. – Istanbul: “Dor Saodat”, 1962. – B. 10.
[2] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Talxiysu sharhi aqidatit Tahoviy. – Karachi: “Zamzam babilsharz”, 1415h. – B. 24.
[3] Sho‘ro surasi, 11-oyat.
[4] Mulla Ali Qori. Mirqotul mafotih 1-juz. Bayrut-Lubnan: “Dorul kutubil ilmiya”, 2007. – B. 404.
[5] Muzzammil surasi, 20-oyat.
Ming yillik tarix, noyob me’moriy obidalar, qadimiy hunarmandchilik va boy madaniy meros uyg‘unlashgan Buxoro bugun nafaqat sayyohlarni o‘ziga chorlamoqda, balki zamonaviy media imkoniyatlari orqali dunyo auditoriyasiga yanada keng tanitilmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda turizmni iqtisodiyotning strategik yo‘nalishlaridan biriga aylantirish, O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini jahonga keng targ‘ib qilish, xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish va hududlarning turistik salohiyatidan samarali foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ana shu ezgu maqsadlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi ko‘magida Malayziyaning “Universiti Teknologi MARA” oliy ta’lim muassasasi San’at, dizayn va media fakultetining talaba hamda o‘qituvchilaridan iborat 18 kishilik ijodiy guruh Buxoro viloyatida bo‘ldi, xabar bermoqda O‘zA.
Malayziyalik ijodkorlarning Buxoroga tashrifi oddiy turistik safardan ko‘ra kengroq mazmun kasb etdi. Ularning asosiy maqsadi — Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosi, qadimiy obidalari, betakror me’moriy muhiti va turistik salohiyatini zamonaviy media platformalar orqali xalqaro auditoriyaga yetkazishdan iborat bo‘ldi.
Ijodiy guruh vakillari shaharning har bir manzilidan o‘ziga xos syujet izladi. Ular uchun asrlar silsilasida qad rostlagan obidalar shunchaki tarixiy yodgorlik emas, balki zamonaviy avlodga so‘zlab berilishi lozim bo‘lgan ulkan tarixiy hikoyaga aylandi.
Malayziyalik yosh fotograf va dizaynerlar Ark qo‘rg‘oni, Labi Hovuz ansambli, Poyi Kalon majmuasi, qadimiy savdo toqlari, Ismoil Somoniy maqbarasi, Chashmai Ayub kabi ko‘p asrlik tarixdan darak beruvchi maskanlarda tasvirga olish ishlarini olib bordi.
Shuningdek, ijodkorlar Buxoroning an’anaviy hunarmandchilik markazlariga tashrif buyurib, ustalarning mehnati, milliy san’at namunalari, qadimiy kasblarning avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan jarayonlarini ham obyektiv orqali muhrlashdi.
Bugun axborot makoni jadal o‘zgarayotgan bir paytda biror mamlakat yoki shahar haqida tasavvur uyg‘otishning eng ta’sirchan vositalaridan biri — sifatli vizual kontent. Shu ma’noda, tashrif davomida tayyorlangan foto va videomateriallar “storytelling” — voqeani ta’sirchan hikoya qilish uslubida yaratilgani bilan ahamiyatlidir. Zero, bir suratda Buxoroning ko‘hna gumbazi, yana bir kadrda hunarmandning mohir qo‘llari, boshqa bir lavhada esa qadimiy ko‘chalardagi hayot aks etishi mumkin. Bu tasvirlar orqali Buxoro haqidagi ma’lumot oddiy matndan ko‘ra, ta’sirchanroq tarzda millionlab insonlarga yetib borishi mumkin.
Ijodkorlar tomonidan yaratilgan kontentlar ijtimoiy tarmoqlari hamda YouTube platformasi orqali namoyish etilishi rejalashtirilgan. Bu esa Buxoroning turistik salohiyatini, avvalo, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari auditoriyasiga keng targ‘ib qilish uchun muhim imkoniyatdir.
Bunday xalqaro ijodiy tashriflar Buxoroning turistik brendini yanada kuchaytirish, xorijiy auditoriyada shahar haqida yangi va jozibador tasavvur uyg‘otishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, bu jarayonda Buxoro tarixi muzeylarda qolib ketmayapti. U zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va ijodkorlar nigohida yangi avlodga yetkazilmoqda.
Buxoroning qadimiy ko‘chalarida olingan har bir kadr, hunarmand qo‘lidan chiqqan har bir buyum, obidalar bag‘rida aks etgan har bir lavha dunyoning turli burchaklaridagi insonlarni “Bu qanday shahar?”, “Uning tarixi qanday?”, “Men ham bu joyni ko‘rishni istayman” degan qiziqishga chorlashi mumkin. Bu esa turizm targ‘ibotining eng ta’sirchan ko‘rinishlaridan biridir.
Malayziyalik talaba va ustozlarning Buxoroga tashrifi yana bir muhim jihati bilan ahamiyatli. Turli madaniyat va ta’lim maktablariga mansub yosh ijodkorlar Buxoro misolida Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo madaniyatlari o‘rtasida yangi ijodiy ko‘prik yaratdi. Bu nafaqat turizm, balki madaniy diplomatiya, ta’lim va ijodiy hamkorlik uchun ham yangi imkoniyatlarni ochadi.
Bugun Buxoroning ko‘hna obidalariga qarayotgan malayziyalik yosh fotografning kamerasida nafaqat tarix, balki O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasi ham aks etmoqda. Ertaga ushbu tasvirlarni ko‘rgan minglab yoshlar Buxoroni o‘zlari uchun yangi, qiziqarli va albatta borib ko‘rishga arziydigan manzil sifatida kashf etishlari mumkin. Shu bois, bu tashrifni bir necha kunlik ijodiy safar emas, balki Buxorodan dunyoga yo‘l olgan ulkan vizual hikoyaning boshlanishi, deyish mumkin. Zero, tarixni asrash — uni kelajak avlodga yetkazishdir. Turizmni rivojlantirish esa ana shu tarixni dunyoga tanitish bilan chambarchas bog‘liq.
O‘tmishda Buxoro karvonlar yo‘li orqali dunyo bilan bog‘langan edi. Bugun esa uning tarixi kameralar, ijtimoiy tarmoqlar va raqamli platformalar orqali butun dunyoga tarqalmoqda. Eng muhimi, bu jarayon davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida yurtimizning turistik salohiyatini jahonga keng targ‘ib etish, O‘zbekistonni yanada jozibador va raqobatbardosh turistik maskan sifatida namoyon etish yo‘lidagi ezgu ishlarga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati