Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Sentabr, 2026   |   19 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:26
Quyosh
05:49
Peshin
12:23
Asr
17:01
Shom
19:00
Xufton
20:19
Bismillah
01 Sentabr, 2026, 19 Rabi`ul avval, 1448

E’tiqod durdonalari: ALLOH TAOLONING GO‘ZAL ISMLARI

11.04.2020   16558   14 min.
E’tiqod  durdonalari: ALLOH TAOLONING GO‘ZAL ISMLARI

Tavhidning lug‘aviy va istilohiy ma’nolari

Tavhid so‘zi ismi masdar bo‘lib, lug‘atda “yakkalash”, ya’ni bir narsaga yakkayu yolg‘izlik nisbatini berish va uning ko‘p adadda ekanini inkor qilish ma’nolarini anglatadi. “Qomusul muhit” kitobida, “tavhid yolg‘iz Allohga iymon keltirishdir” deyilgan.

Tavhidning istilohiy ma’nosi to‘g‘risida bir qancha ajoyib ta’riflar kelgan. Mulla Ali Qori rahmatullohi alayh tavhidni shunday ta’riflagan:

هُوَ إِثْبَاتُ الْوَحْدَانِيَّةِ لِلذَّاتِ الصَّمَدَانيَّةِ

“Abadiy barhayot Zotning yakkayu yagonaligini tasdiqlash, tavhid deb ataladi”[1].

Muhammmad Anvar Badaxshoniy esa “Aqidatut-Tahoviy”ning sharhida tavhidga shunday ta’rif bergan:

أَنْ يَتَبَرَّأَ الاِنْسَانُ عَنْ جَمِيعِ وُجُوهِ الاِشْرَاكِ بِاللهِ وَيَعْتَقِدَ أَنَّ اللهَ سُبْحَانَهُ وَتَعَالَى وَحْدَهُ لَا شَرِيكَ لَهُ لَا فِى ذَاتِهِ وَلَا فِى صِفَاتِهِ وَلَا فِى اَفْعَالِهِ وَلَا فِى اَسْمَائِهِ وَلَا فِي أَحْكَامِهِ  

“Inson Alloh taologa shirk keltirishning barcha ko‘rinishlaridan o‘zini saqlab, Alloh taoloni zotida ham, sifatlarida ham, fe’llarida ham, ismlarida ham hukmlarida ham sherigi yo‘q,  yakkayu yolg‘iz ekanligiga e’tiqod qilishi  tavhid deb  ataladi”[2].

Ushbu ta’rifdan Alloh taolo haqida quyidagicha e’tiqod qilish lozimligi kelib chiqadi:

– Alloh taolo borliqdagi biror narsaga o‘xshamaydi va Uning biror nuqsonu kamchiligi yo‘qdir;

– Alloh taoloning ism va sifatlari Qur’on va hadislarda bayon qilingandir;

– Alloh taoloning ism va sifatlarining  haqiqati qanday ekanini bilishdan barcha xaloyiq ojiz.  

Aqoid ulamolari ilohiyot bobidagi masalalarni ikkita asosga bog‘lab tushuntiradilar:

  1. Alloh taoloning borligiga iymon keltirish;
  2. Alloh taoloning birligiga iymon keltirish.

Alloh taoloning borligiga iymon keltirish dalillari haqida quyidagi gapni aytganlar: “Alloh taoloning borligiga dalillar maxluqotlarning adadlarichadir”. Alloh taoloning borligiga iymon keltirish dalillari ham ikki qismga bo‘linadi:

a) barcha maxluqotlarda mushohada etiladigan dalillar;

b) payg‘ambarlar olib kelgan dalillar. 

Banda Alloh taoloni borliqdagi biror narsaga o‘xshamasligiga va Uning biror nuqsonu kamchiligi yo‘qligiga qat’i e’tiqod qilmagunicha mo‘min bo‘la olmaydi. Qur’oni karimda Unga o‘xshash biror narsa yo‘q ekani haqida shunday xabar berilgan:

﴿لَيۡسَ كَمِثۡلِهِۦ شَيۡءٞۖ وَهُوَ ٱلسَّمِيعُ ٱلۡبَصِيرُ١١

“Uning mislidek biror narsa yo‘qdir. U Eshituvchi va ko‘ruvchidir”[3].

Shuningdek, har bir mo‘min banda Alloh taoloning ismu sifatlari haqida Qur’oni karimda va hadisi shariflarda bayon qilinganidek e’tiqod qilishi lozim. Bu haqida quyidagi rivoyatlar keltirilgan:

“Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayh: “Alloh taolo O‘zi vasf qilganidan yoki Rasuli vasf qilganidan boshqacha vasf qilinmaydi, Qur’on va hadisdan tashqariga chiqilmaydi”, degan.

Imom Buxoriyning ustozi Nu’aym ibn Hammod: “Kim Allohni Uning yaratgan narsasiga o‘xshatsa, kofir bo‘libdi, kim Alloh O‘zi haqida vasf qilgan narsani yoki Uning Rasuli vasf qilgan narsani inkor qilsa, kofir bo‘libdi, Alloh O‘zini vasf qilgan narsada va Rasuli Uni vasf qilgan narsada o‘xshash ham, teng ham yo‘qdir”, degan”.

So‘fi Ollohyor bobomiz ushbu masalalarni qisqa va sodda so‘zlari bilan tushuntirib qo‘ygan:

Ko‘ngilda kechsa ko‘zga tushsa har shay,

Erur andin munazzah Xoliqi Hay.

* * *

Udur hokim ki hukmin o‘zga etmas,

Aning zotig‘a hech kim aqli yetmas.

Ya’ni Alloh taolo insonning ko‘ngliga kelgan va tasavvur qilgan barcha narsalardan oliydir. Chunki bandalar zamon va makon ichida bo‘lgan narsalarni tasavvur qiladilar. Alloh taolo esa zamon va makonning ichida emas, balki ularni yo‘qdan bor qilgan zotdir.  

Shunday ekan, har bir mo‘min banda Alloh taoloning ism va sifatlarining  haqiqati nimadan iborat ekanini bila olmasligiga qat’i e’tiqod qilishi hamda ularning qanday ekanini bilishga urinib bahs qilmasligi lozim. Quyidagi hikmatli she’r bu haqida yetarli tasavvur beradi:

اَلْعَجْزُ عَنْ دَرْكِ الإِدْرَاكِ اِدْرَاكٌ

وَ البَحْثُ عَنْ سِرِّ ذَاتِ الرَّبِّ إِشْرَاكٌ

“Idrok etish fahmidan ojizlik idrok etishdir,

Robbning zoti sirini izlash  shirk keltirishdir”[4].

Zero, bahs qilishning biror foydasi ham bo‘lmaydi. Chunki biror narsadagi sifatning haqiqati nimadan iborat ekanini to‘liq anglash uchun o‘sha sifat egasini to‘liq anglash kerak bo‘ladi. Alloh taoloning zoti qanday ekani esa so‘ralmaydi. Shuning uchun Alloh taolodagi sifatlarning asl mohiyati nimadan iborat ekanini so‘rash ham durust bo‘lmaydi.

 

Alloh taoloning go‘zal ismlari

Qur’oni karimda va hadisi shariflarda Alloh taoloning go‘zal ismlari zikr qilingan. Hadisi sharifda Alloh taoloning to‘qson to‘qqizta ismi bor ekanligi bayon qilingan. Ammo bundan Alloh taoloning barcha ismlari faqat to‘qson to‘qqiztadan iboratligi kelib chiqmaydi, balki bizlarga bayon qilinganlari to‘qson to‘qqizta ekani tushuniladi. Ushbu to‘qson to‘qqizta ismlarini nomma-nom sanab chiqqanlarga jannat va’dasi berilgan:     

 عَنْ أَبِى هُرَيْرَةَ  قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ  عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِنَّ لِلَّهِ تِسْعَةً وَتِسْعِينَ اسْمًا مِائَةً غَيْرَ وَاحِدَةٍ مَنْ أَحْصَاهَا دَخَلَ الْجَنَّةَ وَهُوَ وِتْرٌ يُحِبُّ الْوِتْرَ هُوَ اللَّهُ الَّذِى لاَ إِلَهَ إِلاَّ هُوَ الرَّحْمَنُ الرَّحِيمُ الْمَلِكُ الْقُدُّوسُ السَّلاَمُ الْمُؤْمِنُ الْمُهَيْمِنُ الْعَزِيزُ الْجَبَّارُ الْمُتَكَبِّرُ الْخَالِقُ الْبَارِئُ الْمُصَوِّرُ الْغَفَّارُ الْقَهَّارُ الْوَهَّابُ الرَّزَّاقُ الْفَتَّاحُ الْعَلِيمُ الْقَابِضُ الْبَاسِطُ الَخَافِضُ الرَّافِعُ الْمُعِزُّ الْمُذِلُّ السَّمِيعُ الْبَصِيرُ الْحَكَمُ الْعَدْلُ اللَّطِيفُ الْخَبِيرُ الْحَلِيمُ الْعَظِيمُ الْغَفُورُ الشَّكُورُ الْعَلِىُّ الَكَبِيرُ الْحَفِيظُ الْمُقِيتُ الْحَسِيبُ الْجَلِيلُ الْكَرِيمُ الرَّقِيبُ الْمُجِيبُ الْوَاسِعُ الْحَكِيمُ الْوَدُودُ الْمَجِيدُ الْبَاعِثُ الشَّهِيدُ الْحَقُّ الْوَكِيلُ الْقَوِىُّ الْمَتِينُ الْوَلِىُّ الْحَمِيدُ الْمُحْصِى الْمُبْدِئُ الْمُعِيدُ الْمُحْيِى الْمُمِيتُ الْحَىُّ الَقَيُّومُ الْوَاجِدُ الْمَاجِدُ الْوَاحِدُ الصَّمَدُ الْقَادِرُ الْمُقْتَدِرُ الْمُقَدِّمُ الْمُؤَخِّرُ الأَوَّلُ الآخِرُ الظَّاهِرُ الْبَاطِنُ الْوَالِى الْمُتَعَالِى الْبَرُّ التَّوَّابُ الْمُنْتَقِمُ الْعَفُوُّ الرَّءُوفُ مَالِكُ الْمُلْكِ ذُو الْجَلاَلِ وَالإِكْرَامِ الْمُقْسِطُ الْجَامِعُ الْغَنِىُّ الْمُغْنِى الْمَانِعُ الضَّارُّ النَّافِعُ النُّورُ الْهَادِى الْبَدِيعُ الْبَاقِى الْوَارِثُ الرَّشِيدُ الصَّبُورُ.   رَوَاهُ الْبَيْهَقِيُّ

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taoloning 99 ta, bir kam 100 ta ismi bor. Kim ularni nomma-nom aytib chiqsa, jannatga kiradi. U toqdir toqni yaxshi ko‘radi.  U Undan  boshqa iloh yo‘q bo‘lgan: 1. Alloh (Ibodat qilingan Zot), 2. Ar-Rohman (Mehribon), 3. Ar-Rohiym (Shafqatli), 4. Al-Malik (Ega), 5. Al-Quddus (Mutlaq pok), 6. As-Salam (Tinchlik ato etuvchi), 7. Al-Mu’min (Iymon ato etuvchi), 8. Al-Muhaymin (Nazorat qiluvchi), 9. Al-Aziyz (Eng kuchli), 10. Al-Jabbar (Eng qudratli), 11. Al-Mutakabbir (Eng buyuk), 12. Al-Xoliq (Yaratuvchi), 13. Al-Bari’ (Yo‘qdan bor qilguvchi), 14. Al-Musovvir (Maxluqotlarga suvrat beruvchi), 15. Al-G‘offar (Nihoyatda kechiruvchi), 16. Al-Qohhar (Bo‘yin sundiruvchi), 17. Al-Vahhab (Doimiy ne’matlar ato etuvchi), 18. Ar-Rozzaq (Rizq beruvchi), 19. Al-Fattah (Fayzu-baraka manbasini ochuvchi), 20. Al-Aliym (Har bir narsani biluvchi), 21. Al-Qobiz (O‘zi xohlagan barcha narsani ushlab turuvchi ), 22. Al-Basit (Qalblarni kengaytiruvchi), 23. Al-Xofiz (Pasaytiruvchi), 24. Ar-Rofi’ (Ko‘taruvchi), 25. Al-Mu’izz (Aziz qiluvchi), 26. Al-Muzill (Xor qiluvchi), 27. As-Samiy’ (Har bir narsani eshituvchi), 28. Al-Basiyr (Har bir narsani ko‘ruvchi), 29. Al-Hakam (Hukm qiluvchi), 30. Al-Adl (Mutlaq adolat qiluvchi), 31. Al-Latiyf (Eng iltifotli), 32. Al-Xobir (O‘ta xabardor), 33. Al-Halim (Mo‘minlarning tavba qilib olishlariga o‘ta imkon beruvchi), 34. Al-Aziym (Eng ulug‘), 35. Al-G‘ofur (O‘ta mag‘firatli), 36. Ash-Shakur (Oz amal uchun ko‘p savob beruvchi), 37. Al-Aliy (Eng oliy martabali), 38. Al-Kabiyr (Eng katta), 39. Al-Hafiyz (Muhofaza qiluvchi), 40. Al-Muqiyt (Rizq beruvchi), 41. Al-Hasiyb (Hisob qiluvchi), 42. Al-Jalil (Ulug‘ Zot), 43. Al-Kariym (Lutfu-karam ko‘rsatuvchi), 44. Ar-Roqib (Eng yuksak kuzatib turuvchi), 45. Al-Mujiyb (Ijobat qiluvchi), 46. Al-Vasi’ (Ilmu rahmati bepoyon), 47. Al-Hakiym (Har bir narsani hikmat bilan qiluvchi), 48. Al-Vadud (Barchaga mehr ko‘rsatuvchi), 49. Al-Majid (Shon-sharafi cheksiz), 50. Al-Ba’is (Yuboruvchi), 51. Ash-Shahiyd (Guvohlik beruvchi), 52. Al-Haqq (Haqni yuzaga chiqaruvchi), 53. Al-Vakiyl (Barchaning ishi unga topshirilgan Zot), 54. Al-Qoviy (Kuchli Zot), 55. Al-Matiyn (Matonatli Zot), 56. Al-Valiy (Homiy Zot), 57. Al-Hamiyd (Unga hamdu-sano aytilgan Zot), 58. Al-Muhsiy (Hisob qiluvchi), 59. Al-Mubdi’ (Asos soluvchi), 60. Al-Mu’iyd (Qaytaruvchi), 61. Al-Muhyi (Tiriltiruvchi), 62. Al-Mumiyt (O‘ldiruvchi), 63. Al-Hay (Azaliy va abadiy barhayot), 64. Al-Qoyyum (Qoim qiluvchi Zot), 65. Al-Vajid (Xohlaganini topuvchi Zot), 66. Al-Majid (Shon-sharafli Zot), 67. Al-Vahid (Yakkayu-yagona), 68. As-Somad (Ehtiyojsiz Zot), 69. Al-Qodir (Barcha narsaga Qodir Zot), 70. Al-Muqtadir (Nihoyatda Qudratli), 71. Al-Muqaddim (Oldinga suruvchi), 72. Al-Muaxxir (Orqaga suruvchi), 73. Al-Avval (Barcha narsadan avval), 74. Al-Oxir (Maxluqotlar yo‘q bo‘lib ketganda ham O‘zi qoluvchi), 75. Az-Zohir (Borligi ochiq-oydin), 76. Al-Batin (Maxfiy narsalarni biluvchi), 77. Al-Vaaliy (Barcha narsalarning egasi), 78. Al-Muta’aliy (Nuqsonlardan pok Zot), 79. Al-Barr (Eng yaxshilik qiluvchi), 80. At-Tavvab (Gunohlarni kechiruvchi), 81. Al-Muntaqim (Intiqom oluvchi), 82. Al-Afuvv (Avf qiluvchi), 83. Ar-Rouf (O‘ta mehribon), 84. Malikul mulk (Mulk egasi), 85. Zul jalali val ikrom (Shon-sharaf va izzat-ikrom egasi), 86. Al-Muqsit (Adolat qiluvchi), 87. Al-Jami’ (Jamlovchi), 88. Al-G‘oniy (Behojat), 89. Al-Mug‘niy (Hojatlarni ravo qiluvchi), 90. Al-Mani’ (Man qiluvchi), 91. Az-Zorr (Zararli narsalarni ham yaratuvchi), 92. An-Nafi’ (Naf beruvchi), 93. An-Nur (Osmonlar va yerni yoritguvchi), 94. Al-Hadiy (Hidoyat qiluvchi), 95. Al-Badiy’ (Narsalarni o‘xshashsiz yaratuvchi), 96. Al-Baqiy (Boqiy qoluvchi), 97. Al-Varis (Mavjudotlar yo‘q bo‘lib ketganda ham doimiy bo‘luvchi), 98. Ar-Roshiyd (To‘g‘ri yo‘lga yo‘llovchi), 99. As-Sobur (O‘ta sabrli)”, – dedilar”. Bayhaqiy rivoyat qilgan.

Sharh:  Matndagi أَحْصَاهَا مَنْ kalimasi haqida Xattobiy shunday degan: “Ihso qilish” (nomma-nom aytib chiqish) bir qancha ko‘rinishlarda hosil bo‘lishi mumkin: 

  1. Ularning birortasini qoldirmasdan oxirigacha to‘liq sanab chiqadi, ular bilan Allohga duo qiladi va hamdu sano aytadi, shunda “ihso” qilgan bo‘ladi va va’da qilingan narsaga haqdor bo‘ladi.
  2. “Ihso qilish” ushbu oyati karimaning ma’nosiga taalluqlidir:

﴿عَلِمَ أَن لَّن تُحۡصُوهُ

(... U sanog‘iga yeta olmasligingizni bilib...)[5] ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning bu so‘zlari, kim ushbu ismlarning haqqini ado etishga toqati yetsa va ular taqozo qiladigan narsalarga amal qila olsa, jannatga kiradi, ma’nosidadir. Bu esa ularning ma’nolarini anglash va ular taqozo qiladigan narsalarni o‘ziga lozim tutish orqali vujudga keladi. Masalan, kim Roziqni tanisa, rizq masalasida xotirjam bo‘ladi. Boshqa ismlarda ham shu kabi bo‘ladi.

  1. Bu so‘zdan mazkur ismlarning ma’nolarini anglash ko‘zda tutilgandir. Chunki arablarning فُلاَنٌ ذُو إِحْصَاءٍ“Falonchi ihso egasidegan so‘zlaridan فُلاَنٌ ذُو مَعْرِفَةٍ Falonchi ma’rifat egasima’nosi tushuniladi.

Ba’zi ulamolar esa “Kim ularni nomma-nom aytib chiqsa jannatga kiradi”, so‘zining besh xil ma’nosi bor deganlar:

  1. Kim ularni to‘liq yodlab olsa, jannatga kiradi;
  2. Kim ular taqozo qiladigan narsalarga amal qilishga toqat qila olsa, jannatga kiradi;
  3. Kim ularning ma’nolarini anglasa, jannatga kiradi;
  4. Kim ularni bilib, iymon keltirib, nomma-nom aytib chiqsa, jannatga kiradi;
  5. Kim Qur’onni to xatm qilguncha o‘qisa, jannatga kiradi, chunki bu ismlar uning ichidadir.

“Alloh taolo toqdir” so‘zi Alloh taolo sherigi yo‘q, o‘xshashi yo‘q bo‘lgan yagona zotdir, barcha maxluqotlar esa juftdir, degan ma’noni anglatadi.

“Toqni yaxshi ko‘radi” so‘zi Alloh taoloning ismlari adadida  juftdan toqning afzal ko‘rilishi, toq vahdoniyat ma’nosiga dalolat qiluvchiroq bo‘lganligi  uchundir, deb tushuniladi. Shuningdek, bu so‘zni Alloh taolo xuddi namozning besh vaqt toq qilib ado etilishi, tahoratdagi amallarning uch yoki bir martadan bajarilishi va namozdan keyingi zikrlarning o‘ttiz uch martadan aytilishi kabi amallardan va zikrlardan toqlarini  yaxshi ko‘radi, deb tushunish ham mumkin.

Albatta, tarjimada berilgan ma’nolar Alloh taoloning ismlari ma’nolaridan biri bo‘lib, undan boshqa ma’nolari ham ko‘p. Hujjatul Islom Imom G‘azzoliy “Maqsidul asna sharhu asmaillahil husna” (Alloh taoloning go‘zal ismlari sharhidagi ulug‘vor maqsad) asarida to‘qson to‘qqizta ismning har birini alohida-alohida sharhlagan.

 

KЕYINGI MAVZULAR:

ALLOH TAOLOGA IYMON KЕLTIRISH BAYONI

 

[1] Mulla Ali Qori. Zov’ul maoliy. – Istanbul: “Dor Saodat”, 1962.  – B. 10. 

[2] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Talxiysu sharhi aqidatit Tahoviy. – Karachi: “Zamzam babilsharz”, 1415h. – B. 24.

[3] Sho‘ro surasi, 11-oyat.

[4] Mulla Ali Qori. Mirqotul mafotih 1-juz. Bayrut-Lubnan: “Dorul kutubil ilmiya”, 2007. – B.  404.

[5] Muzzammil surasi, 20-oyat.

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Hadislar vahiy ekaniga Qur’oniy dalillar

24.08.2026   26065   36 min.
Hadislar vahiy ekaniga Qur’oniy dalillar

Payg‘ambarlik faqat kitob tushishi bilan emas, balki Alloh taolo tanlab olgan bandalariga vahiy nozil qilishi bilan amalga oshishi yetti qat’iy dalil orqali isbotlab berildi. Shuningdek, payg‘ambarlarga keladigan vahiy ikki tur – tilovat qilinadigan (matluv) va tilovat qilinmaydigan (g‘ayri matluv) bo‘lishi ham ko‘rsatib o‘tildi
 

Endi esa Qur’oni karimning bir qator oyatlarini keltiramiz. Ular o‘z matni, mazmuni yo boshqa dalil ko‘magi bilan shuni ko‘rsatadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonidan shariat o‘laroq bayon etilgan, ammo Qur’onda bo‘lmagan hukmlar ham vahiydir. Bu oyatlar vahiyning bir turi – tilovat qilinmaydigani (ilohiy kitobga kirmagani) ham borligiga dalolat bo‘ladi.


Bunday oyatlar juda ko‘p bo‘lib, barchasini birdaniga jamlashga hojat yo‘q. Zero, bir oyatning o‘ziyoq haqiqatni anglash uchun kifoya qiladi. Shunday bo‘lsa-da, muqaddas Kitobimizning uslubiga ergashgan holda, sunnatning vahiy ekanini qat’iy isbotlovchi oyatlardan ko‘proq keltirish lozim topildi. Chunki bu masalaning g‘oyatda muhimligi bois shu ma’nodagi so‘zlar Qur’oni karimda turli uslublar bilan qayta-qayta ta’kidlagan. Mus'hafi sharifni sharhlashda, islom ahkomlarini bayon qilishda ham bu masala eng muhim poydevor hisoblanadi.


1. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Botayotgan yulduz bilan qasamki, birodaringiz (Muhammad alayhissalom) adashgani ham yo‘q, yo‘ldan ozgani ham yo‘q. Va u (sizlarga keltirayotgan Qur’onni) o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir. Unga (bu vahiyni) kuchga to‘lgan bir zot (ya’ni, Jabroil alayhissalom) ta’lim bermishdir» [Najm surasi, 1–5-oyatlar].


Alloh taolo tong otayotganda botadigan yulduzlar bilan qasam ichib, Payg‘ambarning haq yo‘lda ekanini, adashmagani va yo‘ldan ozmaganini ma’lum qildi. Bu yerda «adashgan» – haq va aniq yo‘lni bilmay, ilmsizlik bilan qorong‘ulikda qadam bosgan johil. «Yo‘ldan ozgan» esa haqni bila turib, qasddan va ongli ravishda undan yuz o‘girib, boshqa yo‘lga ketgan kimsadir.


Bu oyat Alloh taoloning O‘z qasami bilan mustahkamlangan buyuk guvohligi bo‘lib, bunday shahodat Rasulining barcha holat va ishlarda to‘g‘ri yo‘lda ekanini tasdiqlaydi. Shuningdek, keltirgan barcha narsalari – Kitob bo‘lsin yo hadis – to‘g‘ri va haq ekaniga dalil bo‘ladi.


So‘ng Alloh taolo bu haqiqatni yanada mustahkamlab, «U o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas» deyapti. Keyin «U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir» deb, ta’kidni eng oliy cho‘qqiga chiqaryapti. Oyatdagi cheklov (hasr) uslubi vahiydan tashqari har qanday ehtimolni rad etadi. Ya’ni, u zot alayhissalomning gaplari faqat va faqat nozil qilinayotgan vahiydir. Bu Payg‘ambar alayhissalomning har bir so‘zi Qodir Parvardigordan kelgan vahiy ekaniga eng oliy tasdiqdir. Bu esa, «o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas» degan gap shunchaki majoz emas, balki aynan haqiqat ekanini ko‘rsatadi.


Bu ibora umumiy ma’no tashiydi, ya’ni u zotning og‘izlaridan chiqqan barcha so‘zlarni o‘z ichiga oladi. Zero, arab tili qoidalariga ko‘ra, inkor gap tarkibidagi fe’l inkor qilingan nakra (noma’lumlik) so‘z hukmida bo‘lib, umumiy ma’noni anglatadi. Demak, u zotning shariat va dinni yetkazish bilan bog‘liq har bir gapi shu umumiy ma’noga kiradi. Buni faqat Qur’onga xoslab qo‘yish uchun hech qanday dalil yo‘q. Shunday ekan, oyatning ma’nosi: «U zot aytgan har bir gap – Kitob bo‘lsin yo hadis – faqatgina nozil qilinayotgan vahiydir», deganidir.


Bu oyatning umumiy ma’noga ega ekani va nafaqat Qur’onni, balki hadisni ham o‘z ichiga olishini Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilingan ushbu hadis qo‘llab-quvvatlaydi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan har bir narsani yodlab qolish niyatida yozib borar edim. Qurayshliklar meni bundan qaytarib: «Rasulullohdan eshitgan hamma narsangni yozyapsanmi? Axir, Rasululloh ham oddiy inson bo‘lsalar, ba’zan g‘azab ustida ham gapiradilar-ku!» dedi. Shundan keyin yozishdan to‘xtadim va buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytdim. U zot barmoqlari bilan og‘izlariga ishora qilib: «Yozaver, jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, bu yerdan faqat haqiqat chiqadi», deb buyurdilar» [Abu Dovud va Dorimiy rivoyat qilgan].


Ulamolarning fikriga ko‘ra, bevosita vahiy kelmagan paytlarda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘z ijtihodlari bilan hukm chiqarishlari joiz bo‘lgan. Bu holat yuqoridagi «u (sizlarga keltirayotgan Qur’onni) o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir» degan umumiy qoidaga zid kelmaydi. Chunki Alloh taolo o‘sha vaziyatlarda u zotga ijtihod qilishga izn bergan. Bu ruxsatning o‘zi ham Alloh taoloning O‘z Payg‘ambariga vahiysidir. Demak, Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘z ijtihodlarida ham baribir Allohning vahiysiga ergashgan bo‘ladilar. Bunga Alloh taoloning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tili bilan aytgan ushbu so‘zlari dalildir: «Men faqat o‘zimga vahiy qilingan narsalargagina ergashurman» [An’om surasi, 50-oyat].


Shunday ekan, u zotning ijtihodlari va o‘sha ijtihod tayanadigan asoslarning barchasi vahiydir, aslo havoyi xohish emas. Zero, bu ruxsat go‘yo Alloh taoloning O‘z Payg‘ambariga «Biror hukmni to‘g‘ri deb bilsangiz, u Mening hukmimdir», ya’ni «Qalbingizga solingan har bir narsa Mening irodamdir» deganidek gap. Shuning uchun ham bu haqiqiy vahiy hisoblanadi va yuqoridagi umumiy qoidaga to‘liq muvofiq bo‘ladi.


Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ijtihodlarida xato bo‘lishi ehtimoli bor, deb hisoblaydigan ulamolar mazhabiga ko‘ra esa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam biror ijtihodda yanglishgan bo‘lsalar, Alloh taolo uni o‘sha holatda qoldirmagan, balki vahiy yo‘llaridan biri bilan darhol haqiqatni bayon qilib bergan. Demak, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam din sifatida mustahkamlanib, qaror topgan hukmlarda qanday havoyi xohish bilan gapirmaganlari singari hali yakuniy to‘xtamga kelinmagan va ijtihod qilgan masalalarida ham aslo nafslariga tayanib so‘z yuritmaganlar. Balki u zotning aytganlari bevosita vahiy kelmaganda ijtihod qilishga berilgan ilohiy ruxsatga – ya’ni, baribir vahiyga asoslangan bo‘lgan.


Xulosa qilib aytganda, Alloh taoloning O‘z Rasuliga ijtihod qilishga ruxsat berishi go‘yo unga: «Biror hukmni to‘g‘ri deb bilsanging va Men uni shundayligicha qoldirsam, demak, u Mening hukmimdir», deb aytishi kabidir.


2. Qur’oni karimning qator oyatlarida «hikmat» so‘zi «Kitob» so‘zi bilan ketma-ket kelgan. Ularning bir qismida ikki kalima ham Alloh taolo tomonidan o‘rgatilgani bayon qilingan bo‘lsa, boshqa qismida ikkisining ham Haq taolo tomonidan nozil qilingani ochiq-oydin aytilgan.


Alloh subhonahu va taolo bunday marhamat qiladi: «Ey Rabbimiz! Ularga (kelajak ummatlarga) o‘zlaridan (chiqqan), ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, Kitob va hikmat (Qur’on va hadis)ni o‘rgatadigan va ularni (kufr va gunohlardan) poklaydigan bir payg‘ambar yuborgin! Albatta, Sen Aziz (qudratli) va Hakim (hikmat sohibi)dirsan » [Baqara surasi, 129-oyat].


Yana Alloh taolo bunday deydi: «Shuningdek, sizlarga o‘zingizdan bo‘lmish bir payg‘ambar yubordikki, u sizlarga oyatlarimizni o‘qib beradi, sizlarni (shirk va gunohlardan) poklaydi, sizlarga Kitob (Qur’on) va hikmatdan (Hadisdan) ta’lim beradi va bilmaganlaringizni bildiradi » [Baqara surasi, 151-oyat].


Haq taolo aytadi: «Albatta, Alloh mo‘minlarga o‘zlaridan bo‘lgan (ya’ni, odam jinsidan bo‘lgan), ularga Allohning oyatlarini tilovat qilib beradigan, (gunohlaridan) poklaydigan hamda ularga Kitob va hikmatni o‘rgatadigan payg‘ambarni yuborish bilan yashilik qildi. Holbuki, ular ilgari ochiq xato-zalolatda edilar» [Oli Imron surasi, 164-oyat].


Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «U (Alloh) omiylarga (ya’ni, ahli kitob bo‘lmagan ilmsiz kishilarga) o‘zlaridan bo‘lgan, ularga (Qur’on) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan) poklaydigan hamda ularga Kitob – Qur’on va hikmat – hadisni o‘rgatadigan bir payg‘ambarni (ya’ni, Muhammad alayhissalotu vassalomni) yuborgan Zotdir. Shak-shubhasiz, ular (payg‘ambar kelishidan avval) ilgari ochiq zalolatda edilar» [Juma surasi, 2-oyat].


E’tibor bering, ushbu oyatlarda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning mo‘minlarga Kitob va hikmatni o‘rgatishlari Allohning oyatlarini tilovat qilib berishlariga bog‘lab keltirilmoqda. Ya’ni, Kitob va hikmatni o‘rgatish oyatlarni tilovat qilishdan butunlay boshqa narsadir. Buni ilohiy bayondagi so‘zlarning turlicha kelgani ham ko‘rsatib turibdi. Zero, Alloh taolo dastlabki harakatni «tilovat» deb, keyingisini esa «o‘rgatish» deb atayapti. Ta’lim berish esa shunchaki tilovat qilishdan farq qiladi. Qolaversa, arab tili qoidalariga ko‘ra, so‘zlarni bir-biriga bog‘lab so‘zlash (atf) ular o‘rtasida ma’no jihatidan farq borligini bildiradi. Ayniqsa, keyingi uch oyatda Kitob va hikmat ta’limi bilan tilovat «ularni poklaydigan» mazmunidagi jumla bilan ajratilgani bu ikki tushuncha bir-birini shunchaki sharhlab keluvchi sinonimlar emasligini yana bir bor qat’iy tasdiqlaydi.


Oyatlarni tilovat qilishning ma’nosi hammaga tushunarli. Kitobni o‘rgatish esa Qur’ondagi umumiy va muxtasar hukmlarni bayon qilib berish demakdir. Bunga Alloh taoloning ushbu so‘zlari dalil bo‘ladi: «Sizga esa odamlarga nozil qilingan (ma’lumotlar)ni bayon (tafsir) qilib berishingiz uchun va tafakkur qilsinlar, deb bu zikrni (Qur’onni) nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat] Alloh taolo O‘z Rasuli Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Qur’onni sharhlash, undagi qisqa hukmlarni batafsil tushuntirish va mavhum joylariga oydinlik kiritish vazifasini yuklagan. Bu ulug‘ vazifa esa faqatgina hikmatni o‘rgatish orqali amalga oshadi. Hikmat esa – Alloh taolo u zotga vahiy qilgan sunnatdir.


Bu tahlil “hikmat” so‘zi Kitobga bog‘lanib kelgan boshqa oyatlarda ham Qur’ondan farqli o‘laroq alohida bir asos – Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ekaniga yorqin dalildir.


Qur’onda “hikmat” deb atalgan ushbu sharafli nabaviy sunnat Alloh taolo tomonidan nozil qilingan vahiy ekanini ochiq-oydin ko‘rsatuvchi oyatlar ham bor. Jumladan, Alloh subhonahu va taolo bunday amr etadi: «Allohning sizlarga bergan ne’matini va sizlarga nasihat sifatida nozil qilgan Kitob va hikmatni (hadislarni) yodingizda tutingiz!» [Baqara surasi, 231-oyat].


Yana bunday marhamat qiladi: «Alloh sizga Kitob va hikmatni nozil qildi va bilmagan narsalaringizni bildirdi. Allohning sizga fazlu marhamati ulug‘ bo‘ldi» [Niso surasi, 113-oyat].


Ushbu oyatlardagi «Kitob va hikmat» degan ilohiy so‘zlar hikmat xuddi Qur’oni karim kabi Alloh taolo tomonidan nozil qilinganini ochiq ko‘rsatadi. Chunki u “Kitob” so‘zi bilan yonma-yon va unga bog‘lanib kelmoqda.


Shunday qilib, dastlabki misollardagi oyatlar orqali hikmatning Kitobdan boshqa narsa ekani isbotlandi. Keyingi misollar bilan bu hikmat ham xuddi Kitob kabi Allohdan nozil bo‘lgan ilohiy vahiy ekani o‘z tasdig‘ini topdi. Ana shu vahiy nabaviy sunnatdir, vallohu a’lam.


Imom Shofeiy rahmatullohi alayh Kitob bilan hikmat o‘rtasidagi bu farqni qat’iy ta’kidlab, mazkur oyatlar sharhida bunday degan: «Alloh Kitobni zikr qildi – u Qur’ondir. Shuningdek, hikmatni zikr qildi. Men Qur’on ilmini yaxshi biladigan, o‘zim rozi bo‘lgan olimlardan eshitdimki, ular: «Hikmat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridir», dedi. Bu gap ayni haqiqatdir».


Imom Shofe’iy ma’qullagan va Qur’on olimlaridan naql qilgan bu qarash barcha salaf solihlar va yetuk mufassirlarning yakdil ittifoqidir.


Ibn Kasir o‘z tafsirida bunday yozadi: Hikmat – sunnat deganidir. Buni Hasan Basriy, Qatoda, Muqotil ibn Hayyon, Abu Molik va boshqalar aytgan. Shuningdek, u «dindagi chuqur tushuncha» deb talqin qilingan. Bu ikki fikr o‘rtasida qarama-qarshilik yo‘q, biri ikkinchisining mazmuniga uyg‘undir».


Bu o‘rinda bir muhim jihatga e’tibor qaratish lozimki, bu oyatlardagi “hikmat” so‘zini «sunnat» deb tafsir qilgan olimlar, tilshunoslik jihatidan hikmat va sunnat so‘zlari mutlaq ma’nodosh (sinonim) demoqchi emas. Chunki lug‘at darsliklarida, jumladan, Xalil ibn Ahmad Farafidiyning «Kitobul ayn» asarida keltirilishicha, «hikmat» so‘zi tilda “ilm” va “adolat” ma’nolarini anglatadi. Mufassirlar oyatning kelish o‘rni va matn siyoqini hisobga olib, uni ilm va adolatning eng oliy darajada namoyon bo‘lishi, ya’ni hadis deb izohlagan. Zero, Alloh taolo hikmatni ham nozil qilingan narsalar qatoriga qo‘yishi va uni Kitob bilan birga qayd etishi uning aynan hadis ekaniga yaqqol dalildir. Chunki Alloh taolo tomonidan Kitobdan tashqari nozil qilingan yagona manba – bu hadisdir.


3-4-5. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Sizlarga ro‘za kechasida xotinlaringiz bilan qovushish halol qilindi. Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsiz. Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan (ro‘za kechalarida bemalol) qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan (taqdir etgan) narsani (farzandni) umid etaveringiz. Shuningdek, tonggacha, ya’ni oq ipning qora ipdan (tongning tundan) ajraladigan vaqtigacha yeb-ichaveringiz. So‘ng ro‘zani kechgacha (quyosh botguncha) mukammal tutingiz! Masjidlarda e’tikofda bo‘lgan paytlaringizda (kechalari ham) ular (xotinlar) bilan qo‘shilmangiz! Bular (aytilgan hukmlar) Allohning chegaralaridir. Bas, ularga yaqinlashmangiz! Odamlar (man etilgan ishlardan) saqlanishlari uchun Alloh o‘z oyatlarini mana shunday aniq bayon qiladi» [Baqara surasi, 187-oyat].


Ushbu ulug‘ oyatning avvalida ro‘za kechalarida ayol bilan qovushish halol qilingani ta’kidlanmoqda. Biror narsa halol qilindimi, demak, undan oldin harom bo‘lgan. Shuningdek, oyatning davomidagi «Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan (ro‘za kechalarida bemalol) qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan (taqdir etgan) narsani (farzandni) umid etaveringiz» degan so‘zlar ham qovushishga izn berilishidan oldin bu amal taqiqlangan bo‘lganini bildiradi. Vaholanki, bu taqiq haqida Qur’onda biror og‘iz so‘z yo‘q. Demak, o‘sha dastlabki taqiq Alloh taoloning tilovat qilinmaydigan vahiysi bo‘lmish nabaviy sunnat bilan sobit bo‘lgan.


Imom Buxoriy Abu Is'hoqdan, u Baro roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Ramazon ro‘zasi nozil bo‘lgan ilk davrlarda musulmonlar Ramazon oyi bo‘yi (kechasi ham) ayollariga yaqinlik qilmasdi. Biroq ba’zilar o‘zini tiya olmay, nafsiga xiyonat qilib qo‘ydi. Shunda Alloh taolo «Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan narsani umid etaveringiz» degan oyatni nozil qildi».


Oyatdagi «tonggacha, ya’ni oq ipning qora ipdan ajraladigan vaqtigacha yeb-ichaveringiz» degan ko‘rsatma Alloh taolo tomonidan musulmonlarga berilgan yengillik bo‘lib, islomning ilk davridagi hukmni bekor qildi. Ilk davrdagi tartib esa, yuqoridagi holatdek, nabaviy sunnat orqali ma’lum edi. U paytlarda ro‘zador iftor qilgach, faqat xufton namozigacha yoki undan oldin uxlab qolguniga qadar yeb-ichishi mumkin edi. Uxlab qolsa yoki xufton namozini o‘qib qo‘ysa, keyingi kunning oqshomigacha yeb-icha olmasdi. Bu musulmonlarga juda katta mashaqqat tug‘dirgandi. Shunda Alloh taolo tong otguncha yeb-ichishga izn berdi. Ana o‘sha eski qiyin hukm ham Qur’onda mutlaqo zikr qilinmagan, balki faqat hadis bilan sobit bo‘lgandi.


«So‘ng ro‘zani kechgacha mukammal tutingiz!» degan amr visol ro‘zasini, ya’ni og‘iz ochmasdan bir necha kunni bir-biriga ulab ro‘za tutishni taqiqlaydi. Sahih hadislarda musulmonlar visol ro‘zasidan qaytarilgan, faqat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning o‘zlarigagina xos ravishda joiz qilingan edi.


Imom Ahmad Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Visol ro‘zasi tutmang», dedilar. Sahobalar: «Ey Allohning Rasuli, o‘zingiz visol ro‘zasi tutasiz-ku?» deyishdi. U zot: «Men sizlardek emasman. Men tunayotganimda Rabbim meni taomlantiradi va suv beradi», deb javob berdilar.


Visol ro‘zasi tutish u zotning o‘zlarigagina tegishli xususiyatlardan edi. Sahih hadisda aytilganidek, u zotga bu ishda alohida quvvat va ko‘mak berilardi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga visol ro‘zasining joiz bo‘lishi alohida bir shariat hukmi bo‘lib, u ham Qur’onda zikr qilinmagan, balki tilovat qilinmaydigan vahiy orqali qaror topgan. Buni u zotning o‘zlari vahiydan tashqari ish qilmaganlari haqidagi mana bu oyatlar tasdiqlaydi: «Men faqat o‘zimga vahiy qilingan oyatlargagina ergashurman», shuningdek, «Ayting: «Men uchun uni o‘z tomonimdan o‘zgartirish durust emasdir» [Yunus surasi, 15-oyat] hamda «Agar (Payg‘ambar) Bizning nomimizdan (Biz aytmagan) ayrim so‘zlarni to‘qib aytganida, albatta, Biz uning o‘ng qo‘lidan ushlagan, so‘ngra albatta uning shohtomirini uzib tashlagan bo‘lur edik» [Haqqo surasi, 44–46-oyatlar].


Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning visol ro‘zasi tutishlari vahiydan tashqari va unga tayanmagan holda bo‘lganida edi, u zot Allohning «So‘ng ro‘zani kechgacha mukammal tutingiz!» degan amrini o‘zgartirgan va Uning nomidan shariat joriy qilgan bo‘lib qolardilar, bu esa umuman mantiqqa ziddir.


Xullas, Baqara surasining 187-oyati nabaviy sunnatning Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiy ekaniga bir yo‘la uch kuchli dalilni o‘z ichiga olgan.


6. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Payg‘ambar juftlaridan biriga (ya’ni, Hafsaga) bir so‘zni pinhona aytganini eslang! Endi qachonki (Hafsa) u (sir) haqida (Oishaga) xabar bergach va Alloh (Jabroil farishta vositasida Payg‘ambar alayhissalomni Hafsaning qilmishidan) voqif qilgach, u (Hafsaga o‘zi voqif bo‘lgan narsaning) ba’zisini bildirdi va ba’zisidan yuz o‘girdi (bildirmadi). Bas, qachonki (Payg‘ambar alayhissalom Hafsaga o‘zi voqif bo‘lgan narsaning ba’zisi haqida) xabar bergach, u: «Sizga bu xabarni kim berdi?», degan edi, «Menga Bilguvchi va Xabardor Zot xabar berdi», dedi» [Tahrim surasi, 3-oyat].


«Alloh (Jabroil farishta vositasida Payg‘ambarni Hafsaning qilmishidan) voqif qilgach» so‘zlari shuni ko‘rsatadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollaridan biriga yashirincha aytgan va hech kimga aytmaslikni buyurgan sirning ochilib qolganini Alloh taolo Payg‘ambariga bildirgan. Lekin Qur’on orqali amalga oshmagan. Chunki Qur’ondagi mazkur oyat o‘sha voqea sodir bo‘lib o‘tganidan keyin, o‘tgan zamon fe’li shaklida u haqda shunchaki xabar beryapti, xolos. Demak, bu bildirish va ogohlantirish, shubhasiz, tilovat qilinmaydigan vahiy orqali sodir bo‘lgan. Binobarin, ushbu oyat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Qur’ondan tashqari ham vahiy nozil bo‘lganiga yorqin dalildir. Ana shunday vahiy u zotning sunnatlari bo‘ladi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari vahiydan boshqa narsaga tayanishi sira ham mumkin emas. Bunga Alloh taoloning u zot tili bilan aytgan ushbu so‘zi dalildir: «Men faqat Parvardigorimdan kelgan vahiygagana ergashurman». Dalillarning bu jamlanmasidan ravshan bo‘ladiki, Sunnat – Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiydir.


7. Alloh subhonahu va taolo marhamat qiladi: «Otalaringiz uylangan xotinlarni nikohingizga olmang! Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa, (uylangan bo‘lsangiz, Alloh afv etar). Albatta, bu xunuk va jirkanch bo‘lgan yomon qiliqdir. Sizlar uchun onalaringiz, qizlaringiz, opa-singillaringiz, ammalaringiz, xolalaringiz, aka-ukalaringizning qizlari, opa-singillaringizning qizlari, emizgan onalaringiz, emishgan opa-singillaringiz, qaynonalaringiz, jinsiy aloqada bo‘lgan xotinlaringizning tarbiyangizda bo‘lgan qizlari(ga uylanish harom qilindi) – agar xotinlaringiz bilan jinsiy aloqada bo‘lmagan bo‘lsangiz (ularni taloq qilgandan keyin avvalgi erlaridan tug‘ilgan qizlariga uylansangiz), sizlar uchun gunoh yo‘qdir. Yana o‘z pushti kamaringizdan bo‘lgan o‘g‘illaringizning xotinlariga (uylanishingiz) va opa-singilni jamlashlaringiz (ya’ni, birini taloq qilmay turib boshqasiga uylanishingiz harom qilindi). Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa (Alloh afv etar). Albatta, Alloh mag‘firatli va mehribon bo‘lgan Zotdir. Yana erlik ayollar (ham harom qilindi). Magar (urush-janglarda) ega bo‘lgan cho‘rilaringiz haloldir. (Bu hukmlarni) Alloh zimmangizga farz qilib qo‘ydi. Mana shulardan boshqa ayollarga zino qiluvchi bo‘lmagan holingizda mollaringizni mahr qilib berish bilan uylanishga harakat qilish sizlar uchun halol qilindi. Ular bilan nikoh orqali yaqinlik qilishingiz bilan belgilangan mahrlarini beringiz! Mahr belgilanganidan keyin o‘zlaringiz kelishib olishingizda (ya’ni, ular o‘z ixtiyori bilan haqqi-mahridan kechib yuborishida) sizlar uchun gunoh yo‘qdir. Albatta, Alloh bilim va hikmat egasi bo‘lgan Zotdir» [Niso surasi, 22–24-oyatlar].


Ushbu oyatlarda erkak kishi uchun uylanish harom bo‘lgan ayollar bayon qilingan. Vaholanki, johiliyat davrida ularning ba’zilari, masalan, otaning xotiniga uylanish va ikki opani-singilni barobar nikohga olish kabilar mumkin edi. Shuning uchun ham Alloh taolo bu ikki holat zikrida «Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa» deb marhamat qildi va islom shariati bilan bularning barchasini qat’iy harom qildi.


Oxirida «Mana shulardan boshqa ayollarga zino qiluvchi bo‘lmagan holingizda mollaringizni mahr qilib berish bilan uylanishga harakat qilish sizlar uchun halol qilindi», ya’ni yuqorida sanalganlardan tashqari boshqa har qanday ayolga uylanish sizlar uchun joizdir, deyildi.


Biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan mutavotir (shubhasiz) yo‘llar bilan rivoyat qilingan va butun ummat ulamolari bir ovozdan ijmo qilgan haqiqat shuki, ushbu oyatlarda sanalmagan bo‘lsa-da, nikohi harom bo‘lgan boshqa toifa ayollar ham bor. Masalan, bir ayolni o‘z ammasi bilan yoki bir ayolni o‘z xolasi bilan bir vaqtda nikohga olish taqiqlangan. Boshqacha aytganda, nasab-qarindoshlik jihatidan bir-biriga yaqin bo‘lgan ikki ayolning birini erkak deb farz qilinganda, u ikkinchisiga uylanishi harom bo‘ladigan darajada yaqin bo‘lsa, u holda bu ikki ayolni bir nikohda jamlash mutlaq harom hisoblanadi.


Xo‘sh, ushbu taqiq mana shu oyatlarda yoki Qur’oni karimning boshqa biror joyida bormi?! Yo‘q, faqat nabaviy sunnatda bor. Sunnat esa, boya ta’kidlanganidek, Allohning vahiysidir. Qolaversa, bu hukmlar Alloh taoloning: «Payg‘ambar o‘zi sizlarga ato etgan narsani olinglar, u zot sizlarni qaytargan narsadan qaytinglar» [Hashr surasi, 7-oyat] degan amri doirasiga ham to‘liq kiradi.


8. Haq taolo bunday amr qiladi: "(Ey Muhammad! Qur’onni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan qimirlatmay-pichirlamay qo‘ya qoling. Zero, uni (sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizda) qiroat qildirish ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilidan) uni o‘qisak, siz ham ergashing! So‘ngra uni (Qur’onni) bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» [Qiyomat surasi, 16–19-oyatlar].


Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalom vahiy olib kelgan paytda, Qur’on oyatlaridan biror narsa unutilib yoki tushib qolmasin degan xavotirda, u zot bilan barobar tillarini qimirlatib, oyatlarni tezda qaytarishga harakat qilar edilar. Shunda Alloh taolo ushbu oyatlar orqali u zotga Jabroil Qur’on keltirganda shoshmasdan, diqqat bilan tinglashni va tillarini qimirlatmaslikni buyurdi. Buning evaziga Alloh taolo Qur’onni u zotning qalblariga muhrlab qo‘yishni, uni Jabroil o‘qiganidek mukammal ado etishini oson qilib berishni hamda undagi muxtasar (qisqa) hukmlarni batafsil sharhlab, uning ma’nolarini u zotning o‘zlariga yoki u zotning tillari orqali butun insoniyatga oydinlashtirib, bayon qilib berishni O‘z zimmasiga oldi.


Imom Buxoriy Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vahiy tushayotgan paytda juda katta mashaqqat va qiyinchilik sezar, (oyatlarni yodlab qolish uchun) tez-tez ikki lablarini qimirlatar edilar. Shunda Alloh taolo: «(Ey Muhammad! Qur’onni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan qimirlatmay-pichirlamay qo‘ya qoling. Zero, uni (sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizda) qiroat qildirish ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilidan) uni o‘qisak, siz ham ergashing!» – ya’ni, uni jim turib, diqqat bilan tinglang, – «So‘ngra uni (Qur’onni) bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» degan oyatlarni nozil qildi. Shundan keyin Jabroil alayhissalom qaytib ketgach, u zot vahiy qilingan oyatlarni xuddi Jabroil o‘qib bergandek o‘qir edilar».


Ibn Kasir o‘z tafsirida yozadi: «Sha’biy, Hasan Basriy, Qatoda, Mujohid, Zahhok va boshqa mufassirlar: «Ushbu oyatlar aynan mana shu voqea sababli nozil bo‘lgan», deb aytgan».


«So‘ngra uni bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» so‘zlari Qur’on nozil bo‘lganidan keyin uni tushuntirib, sharhlashni Alloh taolo O‘z zimmasiga olganiga kafolatdir. Bu bayon yo bevosita Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bildirilgan yoki u zotga qilingan ilohiy vahiy orqali u zotning tillari bilan insoniyatga yetkazilgan. Shuni unutmaslik kerakki, bayon (sharh so‘zlari) mubayyandan (sharhlanayotgan narsadan) mutlaqo farq qiladi. Demak, bu o‘rindagi bayon Qur’onning o‘zidan boshqa narsadir. Alloh taolo «Bizning zimmamizdadir» deb, bu bayonning ham O‘z huzuridan bo‘lishini ta’kidladi va «So‘ngra» bog‘lovchisini qo‘llash orqali bu sharh Qur’on nozil bo‘lganidan keyin amalga oshishini bildirdi. Shunday ekan, Alloh taolo zimmasiga olgan ushbu bayon Qur’ondan tashqari alohida bir manba – U Zot Muhammad sollallohu alayhi vasallamga tilovat qilinmaydigan vahiy o‘laroq yuborgan Sunnat ekanidan boshqa ehtimol qolmaydi. Bu esa Alloh taoloning mana so‘zlariga qo‘shimcha dalildir: «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun va shoyad tafakkur qilsalar, deb bu eslatmani – Qur’onni nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat].


9. Alloh taolo bunday buyuradi: «Ey mo‘minlar, juma kunidagi namozga chorlansa (ya’ni, azon aytilsa), darhol Allohning zikriga boringlar va oldi-sotdini tark qilinglar! Agar biladigan bo‘lsangiz, mana shu (ya’ni, Allohning zikriga – juma namozini o‘qishga shoshilish) o‘zlaringiz uchun yaxshiroqdir. Endi qachon namoz ado qilingach, Yerga tarqalib, Allohning fazlu marhamatidan (rizqu ro‘z) istayveringiz. Allohni ko‘p zikr qilingizki, shoyad najot topursizlar. (Ey Muhammad!) Ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar va sizni (minbarda) tik turgan holingizda tark qilurlar. Ayting: «Alloh huzuridagi narsa (imon va yaxshi amallar uchun beriladigan ajr-mukofot) o‘yin-kulgidan ham, tijoratdan ham yaxshiroqdir! Alloh rizq berguvchilarning yaxshirog‘idir!» [Juma surasi, 9–11-oyatlar].


Alloh taolo mo‘minlarga juma namoziga azon aytilganda, savdo-sotiqni bas qilib, namozga shoshilishni buyuryapti. Shundan kelib chiqib, barcha ulamolar imomning qarshisida aytiladigan ikkinchi azondan keyin savdo qilish mumkin emasligiga ijmo qilgan. Shuningdek, namoz tugagach, tarqalib, Allohning fazlu karamidan rizq izlashga ruxsat berildi hamda bu jarayonda ham Parvardigorning zikridan g‘ofil bo‘lmaslik, najotga erishish uchun Uni ko‘p eslash amr etildi.


So‘ngra Alloh taolo sahobalarga ushbu oyat nozil bo‘lishidan oldin sodir bo‘lgan bir voqea sababli gina qildi. O‘shanda juma kuni azon aytilganda, namozga shoshilish haqidagi ushbu buyruq hali nozil bo‘lmagan edi va ular juma xutbasi paytida kelgan karvon tufayli tijorat ortidan ketib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni minbarda tik turgan hollarida yolg‘iz qoldirgandi. Zero, u paytlarda juma namozi xutbadan oldin o‘qilar edi. Keyinchalik bu hukm o‘zgartirilib (nasx qilinib), xutba namozdan oldinga surilgan.


Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumo aytadi: «Bir safar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juma xutbasini o‘qiyotganlarida, Madinaga tijorat karvoni kelib qoldi. Odamlar chiqib ketdi va u zot bilan bor-yo‘g‘i o‘n ikki kishi qoldi. Shunda Alloh taolo «(Ey Muhammad!) Ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar va sizni (minbarda) tik turgan holingizda tark qilurlar» degan oyatni nozil qildi» [Imom Buxoriy rivoyati].


Demak, oyatdagi «ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar» degan jumla mazkur uch oyat nozil bo‘lishidan oldin, juma namozidan keyingi xutba paytida sahobalar tomonidan sodir bo‘lgan voqeaning xabaridir. Bundan shunday xulosa chiqadiki, juma namozi «juma kunidagi namozga chorlansa, darhol Allohning zikriga boringlar va oldi-sotdini tark qilinglar!» deb boshlanuvchi ushbu oyatlar nozil bo‘lishidan oldin ham shariatda bo‘lgan va unga amal qilingan. Vaholanki, Qur’oni karimda bu oyatdan oldin juma namozining farz qilinganini ko‘rsatuvchi boshqa biror oyat mavjud emas. Shunday ekan, juma namozining ibodat o‘laroq joriy qilinishi faqatgina Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bilan sobit bo‘lgan.


10. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun va shoyad tafakkur qilsalar, deb bu eslatmani – Qur’onni nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat].


Alloh taolo O‘z Rasuliga Qur’ondagi umumiy va muxtasar hukmlarni batafsil tushuntirish vakolatini topshiryapti. Ana shu ilohiy vakolatga tayanib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qur’onda umumiy tarzda kelgan barcha ahkomlarni batafsil bayon qilib berganlar. Bu hukmlar ibodat, muomala, nikoh-oila munosabatlari, jinoyatlar, shuningdek, oilaviy, ijtimoiy va xalqaro aloqalarni qamrab olgan.


Masalan, namozni oladigan bo‘lsak, uning vaqtlarini aniq belgilagan, rakatlar sonini, o‘qilish tartibini, shart bo‘lgan amallar va buzadigan narsalarni ajratib bergan, muqimlik, safar va xavf namozlari o‘rtasidagi farqlarni ko‘rsatgan kim edi? Yoki zakotga e’tibor bering, zakot berilishi farz bo‘lgan barcha mol-mulklarning miqdorini, undan qancha ajratilishini kim belgilab bergan? Tuyaning nisobi beshtadan boshlanishi va undan bitta qo‘y berilishi, qoramolniki o‘ttiztadan boshlanib, undan bir yashar buzoq berilishi, qo‘y-echkiniki qirqtadan boshlanib, bitta qo‘y ajratilishi, kumush borasida har ikki yuz dirhamdan chorak ushr (ikki yarim foiz), oltin bo‘yicha esa har yigirma misqoldan yarim misqol berilishi kabi qoidalarni kim joriy qilgan?


Shuningdek, haj ibodatini biz biladigan bugungi mukammal shaklga kim keltirgan? Hajning ruknlari nimalardan iborat, uni nimalar buzadi, Arafotda turish qachon boshlanib, qachon tugaydi, qaysi holatda qurbonlik vojib bo‘ladi va hajning uch turi (ifrod, qiron, tamattu’) qanday bajariladi – bularni kim tizimlashtirib bergan?


Bunday savollarni ro‘za ibodatiga hamda savdo, havola, ijara, sheriklik, kafillik kabi barcha kundalik muomalalarga ham xuddi shunday tatbiq qilish mumkin.


Xo‘sh, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bularning barchasini o‘z-o‘zlaridan, Allohning vahiysisiz aytdilarmi yo vahiy bilanmi?!


Kimda-kim «bu hukmlarni o‘zlaridan chiqarganlar» deb hisoblasa, u holda Alloh taoloning «Ayting: «Men faqat Rabbimdan vahiy qilinayotgan narsagagina ergashaman» degan amriga hamda u zot haqidagi «Men faqat o‘zimga vahiy qilinayotgan narsagagina ergashaman», «U o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U faqat (Alloh tomonidan Payg‘ambarga) nozil qilinayotgan bir vahiydir» degan qat’iy so‘zlariga qarshi chiqqan bo‘ladi. Qolaversa, bunday qarash «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun» degan oyat bilan birga kelgan «So‘ngra uni – Qur’onni bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» degan ilohiy va’daga hamda «Agar (Payg‘ambar) Bizning nomimizdan (Biz aytmagan) ayrim so‘zlarni to‘qib olganida, albatta, Biz uning o‘ng qo‘lidan ushlagan, so‘ngra albatta uning shohtomirini uzib tashlagan bo‘lur edik» degan qat’iy ogohlantirishga mutlaqo zid keladi.


Shunday ekan, bu borada yagona to‘g‘ri haqiqat qoladi – ushbu batafsil bayon va sharhlarning barchasi faqat va faqat Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiy orqali amalga oshirilgandir.

11. Payg‘ambarlarning ko‘pligi va Alloh taolo nozil qilgan kitoblarning ozligi – Alloh taolo o‘zi payg‘ambarligi va elchiligiga tanlab olgan zotlarga tilovat qilinmaydigan vahiy ham tushirganiga qat’iy dalildir.


Shunday qilib, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari Alloh taolodan vahiy ekani qur’oniy dalillar bilan o‘z isbotini topdi.


Keyingi maqolalarda Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ergashish vojib bo‘lgan hujjat ekanini bayon etishga azmu qaror qildik, inshoalloh.

 

Nurmuhammad MATKARIMOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

 Hadis ilmi maktabi o‘qituvchi,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot

markazi ilmiy xodimi

 

Mazkur maqolaga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 2026 yil 28 iyulda 02/336-sonli xulosa berilgan.  

 

Hadisi sharif