Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Noyabr, 2025   |   21 Jumadul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:46
Quyosh
07:07
Peshin
12:12
Asr
15:25
Shom
17:10
Xufton
18:25
Bismillah
12 Noyabr, 2025, 21 Jumadul avval, 1447

Muborak vasiyatlar: IKKINCHI VASIYAT (3-qism)

09.04.2020   4158   19 min.
Muborak vasiyatlar: IKKINCHI VASIYAT (3-qism)

Mulohaza qilib ko‘rilsa, Islom ibodatlarini bajo keltirishning o‘zi tabobat ilmining maqsadlaridan biri bo‘lgan sog‘liqni saqlashda ham o‘ta muhimdir. Chunki namoz, ro‘za, haj va bu ibodatlar talab qiladigan shartlar, ruknlar hamda amallarning hammasi jism sihatini, faolligini va quvvatini muhofaza etadi. Bunga yana Islomning kasallik va uning yoyilishiga qarshi kurashini hamda unga barham beruvchi muolajaga targ‘ib qilishini qo‘shsak, tabobat maydonida hazora binosi qanday mustahkam asoslarga qurilganini, uning shifoxonalar va tibbiy ma’hadlar barpo etishidan olam qanchalar foydalanganini va u chiqargan tabiblarning ilmga, xususan, tabobatga qilgan himmatlaridan insoniyat hanuzgacha faxrlanayotganini ko‘ramiz. Tabib Ali ibn Abbos tabobatga shunday ta’rif beradi: “U sog‘lomlarga sog‘liqni saqlashni va kasallarga uni qaytarishni o‘rganadigan ilmdir”.

Namoz ibodatida odamlarning barchasi Allohning oldida barobar safda turadi. Unda podshoh, yo ulug‘, yo olim uchun maxsus o‘rin ajratilmaydi. Ro‘zada odamlar bir xil darajada ochlikni boshdan kechiradi. Ularning oralaridan amir, yo boy, yo sharif istisno qilinmaydi. Hajda odamlar bir xil kiyim kiyadi. Bir xil joyda turishadi. Bir xil ibodatni ado etishadi. Bu borada hamma barobar, kuchli va zaif, aslzoda va ommaning farqi yo‘q. Bundan fuqaro­lik kodeksi qonunlariga o‘tadigan bo‘lsangiz, odamlar o‘rtasidagi aloqalarda ustuvor qonuniyat – haqiqat ekanini, qonunchilikdan ko‘zlangan g‘araz – adolat ekanini, har qanday ezilgan va mazlum uchun qonun qo‘lidagi bayroq zulmni daf etish ekanini ko‘rasiz.

Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ga yordam va ko‘mak berish, u kishiga nisbatan hurmat va ehtirom ko‘rsatish Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ga bo‘lgan muhabbat ifodasidir. U zot (sollallohu alayhi va sallam)ning vafotlaridan so‘ng esa, mo‘minlar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sunnatlariga hurmat va ehtiromda bo‘lish, sunnatni mahkam turib himoya qilish, uni barcha qiyinchiligu mashaqqatlarga chidam va sabot bilan insonlar orasida tarqatish, odamlarni Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) sunnatlariga amal qilishga chorlash orqali Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ga muhabbatlarini izhor etishadi.

Allohning rasuli (sollallohu alayhi va sallam)ga bo‘lgan musulmon muhabbatining yana bir ko‘rinishi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) buyurgan yoki qaytargan narsalarni to‘la ishonch bilan tan olish va shunday deb hisoblash, Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) qaror qilgan ishlar borasida hech qanday og‘irlik, xaraj sezmaslik va sunnatga taalluqli barcha narsalarni malollanmasdan, qiyin sanamasdan bajarishdir.

Endi, Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)dan boshqa kishilar haqida gapiradigan bo‘lsak, ulamolar, solih insonlar payg‘ambarlarga ergashuvchi kishilardir. Shuning uchun Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ni haqiqiy sevuvchi inson ularning har biridan faqat payg‘ambar keltirgan narsanigina qabul qiladi. Chunki to‘liq ravishda payg‘ambarga ergashishgina mo‘minni jannatga eltadi. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi:

﴿قُلۡ أَطِيعُواْ ٱللَّهَ وَأَطِيعُواْ ٱلرَّسُولَۖ فَإِن تَوَلَّوۡاْ فَإِنَّمَا عَلَيۡهِ مَا حُمِّلَ وَعَلَيۡكُم مَّا حُمِّلۡتُمۡۖ وَإِن تُطِيعُوهُ تَهۡتَدُواْۚ وَمَا عَلَى ٱلرَّسُولِ إِلَّا ٱلۡبَلَٰغُ ٱلۡمُبِينُ٥٤

«Ayting: “Allohga bo‘ysuningiz va Payg‘ambarga bo‘ysuningiz!” Shundan so‘ng agar yuz o‘girsangiz, bas, (Payg‘ambar) zimmasida o‘ziga yuklangan narsa (Allohning buyrug‘ini yetkazish) va sizlarning zimmangizda o‘zlaringizga yuklangan narsa (unga bo‘ysunish) bordir. Agar unga itoat etsangiz, hidoyat topursiz. Payg‘ambar zimmasida faqat (haq dinni sizlarga) aniq yetkazish bordir» (Nur, 54).

Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)dan boshqa kishilar esa to‘g‘ri yo‘lda yoki noto‘g‘ri yo‘lda bo‘lishi mumkin.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) namozni qanday ado etganlar, qanday tahorat olganlar, qanday yotganlar, qanday taomlanganlar – bularning barida u zot (sollallohu alayhi va sallam)dan o‘rnak olishga intilish, shu bilan birga, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dagi beozorlik, tavoze, saxiylik, sabrlilik, qanoat kabi axloqiy sifatlaridan ibrat olishga harakat qilish ham Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ga bo‘lgan chin muhabbat alomatlaridandir.

Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ga ko‘p-ko‘p salavotlar aytish, u zot (sollallohu alayhi va sallam)ni ko‘p yod qilish, eslash ham mo‘min kishining Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga bo‘lgan sevgisi alomatlaridandir.

Alloh taolo aytadi:

﴿إِنَّ ٱللَّهَ وَمَلَٰٓئِكَتَهُۥ يُصَلُّونَ عَلَى ٱلنَّبِيِّۚ يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ صَلُّواْ عَلَيۡهِ وَسَلِّمُواْ تَسۡلِيمًا٥٦

«Albatta, Alloh va Uning farishtalari Payg‘ambarga salavot aytur. Ey mo‘minlar! (Sizlar ham) unga salavot va salom ayting!» (Ahzob, 56)

Bu oyati karimada Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) martabalari naqadar ulug‘ ekani zikr etildi. Boshqa birov emas, Alloh taoloning o‘zi Payg‘ambariga salavot aytishini ta’kidlamoqda. Arab tilida “salavot” so‘zi “salot” so‘zining ko‘pligi bo‘lib, “duo” degan ma’noni anglatadi. Namoz ham “salot” deyiladi, chunki namozda ham duo ma’nosi bor.

Oyatdagi farishtalar Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ga salavot aytishi, u zot (sollallohu alayhi va sallam) haqlariga duo qilishi, istig‘for aytishi ma’nosidir.

Demak, Alloh taolo Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga doimo O‘z rahmatini yuborib, u zot (sollallohu alayhi va sallam)dan rozi ekanini bildirib, maqtovlar aytib turadi. Farishtalar ham u zot (sollallohu alayhi va sallam)ga Allohdan rahmat, salomatlik, rozilik so‘rab, duo qilib turar ekan.

Oyatdan Alloh O‘zi va farishtalari bilan Payg‘ambariga salavot aytishi ma’lum bo‘ldi. Oyat davomida mo‘min kishilar ham Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga salavot aytishga buyurilmoqda. Shunday ekan, mo‘minlarga u zot (sollallohu alayhi va sallam)ga salavot aytish va salom yuborish farz bo‘ladi. Bu mavzu Islom ulamolari o‘rtasida turli xil bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan va natijada, olimlar umrida bir marta yoki har bir majlisda bir marta yoki u zotning nomlari zikr qilinganida bir marta salavot aytish kerak ekaniga ittifoq qilgan.

Ushbu oyat nozil bo‘lganidan keyin sahobalar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga qanday salavot aytish kerakligini so‘radi.

Bir kishi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan: “Yo Allohning rasuli! Sizga salom berishni-ku bilamiz, ammo sizga salavot aytish qanday bo‘ladi?” deb so‘radi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Allohumma solli ala Muhammadin va ala oli Muhammadin, kama sollayta ala Ibrohima va ala oli Ibrohim, innaka hamidum majid. Allohumma borik ala Muhammadin va ala oli Muhammad, kama borakta ala Ibrohima va ala oli Ibrohim, innaka hamidum majid”, deb ayt, dedilar (Muttafaqun alayh).

Ba’zi kishilar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga Alloh taolo O‘zi va Uning farishtalari salavot aytib tursa, mo‘minlarning salavotiga ne hojat, deyishi mumkin.

Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) mo‘minlarning salavotlariga muhtoj emaslar. Aksincha, mo‘minlar ushbu salavotlari tufayli Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni ulug‘laganlari uchun savob oladi, duolari qabul bo‘ladi va murodlariga yetadi.

Qur’on tilovati va Alloh zikridan keyin Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga salavot aytish eng savobli ishlardan hisoblanadi. Chunki bu narsa Alloh taoloning amri. Shuning uchun ham, har bir mo‘min namozlarida tashahhuddan keyin Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga salavot aytadi.

Imom Shofi’iy (rahmatullohi alayh): “Tashahhuddan keyin salavot aytilmagan namoz namoz o‘rniga o‘tmaydi”, degan ekan (“Al-fiqhul islamiy va adillatuhu”).

Abu Talha (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Bir kuni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) yuzlarida quvonch balqigan hollarida keldilar. Biz: “Yuzingizda quvonch ko‘rmoqdamiz”, dedik. U zot (sollallohu alayhi va sallam): “Chunki huzurimga farishta kelib: “Ey Muhammad! Albatta, Rabbingiz aytur: “Kim sizga salavot aytsa, albatta, Men unga o‘n marta salavot aytishim, kim sizga salom aytsa, Men unga o‘n marta salom aytishim sizni rozi qilmaydimi?” deb xabar berdi”, dedilar» (Imom Nasoiy va Ahmad ibn Hanbal).

Xuddi shu ma’noda mo‘min kishini xursand qiladigan boshqa bir hadisni keltiraylik:

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Qiyomat kuni menga eng yaqin kishilar, albatta, menga ko‘p salavot aytadiganlar” dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Asrlar osha Islom ummati yuqoridagi oyat va hadislarga tom ma’noda amal qilib, ozgina amallari bilan ulkan ajr-mukofotlarga sazovor bo‘lishmoqda. Har bir mo‘min bir kunda besh mahal namozlarining sunnat va farzlarida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga salavot aytadi. Nafaqat namozda, balki u zot (sollallohu alayhi va sallam)ning muborak ismlarini eshitgan zahoti salavot keltiradi. U zot (sollallohu alayhi va sallam)ga salavot aytmagan kishi baxil ekanini ushbu hadisdan bilib olamiz:

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kimning huzurida zikr qilinsam-u, u menga salavot aytmasa, o‘sha odam baxildir”, dedilar (Imom Termiziy va Imom Nasoiy rivoyati).

Mo‘min banda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga bir marta salavot yoki salom aytish bilan o‘n barobar ortiq ajr olishi bor gap.

Bu haqda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday marhamat qilganlar: “Kim menga bir marta salavot aytsa, Alloh taolo buning evaziga u insonga o‘nta salavot (ajr) bitadi” (Imom Muslim rivoyati).

Bu alomatlar sirasiga, Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) bilan uchrashishni xohlash, u zot (sollallohu alayhi va sallam)ga intiq bo‘lish va bunga erishish uchun kerak bo‘lsa barcha narsalarni fido qilishga rozi bo‘lish ham kiradi.

Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ga muhabbat alomatlaridan yana biri u zot (sollallohu alayhi va sallam) yaxshi ko‘rgan insonlarni yaxshi ko‘rishdir.

Bunga masalan, Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu), Umar (roziyallohu anhu) va Oysha (roziyallohu anho)ni yaxshi ko‘rish, ularni hurmat qilish kiradi. Va sahih hadislarda kelgan, Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ga sevimli boshqa kishilarni ham keltirish mumkin. Shunday qilib, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) yoqtirgan zotlarga nisbatan qalbimizda iliqlik va hurmat tuyishimiz hamda u zot (sollallohu alayhi va sallam) yoqtirmagan toifalarni esa, yomon ko‘rishimiz kerak. Yana u zot (sollallohu alayhi va sallam)ga muhabbatimiz ifodasi o‘laroq, Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) yoqtirgan so‘zlar, fe’llar, amallarni ham yoqtirishimiz, yaxshi ko‘rishimiz maqsadga muvofiqdir.

Anas (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisda aytilishicha, bir kuni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) tikuvchilik bilan shug‘ullanadigan, bir vaqtlar o‘zlari ozod qilgan qullarining oldiga kelganlarida sobiq qullari Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni oshqovoq bilan mehmon qiladi. Uni ko‘rgan Anas (roziyallohu anhu): “Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning oshqovoq yeyayotganlarini ko‘rganimdan beri, men ham oshqovoqni yaxshi ko‘rib qoldim”, degan (Imom Buxoriy rivoyati).

Hasan ibn Ali (roziyallohu anhu) aytadi: «Agar masjidga kirsang, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga salavot ayt. Chunki Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Mening uyimni saylgoh, o‘z uylaringizni qabriston qilib olmanglar. Qayerda bo‘lsangiz ham, menga salavot aytaveringlar, chunki sizlarning salavotlaringiz menga yetkaziladi”, deganlar». Boshqa bir hadis­da: “Juma kuni menga ko‘p salavot aytinglar, chunki sizlarning salavotlaringiz menga ko‘rsatiladi”, deyiladi.

Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ga nisbatan muhabbatning vujudga kelishiga imkoniyat tug‘diradigan va qalbda bu sevgining ortishiga sabab bo‘ladigan narsalar quyidagilar bo‘­lib, bularni hosil qilishga har bir musulmon intilishi kerak:

Inson shunday yaratilgan, unda o‘ziga nisbatan yaxshilik qilganni, muruvvat ko‘rsatganni yaxshi ko‘rish xususiyati bor. Shundan kelib chiqib, shuni anglaymiz, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ota-onamizdan ham ko‘proq yaxshilik ko‘rsatdilar, ya’ni Allohning izni ila bizni zulmatdan nurga olib chiqdilar, bizga foydali va xayrli nasihatlarni qildilar, dinu diyonatni tanitdilar hamda zulmning barcha turlaridan ogoh etdilar. Yana shu narsani yaxshi tushunishimiz kerak, agar Alloh marhamat ko‘rsatib, ushbu Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ni yuborish bilan bizga muruvvat qilmaganida edi, hammamiz jaholat botqog‘iga botganimizcha, ertaga, Alloh saqlasin, jahannamga o‘tin bo‘lishimiz turgan gap edi. Alloh taolo Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga bizning nomimizdan eng yaxshi salavotlar va salomlar yetkazsin!

Payg‘ambar (alayhissalom) hayot yo‘llari, siyratlari, jihodlari, sabru bardoshlari, Islomning oliy bo‘lishi yo‘lida bergan qurbonlari, chekkan jafolari, din yo‘lidagi fidokorliklari haqida tafakkur qilishimiz kerak. U zot (sollallohu alayhi va sallam)ning tavhidni yetkazish va shirkni yo‘qotish maydonidagi mehnatlari har qanday boshqa bir insonning mehnatidan ko‘ra yuqori, oliy turishi ayni haqiqatdir.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)dagi mo‘minlarga nisbatan tavoze va xushmuomalalik, munofiq va kofirlarga nisbatan qattiqqo‘llik va qat’iyatlilik, alohida ajralib turuvchi jasorat, saxiylik, rahmdillik va boshqa ko‘plab yuksak axloqiy sifatlar haqida ham fikr yuritish va bulardan o‘rnak olish lozim. Mehribon Alloh ham Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ni yuksak axloq egasi ekanliklariga guvohlik berib, bunday deydi:

﴿وَإِنَّكَ لَعَلَىٰ خُلُقٍ عَظِيمٖ٤

«Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz!» (Qalam, 4)

Bu o‘rinda ham, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Alloh taolo nazdida qanday mavqega ega ekanlarini bilishimiz, avvalgi va oxirgi payg‘ambarlar ichida eng yaxshisi va payg‘ambarlarning eng oxirgisi ekanlarini yodda tutishimiz kerak. Shu bilan birga, Qiyomat kunida u zot (sollallohu alayhi va sallam)ga beriladigan va u bilan Alloh boshqa payg‘ambarlardan af­zal qilgan, ummatlarini shafoat qilish huquqi, u kishining “maqomi mahmud”maqtalgan o‘ringa sazovor bo‘lishlari, Qiyomat kuni ostida Odam (alayhissalom)dan tortib, u kishiga ergashgan barcha insonlar jamlanadigan “livaul hamd” – hamd bayrog‘ini qo‘llarida tutishlari va jannat eshigini birinchi bo‘lib ochuvchi inson ekanlari hamda bundan boshqa sahih xabarlarda kelgan ko‘p­lab fazilatlar sohibi ham ekanlarini bilishimiz foydalidir.

Musulmonlar Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) muhabbatlarini ustun tutganlarida u kishining shariatlariga to‘liq amal qilishdi va dunyoda hammadan ustun bo‘lishdi. Ular Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) muhabbatidan mol-dunyo, bola-chaqa, turli ma’shuqalar muhabbatini ustun qo‘yganida, u zot (sollallohu alayhi va sallam) shariatlari o‘rniga boshqa yerdan chiqqan shariatlarga amal qilishganida har jabhada hammadan orqada qola boshladi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ko‘rsatmalariga to‘­liq amal qilgan mo‘min o‘zida qandaydir bir ilohiy kuchni ilg‘aydi va shu asosda o‘zini tetik-bardam his etadi. G‘ayratli va shijoatli, kuchli va baquvvat mo‘min Allohga mahbubroq eka­ni­ni hadislardan bilamiz.

عَنْ أَبِي هُرَيْرَة رضي الله عنه قَالَ: قَالَ رَسُول اللَّه صَلَّى اللَّه عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «الْمُؤْمِن الْقَوِيّ خَيْر وَأَحَبّ إِلَى اللَّه مِنْ الْمُؤْمِن الضَّعِيف وَفِي كُلّ خَيْر، اِحْرِصْ عَلَى مَا يَنْفَعك وَاسْتَعِنْ بِاَللَّهِ وَلَا تَعْجَز. وَإِنْ أَصَابَك شَيْء فَلَا تَقُلْ: “لَوْ أَنِّي فَعَلْت لَكَانَ كَذَا وَكَذَا وَلَكِنْ قُلْ: “قَدَّرَ اللَّه وَمَا شَاءَ فَعَلَ فَإِنَّلَوْتَفْتَح عَمَل الشَّيْطَان»

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kuchli mo‘min kuchsiz mo‘mindan ko‘ra Allohga suyukliroq. Har ikkisida ham yaxshilik bor. O‘zingga foydali bo‘lgan narsalarga tirish. Allohdan yordam so‘ra. Ojizlik qilma. Senga biron musibat yetganida: “Unday qilganimda bunday va bunday bo‘lar edi”, dema. “Lekin Alloh taqdir qilgan va xohlagan narsasini qildi”, degin. Chunki (afsuslanib) “agar” deyishing shaytonning amalini ochib yuboradi”, deganlar» (Imom Muslim).

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan bu hadis yaxshilik faqat kuchli mo‘minda mavjud, degan tushunchani bartaraf etadi. Chunki hadisda ta’kidlanganidek, kuchli yoki kuchsiz imon egasining ikkovi ham yaxshi.

Shu sababli, o‘zimizga foyda beradigan narsalarga mahkam yopishaylik. Chin dildan Alloh taologa mehr qo‘yib, bu e’tiqodni hech susaytirmaylik. Agar boshimizga yaxshilik yoki musibat kelsa, sevinsak ham, qayg‘ursak ham, zinhor “Agar unday qilganimda, bunday bo‘lardi, mana bunday qilganimda boshimga bu balo kelmasdi...” kabi so‘zlarni tilga olmaylik. Eng yaxshisi, “Alloh taoloning taqdiri shunday ekan, Alloh shuni xohlabdi”, desak nur ustiga nurdir. Chunki yaxshilik ham, yomonlik ham Allohdan. Har qanday holda uning taqdiriga rozi bo‘lish – bandaning vazifasi. Shu yo‘l orqali har xil vasvasalardan qutulgan bo‘lamiz. Chunki “agar” kalimasi ishlatilsa, shaytoni la’inning barcha vasvasa eshik­lari ochiladi. Lekin mo‘min doimiy huzur-halovat paytida, taqdirga rozi bo‘lgan holda, afsuslanib, “shunday qilganimda”, deya savobli ishlar qilolmaganini izhor etsa, makruh emas, deyiladi.

Mo‘minlarning imoni kuchli yo kuchsiz bo‘lishidan qat’i nazar, xayr-yaxshilik doim ular bilan birgadir. Mo‘min kishi doim dunyo va oxiratga foydali narsalarni izlab topib, uni bajarishi lozim. Ammo bu harakatni yolg‘iz o‘zi uddalay olmaydi. Albatta, Allohning hidoyati, inoyati, tavfiqi shart. Buning uchun har joyda, har vaqtda Allohga sig‘inish, unga iltijo qilish bandaning asosiy vazifalaridandir. Agar buni bajarmasa, oqibatda muvaffaqiyatga erishishning hech imkoni yo‘q.

Hayotda ojizlik sezsak, u o‘z kamchiligimiz tufayli sodir bo‘ladi. Allohga tavakkul qilish har bir ishning unumli bo‘lishiga olib keladi. Mo‘min Allohdan umidini aslo uzmasligi kerak. “Umidini yo‘qotgan insonning boshqa yo‘qotadigan narsasi yo‘q”, degan purma’no gap har on esda bo‘lishi lozim. Alloh O‘ziga ixlos bilan tavakkul qilganlarni aslo yolg‘iz tashlab qo‘ymaydi. U Rahmon va Rahimdir. Lutfu ehsoni bitmas-tuganmasdir. Muvaf­faqiyatsizlikka uchrab: “Oh, koshki shunday qilganimda edi, bunday bo‘lardi...” deb afsuslanmaslik lozim, maqolda aytilganiday “o‘tgan ishga salavot”.

Kuchli mo‘min Allohga mahbubroq ekanmi, demak, imoni kuchli bandaning Yaratgan Parvardigoriga muhabbati ham kuchli bo‘ladi.

 

DAVOMI BOR...

Kutubxona
Boshqa maqolalar

Huquqiy savodxonlikni oshirish yo‘lida

12.11.2025   1061   1 min.
Huquqiy savodxonlikni oshirish yo‘lida

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Oliy Hay’atining joriy yil 27 oktyabrdagi yig‘ilishi bayonining 10-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent shahridagi tumanlar ish yurituvchilari bilan mahorat darsi tashkillashtirildi. 
Unda Huquqshunoslik bo‘limi boshlig‘i Jahongir Hotamov masjidlar rahbar organlari tarkibidagi o‘zgarishlar to‘g‘risida adliya organlariga bir oy ichida ma’lumot berishi, masjid ustav va guvohnomalarini saqlashda e’tiborli bo‘lish, imom-xatib yo noiblar besh vaqt namozlarda ish joyida bo‘lishi shartligini ta’kidladi.
Bo‘lim yetakchi mutaxassisi Elyor Minovarov masjidlarda qurilish-ta’mirlash ishlarida loyiha hujjatlarini vakolatli idoralar bilan oldindan kelishish lozimligini eslatib o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi tashkilotlarda qonun hujjatlari talablariga amal qilish va huquqiy savodxonlikni oshirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan mazkur tadbir savol-javoblarga boy bo‘ldi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 
Matbuot xizmati

Huquqiy savodxonlikni oshirish yo‘lida Huquqiy savodxonlikni oshirish yo‘lida Huquqiy savodxonlikni oshirish yo‘lida Huquqiy savodxonlikni oshirish yo‘lida