Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Iyun, 2026   |   7 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:29
Asr
17:41
Shom
20:04
Xufton
21:46
Bismillah
22 Iyun, 2026, 7 Muharram, 1448

Ramazonga maktub

08.04.2020   6134   3 min.
Ramazonga maktub

Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsinki, bir necha oyga cho‘zilgan sog‘inch va ishtiyoqdan so‘ng nihoyat oylarning sultoni, ezgulik va xayr mavsumi, toatu ibodat fasli, saxovatu duo, tarovehu Qur’on oyi bo‘lmish muborak mohi Ramazon tarovating, fayzing va barakoting ila bizlarni hushnud etish, arafasida turibsan.

Ramazon, seni biz huddi yolg‘iz farzandi uzoq muddatga safarga ketib, qaytishini intizorlik bilan kutayotgan onadek, volidasini yo‘qotib qo‘yib uni intiqlik bilan qidirayotgan go‘dakdek sog‘inganmiz.

Ayniqsa, bugun butun dunyoni egallab, odamlarni vahimaga solgan “virus” senga bo‘lgan ishtiyoq va muhabbatimizni, intiqligimizni yanada oshirdi. 

O‘tgan yillarda senga bera olmagan mehrim, senla topa olmagan qalb halovatim va sen sabab erisha olmagan Alloh taoloning rizosi va marhamatiga, bu gal jiddu jahd va muxabbat ila barchasiga muyassar bo‘lish uchun azmi qaror qildim.

Alloh taolo sen haqingda bizlarga Qur’oni karimning Baqara surasi, 185-oyatida   shunday xushxabar berganlar: “Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir” (Baqara surasi, 185-oyat).

Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam sen kelganingda sahobalariga xushxabar berib, aytardilar: “Sizga muborak Ramazon oyi keldi. Alloh sizga uning ro‘zasini tutishni farz qildi. Bu oyda jannat darvozalari ochilur, jahannam qopqalari yopilur, itoatsiz jin-shaytonlar zanjirband qilinur. Bu oyda bir kecha bo‘lib, u ming oydan yaxshiroqdir. Kim o‘sha kechaning yaxshiligidan mahrum bo‘lsa, ko‘p yaxshilikdan mahrum bo‘libdi”

«Rasululloh sollallohu alayhi va sallam yana dedilarki: «U (Ramazon)ning oxirgi kechasida ro‘zadorlarning gunohlari kechiriladi», dedilar. Ular: «Ey Allohning Rasuli, u Qadr kechasimi?», deb so‘rashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yo‘q, lekin ishchi ishini ado etganidan so‘ng ajri – haqi to‘la qilib beriladi»

Nabiy sollallohu alayhi vasallam sening fazilating haqida so‘zlab: «Ramazonda har kecha Allohning do‘zaxdan ozod qilinadigan bandalari bor», deganlar.

Ramazon sen o‘xshashi yo‘q, fazilatda tengsiz muborak oysan. Umrimning butun boshli yillarini sening bir lahzalik tarovehing, bir onlik kunduzing va  soniyalik tuningga almashtirishga roziman.

Bilasanmi nima uchun seni yaxshi ko‘raman? Chunki sen Alloh taolo va Rasuliga mahbub, suyukli oysan. Alloh taoloning Kalomi ham aynan sening kunlaringda Nabiy alayhissalomga nozil bo‘lgan. Son-sanoqsiz mo‘minlar sening sharofating ila gunohlari kechirilib jahannamdan ozod bo‘lgan va jannatga kirgan. Sen sabab nochorlarga ko‘mak, ochlarga taom, yetimlarga muruvvat ko‘rsatiladi.Fazilating ila insonlar qalbiga hidoyat nuri, mehr-oqibat va yaxshilik urug‘i sochiladi. Ramazon seni yaxshi ko‘ramiz va seni biz mo‘minlarga tortiq qilgan Alloh taologa behad hamdu sano, seni qadrlagan va sevgan Rasuli Akram sallollohu alayhi vasallamga bexisob salovatu durudlar aytamiz.

Umid va niyat qilamizki sening fazilating sabab Alloh taolo balo-yu ofatlar, xastaliklar-u musibatlar, xususan ayni kunlardagi viruslarni insoniyat boshidan daf etib salomatlik va xotirjamlikni nasib etsin!

Sog‘inch va muhabbat bilan Saidabror Umarov

 

 

 

Ramazon-2020
Boshqa maqolalar

Saharlik qilmay, ro‘za tutsam bo‘ladimi?

19.06.2026   17985   1 min.
Saharlik qilmay, ro‘za tutsam bo‘ladimi?

Savol: Fazilatli oy va kunlarda nafl ro‘zalar tutib turaman. Ba’zida shunday holat bo‘ladiki, bomdodga turganimda saharlik vaqti chiqib ketgan bo‘ladi, lekin men shu kuni bemalol ro‘za tutishga kuchim yetadi. Shu vaqtda ro‘zaga niyat qilib olsam bo‘ladimi?


Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, nafl ro‘zalar uchun saharlik vaqti chiqib ketgan bo‘lsa ham, hatto kun yarmiga yetmaguncha niyat qilib olish mumkin, faqat saharlik vaqti chiqqandan keyin ro‘zani buzuvchi amallardan birortasini ham qilmagan bo‘lishi shart.

Demak, siz ham uyg‘onganda saharlik vaqti chiqib ketgan bo‘lsa ham, hech narsa yeb-ichmasdan nafl ro‘zani niyat qilib olsangiz bo‘ladi.

Aslida ro‘za tutishni niyat qilish vaqtlari ikkiga bo‘linadi.

Birinchisi, qazo ro‘za, kafforat va ma’lum bir kunni tayin qilmagan nazr ro‘zalarni tutishda saharlik vaqti chiqmasdan turib niyat qilish shart bo‘ladi. Saharlik vaqti chiqqandan keyin qilgan niyati hisobga o‘tmaydi.

Ikkinchisi, Ramazon ro‘zasi, nafl va muayyan kunda tutish nazr qilingan ro‘zalarni shar’iy nahorning yarmiga yetmagunicha niyat qilib olish mumkin. Shart shuki, niyat qilguncha ro‘zani buzadigan hech qanday ish qilmagan bo‘lishi kerak. Masalan, saharlik vaqti chiqqandan keyin biror nima yeb yoki biror qultum suv ichib qo‘ygan bo‘lsa, ro‘zaga niyat qila olmaydi. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi