Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsinki, bir necha oyga cho‘zilgan sog‘inch va ishtiyoqdan so‘ng nihoyat oylarning sultoni, ezgulik va xayr mavsumi, toatu ibodat fasli, saxovatu duo, tarovehu Qur’on oyi bo‘lmish muborak mohi Ramazon tarovating, fayzing va barakoting ila bizlarni hushnud etish, arafasida turibsan.
Ramazon, seni biz huddi yolg‘iz farzandi uzoq muddatga safarga ketib, qaytishini intizorlik bilan kutayotgan onadek, volidasini yo‘qotib qo‘yib uni intiqlik bilan qidirayotgan go‘dakdek sog‘inganmiz.
Ayniqsa, bugun butun dunyoni egallab, odamlarni vahimaga solgan “virus” senga bo‘lgan ishtiyoq va muhabbatimizni, intiqligimizni yanada oshirdi.
O‘tgan yillarda senga bera olmagan mehrim, senla topa olmagan qalb halovatim va sen sabab erisha olmagan Alloh taoloning rizosi va marhamatiga, bu gal jiddu jahd va muxabbat ila barchasiga muyassar bo‘lish uchun azmi qaror qildim.
Alloh taolo sen haqingda bizlarga Qur’oni karimning Baqara surasi, 185-oyatida shunday xushxabar berganlar: “Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir” (Baqara surasi, 185-oyat).
“Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam sen kelganingda sahobalariga xushxabar berib, aytardilar: “Sizga muborak Ramazon oyi keldi. Alloh sizga uning ro‘zasini tutishni farz qildi. Bu oyda jannat darvozalari ochilur, jahannam qopqalari yopilur, itoatsiz jin-shaytonlar zanjirband qilinur. Bu oyda bir kecha bo‘lib, u ming oydan yaxshiroqdir. Kim o‘sha kechaning yaxshiligidan mahrum bo‘lsa, ko‘p yaxshilikdan mahrum bo‘libdi”
«Rasululloh sollallohu alayhi va sallam yana dedilarki: «U (Ramazon)ning oxirgi kechasida ro‘zadorlarning gunohlari kechiriladi», dedilar. Ular: «Ey Allohning Rasuli, u Qadr kechasimi?», deb so‘rashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yo‘q, lekin ishchi ishini ado etganidan so‘ng ajri – haqi to‘la qilib beriladi»
Nabiy sollallohu alayhi vasallam sening fazilating haqida so‘zlab: «Ramazonda har kecha Allohning do‘zaxdan ozod qilinadigan bandalari bor», deganlar.
Ramazon sen o‘xshashi yo‘q, fazilatda tengsiz muborak oysan. Umrimning butun boshli yillarini sening bir lahzalik tarovehing, bir onlik kunduzing va soniyalik tuningga almashtirishga roziman.
Bilasanmi nima uchun seni yaxshi ko‘raman? Chunki sen Alloh taolo va Rasuliga mahbub, suyukli oysan. Alloh taoloning Kalomi ham aynan sening kunlaringda Nabiy alayhissalomga nozil bo‘lgan. Son-sanoqsiz mo‘minlar sening sharofating ila gunohlari kechirilib jahannamdan ozod bo‘lgan va jannatga kirgan. Sen sabab nochorlarga ko‘mak, ochlarga taom, yetimlarga muruvvat ko‘rsatiladi.Fazilating ila insonlar qalbiga hidoyat nuri, mehr-oqibat va yaxshilik urug‘i sochiladi. Ramazon seni yaxshi ko‘ramiz va seni biz mo‘minlarga tortiq qilgan Alloh taologa behad hamdu sano, seni qadrlagan va sevgan Rasuli Akram sallollohu alayhi vasallamga bexisob salovatu durudlar aytamiz.
Umid va niyat qilamizki sening fazilating sabab Alloh taolo balo-yu ofatlar, xastaliklar-u musibatlar, xususan ayni kunlardagi viruslarni insoniyat boshidan daf etib salomatlik va xotirjamlikni nasib etsin!
Sog‘inch va muhabbat bilan Saidabror Umarov
Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).
2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.
3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi