Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Noyabr, 2025   |   27 Jumadul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:52
Quyosh
07:15
Peshin
12:13
Asr
15:20
Shom
17:05
Xufton
18:21
Bismillah
18 Noyabr, 2025, 27 Jumadul avval, 1447

Islom tarixi: MUHAMMAD SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNING IMTIYOZLARI

06.04.2020   8216   15 min.
Islom tarixi: MUHAMMAD SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNING IMTIYOZLARI

IKKINCHI BOB

MUHAMMAD SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNING SIYRATLARI

Payg‘ambarlar kelishi bir muddat to‘xtab qolgach, Iyso alayhissalom va Muhammad sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambarliklari orasida insoniyat juda katta boshvoqsizlikka va zoyelikka yuz tutdi. So‘ng Muhammad sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambarliklari boshlandi. O‘zidan oldin o‘tgan barcha payg‘ambarlarning ta’limotlarini o‘zida jamlovchi, ularning tugallovchisi bo‘lgan bu payg‘ambarlik o‘zidan oldin o‘tgan barcha risolat va shariatlarni nasx – bekor qildi. Shu bilan birga, bu payg‘ambarlik bashariyatning barchasi uchun umumiy edi.

Alloh taolo Saba’ surasida marhamat qiladi:

«Seni barcha odamlarga faqat xushxabarchi va ogohlantiruvchi qilib yubordik. Lekin odamlarning ko‘plari bilmaslar» (28-oyat).

Rasululloh alayhissalotu vassalomning payg‘ambarliklari barcha zamonlar va makonlar uchun barobar edi. Shu bois bu payg‘ambarlikning sohibi ham oliy darajada bo‘lmog‘i, ana shu buyuk risolatni, omonatni ko‘tarishga qodir bo‘lishi kerak bo‘lardi. Shuning uchun Alloh subhanahu va taolo u zotga xos ajralib turadigan sifatlarni ixtiyor qildi.

Alloh taolo yaratgan bandalari ichida eng afzali, payg‘ambarlarning oxirgisi va mukammali bo‘lmish Muhammad sollallohu alayhi vasallamning muborak hayotlari barcha insoniyat uchun o‘rnak ekaniga, shuningdek, Alloh taoloning inoyati ila yo‘g‘rilgan ushbu muborak hayotning har bir lahzasi o‘ta aniqlik va diqqat bilan o‘rganilganiga ham zarracha shubha yo‘q.

Ha, bu ulug‘ hayot qanchalik diqqat bilan o‘rganilsa, shunchalik yaxshi.

Chunki bu hayot Odam Atoning pushtidaligidan to oxirgi lahzasigacha Alloh taoloning alohida inoyatiga sazovor bo‘lgan bir hayotdir!

Chunki u eng afzal bandaning, eng so‘nggi va eng mahbub Payg‘ambarning muborak hayotidir.

Chunki bu hayotning salkam yigirma uch yili osmon bilan yerning, ya’ni Robbul olamin bilan olamlarning bevosita bog‘lanishiga sabab bo‘lgan hayotdir.

Chunki bu hayot uning sohibi ilohiy dastur asosida to‘laqonli va yer yuzida jonli Qur’on bo‘lib yashagan hayotdir.

Chunki bu hayot barcha uchun go‘zal o‘rnak manbai, mo‘min-musulmonlar uchun ilhom chashmasi bo‘lgan hayotdir.

Chunki bu hayot uni diqqat bilan o‘rganib, undan o‘rnak olib, ergashib yashagan kishilar uchun jannat yo‘liga yetaklovchi hayotdir.

Chunki bu hayot osmonlar malakutiga ko‘tarilgan, har lahzasi Alloh taoloning vahiysi ila yo‘lga solingan va farishtalar ham havas qilgan hayotdir.

Shu bilan birga, bu hayot yer voqeligidan ajrab qolmagan, oddiy insonlik tabiatidan mutlaqo chetlamagan, oddiy ota-onadan tug‘ilib o‘sgan kamtar bir bandaning hayotidir.

Qolaversa, bu hayot dunyodagi barcha ezgu fazilatlarni o‘zida mujassamlashtirgan, barcha razolatlardan yiroq zotning hayoti ekani bilan diqqatga molikdir,

Chunki bu hayot Alloh taoloning O‘zi tomonidan yetarli darajada maqtalgan hayotdir.

Chunki bu hayot oshikdari ishqida yonib, uni diqqat bilan o‘rgangan va undan imkoni boricha o‘rnak olgan hayotdir.

Chunki bu hayot uning dushmanlari kamchilik topa olmay dog‘da qolgan, unga tuhmat qilib sharmanda bo‘lgan va oxiri uning buyukligiga tan bergan hayotdir.

Ana shunday vasfiga so‘z ojiz hayotni o‘rganishda, unga ergashishda bu muborak hayotning hamasrlari bo‘lmish sahobai kiromlar dunyo xalqlariga namuna bo‘lganlar. Ular Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam hayotlarining har bir lahzasini o‘ta sinchkovlik va diqqat bilan o‘rganib borganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak og‘izlaridan chiqqan har bir so‘z, u zot tomonlaridan sodir etilgan har bir harakatu sakinat (harakatsizlik) sahobai kiromlarning diqqat-e’tiborida bo‘lgan.

Sahobai kiromlar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam hayotlarining har bir lahzasi haqidagi o‘zlari bilgan ishonchli ma’lumotlarni tobe’inlarga omonat ila o‘rgatganlar. O‘z navbatida, tobe’inlar bu ma’lumotlarni o‘zlaridan keyingi musulmonlar avlodi – taba’a tobe’inlarga qoldirganlar.

Asta-sekin Payg‘gambar sollallohu alayhi vasallamning hayotlarini o‘rganadigan ilm va bu ilmning ko‘uzga ko‘ringan ulamolari yuzaga chiqa boshlagan.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning hayotlarini o‘rganishga bag‘ishlangan ilmga «As-siyratun-nabaviyya», bu ilmda mutaxassis bo‘lgan olimlarga esa «Siyrat ulamo­lari» nomi berilgan.

«Siyrat» so‘zini arab tilidan tarjima qiladigan bo‘lsak, «bir inson hayotining tarixi, hayot yo‘li», ta’bir joiz bo‘lsa, «tarjimayi hol» iborasiga to‘g‘ri keladi. Binobarin, istilohda «Siyrat – Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayotlarining tarixi, u zotning tarjimayi hollari», deya olamiz.

Bu borada so‘z yuritar ekanmiz, Payg‘ambarimiz sollal­lohu alayhi vasallamning siyratlari (tarixi bayoni) bu dunyoda o‘tgan barcha payg‘ambar alayhissalomlarning siyratlariga nisbatan eng to‘g‘risi, eng mukammali va eng ishonchlisidir. Insoniyat tarixidagi hech bir payg‘ambarning hayoti ilohiy kitobda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hayotlarichalik yoritilmagan. Hech bir payg‘ambar haqida u zotning hayotlari haqida sahobalar qilgan rivoyatlarchalik uzluksiz rivoyatlar kelmagan. Boshqa payg‘ambarlarning siyratlarida aniqlanmagan, uzilib qolgan halqalar juda ko‘p.

Alloh taoloning inoyati va yordami bilan musulmon ummati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hayotlarining har bir lahzasini katta aniqlik va e’tibor bilan o‘rganib, avloddan avlodga naql qilib keldi. Muhaddis ulamolarimiz bu rivoyatlarni aniq ilmiy yo‘l bilan tadqiq qilib, kitoblarga bitdilar. Ular haqida kitobimizning avvalida, tarix ilmining yozilishi haqidagi mavzuda so‘z yuritdik.

Yuqorida o‘tgan ma’lumotlardan Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning eng afzal bandasi va payg‘ambari ekanlarini o‘rgandik. Bu ulkan haqiqatda zarracha ham shubha yo‘q. Shunday bo‘lganidan keyin ana o‘sha eng afzal zotning dunyoga kelishlariga Allo taolo eng munosib jamiyat, eng afzal makon va zamonni tanlaganida ham zarracha shubha bo‘lmasligi kerak.

Alloh taolo Muhammad mustafo sollallohu alayhi va­sallamning dunyoga kelishlari uchun arab jamiyatini eng munosib deb topdi. Bu jamiyat o‘sha vaqtdagi eng johil ja­miyat edi, chunki bu jamiyat asrlar davomida o‘qish-yozish, fan-madaniyat, ilm-ma’rifat, dinu diyonat, qonun-qoida, tartib-intizom degan narsalarni bilgan emas.

Agar mazkur omillarni o‘zida mujassam qilgan xalq ichidan oxirgi zamon payg‘ambari tanlab olinganida, odamlar «Bu xalq eskitdan hamma narsani bilib kelgan, bu dinni ham o‘zlari uylab, joriy qilishgan», deyishlari mumkin edi. Bu narsalardan xoli bo‘lgan arablardan o‘zlariga o‘xshagan ummiy shaxsning payg‘ambar bo‘lishi va u zotning rahbarliklarida qisqa muddatda butun dunyoni jaholat botqog‘idan Islom nuriga olib chiqilishi esa ilohiy mo‘jiza bo‘lar edi.

Arablarning sirtdan nuqson bo‘lib ko‘ringan mazkur sifatlari Alloh taoloning irodasi bilan Islom xizmati yo‘lida fazilatga aylandi, chunki mazkur omillar tufali ularning fikriga biror mafkura chuqur o‘rnashmagan edi. Bu esa arablarning butun vujudiga Islom ta’limotlarini tag-tubi ila o‘rnashib ketishiga yordam berardi. Ularni hech kimga bo‘ysunmaganlari Allohdan o‘zgaga ibodat qilmaslik ishida yordamchi bo‘lar, qolavsrsa, ana shunday johil xalqning qiska muddat ichida insoniyatga hidoyat mayog‘i bo‘lib qolishining o‘zi ilohiy mo‘jizaga aylanardi.

Alloh taolo Muhammad mustafo sollallohu alayhi va sallamning dunyoga kelishlari uchun dunyoning eng munosib o‘lkasi - Arabiston yarimorolini tanladi. Bu o‘lka qadimiy payg‘ambarlardan ko‘plariga vatan bo‘lgan o‘lka edi. Idris, Nuh, Hud, Solih, Ismoil alayhissalomlar mana shu o‘lkada yashab o‘tgan, Ibrohim alayhissalom mana shu o‘lkaga Baytullohni qurgan edilar. Muso alayhissalomga mana shu o‘lkaning Madyan nomli joyida payg‘ambarlik berilgan edi. Fir’avn va uning qavmining tazyiqiga uchragan yahudiylar mana shu o‘lkadan panoh topishgandi. Shuningdek, rumliklarning dushmanligiga duchor bo‘lgan nasroniylar ham mana shu o‘lkaning Najron nomli joyidan (Yaman bi­lan Hijoz oralig‘ida) panoh topishdi. Alloh taolo bu o‘l­kaning tabiiy, jug‘rofiy va siyosiy holatlarini ana shun­day ishlar uchun juda ham qulay qilib qo‘ygan edi.

Alloh taolo Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamning dunyoga kelishlari uchun dunyoning eng afzal nuqtasi - Makkai mukarramani ixtiyor qildi. Avvalo, bu muqaddas shahar yer sharidagi quruqlikning qoq kindigida joylashgan edi. Dunyodagi eng oxirgi, eng mukammal, hamma zamon va makonlar, hamma xalqlar uchun ko‘zlangan shariatniig markazi aynan ana shunday joyda bo‘lishi matlub edi.

Eng muhimi, bu shaharning bag‘ridan payg‘ambarlarning otasi bo‘lmish Ibrohim alayhissalom o‘g‘illari Ismoil alayhissalomning yordamida Alloh taoloning amri ila qurgan Ka’bai muazzama joy olgan edi. O‘z navbatida, Baytullohni hamma arablar muqaddas hisoblashar edi. Ibrohim alayhissalomning davrlaridan buyon odamlar u yerga haj qilishardi. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Islom dinini joriy qilish uchun bundan ko‘ra afzalrok makon bo‘lishi ham mumkin emas edi.

Zamonga keladigan bo‘lsak, Alloh taolo O‘zining cheksiz hikmati ila Islom iayg‘ambari Muhammad mustafo sol­lallohu alayhi vasallamning dunyoga kelishlari uchun eng munosib paytni ixtiyor qildi.

O‘sha payt butun dunyoga, barcha insoniyatga atalgan, barcha zamon va makonlarga salohiyati bor, barchaga qiyomatgacha ikki dunyoning baxtini ta’min eta oladigan din joriy qilinishining ayni zamoni edi.

Anchadan buyon samoviy din yuborilmayotgan, Alloh tao­lo tarafidan yuborilgan samoviy dinlarning barchasi odamlar tomonidan buzilib, o‘z kuchi va ta’sirini mutlaqo yo‘qotgan edi.

Butparastlikning ham sharmandasi chiqib, hech kim unga e’tibor bermay qo‘ygan edi. Unga faqat mutaassiblik uchungina ota-bobolardan qolgan meros sifatida qaralardi. Turli butparast xalqlarning rahbarlari o‘z imtiyozlarini saqlash uchun xalqlarni majburlab, butparastlikda ushlab turishardi.

Majusiylik hukm surgan Fors, Xuroson va ularga yaqin bo‘lgan o‘lkalarda hayotning barcha sohalarida beboshlik hukm surar, ularda podshoh va hukmdorlar xalqning qonini ichishar edi. Majusiylikning zardushtiylik, monaviylik (moniylik) va mazdakiylik oqimlari insonning inso niyligini yo‘qotishi uchun barcha sharoitlarni ta’minlab bergan edi. Ularda er kishining o‘z onasiga, singlisiga yoki qiziga uylanishi maqtovga sazovor ish hisoblanardi. Shuning uchun nasl-nasabdan asar ham qolmagan, bunday tuzum va ta’limotlarning insoniyatga biror ezgulik ato qilishi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas edi.

O‘sha paytdagi keng tarqalgan ta’limotlardan biri – hinduiylikka kelsak, ahvol avvalgilardan ham battar edi. Bu ta’limotga binoan, kishilar turli tabaqalarga bo‘linardi. Bir tabaqa shoh boshqasi gado bo‘lib yashashi muqarrar edi. Ibodat borasida esa aql bovar qilmaydigan ishlar qilinardi. Hindistondagi ba’zi toifalar orasida hattoki erkak va ayol kishilarning jinsiy a’zolariga ibodat qilish yo‘lga qo‘yilgan edi. Bunday narsalar inson nima taqdim qila olishi mumkin?! Bunday narsalar insoniyat peshonasidagi or emasmi?!

Arabiston yarimorolidagi shirk va zulmu ahmoqgarchiliklar haqida gapirib o‘tirmasak ham bo‘ladi. Boshqalar qatori, bu yerda ham pastkashlik va razolat o‘zining eng avj nuqtasiga chiqqan, haromxo‘rlik, zinokorlik, aroqxo‘rlik, zo‘ravonlik, o‘g‘rilik, qaroqchilik va boshqa razilliklar keng tarqalgan edi.

Odamlar nimani ko‘rsalar, nimani topsalar – hayvon so‘yilganida oqqan qonmi, harom o‘lgan hayvonning go‘shtimi yoki undan ham battarroq narsami, zo‘r ishtaha bilan yer edilar.

Zinokorlik qilmagan odam ahmoq hisoblanar edi. Zinoning turli-tuman uslublari keng tarqalgan, er o‘z xotinini  aslzoda hisoblangan boshqa bir erkakning oldiga olib borib: «Sizdan bolali bo‘lishi uchun xotinim bilan aloqa qiling», deb iltimos qilishi esa mardlik hisoblanar edi.

Aroqxo‘rlik faxrlanishga arzigulik ish edi. Mardlik va shijoati bilan nom qozongan biron kishi aroq ichib o‘tirganida, otasining o‘ldirilgani haqida xabar kelib qolsa, «Bugun xamr – ertaga amr», deb arog‘ini ichishda davom etaverardi.

Johiliyat davrida arablarning o‘z oilasida tug‘ilgan qiz bolani tiriklay ko‘mib yuborishi, bir qabilaning shu qabiladagi kampirning xasta tuyasini o‘ldirib qo‘ygan boshqa qa­bila ila yuz yil urush qilishi, o‘z «xudo»sini uyida unutib qoldirganda, to‘rvasidagi xurmo mevasini bir-biriga yopishtirib «xudo» yasab olishi va unga ibodat qilishi, qorni och- ganda esa o‘sha «xudo»ni yeb qo‘yishi oddiy bir holat edi.

Gapning qisqasini aytadigan bo‘lsak, milodiy VII asrning boshiga kelib dunyo jaholat botqog‘iga to‘la botgan, u shu botqoqdan chiqishga juda muhtoj edi.

Dunyo turli tuzum va dinlarning zulmati ichida qolgan bo‘lib, u mazkur zulmatlardan nurga chiqishga talpinardi.

Dunyo keng tarqalgan zulm va istibdoddan ingrab, adolat nash’asini surishga orziqardi.

Dunyo bandalarning bandalarga yoki o‘zlari qilib olgan soxta xudolarga ibodati bilan to‘lgandi. Mazkur holatdan qutulishning vaqti kelgan, barcha xalq, barcha ummat yagona Robbga ibodat qilishga juda-juda muhtoj edi.

 

MUHAMMAD SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAMNING IMTIYOZLARI

Birinchi. Alloh subxanahu va taolo u zotni arablar ichidan tanlab oldi. Zotan, arab ummati o‘rtacha ummat edi. Alloh taolo u zotni Quraysh orasidan sayladi. Zotan, Quraysh arab qabilalarining eng afzali edi. Alloh taolo u zotning nasablari Quraysh qabilasining Banu Hoshim nomli eng sharafli urug‘idan bo‘lishini nasib etdi.

Ikkinchi. U zotning vatanlari o‘rtada joylashgan, bu vatan joylashgan yerdan hamma taraflarga da’vat otilib chiqishining imkoni bor edi.

Uchinchi. Alloh taolo bu zotning qiymati ulug‘ bo‘lishi uchun payg‘ambarlari oz bo‘lgan ummat ichidan tanlab oldi.

To‘rtinchi. Alloh taolo u zotni payg‘ambarlardan uzoqlashish davrida, insonlar u zotni kutib, tayyorgarlik ko‘rib, intizor bo‘lib turgan bir paytda yubordi.

Beshinchi. Alloh subhanahu va taolo O‘zining samoviy kitoblarida Muhammad sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambar etib yuborilishlari to‘g‘risida xabar bergan.

Oltinchi. Alloh taolo u zotni sahroviy hayotdagi xalqning ichidan tanlab oldi. Zotan, ularning madaniyati va tamadduni buzilmagan edi.

Yettinchi. Alloh taolo u zotni o‘qish-yozish tarqalmagan xalq ichidan, falsafalar va turli ilmlarni bilmaydigan xalq ichidan tanlab oldi.

Sakkizinchi. Alloh taolo u zotning siyratlarini hamma bilishini, barcha tafsilotlari ochiq-oydin va ravshan bo‘lishini iroda qildi, toki u zot o‘zlaridan boshqalarga o‘rnak bo‘lsinlar.

Tuqqizinchi. Muhammad sollallohu alayhi vasallamning siyratlari jamlovchi xususiyatga ega bo‘lib, hayotning bar­cha sohalarini qamrab olgan.

O‘ninchi. U zotning siyratlari amaliy va voqeiy siyratdir. Barcha zamonlardagi va makonlardagi odamlar uni o‘z hayotlariga tatbiq qilish imkoniyatiga egadirlar.

Ana shunday bir paytda Alloh taoloning irodasi ila bir nur tug‘ildi. U zotning siyratlari – hayotlari barchaga o‘rnak bo‘ladigan bo‘ldi.

 

KЕYINGI MAVZULAR:

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning tug‘ilishlari va nasablari;

Emizdirilishlari;

Hazrati Ominaning vafotlari;

Bobolari Abdulmuttalib qaramog‘ida;

Amakilari Abu Tolib qaramog‘ida;

Fuzul bitimida ishtirok etishlari;

Xadiyjaga uylanishlari;

Makka ahlining diyonati;

Ka’bani qayta qurish;

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Bag‘rikenglik qaror topgan yurtda rivojlanish bo‘ladi

18.11.2025   119   9 min.
Bag‘rikenglik qaror topgan yurtda rivojlanish bo‘ladi

Munosabat

Alloh taologa beadad shukrki, yurtimizda yuzdan ziyod millat va elat vakillari o‘zaro hurmat, do‘stlik va hamjihatlik muhitida yashaydi. Albatta, bashariyat uchun xayrli bo‘lgan bu hodisa zamirida yangi O‘zbekistonning bag‘rikenglik va totuvlik g‘oyalariga xayrixohlik siyosati mujassam.

O‘zbek xalqi asrlar mobaynida e’tiqod qilib kelayotgan, inson qadrini, ilm-ma’rifatni, ezgulik va bag‘rikenglikni targ‘ib etuvchi islom dini va payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom biz — mo‘minlarni boshqa din vakillari bilan tinch-totuv hayot kechirish, ularning haqiga rioya etish va jamiyat ravnaqi yo‘lida hamkorlik qilishga chaqirganlar.

Unutmaslik kerakki, o‘zga din vakillari bilan muomalaga kirishgan kishi ular havas qiladigan darajada go‘zal axloqli bo‘lishi lozim. Qaysi jamiyatda bag‘rikenglik tamoyillari mustahkam qaror topgan bo‘lsa, o‘sha yerda o‘zaro hurmat va do‘stona munosabatlar rivojlanadi, insonlar tinch va osoyishta hayot kechiradi. Tinchlik bo‘lmagan joyda taraqqiyot va farovonlik bo‘lmagani kabi bag‘rikenglik bo‘lmagan jamiyatda osudalik hukm surmaydi. Shu bois, insoniyat yer yuzida hayot kechira boshlaganidan buyon bag‘rikenglik tamoyillariga amal qilib yashashga katta ehtiyoj sezadi.

Insoniyat tarixiga nazar tashlasak, qaysi jamiyatda ahillik, birodarlik, o‘zaro hamjihatlik mustahkam bo‘lsa, kuchli taraqqiyotga erishilganini ko‘ramiz. El osoyishta, xalq farovonlik yashagan. Aksincha, murosasizlik, o‘zaro xusumat kuchayib, urush va mojarolar avj olgan joyda yurt vayronaga, el parokandalikka yuz tutgan. Shuning uchun islom dini turli e’tiqoddagilarni diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik tamoyillari asosida yashashga da’vat etgan.

Bugunga kelib saodat sohiliga aylangan yangi O‘zbekistondagi tinchlik va osoyishtalik, turli e’tiqod egalari orasidagi totuvlik muhiti tahsinga sazovor. Vatanimizdagi bunday holatga xorijlik birodarlarimiz ham havas bilan qaraydi.

O‘zbekistonda diniy bag‘rikenglik borasida kuzatilayotgan barqarorlik va millatlararo totuvlikning qator sabablari bor. Avvalo, Haq taolo bir yurtda umrguzaronlik qilayotganlarni ahil yashash va yurtni obod etishga buyurgan. Islom dinimiz to‘g‘ridan to‘g‘ri bag‘rikenglikka chorlagan. Diniy bag‘rikenglik va millatlararo hamjihatlik tamoyili Prezidentimiz boshlagan insonparvar islohotlarning eng muhim bo‘g‘iniga aylangan. Shu bois, Vatanimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lashga hamisha ulkan e’tibor qaratiladi. Har yili yurtimizda an’anaviy o‘tkaziladigan “Bag‘rikenglik haftaligi” ham ana shu yuksak e’tibor mevasidir.

Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qilgan: “Ey insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik” (Hujurot surasi, 13-oyat). Bu oyati karima odam bolalari o‘rtasidagi tenglik va do‘stlikka dalolat qilguvchi, ma’rifatga chorlovchi ilohiy nido aslida.

Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisi shariflarning birida “Odamlarga tashakkur aytmagan Allohga ham shukr qilmaydi”, deyiladi. Yurtimizdagi tinchlik, barqarorlik muhiti, diyorimizda yashayotgan turli din va millat vakillari orasidagi totuvlik mustahkamligi, qo‘shni davlatlar va u yerlarda yashayotgan xalqlar bilan yuzaga kelgan do‘stona aloqalar uchun Alloh taologa beadad shukr qilgan holda unga sababchi bo‘lgan davlatimiz rahbariga – yangi O‘zbekiston me’moriga, albatta, tashakkur izhor qilish lozim.

Atrofimizdagi qo‘shni xalqlar va millatlar bilan do‘stona aloqalarimiz yangi O‘zbekiston rahbarining insonparvar qarashlari va islohotlari tufayli mutlaqo samimiy, ishonch va birdamlik bosqichiga kirdi. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” nomli maqolasida bunday yozadi: “Markaziy Osiyo o‘z taraqqiyotining yangi, tarixiy ahamiyatga molik bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Bugun biz chinakam birdamlik bosqichiga o‘tyapmiz. Bizning mintaqamizda uzoq yillar davomida ilk bor birgalikda oldinga qarab borishimiz uchun poydevor bo‘lib xizmat qilayotgan o‘zaro ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va hurmat muhiti shakllanmoqda”.

Vatanimizdagi keng ko‘lamli islohotlar aniq maqsadlarga xizmat qiladi. Bu maqsadlar zamirida esa, shubhasiz, inson qadri mujassam. Dinimiz ko‘rsatmalariga hamohang tarzda yangi O‘zbekistonda qabul qilinayotgan qonun-qoidalar va me’yoriy hujjatlar ham e’tiqod erkinligi, inson sha’nini hurmatlash va haq-huquqlarni himoya qilishni ko‘zlaydi. O‘zbek xalqining mutlaq xayrixohligi bilan qabul qilingan, ezgu niyatlar bilan yangilangan bosh qonun – O‘zbekiston Konstitutsiyasi mamlakat fuqarolarining munosib hayot kechirishi, millatlararo va konfessiyalararo totuvlik, ko‘p millatli jonajon Vatanimizning farovonligini va gullab-yashnashini nazarda tutadi.

Bosh qonunning 4-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”, deb yozilgan. Shu yil 25 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun ham davlatchiligimiz tarixi va umuminsoniy qadriyatlarga tayangan holda ishlab chiqilgan. Mazkur konsepsiya fuqarolarning teng huquqliligini kafolatlaydi, diniy konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi davrida har yili 16 noyabr Xalqaro bag‘rikenglik kuni sifatida keng nishonlab kelinmoqda. Mazkur sana munosabati bilan “Bag‘rikenglik haftaligi” tashkil etilishi hamda shu haftalik doirasida turli anjumanlar, davra suhbatlari, uchrashuvlar, taqdimotlar va madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi yaxshi an’anaga aylangan.

Jamiyatimizda dinlararo hamjihatlik va bag‘rikenglikni keng targ‘ib etgan, o‘zaro hamkorlik rivojiga munosib hissa qo‘shganlarni taqdirlash uchun Vazirlar Mahkamasi qarori bilan “Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishoni ta’sis etilgan.

O‘zbekiston xalqi bu yorug‘ olamda yashayotgan bag‘rikeng va mehmondo‘st xalqlar qatorida zikr etiladi. Azaldan diyorimizda yashab kelayotgan turli millat va elat vakillari o‘zaro yelkadosh bo‘lib, bir-birining og‘irini yengil, mushkulini oson qilgan. Shuning uchun xursandchilikda ham, to‘y va ma’rakada ham ko‘p millatli xalqimizning hamjihatligiga hamisha guvohmiz.

Parvardigorimiz barcha millat va e’tiqodlar orasida adolat bilan ish tutishga chaqiradi. Chunki bashariyatning asli bir: hamma Odam Ato va Momo Havvodan tarqalgan. Alloh taolo ularni turli xalqlar va qabilalarga ajratib qo‘ygan. Insonlarning turfa xalq va qabilalarga bo‘linishining hikmati esa o‘zaro tanishish, hamkorlik va ma’rifatda bardavom bo‘lishdadir.

Muqaddas dinimiz o‘zidan oldingi samoviy dinlarni ehtirom qilish barobarida ularga va ularga e’tiqod qiluvchilarga muruvvat ko‘rsatishni buyuradi. Bu haqiqatni o‘ta ulkan zakovati bilan anglay olgan movarounnahrlik mashhur mufassir Abul Barakot Nasafiy “Madorik ut-tanzil” asarida “Mumtahana” surasining 8-oyatini bunday tafsir qilgan: “O‘zga din vakillariga ehtirom ko‘rsating, ularga so‘z bilan ham, ish bilan ham yaxshi muomalada bo‘ling!”

Ulug‘ allomaning tafsirda bunday xulosaga kelishiga hazrati payg‘ambar alayhissalomning Habashistondan kelgan nasroniy mehmonlarni o‘z masjidlariga tushirganlari va: “Ular bizning sahobalarimizni hurmat qilgan edilar. Men ularni izzat-ikrom qilishni xush ko‘raman”, deb shaxsan o‘zlari ularga xizmat qilganlari haqidagi dalil sabab bo‘lgandir, ehtimol.

Islom tarixida bunday voqealar juda ko‘p...

Islom ta’limoti o‘zga din va millat vakillari bilan hamisha chiroyli va bag‘rikeng munosabatda bo‘lishga chorlaydi. Bu go‘zal chorlovdan hosil bo‘lgan ezgu an’analar bugun ham bardavom. Xususan, imomlar homiylar va hojilarni jalb qilgan holda o‘zi faoliyat yuritadigan masjid joylashgan mahalla hududidagi ehtiyojmand oilalar holidan muntazam xabar olib turadi. Bu holatda qaysi millat yo din vakili bo‘lishidan qat’i nazar, ehtiyojmandlarga ham moddiy, ham ma’naviy yordam ko‘rsatiladi. E’tibor va ardoqdan ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilgan yurtdoshlarimiz esa el-yurtimiz tinchligi va farovonligini so‘rab duo qiladi.

“Yomg‘ir bilan yer ko‘karadi, duo bilan el ko‘karadi” deydi dono xalqimiz. Shu ma’noda aytish mumkinki, bugun xalqimizga yetayotgan jami yaxshiliklarga yurt egasining ezgu maqsadi, shu maqsadning amaliy qadamlari va bu qadamlardan manfaat ko‘rayotgan fuqarolarning chin dildan qilayotgan samimiy duolari sabab.

Alloh taolo aziz va mustaqil yurtimizda yashayotgan barcha mo‘min-musulmonlarning, millat va elatlar vakillarining tinch-totuv, o‘zaro hurmat va e’tiborda istiqomat qilishida madadkor bo‘lsin. Yangi O‘zbekistonning, inson qadrining faol himoyachisi bo‘lgan muhtaram Prezidentimizning jamiyatda hamjihatlik va barqarorlik, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash borasidagi ezgu ishlariga qut-baraka yog‘ilaversin.

Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy,

Oliy darajali Imom Buxoriy ordeni sohibi

MUFTIY MINBARI