Sayt test holatida ishlamoqda!
23 May, 2025   |   25 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:19
Quyosh
04:58
Peshin
12:25
Asr
17:29
Shom
19:45
Xufton
21:18
Bismillah
23 May, 2025, 25 Zulqa`da, 1446

Ramazonga tayyormisiz: vaqtni behuda sarflamang

06.04.2020   4189   4 min.
Ramazonga tayyormisiz: vaqtni behuda sarflamang

Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning sunnatlarida ham vaqtning qimmati va ahamiyati alohida ta’kidlanadi. Qiyomat kuni Alloh taolo huzurida  vaqt har bir insonning zimmasidagi ulug‘ bir mas’uliyat va qarz ekani zikr etiladi. Hatto hisob-kitob kunida bandaga beriladigan asosiy to‘rt savoldan ikkitasi ana shu vaqt haqida bo‘lishi hadislarda ta’kidlab o‘tilgan.        Muoz ibn Jabal raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar: “Banda qiyomat kuni to‘rt xislatidan so‘ralmagunicha bir qadam ham oldinga siljiy olmaydi. Bu savollardan birinchisida – umrini nima bilan o‘tkazgani; ikkinchisida – yoshlik davrida nima bilan mashg‘ul bo‘lgani; uchinchisida – mol-dunyoni qay yo‘sinda (qaysi kasb orqali)topgani va nimalarga sarflagani; to‘rtinchisida – ilmiga qanday amal qilganidan so‘raladi”.

Ulug‘ tobe’inlardan Hasan Basriyning shunday so‘zlari bor: “Shunday zotlar bor ediki, sizlar dirham-dinorlaringizga haris bo‘lganingizdan ko‘ra ular vaqtlariga qattiqroq haris edilar... Odam bolasining har bir kuni quyidagi so‘zlarni aytib o‘tadi: “Ey odam bolasi, men yangi kunman va qiladigan amalingga guvohman. Agar o‘tib ketsam, qaytib kelmayman. Xohlagan ishingni qil, uning samarasini qariganingda topasan va xohlagan ishingni kechiktir, u senga aslo qaytib kelmaydi”.

Ulug‘lardan biri Abu Hafs Naysoburiy: “Har bir vaqtning o‘z odobi bor, kim vaqt odoblariga rioya qilsa ulug‘lar darajasiga yetadi”, deb aytgan.

Solihlardan biri yana shunday degan: “Bandaning vaqtlari to‘rt turli bo‘ladi, beshinchisi yo‘qdir: ne’matda kechgan vaqt, kulfatda o‘tgan vaqt, itoat bilan o‘tgan vaqt, ma’siyat-gunoh qilib o‘tkazilgan vaqt”.

Endi agar bu vaqt oylarning sayyidi Ramazon oyida behuda sarflansa nima bo‘ladi? Biz bu muqaddas oyda vaqtimizni qanday o‘tkazmog‘imiz lozim?

Mumkin emas – foydasiz!

Avvalo, Ramazon oyida o‘zimizni turli behuda, na dunyoimiz obodligi va na diminiz ravnaqiga hissa qo‘shmaydigan odatlar, voqeliklar va vaqtingizni o‘g‘irlovchi kishilardan uzoqlashing. Xo‘sh, buni qanday amalga oshirasiz?

Ishni saxarlikdan so‘ng to quyosh chiqquncha uxlamaslikka g‘arakat qiling.

Ramazon oyi odoblari, islom dini mohiyati va xulqingizni taftish etishga undovchi kitoblar va manbalar bilan astoyidil tanishib chiqing. Zero, amalni bajarishdan avval u haqda yetarlicha bildimga ega bo‘lmaslik oxir oqibat adashishlikka olib keladi.

Odamlar bilan tortishish, bahslashish, janjallashish kabi odatlardan uzoqlashing. Buning uchun voqelikka sukut bilan chetdan nazar tashlash kifoya.

Bozor, supermarket, hiyobon va boshqa joylarga qisqa sayru sayohatlarni imkon qadar kamroq amalga oshiring.

Yoqtirgan teleserial, badiiy film, konsert, shou hamda tomoshalarni ko‘rishni cheklang. Ular sizga hech qanday manfaat bermaydi. Aksincha vaqtingizni o‘g‘irlaydi va buning uchun keyinchalik qattiq nadomat chekasiz.

Ijtiomiy tarmoqlardan hech bo‘lmaganda bir oy foydalanmang. Agar ma’naviy ozuqa olishga yordamlashidiganlari bo‘lsa unda kunda 1 soat shug‘ullansangiz bo‘ladi.

Mumkin – foydali!

Ramazon oyida vaqtni foydali va unumli o‘tkazishuchun:

  1. Ko‘proq o‘zingizga savol bering? Nima uchun, nima maqsadda, oxiratim uchun qanday foyda bor?
  2. Hayot tashvishlaridan biroz cheklaning. Asosiy mehnat va ish faoliyatingizdan tashqari diningiz uchun foydasi yo‘q ishlarni tark eting.
  3. Ko‘proq Qur’on tinglang va har kuni Qur’ondan hech bo‘lmaganda 3-4 oyat yodlang. Kichik suralardan boshlasangiz oson bo‘ladi.
  4. Agar bugundan boshlab har kuni bitta hadis yodlashni odat qilsangiz, ramazon oyi so‘ngida kamida 30 xadis yod olasiz.
  5. Kunning bir qismini albatta oilangiz uchun ajrating. Chunki ular uchun siz mas’ulsiz.
  6. Ulamolar va taqvodorlar suhbatida bo‘lishga harakat qiling.
  7. Farz va sunnat amallarni mukammal qilishga va nafl ibodatlarga ishtiyoqingizni oshiring! Alloh taoloni rozi qilish maqsadida yashang va har kuni takror va takror duoda bo‘ling!
  8. Taroveh namozi fazilati va barokatidan bahramand bo‘lishni unutmang!

 

Ramazon oyi siz va oilangiz uchun fayzu barokat olib kelsin!

 

Saidabror Umarov

Boshqa maqolalar

Muhammad Said Ramazon al-Butiy

16.05.2025   7241   5 min.
Muhammad Said Ramazon al-Butiy

Muhammad Said ibn Ramazon ibn Umar ibn Murod al-Butiy 1929 yilda Usmoniylar imperiyasi tarkibida bo‘lgan, bugungi kunda Turkiya Respublikasi hududiga kiruvchi Jizre (arabcha: Jazirat ibn ‘Umar, kurdcha: Cizîrê Botan) viloyatiga qarashli Jalka qishlog‘ida tavallud topgan. Ushbu hudud tarixan boy ilmiy va madaniy merosga ega bo‘lib, ko‘plab yetuk shaxslar, ayniqsa islom olimlari bilan mashhur bo‘lgan. Jizre hududi o‘zining uzoq yillik ilm-fan va ma’rifat an’analari bilan ajralib turadi. Tarixiy manbalarda bu yerda yashab o‘tgan ko‘plab olimlarning ismlari tilga olinadi. Jumladan, buyuk musulmon tarixchisi va "al-Kamil fī’t-Tarix" asari muallifi Ibnul-Asir (1160–1233), mashhur qiroat olimi Abul-Xoyr Muhammad ibn Muhammad al-Jazariy, mexanika va texnika sohasida kashshof sifatida tanilgan, "al-Jami' baynaal-'ilm val-'amal an-nafi' fī ṣina'at al-ḥiyal" asari muallifi Abul-‘Izz ibn Isma‘il ar-Rozzaz al-Jazariy (vafoti 1206-yil) shular jumlasidandir.

Muhammad Said Ramazon al-Butiy ana shunday yuksak martabali olimlardan biridir. U Islom olamida asosan fiqh, da’vatchilik faoliyati, asarlari va siyosat bilan aloqasi sababli mashhur bo‘lgan. Uning ilmiy merosi, asarlari va ilgari surgan g‘oyalari ko‘pincha G‘azoliy bilan qiyoslanadi [1].

Muhammad Said Ramazon al-Butiy 1934-yilda oilasi bilan Suriyaning Damashq shahriga hijrat qilgan. Ular asosan kurdlar istiqomat qiladigan Ruknuddin mahallasiga joylashadilar. Butiy bolaligidan Qur’on ta’limini boshlaydi va atigi olti oy ichida Qur’onni to‘liq xatm qiladi. Keyinchalik otasi bosh-qoshligida turli madrasalarda diniy ilmlar bilan shug‘ullanadi. 1953-yilgacha Shayx Hasan Habanka al-Maydoniy boshchiligidagi "At-tavjih al-islomiy" kollejida nahv, mantiq, balog‘at, usul va boshqa diniy fanlarni o‘rganadi.

1953-yilda Misrning Azhar universiteti Shariat fakultetiga o‘qishga kirib, 1956-yilda tamomlaydi. 1957-yilda Humus shahrida diniy madaniyat o‘qituvchisi sifatida faoliyat boshlaydi. 1960-yilda Damashq universitetining Shariat fakultetida yordamchi lavozimiga tayinlanadi. 1965-yilda Azhar universitetida "Islom huquqida "Maslaha" mavzusida doktorlik dissertatsiyasini "Mumtaz" (juda a‘lo) bahosi bilan himoya qiladi. Shundan so‘ng u Damashq universitetida professor unvoniga erishib, islom huquqi, fiqh, aqida va siyrat fanlaridan saboq beradi.

1970-yilda dotsent, 1975-yilda professor, 1977-yilda esa Shariat fakulteti dekani lavozimiga tayinlanib, 1993-yilgacha bu lavozimda ishlaydi. U arab, kurd, turk va ingliz tillarini yaxshi bilgan. Akademik faoliyati davomida u kitoblari, televideniya, radio va internet orqali keng ommaga diniy ta’lim yetkazgan. Uning Damashqdagi yirik masjidlardagi va’zlari ko‘p sonli kishilarni jamlagan.

Yevropalik tadqiqotchi Andreas Christmann ta’kidlaganidek, diniy amallarga rioya qilmaydigan hatto musulmon bo‘lmagan kishilar ham uning ma’ruzalariga qiziqish bildirgan [2]. 2005-yilda Dubay Qur’on Xizmat Kengashi uni "Namunali Islom Olimi" deb e’tirof etgan. 2012-yilda esa Iordaniya Qirollik Akademiyasi tomonidan tuzilgan eng nufuzli 500 musulmon ro‘yxatida 22-o‘rinni egallagan.

Butiy aqidada Ash’ariy kalom maktabiga ergashgan bo‘lib, salafiylik oqimiga tanqidiy yondashuvi bilan mashhur edi. Fiqhiy yo‘nalishda esa Shofi’iy mazhabiga mansub bo‘lgan.

Butiyning ilmiy faoliyatida birinchi yirik yutug‘i sifatida "ad-Davabitu’l-Maslaha fi’sh-Shari‘ati’l-Islamiyya" nomli doktorlik dissertatsiyasi bo‘lib, bu asar Islom huquqidagi "Maslaha" masalasini chuqur tahlil qilgani sababli tadqiqotchilar tomonidan muhim manba sifatida qadrlanadi.

Uning asl shuhrati esa "Fiqhus-siyra" asari orqali keng tarqalgan. Ushbu kitobda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hayotlari asosida shar’iy va fiqhiy xulosalar chiqarilib, yangicha ilmiy uslubda taqdim etilgan.

Tahrirchi Bot, [16.05.2025 12:30]
Butiy 70 ga yaqin kitob va ko‘plab maqolalar muallifi bo‘lib, Islom ummati muammolariga bag‘ishlangan "Abhas fi’l-Kimme" nomli o‘nta risoladan iborat to‘plami ham e’tibor qozongan. Bu risolalarda u muammolarga yechimlarning o‘zini emas, balki ularning asl sabablari, xususan, G‘arb qarshisida musulmonlarning ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan orqada qolish omillarini ochib berishga intilgan.

U butun umri davomida islomiy fikr, axloq va ma’rifatni targ‘ib etishda fidokorona xizmat qilgan. Afsuski, bu yuksak ilm va taqvo sohibi 2013 yil 21 mart kuni Damashqdagi Imom masjidida dars berayotgan paytida shahid bo‘ldi. Uning vafoti nafaqat Suriyada, balki butun Islom olamida chuqur iztirob bilan qabul qilindi. Shu tariqa Ramazon Butiy o‘zining boy ilmiy merosi va mardonavor xizmatlari bilan musulmon ummatining qalbida chuqur iz qoldirdi.

Muhammaddiyor MO‘MINOV,
Toshkent Islom instituti 402-guruh talabasi.
 

[1] Mahsum Aslan. Muhammed Said Ramazan el-Bûtî’nin hayatı, eserleri, ilmî kişiliği ve fıkıhçılığı "Muhammad Said Ramazon al-Butiyning Hayoti, Asarlari, Ilmiy Shaxsiyati va Fiqhchilig‘i" nomli magistrlik dissertatsiyasidan. Dijla Universiteti, Sotsial fanlar instituti, Diyarbakir, qisqartirma, 2014.–  J.1. — B.1.

[2] Andreas Christmann. Islamic scholar and religious leader: A portrait of Shaykh Muhammad Sa’id Ramadan al-Būti “Musulmon Olim va Diniy Yetakchi: Shayx Muhammad Said Ramazon al-Butiy”, tarj. Muammer İskenderoğlu, Usul islomiy tadqiqotlar jurnali, Son: 2, Iyul-Dekabr, 2004. – 129-154, - B.130.