Bizga nohaqlik yoki zulm qilishsa, bundan dilimiz og'rib, xafa bo'lamiz, balki o'sha inson bilan aloqani uzishga qaror qilamiz.
Suyukli Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam mo'minlar bir-biri bilan uch kechayu uch kunduzdan ortiq xafalashib yurishi joiz emasligini aytganlar. Chunki o'zaro ziddiyat avjiga chiqqan paytda his-tuyg'ularga erk berilish oraga sovuqchilik tushiradi. Shuning uchun bizga ziddiyat markazidan uzoqlashish, tinchlanib o'ziga kelib olish, obdon o'ylab ko'rish va vaziyatni tahlish qilish, keyin afsus-nadomatni keltirib chiqaradigan xatoga yo'l qo'ymaslik uchun uch kun muhlat berilgan.
Biroq xafalashishning diniy yoki shar'iy sababi bo'lsa, u holda ziddiyatning echimiga kengroq yondashiladi. Bunday vaziyatda mo'minlar, quyidagi hadislarga qat'iy amal qilishi kerak:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir-biringizni yomon ko'rmang. Bir-biringizga hasad qilmang. Bir-biringizga qarshi tadbir qilmang. Ey Allohning bandalari! Birodar bo'ling! Musulmon uchun o'z birodaridan uch kundan ortiq arazlab yurishi halol emas”.
Abu Ayyub Ansoriydan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Musulmonga o'z birodaridan uch kundan ortiq arazlab yurishi halol emas. Uchrashganlarida unisi ham yuz o'giradi, bunisi ham yuz o'giradi. Ularning yaxshisi avval salom berganidir”, dedilar».
Shuni unutmaslik kerakki, bu dunyoda eng oliy maqsadi iymonli bandalarni yo'ldan urish bo'lgan shayton mo'minlar bir-biri bilan janjal qilsa va xafalashsa, behad xursand bo'ladi. Alloh taolo nazdida esa, yarashishga birinchi bo'lib qadam qo'ygan banda yaxshi musulmondir.
Alimardon HAYITOV
tayyorladi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati