بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ لله الَّذِي جَعَلَ النِّكَاحَ سُنَّةً لِلْأَنَامِ وَفَاصِلاً بَيْنَ الْحَلَالِ وَالْحَرَامِ وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ مُحَمَّدٍ الَّذِي قَالَ النِّكَاحُ سُنَّتِي فَمَنْ رَغِبَ عَنْ سُنَّتِي فَلَيْسَ مِنِّي أَمَّا بَعْدُ
NIKOH – MUQADDAS RISHTA
Muhtaram jamoat! Nikoh – Islomdagi eng muqaddas tushunchalardan biri bo‘lib, kishining nikohlanib, oila qurishi ibodat hisoblanadi. Bu haqda hanafiy mazhabining eng yirik ulamolaridan bo‘lgan Ibn Obidin rahmatullohi alayh shunday deganlar: “Odam alayhissalomdan to qiyomatgacha ibodat qilib belgilangan hamda jannatda ham davom etadigan amal ikkita: birinchisi – iymon, ikkinchisi – nikohdir”.
Ma’lumki, nikoh tufayli oila barpo bo‘ladi. Oila ham bir kichik jamiyat bo‘lib, uning rahbari erdir. Agar er o‘z vazifasini mas’uliyat bilan bajarib, halol – pok bo‘lsa va qo‘l ostidagi ahli-ayoliga chiroyli muomala va munosabatda bo‘lsa, oilasi osoyishta, mustahkam va farovon bo‘ladi. Demak, oilaning baxtli hayot kechirishida erning o‘rni juda kattadir. Quyida erning ba’zi vazifa va majburiyatlarini bayon qilamiz:
Bir g‘azotdan qaytish chog‘ida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam sahobai kiromlarni oldinroq yurishga buyurib, Oisha onamiz bilan yugurish musobaqasini o‘tkazganlar. Bu haqda Oisha onamizning o‘zlari shunday deganlar:
تَسَابَقْتُ اَنَا وَرَسُولُ اللهِ فَسَبَقْتُهُ فَلَبِثْنَا حَتَّى إِذَا أَرْهَقَنِي اللَّحْمُ سَابَقَنِي فَسَبَقَنِي فَقَالَ: "هَذِهِ بِتِلْكَ
(رَوَاهُ الإمام أَبُو دَاوُدَ والامام أحمد)
ya’ni: “Men Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bilan musobaqalashdim. Men U zotdan o‘zib ketdim. Bir muddatdan so‘ng (ya’ni, boshqa bir g‘azotdan qaytishda) mening go‘shtim og‘irlashganda (ya’ni, biroz semirib qolganimda) yana men bilan musobaqalashib, mendan o‘zib ketdilar va “Haligi bilan biru bir”, – dedilar” (Imom Abu Dovud va Imom Ahmad rivoyatlari).
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning zimmalarida islomni yoyish, davlatning ichki holatini mustahkamlash, tashqi dushmanlardan himoyalanish kabi mas’uliyatlari bor edi. Odatan bu ishlar erkak kishini butunlay mashg‘ul qilib qo‘yadigan narsalardandir. Ul zot bundan tashqari Allohdan vahiy qabul qilardilar, doimiy ibodatlar va boshqa buyuk ishlar bilan mashg‘ul bo‘lardilar. Ammo mana shuncha ishlarga qaramasdan, zimmalaridagi ayollarining haqlarini ham unutmaganlar. Ularni axloqqa chaqirib tarbiyalashni ham, er-xotinlik munosabatlarini ham yoddan chiqarmaganlar. Har bir er ayoli bilan bo‘ladigan munosabatlarda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamni o‘ziga namuna qilib olmog‘i zarurdir.
ya’ni: “Xotinlariga mahrlarini hadya kabi (ya’ni chin ko‘ngildan) beringiz” – deya amr etgan (Niso surasi, 4-oyat). Afsuski, ba’zi erlar zimmalarida shunday vazifa borligini ham bilmaydilar. Mahr erning gardanidagi ayolidan qarzi hisoblanadi.
لَا يَفْرَكْ مُؤْمِنٌ مُؤْمِنَةً إِنْ كَرِهَ مِنْهَا خُلُقًا رَضِيَ مِنْهَا آخَرَ
(رواه الإمام مسلم عن أَبي هريرة رضي الله عنه)
ya’ni: “Mo‘min er mo‘mina xotindan nafratlanmasin, agar uning bir xulqini yomon ko‘rsa, boshqa xulqi tufayli undan rozi bo‘lib ketaveradi” (Imom Muslim rivoyatlari).
Bu haqda Imom G‘azzoliy rahmatullohi alayh shunday deganlar:
وَاعْلَمْ أَنَّهُ لَيْسَ حُسْنُ الْخُلْقِ مَعَهَا كَفُّ الْأَذَى عَنْهَا، بَلْ اِحْتِمَالُ الْأَذَى مِنْهَا
ya’ni: “Bilginki, ayolingga ozor berishdan tiyilishing husni xulq emas. Balki, undan yetadigan ozorni ko‘tarishing husni xulqdir”.
Demak, er xotinining ayrim fe’lidan g‘azablansa, oilani buzishga shoshilmasligi, balki uning yaxshi odatlarini ham ko‘z oldiga keltirib, g‘azabini ichiga yutishi kerak bo‘ladi.
"إِنَّ اللَّهَ يَغَارُ وَإِنَّ الْمُؤْمِنَ يَغَارُ وَغَيْرَةُ اللَّهِ أَنْ يَأْتِيَ الْمُؤْمِنُ مَا حَرَّمَ عَلَيْهِ"
(رواه الإمام البخاري والإمام مسلم عن أبي هريرة رضي الله عنه)
ya’ni: “Albatta, Alloh rashk qiladi. Mo‘min ham rashk qiladi. Allohning rashki mo‘minning Alloh harom qilgan narsasini qilmog‘idan keladi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Islomda rashk ana shu darajada yuksak baholanishi bilan bir qatorda, bu borada haddan oshish, chegaradan chiqish qoralanadi. O‘z o‘rnida va me’yorida bo‘lgan rashk erkakda bo‘lsin, ayolda bo‘lsin, maqtalgan va go‘zal turmush taqozo etgan xislatlardandir. Har ikki tomon ham umr yo‘ldoshining me’yordagi rashkini qadrlashi lozim.
أَسْكِنُوهُنَّ مِنْ حَيْثُ سَكَنْتُمْ مِنْ وُجْدِكُمْ
ya’ni: “Ularga o‘zlaringiz maskan tutgan joydan toqatingizga qarab joy beringiz...” (Taloq surasi 6- oyat).
Demak, erning zimmasida xotinini turar joy bilan ta’minlash majburiyati bor. Fiqhiy kitoblarimizda: Ahli-ayol uchun hech bo‘lmaganda qulflanadigan alohida bitta xona ajratib berish erning gardanidagi burchidir deyilgan.
لِيُنْفِقْ ذُو سَعَةٍ مِنْ سَعَتِهِ وَمَنْ قُدِرَ عَلَيْهِ رِزْقُهُ فَلْيُنْفِقْ مِمَّا آَتَاهُ اللَّهُ
ya’ni: “Boy kishi o‘z boyligidan nafaqa bersin. Kimning rizqi tang qilingan (kambag‘al) bo‘lsa, u holda, Alloh unga ato etgan narsadan (holiga yarasha) nafaqa bersin!...” (Taloq surasi, 7-oyat).
Mazkur nafaqa minnat va ta’nasiz bo‘lishi kerak. Chunki nafaqa berish, erkakning xotiniga qilgan marhamati emas! Balki, Alloh taolo erning zimmasiga farz qilgan amalni bajarishdir! Dinimizda er oilasiga sarflagan xarjlari uchun ajr va savobga erishadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday dedilar:
إِنَّكَ لَنْ تُنْفِقَ نَفَقَةً تَبْتَغِي بِهَا وَجْهَ اللَّهِ إِلَّا أُجِرْتَ عَلَيْهَا حَتَّى مَا تَجْعَلُ فِي فَمِ امْرَأَتِكَ
(متفق عليه)
ya’ni: “Siz Alloh taolo roziligini istab qilgan har qanday sarf xarajatingiz uchun ajr olasiz. Hatto xotiningiz og‘ziga solgan taomingiz uchun ham sizga ajr bor” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari). Nafaqa masalasida er o‘zining iqtisodiy holidan kelib chiqib ish ko‘radi. Xotinning bitmas-tuganmas talab va xohishlari uchun er o‘zini o‘tga-cho‘qqa urib, noshar’iy va noqonuniy yo‘llar bilan pul topishi durust emas.
Afsuski, ba’zi erlar ulfatlari bilan ko‘cha-ko‘yda yaxshi va sara taomlarni yeb yuradida, uydagi ayoli va bola-chaqasi esa zo‘rg‘a tirikchiligini o‘tkazadi. Bunday qilish oilaga zulm hisoblanib, farzandlar haqqiga xiyonat bo‘ladi.
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا قُوا أَنْفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَارًا وَقُودُهَا النَّاسُ وَالْحِجَارَةُ عَلَيْهَا مَلَائِكَةٌ غِلَاظٌ شِدَادٌ لَا يَعْصُونَ اللَّهَ مَا أَمَرَهُمْ وَيَفْعَلُونَ مَا يُؤْمَرُونَ
ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! O‘zlaringizni va oila a’zolaringizni yoqilg‘isi odamlar va toshlar bo‘lmish do‘zaxdan saqlangizki, unda dag‘al va qattiqqo‘l, Alloh buyurgan narsaga itoatsizlik qilmaydigan, faqat buyurilgan ishni qiladigan farishtalar (xizmat qilurlar)” (Tahrim surasi 6-oyat).
Demak, har bir er musulmon kishi bilishi kerak bo‘lgan zaruriy ma’lumotlarni ayoliga o‘rgatishi zarur bo‘ladi. Hech bo‘lmaganda masjid va boshqa joylardagi nasihat va maruzalarni yaxshi tinglab, ayoli va farzandlariga yetkazishi kerak.
هُنَّ لِبَاسٌ لَكُمْ وَأَنْتُمْ لِبَاسٌ لَهُنَّ
ya’ni: “…Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsiz…”, (Baqara surasi, 187-oyat). Ulamolar ushbu oyati karimaning tafsirlarida “libos” so‘ziga turlicha ma’nolar berganlar. Ba’zilar er-xotin bir-birining aybu nuqsonini libos kabi yashiradi, desalar, boshqa birlari er-xotin bir-birlarini fahsh va zinodan saqlaydilar, degan ma’nolarni berganlar.
Rasululloh sallallohu alayhi va sallam bu haqda shunday deganlar:
إِنَّ مِنْ أَشَرِّ النَّاسِ عِنْدَ اللهِ مَنْزِلَةً يَوْمَ الْقِيَامَةِ اَلرَّجُلُ يُفْضِيْ إِلَى اِمْرَأَتِهِ وَتُفْضِيْ إِلَيْهِ ثُمَّ يَنْشُرُ سِرَّهَا
(رواه الامام مسلم عن أَبي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ رضي الله عنه)
ya’ni: “Qiyomat kuni Allohning dargohida eng yomon maqomda bo‘ladigan odam – ayoli bilan er-xotinlik aloqasini qilib, so‘ngra ayolining sirlarini oshkora qilgan kishidir” (Imom Muslim rivoyatlari).
Hozirgi kunda ayrim erkaklarda quyidagi kamchiliklar kuzatilmoqda:
Yuqoridagilarning barchasi ahli-ayolga nisbatan zulm hisoblanadi. Dinimizda kishi o‘ziga ham, o‘zgalarga ham zulm qilishi qattiq qoralangan. Xususan, jufti haloli, umr yo‘ldoshi va farzandlarining onasiga jabr qilish undan ham yomonroqdir.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, er – oilaning rahbari. Agar er zimmasidagi vazifalarini risoladagidek bajarsa, o‘z-o‘zidan ayoli va farzandlari unga hurmat va itoatda muomalada bo‘ladi. Oqibatda oilada do‘stlik, ahillik, muhabbat hukm suradi, oila mustahkamlanadi, qut-barakali bo‘ladi.
Alloh taolo barchalarimizni hayotning barcha jabhalari qatori nikoh va oila masalasida ham shariatimiz ko‘rsatmasi asosida hayot kechirishimizni nasib aylasin! Omin!
Hurmatli azizlar! Ma’ruzamizning fiqhiy masalalar qismini tayammumga bog‘liq ba’zi hukmlar haqida suhbatlashamiz.
Tayammum arabcha so‘z bo‘lib, “qasd qilish”, degan ma’noni bildiradi. Shariatimizda esa poklik hosil qilish uchun pok yer jinsini qasd qilish (ya’ni, yuzga va qo‘lga surtish)dir. Pok yer jinsi deganda - tuproq, qum, tosh va shu kabilar tushuniladi. Tayammum tahoratning ham, g‘uslning ham o‘rniga o‘tadi. Alloh taolo aytadi: فَلَمْ تَجِدُوا مَاءً فَتَيَمَّمُوا صَعِيدًا طَيِّبًا ya’ni: “...(lekin) suv topmasangiz, pok tuproqqa tayammum qiling...” (Moida surasi, 6-oyat).
Tayammum qilish joiz bo‘lishi uchun odam suv ishlatishdan ojiz bo‘lishi kerak. Suvdan ojiz bo‘lish turlicha bo‘lishi mumkin:
- Suv ≈2 km.dan uzoqda bo‘lishi;
- suv ishlatsa kasal bo‘lishi yoki kasallik ziyoda bo‘lishi;
- yuvinsa suv yoki havoning sovuqligidan sog‘ligiga zarar yetishi aniq bo‘lsa;
- suv oldida dushman bo‘lsa;
- tahorat qilsa ichimlik suvisiz qoladigan bo‘lsa;
- quduq kabi joydan suv olishga kerakli vositalar bo‘lmasa.
Tayammum quyidagicha qilinadi:
- Bismillahni aytib, dastlab tahoratsizlikni ketkazishni niyat qilib, pok tuproqni qasd qiladi;
- keyin ikki qo‘lini pok tuproqqa uradi, yopishib qolgan tuproqni qoqib, qo‘llarini yuziga surtadi;
- keyin yana qo‘llarini tuproqqa uradi va chap qo‘l kaftining ichi bilan o‘ng qo‘lini tirsaklari bilan mas'h qiladi, o‘ng qo‘l kaftining ichi bilan chap qo‘lini tirsaklari bilan mas'h qiladi. Bunda qo‘llarning tirsakkacha bo‘lgan joyini mas'h qilish shart.
Tayammumni namoz vaqti kirishidan oldin qilsa ham bo‘ladi. Suv topilguncha, bitta tayammum bilan xohlagancha namoz o‘qish mumkin. Tayammumni tahoratni buzuvchi narsalar buzadi.
Suv topishidan umidi bo‘lgan kishi namozni oxirgi vaqtigacha kechiktirib turishi mustahab hisoblanadi (“Al-Muxtor”, “Al-Ixtiyor” kitoblari).
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi
“SAXOVAT – JANNATGA YETAKLOVCHI FAZILAT!” mavzusida bo‘ladi.
Bir yigit masjidga kelib biroz o‘tirgach, imomga e’tiroz bildirdi:
– Endi masjidga kelib o‘tirmasak ham bo‘larkan...
Imom undan nima uchun bunday deganining sababini so‘radi. Yigit yon-atrofdagi hamma odam telefonga qarab o‘tirgani, ba’zilari o‘zaro gaplashayotgani uchun shu gapni gapirganini aytdi.
Imom biroz o‘ylab turgach, bunday dedi:
– Yaxshi, e’tirozing o‘rinli. Men bu haqda odamlarga eslatib turibman. Lekin sen endi masjidga kelmoqchi bo‘lmasang bir ish qilib ket.
Yigit rozi bo‘ldi. Imom unga bir piyolani to‘ldirib suv berdi va shu suvni bir tmchi ham to‘kmasdan masjidning ichini bir aylanib chiqishini iltimos qildi. Yigit bor diqqat-e’tiborini jamlab, ohista qadamlar bilan, ikki ko‘zini piyoladan uzmagan holda vazifani muvaffaqiyatli ado etdi.
Imom unga dedi:
– Barakalloh! Endi menga ayt-chi, sen shu topshiriqni bajarayotganingda kimlar gapirib o‘tirdi, kimlar telefoniga qaradi?
Yigit javob berdi:
– Men qayerdan bilay, axir butun diqqatim suvni to‘kib qo‘ymaslikda edi.
Imom dedi:
– Ana ko‘rdingmi? Sen topshiriqni bajarayotganingda butun fikru hayolingni bir joyga jamlading. Allohning huzurida turganimizni his qilib, xayolimizni ibodatga, Uning zikriga qaratsak, boshqalarning xatosini ko‘rishga vaqtimiz ham qolmaydi. Albatta, kimdir xato qilsa bu sening hidoyatdan yuz burib ketishingga sabab bo‘lmasligi kerak. Chunki xato dinniki yo masjidniki emas, balki bandaniki...
Yigit o‘ylab ko‘rib, xato qilganini tushundi. Keyingi jamat namozlarida xushu bilan qatnashishda davom etdi.
Akbarshoh RASULOV