Imom Termiziyning nasabi: Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn Zahhok bo‘lib, manbalardagi eng ishonchli bobolarining ismi kelgani mana shudir. Ayrim tarjima kitoblarda Muhammad ibn Iso ibn Yazid ibn Savra deb ham kelgan. “Irshod ila ma’rifati ulamoi-l-hadis” kitobining sohibi Imom Termiziyni Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Shaddod deb keltirgan. Lekin ko‘pchilik tarixchi olimlar Muhammad ibn Iso ibn Savraga ittifoq qilganlar.
Kunyasi: Imom Termiziyning kunyasi Abu Iso bo‘lib, Imom Termiziyni o‘zi ham bu kunyani yaxshi ko‘rar edi. U zot bu kunyani o‘z ismiga ixtiyor qilib, o‘zini faqat Abu Iso, deb nomlanishini yaxshi ko‘rgan[1].
Imom Termiziyga al-Bug‘iy, at-Termiziy va as-Sulamiy deb nisbat berilishiga quydagilar sabab bo‘lgan:
- Termiziy – Ushbu nisbat Termiz shahrida tug‘ilgan insonlarga berilgan. Bunday nisbat berish islom olamida juda mashhur bo‘lib, xar bir inson o‘zi tug‘ilgan joyga nisbati berilgan.
- Bug‘iy – Bunga sabab Imom Termiziy tug‘ilgan qishloq bo‘lib, Termiz shahridan olti farsax uzoqlikda joylashgan. Xozirda Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani hududidadir. Lekin Markaziy Osiyolik mashhur tarixchi Abu Sa’ad Abdulkarim as-Sam’oniy (1113-1167) Termiziy Bug‘ qishlog‘ida vafot etganligi uchun Bug‘iy taxallusini olgan degan.
- Sulamiy deb nisbat berilishining tarixchi olimlar ikki qabilaga nisbat bergan. Ulardan biri Sulaym ibn Mansur bo‘lib, bu arab qabilalari ichidagi mashhur qabiladir. Bu nisbatni “al-Ansob” kitobi sohiblari bergan[2]. Mulla Ali al-Qori bo‘lsalar Sulaym ibn Fahm qabilasiga nisbat bergan[3]. Shu o‘rinda Imom Termiziyning oilalari va ota-onalari haqida manbalarda aniq ma’lumot yo‘q. Olimlar Imom Termiziydan faqatgina “ Bobom asli Marvlik bo‘lib, Lays ibn Sayyor davrida Marvdan Termizga ko‘chib kelgan ”, degan so‘zini keltiradilar[4].
Tavalludi: Imom Termiziy III hijriy asrning avvalida 209/824 yili Termizdagi Bug‘ qishlog‘ida o‘rta hol bir oilada tavallud topgan. Imom Zahabiy o‘zining "Siyar a’lam an-nubalo" kitobida 210 hijriy sana boshlarida deb keltirgan[5]. Ibn Asir ham o‘zining “ Jome’-al-usul” kitobida 209 hijriy sanada tavallud topgani”[6]ni keltirgan. Imom Termiziyga “Zariyr” degan taxallusni berilishining sababi umrining oxirida ko‘zi ojiz bo‘lib qolgani uchundir[7]. Demak, Imom Termiziy umrining oxirida hadis va boshqa ilmlarni mukammal egallaganidan so‘ng ko‘zi ojiz bo‘lib qolgan.
Imom Termiziyni ilmga yuzlanishi va ilm talabidagi safarlari: Imom Termiziy yoshlik chog‘ida g‘oyatda tirishqoq, idrokli va zakovatli bo‘lib, bu fazilati bilan o‘z tengdoshlaridan batamom ajralib turgan. Imom Termiziyni yoshlik chog‘ida ilmga o‘ta qiziqish va ishtiyoqi o‘sha davrning ko‘pgina ilmlarini, ayniqsa, hadis ilmini chuqur egallashida baralla namoyon bo‘ldi. Imom Termiziy ilm olishda faqat o‘z yurti yoki qo‘shni viloyatlar bilan cheklanmadi. Tarixchi olimlar Imom Termiziyning ilmiy safarga chiqishi 240/850- yildan, ya’ni yigirma olti yoshidan boshlab uzoq yurtlarga, qator xorijiy mamlakatlarga safar qilganini aytishgan. Jumladan, u zot Buxoro, Marv[8], Ray [9], Basra, Kufa va Hijoz ( Makka va Madina)ga safar qilib, ko‘plab muhaddislar, ulamolar bilan muloqotda bo‘lib, ulardan ta’lim olgan. Imom Termiziyning Bag‘dodga kirgani haqidagi ma’lumot borasida olimlar ixtilof qilganlar.
Imom Termiziyning ustozlari: Imom Termiziy o‘zining “Jome’” kitobida besh yuzga yaqin shayxdan rivoyat qilgan.
Imom Termiziyning shogirdlari: Imom Termiziy hayotini asosan hadis eshitish uchun turli yurtlarga safar qilish bilan o‘tkazdi. Shu ilmiy safarlari davomida turli kitoblar yozdi. U kishidan ko‘plab insonlar hadis eshitib rivoyat qildilar. Imom Buxoriy Imom Termiziyning ustozi bo‘lishiga qaramay u kishidan ba’zi hadislarni rivoyat qilgan. Bu ham Imom Termiziyning darajasi muhaddislar o‘rtasida qandayligini bildiradi. Imom Termiziyning yozgan asarlari: Insonni ko‘p yoki oz kitob yozishi ilmi qanday ekaniga dalolat qilmaydi. Balki kitobdan olinadigan foydani ko‘pligi va olimlar orasida tarqalishi o‘sha kitob muallifining ilmi naqadar ulug‘ligidan bir nishona desak xato bo‘lmaydi. Mashhur hanafiy olimi Hofiz Zayla’iy ham ilmda yuqori darajada bo‘lsa ham faqatgina “ Nasbu-r-roya li ahadisi-l-hidoya” va “ Taxrij Ahadisi-l-kashshof” nomli ikki kitobni yozish bilan kifoyalangan. Imom Termiziy ham ko‘p kitob yozmagan. Ammo u zotni birgina kitobini to‘liq ilm va fahm bilan tushunishga har kim ham qodir bo‘la olmaydi. U zot agar “Jome’” kitobidan boshqa kitob yozmaganida ham aqida, hadis, fiqh sohasidagi ilmi qanday darajada bo‘lganini bilib olish qiyin bo‘lmasdi.
Ismlari zikr qilgan kitoblardan faqatgina to‘rtdan bir qismi bizgacha yetib kelgan. Qolgan kitoblar bo‘lsa tarix zar varaqlarida yo‘q bo‘lib ketgan desak xato bo‘lmaydi.
Imom Termiziyni xotirasining kuchliligi va olimlarni u zot haqida aytgan so‘zlari: Imom Termiziyning zehini o‘tkir, xotirasi juda kuchli bo‘lgan. U sunnatni juda mahkam lozim tutib, dunyodan doimo zuhd qilgan. Imom Termiziyning zehni o‘ktirligi borasida tarixiy manbalarda juda ko‘p ma’lumotlar kelgan. Jumladan Imom Zahabiy (1274-1347) o‘zining “ Tazkiratu-l-huffoz” nomli kitobida quydagi g‘aroyib hikoyani keltirgan:
“Bu hikoyani Imom Termiziyning o‘zi aytib bergan: “Men Makkaga borayotganimda bir shayxdan rivoyat qilgan hadislarni ikkita hadis yozadigan qog‘oz juzlariga yozib olgan edim. O‘sha shayx bizning oldimizdan o‘tib qoldi. U haqida (insonlardan) so‘ragan edim. Ular Falonchi shayx deyishdi. Men u zotni huzuriga bora yotib, u kishidan yozib olgan ikki juz hadisim o‘zim bilan bo‘lsa kerak deb, o‘yladim. Ikki juz solingan xaltamni oldim. Gumonimda bu ikki juz mana shu shayxga tegishli edi. U bilan uchrashish nasib etgach, undan hadisdan saboq berishini so‘ragan edim, u rozi bo‘ldi. O‘zimdagi hadislar yozilgan ikki juzni olsam. Ular oppoq qog‘oz bundan hayratga tushdim. Shayx menga yoddan hadis aytib so‘ngra menga qaradi. Qo‘limdagi ikki juz ham oppoq edi. U menga “Bu ishingdan uyalmaysanmi? dedi. Men “yo‘q” deya unga bo‘lgan voqeani aytib, men ushbu hadislarni hammasini yodladim”, dedim. U “bo‘lmasa ayt” dedi. Men unga menga aytib bergan hadislarini birin ketin aytib berdim. Shunda u meni tasdiqlamadi “ Senga men kelishimdan oldin birontasi aytib bergan bo‘lsa kerak” dedi. Men “bo‘lmasa boshqa hadislarni ayting”, dedim. U menga “noyob hadislaridan qirqtasini aytib, menga shularni qaytarib ayt”, dedi. Men unga aytgan hadislarni boshidan oxirigacha u menga qanday aytgan bo‘lsa shunday aytib biron harfda ham xato qilmadim. U menga senga o‘xshashini ko‘rgan emasman”, dedi [15].
Imom Samoniy “Imom Termiziy hech shubhasiz o‘z asrining imomidir”, degan [16]. Imom Samoniy yana boshqa bir o‘rinda “Imom Termiziy hadis ilmi borasida iqtido qilinadigan imomlardan biri bo‘lib, “Jome’”, “Tavorix” va “Ilal” kabi buyuk asarlar muallifi, u zotni zehni borasida zorbul masallar keltirilgan”, degan [17]. Ibn Asir Jazariy “ Imom Termiziy imom, hofiz bo‘lib, yaxshi kitoblar tasnif etgan hadis borasida “ Jome’ Kabir” shular jumlasidan”,[18]degan. Hokim Abu Ahmad men Umar ibn Alakdan “Muhammad ibn Ismoil Buxoriy vafot etdi. Xurosonda o‘zidan keyin ilm va taqvoda Abu Isoga o‘xshashini qoldirgani yo‘q. U ko‘p yig‘laganidan hatto ko‘r bo‘lib qoldi”, deganini eshitdim” degan[19]. Abul Fazl Baylamoniy “Men Nasr ibn Muhammad Shayrokuhiydan u men Muhammad ibn Iso Termiziydan u Menga “Muhammad ibn Ismoil Men sendan ko‘rgan foyda sen mendan ko‘rgan foydadan ko‘proqdir”, deganini eshitdim”,[20] degan.
Ibn Kasir “ Imom Termiziy bu ish (hadis ilmi) borasida o‘z zamonasining imomlaridan edi”, degan [21]. Hofiz Abul Hajjoj Mizziy “Imom Termiziy ko‘zga ko‘ringan hofiz imomlardan biri bo‘lib, Alloh u bilan musulmonlarni manfaatlantirdi”,[22] degan. Mulla Ali Qori “ Termiziy imom, hujjat, siqo, hofiz, mutqindir”, degan [23]. Bundan tashqi boshqa juda ko‘plab olimlarni imom Termiziy haqida aytgan so‘zlarini keltirish mumkin. Bularni hammasi Imom Termiziyning hadis ilmi borasida katta olimlardan bo‘lganiga va salaf solihlarni fiqhini yaxshi o‘zlashtirganiga dalolat qiladi. U zot ilm va amalni jamlagan insonlardan biri bo‘lgan.
Vafoti: Uzoq yillik ilmiy hayotdan so‘ng Imom Termiziy 279/892 yil Rajab oyining o‘n uchinchisi dushanba kuni vatani bo‘lmish Termizning Bug‘ qishlog‘ida vafot etgan.
[1] Muhammad Abdurahmon ibn Abdurohim. Muqaddima Tuhfatul-Ahvuziy. – Bayrut, Dorul kutub ilmiyya 1990. –B. 242.
[2] Imom Samoniy. Ansob. – Bayrut, Dorul Muhammad Amin, 1401. J.2. – B.361.
[3] Qarang: Iyod Xolid. Imom Termiziy. – Damashq, Doru-l-qalam, 2001. –B.38.
[4] Taqyuddin Isirdiy. Fazoilal-kitab al-Jome’. – Bayrut, Olamul kutub, 1409 h. – B. 40..
[5] Muhammad ibn Ahmad Zahabiy. Siyaru alomi-n-nubalo. – Bayrut, Muassasatu-r- risola, 1302h. J. 13. –B.371.
[6] Qarang: Iyod Xolid. Imom Termiziy. – Damashq, Doru-l-qalam, 2001. –B.39..
[7] Taqyuddin Isirdiy. Fazoilal-kitab al-Jome’. – Bayrut, Olamul kutub, 1409 h. – B. 40.
[8] Turkmaniston hududida joylashgan..
[9] Xozirgi kunda Eron poytaxti Tehron.
[10] Imom Termiziy. Sunan Termiziy. – Riyoz, Baytu-l-afkor, 1999. –B. 607.
[11] Ibn Hajar Asqaloniy.Tahzibu-t-tahzib. – Bayrut, Doru-l- ma’rifa, 1395 h. J.9. – B.389.
[12] Ibn Hajar Asqaloniy.Tahzibu-t-tahzib. – Bayrut, Doru-l-ma’rifa, 1395 h. J.9. – B.389.
[13] Ibn Hajar Asqaloniy.Tahzibu-t-tahzib. – Bayrut, Doru-l-ma’rifa, 1395 h. J.9. – B.389.
[14] Iyod Xolid. Imom Termiziy. – Damashq, Doru-l-qalam, 2001. –B.113.
[15] Taqyuddin Isirdiy. Fazoila-l-kitab al-Jome’. – Bayrut, Olamu-l- kutub, 1409 h. – B. 31-32.
[16] Iyod Xolid. Imom Termiziy. – Damashq, Doru-l-qalam, 2001. –B.51
[17] Imom Samoniy. Ansob. – Bayrut, 1401 h. J.2. –B.45.
[18] Iyod Xolid. Imom Termiziy. – Damashq, Doru-l-qalam, 2001. –B.51.
[19] Ibn Hajar Asqaloniy.Tahzibu-t-tahzib. – Bayrut, Doru-l-ma’rifa, 1395 h. J.9. – B.389
[20] Ibn Hajar Asqaloniy.Tahzibu-t-tahzib. – Bayrut, Doru-l-ma’rifa, 1395 h. J.9. – B.389
[21] Iyod Xolid. Imom Termiziy. – Damashq, Doru-l-qalam, 2001. –B.52.
[22] Abul Hajjoj Yusuf.Tahzibu-l-Kamol. – Bayrut, Muassasat-u-risola, 1407 h. J.26. –B. 250.
[23] Iyod Xolid. Imom Termiziy. – Damashq, Doru-l-qalam, 2001. –B.53.
Toshkent islom instituti
"Hadis va islom tarixi fanlari" kafedrasi o‘qituvchisi F.Xomidov
“Arafot” so‘zi lug‘atda – “bilish, tanish” ma’nolarini bildiradi.
Makka shahridan 20 km, Minodan 10 km, Muzdalifadan esa 6 km, Namira masjididan 1,5 km uzoqlikda joylashgan. Uzunligi 11-12 km va kengligi 6,5 km bo‘lgan vodiy. U qattiq katta toshlardan iborat. Janubiy tomonda 168 ta zinasi mavjud.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Odam Ato bilan Havvo onamiz jannatdan chiqarib yuborilganlaridan keyin bir-birlari bilan shu yerda uchrashganlar, deyiladi.
Boshqa bir rivoyatda Jabroil alayhissalom Ibrohim alayhissalomga ushbu makonda haj amallarini o‘rgatib: “Arofta?” (“O‘rgandingizmi?”) deganlarida, Ibrohim alayhissalom: “Ha”, deganlar. Shundan keyin Arafot deb nomlanib qolgan.
Arofat tepaligida bir baland joy borki, u yerni “jabalul rohma”, ya’ni “rahmat tog‘i” deyiladi. Arafa kuni hojilarga yog‘iladigan behisob rahmat va barakalar sababli “rahmat tog‘i” deb nomlanadi. Ushbu tog‘ Ilol, Nobit hamda Quriyn deb ham ataladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan 93 kun oldin, hijratning 10 yili Madinadan hajga kelib, arafa kuni shu tepalikka chiqqanlar va oq tuyalarini cho‘ktirib, uning ustida turib “Vidolashuv va’z”ini aytganlar. Bu joy uzoqdan ko‘rinib turishligi uchun ustun shaklida ko‘tarilib, oqqa bo‘yab qo‘yilgan.
Arafotda hajning asosiy arkoni ado etiladi. Arafa kuni bomdod namozi o‘qilgandan so‘ng Minodan Arafotga qarab yo‘lga tushiladi. Zilhijja oyining 9-kuni, ya’ni arafa kuni hojilar shu tepalikka chiqib, to quyosh botgunga qadar ibodat bilan mashg‘ul bo‘ladilar. Arafotda ma’lum muddat turmagan kishining haji haj hisoblanmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Haj Arafotdir”, deganlar (Imom Termiziy va Nasoiy rivoyati).
Arafotga chiqishdan oldin g‘usl qilib olinsa yaxshi bo‘ladi.
Arafotga chiqishda va u yerda turganda doim takbir, tahlil, hamd va talbiya (“labbayka”) aytiladi. Arafotda duolar ijobat bo‘ladi. Shuning uchun hojilar ko‘proq duoda, zikrda, tilovatda, iltijoda, chin dildan tazarruda bo‘lishga intilishlari lozim.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Duolarning yaxshisi – Arafot kungi duodir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Arafotda quyidagi oyat nozil bo‘lgan: “Bugun Men sizlar uchun diningizni komil qildim, Men sizlarga ne’matimni to‘kis qilib berdim va sizlar uchun Islomni din qilib tanladim” (Moida surasi, 3-oyat).
Arafotda va Rahmat tog‘ida quyidagi duolarni o‘qish tavsiya etiladi:
“Subhanallohi va bihamdihi. Subhanallohil ’aziym”.
“Laa ilaha illa anta. Subhanaka inni kuntu minaz-zolimiyn”.
“Laa havla va laa quvvata illa billahil ’aliyil ’aziym”.
“Robbana atina fid-dunya hasanatan va fil axiroti hasanatan va qina ’azaban-nar”.
“Allohumma aslih li diniyallaziy huva ’ismati amri va aslih li dunyayallati fiha ma’ashiy va aslih liy axirotiyallati fiha ma’adiy, vaj’alil hayata ziyadatalli min kulli xoyrin, vaja’lil mavta rohatalli min kulli sharrin”.
“A’uzu billahi min jahdil balai va darkish-shaqoi va su’il qazoi va shatamatil a’dai”.
Arafotda peshin va asr namozlari bir azon va ikki iqomat bilan qo‘shib qasr qilib o‘qiladi. Hajning amiri xutba o‘qiydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Arafa kuni, Alloh bandalarni do‘zaxdan ko‘p ozod qilganchalik boshqa biror kun yo‘q!” (Imom Muslim rivoyati).
Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Alloh huzurida Arafot kunidan yaxshiroq kun yo‘q. Alloh taolo dunyo osmoniga (farishtalarga maqtanib) yer ahli bilan faxrlanib aytadi: “Mening chang bosgan bandalarimga qarang! Mening rahmatimdan umidvor bo‘lib, barcha joylardan keldilar. Vaholanki, ular mening azobimni ko‘rmaganlar. Alloh taolo biror kunda Arafa kunidek bandani do‘zaxdan ozod qiladigan kun yo‘q, deydi”.
Alloh taolo hajingizni mabrur, sa’yingizni mashkur va gunohingizni mag‘fur qilsin!
Davron NURMUHAMMAD