Hushyorlik – davr talabi
Keyingi yillarda, afsuski, ekstremizm chuqur ildiz otayotgan mudhish illat sifatida dunyo hamjamiyatini tashvishga solmoqda. Jahonning turli burchaklarida ekstremistik o‘choqlar va tashkilotlar paydo bo‘lib, mutaassib a’zolari tomonidan aql bovar qilmas jinoyatlar sodir etilmoqda.
Ekstremistlarning asosiy maqsadi biror-bir davlatda ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarib, amaldagi tuzumni o‘zgartirish, hokimiyatni zo‘ravonlik bilan egallash, milliy, irqiy, etnik va diniy adovat qo‘zg‘atish, ma’naviyatini yemirish, moddiy boyliklarini talash, qurol-yarog‘ va narkotiklar savdosini kuchaytirishdir.
“Ekstremizm” tushunchasi Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda qayta-qayta kelgan “g‘uluv”, “tug‘yon”, “haddan oshish” kabi so‘zlar bilan hamohang bo‘lib, dinimiz ta’limotida ularning barchasi qattiq qoralangan. Masalan, Qur’oni karimda Alloh taolo bandalarini g‘uluvdan qaytarib, bunday ogohlantiradi: «Ey ahli kitoblar! (Isoni ilohiylashtirib) diningizda haddan oshib ketmangiz! Alloh (sha’ni)ga esa faqat haq (gap)ni aytingiz!..» (Niso surasi, 171-oyat). Boshqa oyati karimada: “Ey ahli kitoblar! Diningizda haddan oshmangiz va oldindan adashgan va ko‘plarni adashtirgan hamda to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘iganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!” (Moida surasi, 77-oyat), deb amr qilingan.
Muqaddas dinimizda yakkayu yolg‘iz Alloh taologa ibodat qilishga buyurilib, birdamlikka chaqiriladi. Dinda g‘uluvga ketish, haddan oshish ixtilofga, guruhbozlikka, aqidaning buzilishiga olib keladi. Tarixda paydo bo‘lgan ravofiz, xavorij, mo‘tazila va boshqa toifalarning yuzaga kelishi, asosan, dinda g‘uluvga ketishning oqibatidir. G‘uluv mashaqqat bo‘lgani bois odamlar to‘g‘ri yo‘ldan ozib, dindan nafratlanib, bezib qoladilar. Oxir-oqibat shariatda buyurilgan amallarni bajarishdan qoniqish hosil qilmay, o‘zo‘ziga mashaqqat tug‘diradigan yangi bid’at amallarni o‘ylab topishi va dinni mashaqqatdan iborat qilib ko‘rsatishga sabab bo‘ladilar. Bu esa Islom dinining mo‘tadillik va yengillikka chaqiruvchi, mashaqqat va qiyinchiliklarni bartaraf etishga asoslangan ta’limotlariga ziddir. Zero, yengillik berish Islomning asosiy shiorlaridan biridir.
Imom Buxoriy rahmatullohi alayh rivoyat qilgan hadisi sharifda: “Osonlashtiring, aslo qiyinlashtirmang. Bashorat bering, hech ham nafratlantirmang”, deyilgan.
Islom dini fasodga qarshi kurashib, oshkora va botiniy fitnalardan qaytargan. A’rof surasining 56-oyatida: «Yerni (Alloh xayrli ishlarga) yaroqli qilib qo‘ygandan keyin (unda) buzg‘unchilik qilmangiz!» deb amr etilgan.
Mufassirlar ushbu oyat tafsirida “arz”, ya’ni “yer” so‘zi, arab qoidalariga ko‘ra, aliflom bilan kelgani uchun muayyan bir joyga – Madina shahriga dalolat qiladi, deyishadi. Shunda oyatning mazmuni: “Madina shahri isloh qilinganidan keyin u yerda fasod ishlarni qilmang”, bo‘ladi. Madina – Yer yuzidagi kichkina shahar. Mana shu joyda ham fasod qilmaslikka buyurilyapti. Modomiki, kichik shaharda fasodga chek qo‘yilmas ekan, xuddi uchqun butun boshli o‘rmonning kulini ko‘kka sovurganidek, fasod ishlar – ekstremizm, terrorizm ham Yer yuzini vayron qiladi.
Hozirgi kunda ayrim davlatlarda g‘uluvga ketgan, qo‘li qonga botgan bir qancha ekstremistik guruhlar faoliyat olib borayotgani sir emas. G‘arb mamlakatlarining ba’zi ommaviy axborot vositalari ushbu ekstremistik guruhlarning qo‘poruvchilik harakatlarini Islom dini bilan bog‘lashga urinmoqdalar. Vaholanki, Islom dini ekstremizmni, terrorizmni qattiq qoralaydi, la’natlaydi. Dinimiz ekstremizmga qarshi kurashni o‘n besh asr oldin boshlagan. Islomning mo‘tadil din ekani uning har qanday ekstremizmga, xunrezlikka qarshiligining yaqqol isbotidir.
Turli ekstremistik oqimlar ta’siriga tushib qolgan kimsalarning gumrohligi shundaki, ko‘r ko‘rni qorong‘ida topibdi deganiday, ular faqat o‘zlariga o‘xshash kishilarning gaplariga ishonishadi. Samimiy nasihat qilib, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatgan olimlar u yoqda tursin, ba’zan ayrimlari ota-onasi, akasini ham tan olmaydi. Bular haqida Qur’oni karimda: «Parvardigorining oyatlari bilan nasihat qilinganidan so‘ng, ulardan yuz o‘girgan kimsadan ko‘ra kim ham zolimroqdir?! Albatta, Biz (unday) jinoyatchilardan (dunyo va oxiratda) intiqom oluvchidirmiz» (Sajda surasi, 22-oyat), deb marhamat qilingan.
Shukrki, bag‘rikeng yurtda yashayapmiz. Mamlakatimizda shonli sanalar, bayramlar munosabati bilan adashib turli ekstremistik oqimlar ta’siriga tushib qolib, ozodlikdan mahrum etilgan, ayni paytda qilmishiga chin pushaymon bo‘lib, butunlay tuzalish yo‘liga o‘tgan fuqarolarni afv etish to‘g‘risida muhtaram Prezidentimizning farmonlari e’lon qilinyapti.
Ibn Abbos roziyallohu anhumo muazzam Ka’ba devoriga suyanib bunday deganlar: “Ey Ka’ba! Allohning nazdida hurmating baland. Lekin agar seni yetti marta buzib vayron qilganimda ham bir musulmonga ozor berganimchalik yomon ish qilmagan bo‘lar edim”.
Vidolashuv hajida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Albatta, qoningiz, molingiz va obro‘yingiz bir-birinizga xuddi bugungi kunday, shu shaharday va shu oyday haromdir” (Imom Muslim rivoyati), deb ogohlantirganlar. .
Ibn Hajar Asqaloniy ushbu hadis sharhida: “Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam musulmonlarni qadri, ulug‘ligi, azizligi, hurmati ayon bo‘lgan narsalar: Qurbon hayiti, Makka shahri va muharram oyi kabi o‘zaro mollarini, jonlarini va obro‘larni hurmat qilishga da’vat qildilar”, deb ta’kidlaydi. .
Imom Shotibiy “Muvaffaqot” kitobida yozishicha, barcha samoviy dinlar kabi Islom ham besh narsani – nafs, jon, mol, aql va naslu nasabni himoyasiga olgan. Ekstremist va ularning homiylari esa guruhlar shu narsalarning hammasiga qarshi urush e’lon qilib, aqidani ham, iqtisodni ham, jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlarni, tinchlik-totuvlik, hamjihatlikni ham buzish payida bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, biz yoshlarning ongu shuurini har qanday zararli mafkuralardan, g‘oyalardan himoya qila olsak, odamlarga bugungi tinch va osuda hayotning qadriga yetishni o‘rtaga olsak, dunyoning ayrim mintaqalarida kuzatilayotgan urushlar, qonli to‘qnashuvlar, vayronagarchiliklar, din niqobi ostida sodir etilayotgan vahshiyona harakatlardan ogoh eta olsak, dinimizni, yurtimizni turli buzg‘unchi kuchlar adovatidan saqlagan bo‘lamiz. Zero, zararni daf etish foydani jalb qilishdan muqaddamdir.
Azizxo‘ja INOYATOV,
Buxoro viloyatidagi «Chor-Bakr» jome masjidi imom-xatibi
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining shu yil 27 avgust kungi 175-sonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR hazratlarining “Qadr-qimmatimiz ulug‘lanayotgan yurt” nomli maqolasi chop etildi.
Ezgulik, bag‘rikenglik markaziga aylanayotgan mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada erishilayotgan tarixiy yutuqlar e’tirofiga bag‘ishlangan qiyosiy-tahliliy maqolaning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin:
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Butun xalqimiz tomonidan katta shodiyona qilinayotgan, o‘z taqdirini shu aziz Vatan taqdiri bilan bog‘lagan qirq millionga yaqin yurtdoshimiz qalbini cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘ldirayotgan mustaqillik bayrami – istiqlolimizning 35 yillik ayyomi bilan barchani chin qalbimdan muborakbod etaman.
Alloh taologa behisob shukrki, mamlakatimizda so‘nggi yillardagi jadal va keng ko‘lamli islohotlar qatorida e’tiqod erkinligini ta’minlash hamda mo‘min-musulmonlar emin-erkin toat-ibodat qilishi uchun yaratilayotgan sharoitlar yangi bosqichga ko‘tarildi.
Bunyodkorlik va ma’naviy tiklanish solnomasi
So‘nggi o‘n yillik solnomasiga qaraydigan bo‘lsak, yurtimizning har bir hududida ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘lamiz. Ularning eng mahobatlilari, shubhasiz, poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasidir.
Bundan 9 yil oldin Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish haqida maxsus qaror qabul qilinib, amaliy ishlar boshlangan edi. Nihoyat joriy yilda qadimdan Toshkentning ma’naviy markazi bo‘lib kelgan Hazrati Imom majmuasi yonida milliy ruh va zamonaviy sharoitlarga ega muhtasham inshoot barpo etildi. Markazning asosiy zali, ta’bir joiz bo‘lsa, qalbi, hech shubhasiz, muqaddas Qur’on zalidir. Bu yerda dunyodagi eng qadimiy Hazrati Usmon Mus'hafi yuksak maqomiga yarasha munosib o‘rin topdi.
Bu maskanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham yangi qarorgohiga ega bo‘ldi. Prezidentimizning oq fotihasi bilan biz ham shu yerda faoliyatimizni davom ettiryapmiz.
Imom Buxoriy majmuasi qurilishi 2019 yilda boshlangan edi. Qariyb 45 gektar maydonni qamrab olgan hududda ulkan maqbara, 10 ming kishilik masjid, innovatsion muzey, kutubxona, mehmonxonalar va boshqa zarur infratuzilma inshootlari barpo etildi.
Shu muazzam majmua foydalanishga topshirilayotganida xayolimga bir fikr keldi. Bilasiz, Imom Buxoriy bobomiz ilm talab qilish yo‘lida qancha mashaqqatlar chekib dunyo kezdilar. Buyuk muhaddis bo‘lib Vatanimizga qaytib keldilar. Lekin unga hozirgidek e’tibor, ehtirom, e’zoz ko‘rsatilmagandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini yuksak darajada qadrlash va targ‘ib etishga yangi bosqichda keng imkoniyatlar yaratildi. Hozir butun islom olami, barcha musulmonlar shu majmuaga talpinmoqda.
Shuningdek, Farg‘onadagi Burhoniddin Marg‘inoniy yangi majmuasi, Namangandagi Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi, Andijon bosh masjidi, Surxondaryodagi termiziylar maqbaralari, Qashqadaryodagi Abu Muin Nasafiy ziyoratgohi, Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi, Nukusdagi Imom Eshon Muhammad, Urganchdagi Oxun bobo masjidlari, Toshkentdagi Suzuk ota, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf masjid-majmualari, Toshkent viloyatidagi Zangiota ziyoratgohini ham sanab o‘tish mumkin.
Yurtimizning shaharu qishloqlarida, eng chekka hududlarida 130 taga yaqin yangi masjid ochildi. 500 dan ziyod jome butunlay qaytadan bunyod etildi. 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus madrasa tashkil etildi. Jumladan, 500 yillik tarixga ega Mir Arab oliy madrasasining tarixiy maqomi tiklandi va uni dunyoga mashhur al-Azhar majmuasi darajasiga yetkazish ishlari davom etmoqda.
Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Surxondaryoda Imom Termiziy nomidagi islom instituti, shuningdek, Imom Termiziy nomidagi o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi faoliyat boshladi. Toshkent islom institutida magistratura tashkil qilinib, bu yil ilk bitiruvchilar sohaning nufuzli idoralarida mehnat faoliyatiga kirishdi.
Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari soni 30 dan oshdi. Mashg‘ulotlarni 100 mingdan ziyod tinglovchi yakunlab, Allohning kalomini o‘qish baxtiga erishdi. Bundan tashqari, internet orqali onlayn qiroat saboqlari yo‘lga qo‘yildi.
Diniy idoramiz huzurida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Fatvo markazi tashkil etildi. Bu yerda diniy ulamolarimiz har yili yurtdoshlarimizning 300 mingdan ortiq savoliga javob berib kelmoqda. E’tiborlisi, ishlash yo o‘qish maqsadida chet davlatda bo‘lib turgan vatandoshlarimizning savollariga mobil ilova va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham javob berish imkoniyati yaratilgan.
Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband nomidagi 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ta’sis etilib, nodir ilmiy-ma’rifiy asarlar tadqiq qilinmoqda.
Ziyorat va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash
Haj va umra safarlariga keng yo‘l berildi. Haj kvotasi 3 baravar, ya’ni 5 mingdan 15 mingga ko‘paygan bo‘lsa, umraga qo‘yilgan kvota cheklovlari olib tashlandi. Natijada har yili 1 millionga yaqin hamyurtimiz Allohning baytini ziyorat qilishga muvaffaq bo‘lmoqda.
Bu yildan boshlab Prezident hojilari dasturi joriy etilib, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilgan 100 nafar yurtdoshimiz haj safariga imtiyozli borib keldi.
Ramazon oyi, ikki hayit bayrami haqiqiy ma’noda katta ayyomga aylandi. Bu muborak sanalarni Prezident qarori bilan keng nishonlash dunyo mamlakatlari tajribasida yo‘q. Ayniqsa, joriy yilgi ayyomlarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan ulkan voqeliklarni alohida ta’kidlash kerak: Ramazon oyida 1 trillion 100 million so‘m, Qurbon hayitida 700 milliard so‘m mablag‘ xayriya ishlariga yo‘naltirildi.
Diniy soha xodimlariga bugungidek e’tibor, ijtimoiy, moddiy qo‘llab-quvvatlash ilgari kuzatilmagan edi. Ayniqsa, 15 ulamoning Imom Buxoriy ordeni bilan mukofotlanishi tarixiy voqea bo‘ldi.
Imom-xatiblarimiz xorijiy tajriba almashish va malaka oshirish uchun chet davlatlarga bormoqda. Xususan, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Yevropa mamlakatlari, Saudiya Arabistoni, Misr, BAA, Turkiya, Janubiy Koreya singari davlatlarda malaka oshirish kurslari, Qur’oni karim xatmlari, diniy-ma’rifiy suhbatlarda ishtirok etmoqda. Albatta, bunday yuksak ehtirom va keng imkoniyatlar qalblarimizda cheksiz shukronalik tuyg‘usini uyg‘otadi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda shukr qiluvchilarga ne’matlarini yanada ziyoda etishni va’da qilib, bunday marhamat qiladi:
“Va Robbingiz sizga: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir”, deb bildirganini eslang” (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Ushbu ilohiy va’daga muvofiq, tinch va farovon kunlarimizning qadriga yetish, yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli va ezgu ishlarga shukronalik keltirish ne’matlarning bardavom va yanada ziyoda bo‘lishiga sababdir. Zotan, shukr faqat tilda emas, balki mehr-oqibat, saxovat va ezgu amallarda namoyon bo‘lishi bilan o‘z ma’nosini topadi.
Buyuk saodatning ifodasi
Mamlakatimizdagi ochiqlik siyosati natijasida O‘zbekiston musulmonlari idorasining islom olami bilan aloqalari rivojlanmoqda. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik mustahkamlandi. Turkiy davlatlar muftiylari kengashi, Abu Dabi tinchlik forumi, Xalqaro musulmon ulamolari kengashi, Musulmon donishmandlar kengashi, Islomiy fiqh akademiyasi, Islom olami uyushmasi, Podshoh Salmon nomidagi Hadisi sharif akademiyasi va Xalqaro islom fiqhi akademiyasi kabi nufuzli tashkilotlar shular jumlasidan.
Yaqinda mamlakatimizda I xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘tkazildi. U butun dunyo e’tiborini yana bir bor O‘zbekistonga qaratdi. Forum doirasida ko‘plab nufuzli olimlar, ulamolar yurtimizga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarning shohidi bo‘ldi.
Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir allomalarning hayoti va ilmiy merosini o‘rganish yuzasidan 600 dan ortiq kitob, monografiya, risola, roman nashr qilindi.
Umuman olganda, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan xalqparvar siyosat aholining turmush sifatini yanada oshirish, ilgari adashgan yo‘lidan qaytib, sog‘lom hayot kechirish yo‘lini tanlagan shaxslarni afv etish kabi savobli ishlarda namoyon bo‘layotir.
Bularning bari Alloh taoloning inoyati bilan erishilgan istiqlol sharofatidandir. Tiklangan ma’naviy qadriyatlar, keng ochilgan e’tiqod imkoniyatlari yangi O‘zbekistonda inson qadri naqadar yuksak darajaga ko‘tarilganining yorqin misolidir. Bu ishlar ma’rifat, bag‘rikenglik va ezgulik tamoyillari atrofida birlashgan xalqimizning kelajakka ishonchini yanada mustahkamlaydi.
Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z ta’limotlarida inson uchun eng ulug‘ saodat tinchlik-osoyishtalik, tansihatlik va xotirjamlik ekanini alohida ta’kidlaganlar:
“Sizlardan kim ahli-oilasi tinch, tani sog‘ va bir kunlik yeguligi bor holda tong ottirsa, go‘yoki unga butun dunyo to‘laligicha berilibdi” (Imom Termiziy rivoyati).
Bugun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va emin-erkinlik mana shunday ulug‘ saodatning amaliy ifodasidir.
Alloh taolo jonajon Vatanimiz istiqlolini abadiy, tinchligimizni barqaror aylasin! Yurtimiz rivoji va xalqimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan Prezidentimiz va barcha mutasaddilarga kuch-g‘ayrat, mustahkam sog‘liq va ulkan zafarlar yor bo‘lsin. El-yurtimiz ahil-inoqligi, xonadonlarimizning qut-barakasi hech qachon arimasin!
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi