Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Avgust, 2025   |   12 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:52
Quyosh
05:23
Peshin
12:34
Asr
17:28
Shom
19:38
Xufton
21:02
Bismillah
06 Avgust, 2025, 12 Safar, 1447

QAYSI JOYDA AZON AYTILSA ALLOH U JOYNI BALOLARDAN ASRAYDI

24.02.2020   3573   4 min.
QAYSI JOYDA AZON AYTILSA ALLOH U JOYNI BALOLARDAN ASRAYDI

       Azon lug‘atda “bildiruv” degan ma’noni anglatadi. Azon Allohning toatiga, ibodatiga, hidoyatiga, Uning Dargohi oliyasiga bir chorlovdir. Azon Alloh sevgisining tanlarga nidosi, qalblarga tajallisidir. Azon dil va vujuddan shaytonni quvish imkoniyatidir. “Azon” – Allohning sig‘inish va ibodat qilishga sazovor yagona Zot ekanini, Muhammad alayhissalomni butun insoniyatga yuborilgan oxirgi haq payg‘ambarliklarini, dinimizning butun dunyoda mislsiz adolat qilish dini ekanini bildirishdir.

 Anas (r.a)dan rivoyat qilinadi, Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam: "Qaysi qishloqda azon aytilsa, Alloh taolo o‘sha qishloqni o‘sha kun o‘zining azobidan omonda qiladi", - dedilar. Hadislarda azon, iqomat va muazzinning fazilatlari bayon qilingandir. Quyida bir necha hadislarni keltirib o‘tamiz:

Hazrat Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam aytdilarki: "Vaqtiki, namoz uchun azon aytilsa, shayton yel chiqarib azon eshitilmaydigan joygacha qochadi. Azon tugaganda qaytib keladi. Keyin namoz uchun iqomat (takbir) aytilsa, yana qochib ketadi. Takbir tugagach qaytib keladi va insonni diliga vasvasa solib aytadiki: "falon gapni esla, falon narsani yodga ol", - deydi, shunda inson oldin xayoliga ham kelmagan gaplarni esga oladi va necha rakat namoz o‘qiganini ham bilmay qoladi". (Buxoriy va Muslim rivoyati)

Hazrat Jobir roziyallohu anhu aytadilarki: Men  Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni shunday deganlarini eshitdim : "Vaqtiki, shayton namozga chaqiriqni, ya’ni azonni eshitsa, Ravho degan joygacha qochadi". Roviy aytadiki, Ravho Madinadan 36 mil uzoqdadir.

Yuqoridagi ikkita hadisdan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, haqiqatda azon va iqomat tavhid va iymonga chaqiriqdir. Bu ikkisi Alloh taologa nihoyatda mahbub va hammadan ziyoda maqbuldir. Alloh taoloning yaxshi bandalari uni eshitib, masjidga boradilar. Lekin la’nati shayton buni eshitishga toqati yetmaydi. Shuning uchun, qachon azon aytilsa, shayton uni eshitib, sherdan qochganday qochadi.

Abu said al-Xudriy roziyallohu ahudan rivoyat qilinadi Rosululloh sollallohu alayhi vasallam; Muazzinni ovozi qayergacha yetib borsa u yerda uni eshitgan jin inson va jonsiz narsalar qiyomat kuni uning haqida  guvohlik beradilar. ". (Buxoriy rivoyati)

Alloh taolo koinotdagi har narsaga o‘zining ma’rifatidan bir hissa bergan. Bunga dalil Isro surasi 44-oyatida "Uning hamdi ila tasbeh aytmagan hech bir narsa yo‘q. Lekin ularning tasbehini anglamassizlar"- deydi. Shuning uchun qachon muazzin azon aytsa va unda Alloh taoloning ulug‘ligi, birligi, islom ta’limotlarini e’lon qilsa, insujindan tashqari boshqa maxluqotlar ham uni eshitib tushunadilar va qiyomat kuni muazzinning haqida hammalari ushbu kalimalarni eshitganlari haqida guvohlik beradilar. Bu guvohlik shubhasiz muazzin uchun  katta fazilatdir.

  Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi Rosululloh sollallohu alayhi vasallam; Qiyomat kuni uch kishi mushkdan bo‘lgan tepalikda bo‘ladi. Biri, Alloh taoloning haqqini ham mavlosining haqqini ham ado qilgan qul. Ikkinchisi bir qavmga imom bo‘lib, (uning pokiza xulqi sababli) qavmi undan rozi bo‘lgan kishi. Uchinchisi kecha kunduz besh vaqt namozga azon aytgan kishi,- dedilar. (Termiziy rivoyati)

 Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam; Kim yetti yilgacha savob umidida azon aytsa,  jahannam o‘tidan ozod deb yozib qo‘yiladi,- dedilar. (Termiziy, Abu Dovud, Ibn Moja rivoyati)

Azon, iqomat va muazzinning fazilatlari juda ko‘p hadislarda bayon qilingan. Azon iymon va islomning eng muhim shioridir. Azonning ma’nosi va tartibiga nazar solsak, u juda balog‘atli tarzda islomga chaqiradi. Muazzin Allohning yo‘liga chaqiruvchidir.  Afsus bugun biz bu haqiqatni tamoman esdan chiqarganmiz. Azon aytishni bir haqir, past narsa deb tushunmoqdamiz. Shuni yestan chiqarmaylikki azonning fazilati juda ko‘p. Qachon azon eshitganimizda qiyomat soati kelganini tasavvur qilib, chin qalbdan his etib Allohdan chin ma’noda qo‘rqsakkina ibodatu duolarimizni qobil qiladi, Alloh yurtimizni tinch osmonimizni hamisha musoffo qilsin.

Manbalar asosida

 

Imom Faxriddin ar-Roziy o‘rta

maxsus islom bilim yurti mudarrisi

Ne’matulloh Qori Aminjon Eshon

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“Men bilmayman”

06.08.2025   52   3 min.
“Men bilmayman”

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ilmning qadr-qimmati barchamizga ma’lum. Ilm sababli Alloh taolo Odamni farishtalardan afzal qildi. Ilm sababidan farishtalarga Odamga sajda qilishni buyurdi. Alloh taolo olimlar va ilm talabidagilarning martabalarini yuqoriga ko‘tardi. U Zot bunday deya marhamat qiladi: «...Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur...»[1].

Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu aytadilar: “Ilm olinglar! Alloh uchun ta’lim olish – Allohdan qo‘rqishdir. Ilm­ni dars qilish –  tasbehdir. Uni o‘rganish – ibodat, bilmaganga o‘rgatish – sadaqa, amal qilish esa Allohga yaqinlashishdir”.

Ilm sizning qadringizni ko‘taradi va ilm orqali Alloh taologa yaqinlashib borasiz. Abu Bakr Varroq bu borada bunday deydi:

Ilm o‘z sohibin ko‘targay yuksak,
Xoja aylagaydir qulni-da shaksiz.
Rizolik yo‘li ham shul erur demak,
Ilmdan boshqasi abas, keraksiz.

Ilm oluvchi go‘zal odob-axloq ila bezanmog‘i lozim. Umar roziyallohu anhu aytadilar: “Ilm olinglar! Ilm olar ekansiz, sakinat va halimlikni ham o‘rganing. Sizdan ilm o‘rganuvchilar ham sizga nisbatan kamtarin munosabatda bo‘lsinlar, siz ham ilm olayotgan kishingizga tavozeli bo‘ling. Zulmkor olimlardan bo‘lmang. Sizlarning ilmingiz jaholat birla turmas”.

“Men bilmayman” deyish hech qachon ayb sanalmaydi. Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: “Qalbga rohat beradigan eng go‘zal narsa haqida savol so‘rashganida, “Men bilmayman”, deb javob berishdir”, deganlar.

O‘rgangan ilmingizni odamlardan berkitmang. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mendan bir oyat bo‘lsa ham yetkazinglar”[2], deganlar.

O‘rganayotgan narsalaringizga bee’tibor bo‘lib odamlarga yetkazmay yurish yaxshi emas. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim ilmni berkitsa, Alloh taolo qiyomat kunida unga olovdan bo‘lgan yuganni soladi”, [3] deganlar.

Amal qilinmaydigan ilmda xayr yo‘q. Unday odamning ustiga jild-jild kitoblar ortilgan eshakdan farqi yo‘q.

Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu bunday deydilar: “Ilm o‘rganib, unga amal qilinglar. Ilm ila chiroyli ko‘rinish uchun ilm o‘rganmang. Umringiz uzoq bo‘lsa, hali shunaqalarni ko‘rasiz, odamlar kiyim kiyib bezanganidek, odamlar ilm olib o‘zlariga oro beradilar”.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Imlni olimlarga maqtanish, u orqali esi past, johillar bilan talashib-tortishish yoki odamlarning e’tiborini o‘zingizga qaratish uchun o‘rganmang. Kim shunday qilsa, u jahannamdadir”[4], deganlar.


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Mujodala surasi, 11-oyat.
[2]  Imom Buxoriy rivoyati.
[3]  Ibn Hibbon, Imom  Hokim va Imom Bayhaqiy rivoyati.
[4]  Ibn Moja rivoyati.

 

 

Maqolalar