Azon lug‘atda “bildiruv” degan ma’noni anglatadi. Azon Allohning toatiga, ibodatiga, hidoyatiga, Uning Dargohi oliyasiga bir chorlovdir. Azon Alloh sevgisining tanlarga nidosi, qalblarga tajallisidir. Azon dil va vujuddan shaytonni quvish imkoniyatidir. “Azon” – Allohning sig‘inish va ibodat qilishga sazovor yagona Zot ekanini, Muhammad alayhissalomni butun insoniyatga yuborilgan oxirgi haq payg‘ambarliklarini, dinimizning butun dunyoda mislsiz adolat qilish dini ekanini bildirishdir.
Anas (r.a)dan rivoyat qilinadi, Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam: "Qaysi qishloqda azon aytilsa, Alloh taolo o‘sha qishloqni o‘sha kun o‘zining azobidan omonda qiladi", - dedilar. Hadislarda azon, iqomat va muazzinning fazilatlari bayon qilingandir. Quyida bir necha hadislarni keltirib o‘tamiz:
Hazrat Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam aytdilarki: "Vaqtiki, namoz uchun azon aytilsa, shayton yel chiqarib azon eshitilmaydigan joygacha qochadi. Azon tugaganda qaytib keladi. Keyin namoz uchun iqomat (takbir) aytilsa, yana qochib ketadi. Takbir tugagach qaytib keladi va insonni diliga vasvasa solib aytadiki: "falon gapni esla, falon narsani yodga ol", - deydi, shunda inson oldin xayoliga ham kelmagan gaplarni esga oladi va necha rakat namoz o‘qiganini ham bilmay qoladi". (Buxoriy va Muslim rivoyati)
Hazrat Jobir roziyallohu anhu aytadilarki: Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni shunday deganlarini eshitdim : "Vaqtiki, shayton namozga chaqiriqni, ya’ni azonni eshitsa, Ravho degan joygacha qochadi". Roviy aytadiki, Ravho Madinadan 36 mil uzoqdadir.
Yuqoridagi ikkita hadisdan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, haqiqatda azon va iqomat tavhid va iymonga chaqiriqdir. Bu ikkisi Alloh taologa nihoyatda mahbub va hammadan ziyoda maqbuldir. Alloh taoloning yaxshi bandalari uni eshitib, masjidga boradilar. Lekin la’nati shayton buni eshitishga toqati yetmaydi. Shuning uchun, qachon azon aytilsa, shayton uni eshitib, sherdan qochganday qochadi.
Abu said al-Xudriy roziyallohu ahudan rivoyat qilinadi Rosululloh sollallohu alayhi vasallam; Muazzinni ovozi qayergacha yetib borsa u yerda uni eshitgan jin inson va jonsiz narsalar qiyomat kuni uning haqida guvohlik beradilar. ". (Buxoriy rivoyati)
Alloh taolo koinotdagi har narsaga o‘zining ma’rifatidan bir hissa bergan. Bunga dalil Isro surasi 44-oyatida "Uning hamdi ila tasbeh aytmagan hech bir narsa yo‘q. Lekin ularning tasbehini anglamassizlar"- deydi. Shuning uchun qachon muazzin azon aytsa va unda Alloh taoloning ulug‘ligi, birligi, islom ta’limotlarini e’lon qilsa, insujindan tashqari boshqa maxluqotlar ham uni eshitib tushunadilar va qiyomat kuni muazzinning haqida hammalari ushbu kalimalarni eshitganlari haqida guvohlik beradilar. Bu guvohlik shubhasiz muazzin uchun katta fazilatdir.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi Rosululloh sollallohu alayhi vasallam; Qiyomat kuni uch kishi mushkdan bo‘lgan tepalikda bo‘ladi. Biri, Alloh taoloning haqqini ham mavlosining haqqini ham ado qilgan qul. Ikkinchisi bir qavmga imom bo‘lib, (uning pokiza xulqi sababli) qavmi undan rozi bo‘lgan kishi. Uchinchisi kecha kunduz besh vaqt namozga azon aytgan kishi,- dedilar. (Termiziy rivoyati)
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam; Kim yetti yilgacha savob umidida azon aytsa, jahannam o‘tidan ozod deb yozib qo‘yiladi,- dedilar. (Termiziy, Abu Dovud, Ibn Moja rivoyati)
Azon, iqomat va muazzinning fazilatlari juda ko‘p hadislarda bayon qilingan. Azon iymon va islomning eng muhim shioridir. Azonning ma’nosi va tartibiga nazar solsak, u juda balog‘atli tarzda islomga chaqiradi. Muazzin Allohning yo‘liga chaqiruvchidir. Afsus bugun biz bu haqiqatni tamoman esdan chiqarganmiz. Azon aytishni bir haqir, past narsa deb tushunmoqdamiz. Shuni yestan chiqarmaylikki azonning fazilati juda ko‘p. Qachon azon eshitganimizda qiyomat soati kelganini tasavvur qilib, chin qalbdan his etib Allohdan chin ma’noda qo‘rqsakkina ibodatu duolarimizni qobil qiladi, Alloh yurtimizni tinch osmonimizni hamisha musoffo qilsin.
Manbalar asosida
Imom Faxriddin ar-Roziy o‘rta
maxsus islom bilim yurti mudarrisi
Ne’matulloh Qori Aminjon Eshon
O‘tgan solih zotlar jamoat bilan namoz o‘qiyolmay qolsalar, bir-birlariga ta’ziya izhor qilishar ekan. Shunday zotlardan biri Hotamul Asom aytadi: “Men jamoatga ulgurmay qoldim, shunda menga Abu Is'hoq Buxoriyning bir o‘zi ta’ziya bildirdi. Agarda o‘g‘lim o‘lib qolsa minglab odamlar ta’ziya izhor qilishadi. Buning sababi odamlar nazdida din musibati dunyo musibatlaridan ko‘ra arzimas sanalganidandir”.
Bugungi kunda oramizda qanchalab odamlar jamoat namozlarini o‘tkazib yuboradilar, jiddiy e’tibor qaratmaydilar. Ba’zida ish, g‘am-tashvishlarning ko‘pligini bahona qilamiz, to‘g‘rimi?! Yana ko‘plar tuni bilan uxlamasdan, bomdod namoziga yaqin uxlab qolishlari ham bor gap.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Zimistonda masjidlar sari odim tashlovchilarga qiyomat kunidagi tamomiy nurning xushxabarini beringlar”[1] deganlarini nahot eshitmagansiz?!
Shayton sizning ustingizdan g‘alabaga erishib, namozda xotirjamligingizni ketkazishiga imkon bermang!
Omir ibn Abdulloh o‘lim to‘shagida yotganlarida azon ovozini eshitib: “Meni qo‘limdan tutinglar”, dedilar. Omir ibn Abdullohga “Axir siz betobsiz-ku”, deyishganida: “Allohning chaqirig‘ini eshitib turib, unga rioya qilmaymanmi”, dedilar. Keyin u kishini qo‘lidan ushlab turg‘izishdi. Masjidda imom bilan shom namozining bir rakatini o‘qidilar va jon taslim qildilar.
Yana bir misol: Sufyon ibn Uyayna azon aytilishidan ilgari namozga borishga ishtiyoqmand bo‘lganlar va doim: “Namozga azon aytilmagunicha masjidga kelib turmaydigan yomon qul bo‘lma. Chunki yomon qul chaqirmaguningcha kelmaydi”, der edilar.
Oisha roziyallohu anho onamiz aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan suhbatlashib o‘tirardik, u zot ham biz bilan gaplashib o‘tirardilar. Bordi-yu, namoz vaqti kirib qolsa, bir-birimizni tanimaganday bo‘lib olardik”[2].
Shukrki, oramizda masjidda birinchi safga joylashish uchun g‘ayrat qiluvchilar ko‘payib bormoqda. Nabiy alayhissalom: “Agarda odamlar azonda va birinchi safda nimalar borligini bilishsa edi, unga erishish uchun qur’a tashlashdan boshqa chora bo‘lmasa, albatta, qur’a tashlagan bo‘lardilar”, deganlar.
Said ibn Musayyab aytadi: “Men ellik yildan beri biror marta birinchi takbirni o‘tkazib yubormaganman. Ellik yildan buyon namozda birorta kishining boshining orqasiga qaragan emasman”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyati.
[2] Mursal hadis. Iroqiyning “Ihyo”ga yozgan taxrijiga qarang (1, 205).