“...Kishilar bordirki, ularni na tijorat va na savdo (ishlari) Allohning zikridan, namozni barkamol ado etishdan va zakot berishdan chalg'ita olmas. Ular dillar va ko'zlar iztirobga tushib qoladigan kun (qiyomat)dan qo'rqurlar” (Nur surasi, 37-oyat).
Boylik va kambag'allik dunyoda bo'ladigan imtihonlarning eng qiyini. Ayniqsa, boylik egasi bo'lish – qattiq sinov. Zero, pulni maqsadli ishlata olish ma'naviyati yuksak insonning qo'lidan keladi. Ko'p insonlar: “Boyligimni undoq ishlatdim, bundoq sarfladim”, deb maqtanishadi. Aslida esa, boylik ularning asl qimmatli narsalarini – vaqtlarini, sog'liklarini “olib qo'ygan bo'ladi”.
Bugun moddiy boylik jamiyatning har bir a'zosiga ta'sir o'tkazmoqda. Inson pulning, boylikning mahkumi emas, sohibi bo'lishi lozim. Bunga Allohning amriga bo'yin egish orqali erishish mumkin.
Buning eng go'zal namunasini payg'ambarlar, ashobi kiromlar, avliyolar hayotidan topamiz. Ular molu dunyoni Alloh roziligini topish yo'lidagi bir vosita sifatida ko'rardilar. Sulaymon alayhissalomdan boyroq inson bo'lmagan. Faqat u zot hech qachon dunyoga muhabbat qo'ymagan.
Buning aksi bo'lgan hollar – qalbni dunyo hirsining zabt etishi insonning oqibatini yo'qqa chiqaradi.
Mo'min banda dunyo bilan mashg'ul bo'lishi emas, balki uni Allohga bandalik qilishda bir vositaga aylatirishi kerak. Bu yo'ldagi xato esa, mol-dunyoni hayotning asosiy g'oyasi qilib olishdir.
Dinimizda insonning boy bo'lishiga aslo taqiq yo'q. Zero, haj va zakot ham aynan badavlat kishilarga taalluqli. Yana bu barcha bandalarga halol yo'l bilan boylik orttirishga bir rag'batdir.
Mo'minning mol-dunyoni haloldan topib, isrof etmay, yaxshilikka sarflashi, uning go'zal xulqidan darak. Dunyoga hirs qo'ymaslik esa, har kishining muhim vazifasidir. .
Atira RAHMONOVA,
Marhamat tumani
"Hidoyat" jurnalining 2023 yil 8-sonidan olindi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati