Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

Yoshlar tarbiyasida jadidlar merosining ahamiyati

30.01.2024   8076   7 min.
Yoshlar tarbiyasida jadidlar merosining ahamiyati

Mamalakatimizda qatag'on qurbonlari bo'lgan ota-bobolarimizning hayoti va faoliyatini, xususan, jadidlar merosini yanada chuqur o'rganish va ularning xotirasini abadiylashtirish bo'yicha muhim farmon va qarorlar qabul qilinmoqda. Halqimizning noyob adabiy-badiiy merosi bugungi kunda yosh avlodga ulkan ma'naviy kuch beradi. Hozirgi kundagi keng ko'lamli demokratik o'zgarishlar, jumladan, ta'lim islohotlari orqali O'zbekistonda yangi uyg'onish davri, ya'ni Uchinchi Renessans poydevorini yaratish asosiy maqsad qilib belgilandi.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganidek,[1]“Umuman, biz jadidchilik harakati, ma'rifatparvar bobolarimiz merosini chuqur o'rganishimiz kerak. Bu ma'naviy xazinani qancha ko'p o'rgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda ko'p savollarga to'g'ri javob topamiz. Bu bebaxo boylikni qancha faol targ'ib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab etadi”

Yurtimiz azaldan bebaho ma'naviy meros va qadriyatlarga boy mamlakat bo'lgan. Faqat biz bu merosni chuqur o'rganib hayotimizning har jabhasida foydalansak, bizga Vatanni sevish, milliy o'zlikni anglash, yurt kelajagiga daxldorlik xissi bilan yashashga o'rgatadi. Ma'rifatparvar bobolarimiz millatni uyg'otish va istiqlol yo'lida qancha jabru jafolar chekkani va taraqqiyotga faqat ilmu ma'rifat bilan erishish  mumkinligini targ'ib etgan.

Jadid bobolarimizdan biri Abdullo Avloniyning yoshlarimiz tarbiyasi xaqidagi quyidagi so'zlari  e'tiborga molikdir:[2]“Tarbiyani tug'ilgan kundan boshlamoq, vujudimizni quvvatlantirmoq, fikrlarimizni nurlantirmoq, axloqimizni  go'zallantirmoq, zexnimizni ravshanlantirmoq lozim ekan. Tarbiyani kim qiladi? Qayerda qiladi?degan savol keladi. Bu savolga: Birinchi uy tarbiyasi, bu ona vazifasidir. Ikkinchi maktab va madrasa tarbiyasi, bu ota, muallim, mudarris va hukumat vazifasidir... Hulosa shuki, tarbiya biz uchun yo xayot, yo mamot, yo najot, yo xalokat, yosaodat-yoo falokat masalasidir”, degan  so'zlari bugungi globallashu jarayonida naqadar axamiyatlidir.

Hozirgi kunda ektremizm, ommaviy madaniyat, kosmopolitizm[3] ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik kabi zararli illatlar yoshlarimiz o'rtasida keng avj olmoqda. Bu xatarlardan yoshlarimizni saqlash uchun barchamiz shug'ullanishimiz kerak, zarracha loqaydlikka yo'l qo'ymaslik zarur.

 “Yoshlarning bo'sh vaqti dushmanning ish vaqti” degan naql bor. Biz farzandlarimizning bo'sh vaqtini qoldirmasligimiz, aksincha ularni foydali o'qish va kasb-hunarga  targ'ib qilishimiz shart.

Davlatimiz rahbari Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashining kengaytirilgan majlisida bunday dedi[4]: “Azizlarim, tarbiyasi izdan chiqqan nopok kimsalardan ogox bo'laylik! Farzandalarimizni ularning buzg'unchi ta'siridan asraylik! Kelajagimizni yovuz kuchlar qo'liga berib qo'yishga aslo haqqimiz yo'q. Agar barchamiz birgalikda qat'iy harakat qilsak, jamiyatimizda sog'lom ijtimoiy-ma'naviy muhitni mustahkamlashga, albatta, qodirmiz”.

Ushbu mavzu borasida ma'rifatparvar bobomiz Mahmudxo'ja Behbudiyning quyidagi so'zlari hozirgi vaqtda ham o'z ta'sirini yo'qotmagan:[5] “To'y va ta'ziyag'a sarf qilaturg'on oqchalarimizni biz, turoniylar, ilm vadin yo'liga sarf etsak, anqarib ovro'poyillardek taraqqiy etarmiz va o'zimiz-da, dinimiz-da obro'y va rivoj topar. Yo'q, hozirgi holimizga davom etsak, din va dunyoga zillat va miskinatdan boshqa nasibamiz bo'lmaydur”.

Haqiqatan bugungi kundagi ahvolimiz ham xuddi shunday. Endilikda mablag'imizni yoshlarimizning ilm olishiga sharoit qilishga sarflasak maqsadga muvofiq bo'lardi.

Jadid bobolarimizning fikr-g'oyalari mana bir asr bo'libdiki o'z ta'sirini yo'qotgani yo'q. Bugungi kunda insoniyat inqirozlar qurshovi va ekologik muammolar tahlikasida qolgan, bu ham etmagandek, dunyo yoshlari ishsizlik, ochlik va axloqiy qashshoqlik kabi illatlarga mubtalo bo'lib turgan vaqtda biz hali ham ba'zi mayda ikir-chikirlar xaqida bahsdamiz.

Milliy qarashning mohiyatini anglab etish bugungi hodisalarni to'g'ri o'qiy olish uchun o'z tariximizni, xususan, ma'rifatparvar jadid bobolarimiz qoldirgan ma'naviy merosni chuqur bilishimiz kerak. Bugungi zamonda ilmiy salohiyat va sanoatda qanday o'rinlardamiz shu haqida bahs qilishimiz zarur.

Hozirgi shiddat bilan rivojlanayotgan zamonda bizning ahvolimiz qanday? Ilg'or xalqlar hamma sohada rivojlanib bormoqda. Hatto oyni zabt etib sun'iy intelektni rivojlantirib taraqqiy etayapti. Ho'sh, biz bunday kadrlarga muhtoj emasmizmi?! Musulmon ahli shunday kadrlar chiqarmasa gunohkor bo'lmaydimi?!

Yurtboshimiz Respublika Ma'naviyat va ma'rifat kengashining kengaytirilgan majlisida quyidagi ta'sirli so'zlarni ham ta'kidladi: “[6]Agar biz bu yorug' dunyoda “o'zbek”, “O'zbekiston”degan nomlar bilan yashab qolishni istaydigan bo'lsak, bu savollarga bugun javob topishimiz va ularni xal etishimiz bo'yicha amaliy xarakatlarni aynan bugun boshlashimiz shart. Ertaga kech bo'ladi. Bu so'zlar har bir “O'zbekistonlikman”, “o'zbekman” degan insonning qalbida chuqur xis etmog'ini istardim”.

Hulosa o'rnida biz buyuk millat sifatida dunyoda o'z o'rnimizga ega bo'lishni istasak, buyuk tariximiz bilan bir qatordama'rifatparvar jadid bobolarimiz qoldirgan ma'naviy merosni chuqur o'rganib, ularning o'gitlariga amal qilmog'imiz, Vatan taraqiyoti uchun jiddu jahd qiladigan yangi avlodni tarbiyalamog'imiz lozim.

Muhammadzakiy domla Homidov

Farg'ona viloyati Quva tumani

“Akbarobod” jome masjidi imom noibi

[1]Sh.Mirziyooyev.Jadidlar to'plami kitobidan Maxmudxo'ja Bexbudiy T.2022-yil 3-bet

[2] Abdulla Avloniy.Jadidlar to'plami kitobi “Yoshlar nashriyoti uyi,2022 84-85-betlar.

[3] Milliy an'ana va madaniyatdan,vatanparvarlikdan voz kechishga-bevatanlikka chaqiradigan mafkura.

[4] Sh.Mirziyoev. “Metodik targibot” telegram saxifasidan olindi.22.12.2023

[5] Maxmudxo'ja Bexbudiy. Jadidlar to'plami kitobi “Yoshlar nashriyot uyi”T.2022 140-bet

[6] Sh.Mirziyoev. “Metodik targ'ibot”telegram kanali 22.12.2023

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Fidoyi ajdodlarimiz jasorati – hamisha ibrat namunasi

28.08.2026   12749   6 min.
Fidoyi ajdodlarimiz jasorati – hamisha ibrat namunasi

Mustaqillik bayrami arafasida Vatan ozodligi yo‘lida kurashgan qahramon ajdodlarimizni minnatdorlik bilan yod etamiz, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ularning jasorati bugungi erkin hayotimiz va milliy istiqlolimizning qadrini yanada teran anglatadi.

28 avgust kuni Shahidlar xotirasi xiyoboniga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ulamolar, nuroniylar va ziyolilar yig‘ildi.

Qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Vatan fidoyilari haqiga Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi. Elga osh tortildi.

Xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qur’on tilovat qilindi. Shu yerda davlatimiz rahbarining ulamolar va ziyolilar bilan tarixiy xotirani asrash, qatag‘on qurbonlari nomini tiklash hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalari yuzasidan muloqoti bo‘ldi.

– Shu kunlarda el-yurtimiz bilan birgalikda mustaqilligimizning 35 yilligini katta xursandchilik bilan kutib olyapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – O‘ttiz besh yildan buyon hech kimga qaram bo‘lmasdan, mana shunday tinch va tiniq osmon ostida erkin va farovon yashayapmiz. Bu – katta baxt, bebaho boylik. Shunday ulug‘ kunlarda istiqlol va ozodlik yo‘lida halok bo‘lgan qahramon ajdodlarimizni eslash, ularning xotirasiga hurmat bajo keltirish – muqaddas burchimiz.

Davlatimiz rahbari fidoyi ajdodlarimizning qahramonligi hech qachon unutilmasligi, ularning jasorati xalqimiz uchun hamisha ma’naviy kuch manbai bo‘lib qolishini ta’kidladi.

– Barcha islohotlarimiz markazida turgan “Inson qadri uchun!” degan ezgu g‘oya jasur ota-bobolarimizning ruhlarini shod etish, orzu-niyatlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ishlarimizni yanada kuchaytirishni talab etadi. Bu aziz insonlar xotirasi qancha e’zozlansa, bugungi tinch hayotimiz, milliy istiqlolimiz qadri shuncha oshadi, – dedi Prezident.

Keyingi yillarda qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish va tarixiy adolatni tiklash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shahidlar xotirasi xiyobonidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi to‘liq rekonstruksiya qilinib, ekspozitsiyasi boyitildi, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi. Raqamli tizimlar va sun’iy intellekt yordamida ko‘rgazmalarning ta’sirchanligi oshirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda tashkil etilgan qatag‘on qurbonlari muzeylari ham zamon talablari asosida jihozlandi. Ularning fondlari dunyoning turli nuqtalaridan keltirilgan noyob hujjatlar va fotosuratlar bilan boyitilmoqda.

2021-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan qatag‘on qurboni bo‘lgan 1 ming 200 dan ziyod yurtdoshimiz oqlandi. Joriy yilda sobiq mustabid tuzum davrida nohaq ayblanib, turli muddatlarga qamalgan yoki o‘limga hukm etilgan yana 161 nafar vatandoshimizning nomi oqlandi.

So‘nggi besh yilda jadid bobolarimiz merosini o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjumanlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Mustabid tuzumda nohaq qurbon bo‘lgan vatandoshlarimizning nomlari aniqlanib, ularning faoliyati, ilmiy va ijodiy merosi o‘rganilmoqda. Yuzlab, minglab fidoyi yurtdoshlarimiz haqidagi ma’lumotlar kitoblar, matbuot va ommaviy axborot vositalari orqali xalqimizga yetkazilmoqda.

Muloqotda o‘tgan asrning 80-yillarida ham minglab vatandoshlarimiz “paxta ishi”, “o‘zbek ishi” degan soxta ayblovlar bilan siyosiy qatag‘onga uchragani qayd etildi. 1983-1990 yillarda 40 ming nafar o‘zbekistonlik tergov qilinib, 5 ming nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bugun bu borada ham tarixiy adolat tiklanmoqda. Bunday ezgu ishlar izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari dunyoda qurolli mojarolar va siyosiy qarama-qarshiliklar kuchayib, ular bizga yaqin mintaqalarga ham kirib kelayotgani tashvishli ekanini ta’kidladi. Bu yurtimizdagi tinchlikni qadrlash, yanada jips va hamjihat bo‘lib yashashni talab etadi.

– Bizning yo‘limiz – tinchlik, do‘stlik va hamkorlik yo‘li. O‘zbekiston ushbu yo‘ldan hech qachon ortga qaytmaydi, – dedi Prezident.

Bugun yurtdoshlarimiz dunyoning istalgan mamlakatiga emin-erkin borib kelmoqda, O‘zbekiston barcha davlatlar bilan tenglik asosida hamkorlik qilmoqda. Bu mustamlakachilik zanjirlari va “paxta qulligi”dan butunlay ozod bo‘lganimizning amaliy ifodasidir.

Hayot va kelajakni bilim hamda ma’rifat asosida qurish, uzoq-yaqin mamlakatlar bilan do‘stona hamkorlik qilish Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim sharti ekani ta’kidlandi. Buyuk jadid bobolarimiz bejiz millatni uyg‘oqlikka, bilim va ma’rifatga chaqirmagan. Ularning kurash va ma’rifat maktabi bugun ham g‘oyat dolzarb ahamiyatga ega.

Shu bois, yoshlarning sifatli ta’lim olishi, vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishiga katta e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi o‘n yilda oliygohlar soni 77 tadan 205 taga yetkazildi, qabul kvotalari muntazam oshirib borildi. Jahondagi TOP-100 talikka kiradigan oliygohlarda 3 ming 500 dan ziyod farzandimiz ta’lim olmoqda. Maktab va maktabgacha ta’lim tizimlarida ham muhim o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.

– Yoshlarni milliy g‘urur asosida tarbiyalashga alohida ahamiyat berishimiz kerak. Milliy g‘urur – insonning qalbini, yuragini, butun vujudini kuch-g‘ayratga to‘ldiradigan qudratli kuch. Milliy g‘ururi bor odam hech qachon yengilmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Poytaxtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etildi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi butunlay qaytadan bunyod qilindi, Marg‘ilonda Burhoniddin Marg‘inoniy nomidagi markaz ishga tushirildi. Bular Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘li – tinchlik, do‘stlik va bunyodkorlik, bilim hamda ma’rifat yo‘li ekanini tasdiqlaydi.

So‘nggi o‘n yilda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilgan islohotlar tufayli 100 mingdan ziyod yurtdoshimiz hojilik maqomiga ega bo‘ldi. Davlatimiz rahbari diniy jamoatchilik jamiyatda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yoshlarga to‘g‘ri tarbiya berish jarayonlarida yanada faol ishtirok etishiga ishonch bildirdi.

– Bugun mana shu tabarruk maskanda turib, tinch-osoyishta hayotimiz, erishayotgan yutuqlarimiz uchun Yaratganga behisob shukronalar aytamiz. Mana shunday ozod va farovon kunlarni orzu qilib, armon bilan o‘tgan qahramon ota-bobolarimiz, jasur momolarimizning ruhlari shod bo‘lsin! Yurtimiz tinchlik, taraqqiyot va farovonlik diyori sifatida yanada gullab-yashnasin! Alloh taoloning o‘zi Vatanimizni panohida asrasin! – dedi Prezident.

Ulamolar qatag‘on qurbonlari va Vatan ozodligi yo‘lida jon fido etgan ajdodlarimiz ruhiga duo qilib, yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka barqaror bo‘lishini tiladilar. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari