O‘zbekistonliklarning ko‘pchiligi bugungi kunda Rossiya Federatsiyasida mehnat qilmoqda. Ba’zida qulog‘imizga “deport bo‘libdi yoki bo‘lmasa Rossiyaga kirishga taqiq olibdi” qabilidagi gap-so‘zlar chalinib turadi. Xo‘sh bugungi kunda Rossiyadagi vatandoshlarimiz Rossiyada yashash va ishlash davomida duch kelayotgan asosiy muammolar qaysilar?
Savollarimizga javob topish maqsadida Moskvada mehnat migrantlariga huquqiy yordam berib kelayotgan va muhojirlar hayoti hamda muammolaridan ko‘proq xabardor vatandoshimiz, migratsiya bo‘yicha yurist Aziz Hayitov bilan suhbat uyushtirdik.
- Hozirgi vaqtda Rossiyada mehnat migrantlari bilan bog‘liq qanday muammolar bor?
– Hozirgi kunda mehnat muhojirlarimizda birinchi muammo bu – tilni bilmaslik va huquqiy bilim yo‘qligi. Buning ortidan esa boshqa muammolar kelib chiqmoqda. Bilamizki Rossiyaga kirishda migratsion karta beriladi. Ana shu kartani to‘ldirishda ismi-sharifini yoki kelishdan maqsadni ko‘rsating degan joyini xato to‘ldirsa, uning uchun muammo boshlanadi. Bu xatolik registratsiya va patent olishga ham ta’sir qiladi. Agar mehnat mohojiri migratsion kartani to‘g‘ri to‘ldirsa demak, u rus tilini tushunadi va yozishni biladi. Demak asosiy muammo bu – tilni bilmaslik.
- Deportatsiya va Rossiya hududiga kirishga taqiq qo‘yish muammosiga ham to‘xtalib o‘tsangiz
– Deportatsiya oxirgi 4-5 yilda judayam ommalashib ketdi. Bu muammo ham asosan til bilmaslik oqibatida kelib chiqadi. Ya’ni rus politsiyasi mehnat migrantini to‘xtatib, hujjatlarini so‘raganida mehnat muhojirining hujjatlari to‘g‘ri bo‘lsa ham gapira olmaydi. Gapira olmagani uchun ham muammo bo‘lyapti. Biz ko‘p sud jarayonlarida ishtirok etamiz. Sudlarda o‘zbekistonlik fuqaroni himoya qilib, sudyaga vatandoshimizning huquqbuzarlik sodir etmaganini tushuntiramiz. Shunda sudya “vatandoshingni himoya qilguncha, borib rus tilini o‘rgat. Sen bu yerga kelib uning huquqini himoya qilyapsan, lekin vatandoshlaringa tilni o‘rgatmayapsan. Yaxshiyamki deportatsiya qilibdi. Boshqa tuhmat bilan qamaganda sen ham men ham yordam bera olmasdik” – deb to‘g‘ridan to‘g‘ri bizga aytishadi. Bu gaplar haqiqatdan ham to‘g‘ri. Sud jarayonida men sudyaga vaziyatni tushintiryapman shunda sudya to‘xtatib, migrantning o‘zidan so‘radi. Migrant esa mening gapimga qarama-qarshi gapirdi. “Ha” deyishi kerak bo‘lgan joyda “yo‘q” dedi. “Yo‘q” deyishi kerak joyda “ha” dedi. Shundan so‘ng mening ishim teskari bo‘lib ketdi.
Rossiyaga kelishda migratsion kartadan keyin asosiy muammo registratsiya hisoblanadi. O‘zbekiston fuqarolari Rossiyaga kirgandan so‘ng yetti ish kunida registratsiya qildirib, uni bazaga tushirishlari kerak bo‘ladi. Hozirda registratsiya qilish bir muammo. Uni bazaga kiritish yana bir muammo. Ko‘pchilik holatda yetti ish kunida fuqarolarimiz registratsiya qilishga ulgurishmaydi ham. Masalan fuqarolarimiz o‘z turadigan joyiga registratsiya qildirishadi. Lekin ichki ishlar xodimining kasbiga sovuqqonligi sabab bazaga kiritilmay qoladi. Va natijada bu deportatsiyaga olib keladi.
- Mehnat muhojiri chegaradan o‘tgandan so‘ng yetti ish kunining yettinchi kuni registratsiya qildirishga kvartira topdi deylik. Registratsiya yana bir haftaga cho‘ziladi. Agar shu vaqtda politsiya xodimi to‘xtatsa, mehnat migrantini deport qiladimi?
– O‘zbekiston fuqarosi yetti ish kunida registratsiya qilishga ulgurmadi. Sakkizinchi kuni nima bo‘ladi? Agar siz yettinchi kuni registratsiya qilish uchun hujjatlarni topshirsangiz, sizga sakkizinchi kuni registratsiyangizni chiqarib bermaydi. Sizga registratsiyani kamida 10-15 kunda chiqarib berishadi. Bunday holatlarning ba’zilarida 5 ming rubl jarima olib, qo‘yib yuborishadi. Ba’zi holatda esa sudga olib borib, deportatsiya qilishadi. Birinchi marta kelganlarni jarima qo‘llab, qo‘yib yuborishi mumkin. Agar xorij fuqarosi ko‘p marta kirdi-chiqdi qilgan bo‘lsa ya’ni ancha vaqtdan beri Rossiya hududida yurgan bo‘lsa, protokol tuzilib, 5 ming rubldan 7 ming rublgacha jarima va sud qarori bilan Rossiya hududidan chiqarib yuboriladi.
Chegarada qonunni buzsangiz ular Rossiya hududiga kirishga taqiq qo‘yishadi. Boshqa holatlarda Ichki ishlar organlari tomonidan taqiq qo‘yiladi.
So‘nggi vaqtlarda Rossiyadagi iqtisodiyotining pasayishi sabab ko‘plab fuqarolarimiz 3 oy davomida hujjat qilmayapti. Buning oqibatida ular kichik jinoyatlar sodir etmoqda. Ya’ni Rossiyada hujjatsiz yurishadi. Natijada fuqarolarimiz ozodlikdan mahrum qilish koloniyalariga tushib qolishadi. Koloniyadan chiqqanidan so‘ng Ichki ishlar organlari yoki Adliya vazirligi tomonidan Rossiya hududiga kirishga taqiq qo‘yishadi.
Manba: https://kun.uz
Afv – o‘ch olishga qodir bo‘la turib, toyilish va xatolardan o‘tib kechirib yuborish demakdir. Buning yana bir ma’nosi adovat va nafrat kabi illatlarni qalbdan ketkazish bo‘lib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu borada: “Qiyomat kunida jarchi nido qilib: “Allohning zimmasida savobi borlar tursin va jannatga kirsin”, deyiladi, dedilar. Sahobalar: “Allohning zimmasida ajri borlar kimlar?” – deb so‘rashdi. Nabiy alayhissalom: “Odamlarni afv qilib yuboruvchilar” [1], deb javob berdilar.
Agarda siz ham Allohning zimmasida ajri borlar qatorida bo‘lishni istasangiz sizga yomonlik qilgan, sizning haqqingiz borasida xato qilgan kishining xato va kamchiliklarini kechirib yuboring. Axir Alloh taolo: «...Bas, kimki afv etib (o‘rtani) tuzatsa, bas, uning mukofoti Allohning zimmasidadir. Albatta, U zolim (tajovuzkor)larni sevmas»[2], deydi.
Sizga nisbatan xato qilgan kishilarga yumshoq munosabatda va sabrli bo‘lish, sizni ulushingizdan mahrum qilganlarga ham ziqnalik qilmaslik, siz bilan aloqani uzmoqchi bo‘lganlar bilan ham aloqani ushlab qolish, uzilganlarini tezlik bilan qayta yo‘lga qo‘yish – bularning bari qandayin axloq ekanini ko‘ringki, ular o‘z sohibini qiyomat kunida yuksak martaba va maqomlarga erishtiradi.
Rivoyatlarda kelishicha, bir a’robiyni tuhmat qilgani sababli sultonning huzuriga keltirishibdi. U yo‘l-yo‘lakay «Mana mening kitobimni o‘qinglar» degan oyati karimani tilovat qilib boribdi. Atrofdagilardan biri unga qarata: “Bu qiyomat kuni aytiladi, bugun emas”, debdi. A’robiy javob berib: “Xudo haqqi, bu kun qiyomat kunidan-da yomonroq. Chunki qiyomat kunida mening yomonliklarim bilan birga yaxshiliklarim ham ko‘rsatiladi va hisobga olinadi. Bugun mening yomonliklarimni e’tiborga olyapsizlar-u, yaxshiliklarimni inobatga olarmidingiz?!” – debdi.
Siz otasiz! Farzandingiz bir marotaba xatoga yo‘l qo‘ydimi, bunday vaziyatda uning barcha yaxshiliklarini unutib yubormang.
Mabodo do‘stingiz sizga nisbatan bir gal xato ish qilib qo‘ysa, siz u bilan birga yelkama-yelka turib o‘tkazgan yaxshi kunlaringiz va uning chiroyli do‘stligi va sadoqatini esdan chiqarmang.
Muhammad ibn Abu Bakr rahmatullohi alayh bunday deydilar: “Ey inson! Sen va Robbing o‘rtasida O‘zidan boshqasi bilmaydigan xato va kamchiliklaring bor. Alloh ularni kechirib yuborishini xohlaysan. Agar rostdan ham shu gunohlaring afv etilishi ishtiyoqida bo‘lsang, u holda U Zotning bandalaridan o‘tgan xatolarni kechir va afv et. Alloh sening xatolaringdan kechishini istasang, sen ham bandalarining xatolarini o‘tib yubor”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Tabaroniy hasan sanad bilan rivoyat qilgan.
[2] Shuro surasi, 40-oyat.