Ba’zi kishilar Aleksandr Makedonskiy bilan Iskandar Zulqarnaynni ikkalasi bitta shaxs deyishsa,ayrim kishilar esa Iskandar Zulqarnaynni Aleksandr Makedonskiyga hech qanday aloqasi yo‘q deyishadi.
Avval Aleksandr Makodonskiy haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, u tarixiy shaxsdir. Tarix sahifalaridan ma’lumki,miloddan avvalgi 360 yilda Makedoniyada Filip (II)taxtga o‘tiradi. Miloddan avvalgi 336 yilda Filip (II) o‘ldiriladi va uning 20 yoshli o‘g‘li Aleksandr otasining taxtini egallaydi. Aleksandr Makedonskiy Kichik Osiyo, Suriya, Falastin, Finikiya, Misr yerlarini qo‘lga kiritadi. Aleksandr Makedonskiy Afg‘onistonning janubiy tomonlarini egallab,Hindiqush tog‘lari orqali O‘rta Osiyoga ham kirib keladi. O‘rta Osiyodagi Baqtriya, So‘g‘diyona, Marg‘iyonani egallaydi. Miloddan avvalgi 324-327 yillarda u Hindistonni zabt qiladi. Aleksandr Makedonskiy miloddan avvalgi 323 yilda vafot etadi.
Iskandar Zulqarnayn haqida esa “Qur’oni Karim”ning “Qahf” surasi 83-98-oyatlarida shunday deyiladi: “ ( Ey Muhammad) Sizdan Zulqarnayn haqida so‘raydilar. Ayting: “ Men sizlarga u haqdagi xabarni hozir o‘qib berurman”. Darhaqiqat, Biz un (Zulqarnayn) ga bu yer yuzida martaba berdik va ( istagan) barcha narsasiga yo‘l (imkoniyat) ato etdik. Bas, u (avval G‘arbga qarab) yo‘l oldi. ( Ketayotib) Quyosh botadigan joyga yetgach, uning (quyoshning) bir loyqa ( yoki qaynoq) buloq(orti)ga botayotganini ko‘rdi va (buloq) oldida bir qavmni uchratdi. Biz:“Ey Zulqarnayn! Yo (ularni) azobga duchor qilursan yoki ularga yaxshi muomilada bo‘lursan”, -dedik. U aytdi:“ Zulm qilgan kimsani, albatta, azoblagaymiz. So‘ngra Parvardigoriga qaytarilgach, U zot uni yanada xunuk azob bilan azoblagay. Endi iymon keltirib ezgu ish qilgan kishiga kelsak, uning uchun go‘zal mukofot ( jannat) bo‘lur. Biz ham unga ishimizdan osonlarini buyururmiz”. So‘ngra, u (sharqqa qarab) yo‘l oldi. (Ketayotib) quyosh chiqadigan joyga yetib borgach, uning(quyoshning) bir qavm uzra chiqayotganini ko‘rdi. Biz ular uchun undan (quyoshdan to‘suvchi) biron parda qilmagan edik. (Uning ishi) shunaqa. Albatta, Biz uning huzuridagi ilmlarni ihota qilib olganmiz. So‘ngra, u yana yo‘l oldi. (Ketayotib) ikki tog‘ o‘rtasiga yetib kelgach, u (tog‘lar ortida) biron gapni sira anglay olmaydigan qavmni uchratdi. Ular: “Ey Zulqarnayn! Albatta, (shu tog‘lar ortidagi) Ya’juj va Ma’juj (qabilalari)Yer yuzida buzg‘unchilik qilguvchilardir. Bizlar senga bir (miqdor) haq to‘lasak, biz bilan ularningo‘rtasiga bir to‘g‘on qurib berurmisan?” -dedilar. (Zulqarnayn) aytdi: “ Rabbim menga ato etgan narsalari sizlar beradigan narsadan yaxshiroqdir. Bas, sizlar menga kuch-quvvat bilan yordam beringiz, toki men sizlar bilan ularning ( Ya’juj va ma’jujning) o‘rtangizga bir to‘siq (to‘g‘on) bino qilay. Sizlar menga temir parchalarini keltiringiz, to (parchalari) ikkala tog‘ yonbag‘irlari bilan barobar bo‘lgach, (olovga) dam uringiz!”-dedi. Bas, qachon u ( temir-tersaklarni) olovga aylantirgach (eritgach) , dedi: “ Menga eritilgan mis ham keltiringiz, toki uning( temir parchalarining) ustidan quyay! Ana, endi ular (Ya’juj va ma’jujlar) uning ( to‘siqning) ustiga chiqishga ham, uni teshib o‘tishga ham qodir bo‘lmay qolishdi. “Bu Rabbim (tomoni)dan bo‘lmish bir marhamatdir. Endi, qachonki, Rabbimning (Ya’juj va Ma’juj chiqadi, deb) va’da qilgan vaqt kelganida ( Qiyomat oldidan), O‘zi u(to‘siq)ni tep-tekis qilib qo‘yar. Rabbimning va’dasi haqdir”, -dedi u [1]”.
Bu oyatlarning tafsiri haqida Shayx Usmonxon Alimov muftiy hazratlari o‘zlarining “ Tafsiri Irfon” kitoblarida: “Alloh taolo Zulqarnaynga yer yuzida saltanat, mol-dunyo, qo‘shinlar va boshqa katta imkoniyatlarni bergan edi. U mag‘rib(kun botar tomon) va mashriq ( kun chiqar tomon) orasida kezgani uchun unga Zulqarnayn ( ikki shoxli) deb laqab berilgan. Shuningdek, Alloh taolo unga hukm yuritish, imorat qurish va obodonchilik, davlatni mustahkam tutish kabi ishlarning sababini ham o‘rgatgan edi[2]”deb yozadilar.
Qur’oni Karimda berilgan Iskandar Zulqarnayn bilan makedoniyalik Aleksandr Makedonskiy o‘rtasida bir qancha farqlar bor.Shu farqlardan ayrimlarini keltiramiz.
“ Qur’oni Karim”da qissasi berilgan Iskandar Zulqarnayn Allohning yagonaligiga iymon keltirgan, solih inson bo‘lgan. Aleksanr Makedonskiy haqida esa bu narsalar tarixiy manbalarda bayon qilinmagan. Bu haqda “Tafsiri Irfon”da shunday deyiladi: “ Makka mushriklarining Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘ragan narsalari ichida g‘or egalari va ruhdan tashqari Zulqarnayn ham bor edi.Zulqarnaynning shaxsi, uning qayerda va qachon yashagani, borgan joylari, qilgan ishlari haqida juda ko‘p gaplar, faraz-taxminlar bor. Ulardan ayrimlari tafsir kitoblarimizda ham keltirilgan. Ammo bularni hech kim aynan Qur’onda zikr etilgan Zulqarnayn haqida, deb uzil-kesil aytolmaydi. Masalan, ba’zilar“ Qissadagi Zulqarnayn Makedoniyali Iskandar”, deyishgan. Bu gap xatodir, chunki makedoniyali Iskandar Allohning yagonaligiga ishongan mo‘min bo‘lgan emas, Qur’ondagi Zulqarnayn esa mo‘min odamdir[3]”. Va yana Shayx Abdulaziz Mansur “ Qur’oni Karimning tarjima va ma’nolari” kitoblarida: “ Qur’onda zikr etilgan Zulqarnaynning ismi Iskandar bo‘lib, Sulaymon (a.s.) kabi dunyoni egallagan hukmdorlardandir. O‘tmishda kofirlardan ham ikki podshoh - Namrud va Buxtunassir dunyoga hukmdor bo‘lishga urunib ko‘rgan, deyiladi. Zulqarnaynning payg‘ambar yoki valiy yoxud podshoh ekanida ixtilof bor. Ali (rz.): “ U solih banda bo‘lgan va Alloh unga yer podshohligini, ilm va hikmatni ato etgan. Alloh yo‘lida boshiga urilgan zarbadan ikki bor o‘lib tirilgani uchun unga “zulqarnayn”, ya’ni “ ikki shoxli” laqabi berilgan”, deganlar[4]” deb yozadilar.
Aleksanr Makedonskiy Iso payg‘ambar tug‘ilishlariga yaqin davrlarda yashagan. “ Qur’oni Karim”da qissasi berilgan Iskandar Zulqarnayn esa Ibrohim alayhissalom davrida yashagan. Bu haqda ham “ Tafsiri Irfon”da: “ Ibn Hajar Asqoloniy “ Fathul-Boriy”da shunday yozadi: “ Ulkan tobe’in faqihlardan Ubayd ibn Umar yo‘lidan rivoyat qilinishicha, Zulqarnayn piyoda haj qilgan va uning xabarini eshitgan Ibrohim alayhissalom Zulqarnaynga peshvoz chiqqanlar”. Abdulloh ibn Abbosdan ( roziyallohu anhumo) rivoyat qilinishicha, “ Zulqarnayn Masjidul-Haromga kirgan, Ibrohim alayhissalom uning qo‘lini olib ko‘rishgan”. Ibn Hishom yozadi: “ Ibrohim alayhissalom bir masalada Zulqarnayndan hukm so‘radi, Zulqarnayn unga hukm chiqarib berdi[5]”. Ibn Hajar aytadi: “ Mazkur rivoyatlar bir-birini tasdiqlab-quvvatlab kelyapti”. Yana bu haqda Ibn Kasirning “ Tafsirul-Qur’onil-a’ziym” nomli kitoblarida shunday deyiladi: “ Iskandar Zulqarnaynni rumlik deyuvchilarning dalillari kuchsizdir. Rumlik Iskandar Filis ( Filip ) o‘g‘li Maqduniy ( makedoniyalik)dir. Qur’onda kelgan Zulqarnayn to‘g‘risida Azroqiy bunday deydilar: “ (Iskandar Zulqarnayn) Baytullohni Ibrohim (s.a) bilan birga tavof qilgan, vaziri Xizr a.s. bo‘lgan. Iskandar Maqduniyning vaziri esa mashhur faylasuf Aristotoliy (Aritotel) bo‘lgan. U (Aleksandr Makedonskiy) Iso alayhissalomdan oldin, miloddan oldingi (336-323) yillarda hukmronlik qilgan [6]”.
Aleksandr Makedonskiy makedoniyalik bo‘lib, Iskandar Zulqarnayn esa rivoyat qilinishicha misrlik bo‘lgan. Bu haqda “ Tafsiri Irfon”da: “Ibn Is'hoq shunday yozadi: “ Menga o‘tganlarning ilmidan olib, ajamlardan rivoyat qiladigan odamlardan birining aytishicha, Zulqarnayn misrlik kishi bo‘lib, ismi Marzubon ibn Marzuba Yunoniydir. U Yunon ibn Yofas ibn Nuhning avlodidan bo‘lgan[7]” deyiladi.
Aleksandr Makedonskiy miloddan oldingi 356 yilda tug‘ilib, 33 yoshida o‘z davlatining yangi poytaxti Bobilda vafot etgan bo‘lsa, “ Qur’oni Karim”da qissasi berilgan Iskandar Zulqarnayn “ Iskandariya” shahrini barpo qilgan. “Tafsiri Irfon”da: “ Ibn Hishom esa bunday deydi: “ U (Zulqarnayn) ning ismi Iskandardir, Iskandariyani barpo qilgan odam shu. Shuning uchun unga nisbat berilib, “ Iskandariya” deyilgan” ( Siyratun-Nabaviya) [8]” deyiladi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ham Aleksandr Makedonskiy Iskandar Zulqarnayn emasligiga o‘zlarining “ Zikr ahlidan so‘rang” kitoblarida shunday javob beradilar: “ Misol uchun, ba’zilar: “ Qissadagi Zulqarnayndan murod makedoniyalik Iskandar” deyishgan. Bu gap umuman noto‘g‘ri, chuki u mushrik odam bo‘lgan, butlarga, yulduzlarga sig‘ingan. Makedoniyalik Iskandrning nomi Aleksandr Makedonskiy bo‘lib, taxminan miloddan 330 yil oldin o‘tgan va Arastuning shogirdi bo‘lgan. Dunyoning ko‘p yerlarini ishg‘ol qilgan, Forsda urush olib borgan. Podshoh Doroni yengib uning qiziga uylangan va hokazo. Imom Shavkoniy ushbu ma’lumotlarga xulosa yasab, Aleksandr Makedonskiy Qur’oni Karimdagi Zulqarnayn degan gapga raddiya beradi: “ Bu juda ham mushkul! Chunki u kofir bo‘lgan. Arastuning shogirdi bo‘lgan, ko‘rinib turibdiki, Zulqarnayn solih banda bo‘lgan. Alloh unga keng mulkni bergan va bunga Qur’on ishora qilgan”. Zulqarnayn mag‘rib va mashriqning chekka joylarigacha borgan, Yajuj va Ma’juj qavmiga yo‘liqib, ularni to‘g‘on bilan to‘sib qo‘ygan.Aleksandr Makedonskiyni mazkur narsalarning birortasiga muyassar bo‘lgani tarixda ma’lum emas. “Zulqarnaynning Aleksandr Makedonskiy bilan chalkashtirilishiga asosiy sabab, arablarning Aleksandrni arabchalashtirib Iskandar deb atashganlari bo‘lgan” deyishadi ba’zi mutaxasisilar[9]”.
Yuqorida bayon qilingan farqlarga asosan biz “ Qur’oni Karim” da qissasi keltirilgan Iskandar Zulqarnayn bilan makedoniyalik Aleksandr Makedonskiy bitta shaxs emas, balki ular alohida-alohida shaxs degan xulosaga kelamiz.
Ruhiddin AKBAROV,
Qarshi tumani “ Akbar xalifa eshon ibn Muxtor” masjidi imomi.
[1] Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjima va tafsiri. “ Toshkent Islom universiteti” nashriyot-matbaa birlashmasi. Toshkent. 2018. 302-304-betlar.
[2] Shayx Usmonxon Temurxon Samarqandiy. “ Tafsiri Irfon ”. Toshkent. “ Sharq ” nashriyoti. 2019. 3-jild. 158-159-betlar.
[3] Shayx Usmonxon Temurxon Samarqandiy. “ Tafsiri Irfon”. Toshkent. “ Sharq” nashriyoti. 2019. 3-jild. 158-159-betlar.
[4] Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri. “ Toshkent Islom universiteti” nashriyot-matbaa birlashmasi. Toshkent. 2018. 303-bet.
[5] Shayx Usmonxon Temurxon Samarqandiy. “ Tafsiri Irfon”. Toshkent. “ Sharq” nashriyoti. 2019. 3-jild. 158-159-betlar.
[6] Ibn Kasir “ Tafsirul-Qur’onil-a’ziym”. “ Dorul-ma’rifa” Bayrut. 1989. 40-41-betlar.
[7] Shayx Usmonxon Temurxon Samarqandiy. “ Tafsiri Irfon”. Toshkent. “ Sharq” nashriyoti. 2019. 3-jild. 158-159-betlar.
[8] Shayx Usmonxon Temurxon Samarqandiy. “ Tafsiri Irfon”. Toshkent. “ Sharq” nashriyoti. 2019. 3-jild. 158-159-betlar.
[9] Shayx Muhammad Sodiq Muhmmad Yusuf. “ Zikr ahlidan so‘rang ”. “ Hilol-nashr” nashriyoti. 2018. 2-jild. 40-41-betlar.
Inson tanasidagi eng hayratli alomatlardan biri – uning barmoq izlaridir.
Agar ikki egizak bir tuxumdan yaralgan bo‘lsa – zero ba’zi egizaklar ikki tuxumdan, ba’zilari esa bir tuxumdan yaraladi – hatto shunday holatda ham ularning barmoq izlari bir-biridan mutlaqo farq qiladi.
Bu haqiqatga Alloh subhanahu va taolo O‘zining aziz Kitobida ishora qilib shunday marhamat qiladi:
“Inson Bizni, uning suyaklarini jamlay olmas, deb o‘ylarmi? Ha, Biz uning barmoq uchlarini ham asl holiga keltirishga qodirmiz” (Qiyomat surasi, 3–4-oyatlar).
Zamonaviy ilm-fan barmoq izlarida yuzga yaqin o‘ziga xos alomat borligini aniqladi. Agar ikki barmoq izida ana shu yuz alomatdan o‘n ikkitasi o‘zaro mos kelsa, u holda bu ikki iz bir insonga tegishli deb qabul qilinadi.
Tasodifan ikki barmoq izining bir xil chiqish ehtimoli esa oltmish to‘rt milliarddan bittadir. Ya’ni yer yuzida oltmish to‘rt milliard inson yashagan taqdirda ham, shundagina bir juft barmoq izining o‘xshab qolish ehtimoli paydo bo‘ladi. Holbuki, dunyo aholisi 8 milliardni tashkil etadi, xolos.
Barmoq izlarining shakli ham favqulodda murakkabdir. Unda yoylar, egri chiziqlar, burilishlar, burchaklar, tarqalishlar, mayda chiziqlar, chuqurchalar va tarmoqlanishlardan iborat noyob tuzilish mavjud.
Ayrim tibbiyot muassasalarida bir barmoq izi namoyish qilinib, uning ostiga o‘n besh mingta boshqa barmoq izi qo‘yilganida ham, ulardan ikkitasi hatto yetti nuqtada ham mutlaq o‘xshash chiqmagan.
Barmoq izi inson ona qornida bo‘lganidayoq, homilaning oltinchi oyida shakllana boshlaydi va inson o‘lguniga qadar o‘zgarmasdan saqlanadi.
Yana ham hayratlisi shuki, agar barmoq uchidagi teri butunlay olib tashlansa, uning o‘rnida qayta o‘sib chiqqan yangi terida avvalgi barmoq izining o‘zi yana paydo bo‘ladi.
Ayrim jinoyatchilar barmoq izlarini yo‘qotish uchun jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazganlar. Ular barmoq terisini kesib tashlab, boshqa joydan olingan terini ko‘chirib o‘tkazganlar. Ammo oradan bir necha oy o‘tgach, avvalgi barmoq izlari yana qayta namoyon bo‘lgan.
Chunki bu – Alloh taolo insonga bergan ilohiy muhrdir. Uni bashar quvvati yo‘q qilib tashlay olmaydi.
Qiyomat kuni Alloh taolo insonlarni qayta tiriltirganida ham ana shu chiziqlar, chuqurchalar, tarmoqlar va mayda belgilar yana avvalgi holiga qaytariladi.
Alloh taolo marhamat qiladi: “Ha, Biz uning barmoq uchlarini ham asl holiga keltirishga qodirmiz” (Qiyomat surasi, 4-oyat).
Bu – Alloh taoloning buyuk oyatlaridan biridir. Inson hali ona qornida ekan, bu naqshlar qanday yaratiladi? Keyin inson o‘lganidan so‘ng Alloh taolo ularni qanday qilib yana avvalgi holiga qaytaradi?
Bu savollarning o‘zi inson qalbini tafakkurga, aqlni esa Yaratuvchining qudrati haqida mulohaza qilishga chorlaydi.
Zamonaviy ilm-fan yana bir hayratli haqiqatni kashf etdi: insonning ko‘z gavhari – ya’ni ko‘zning rangli qismi ham har bir insonda o‘ziga xos bo‘lib, u ham shaxsni aniqlashda barmoq izi kabi noyob belgi vazifasini bajaradi.
Demak, inson tanasidagi har bir a’zo, har bir chiziq, har bir hujayra va har bir biologik belgi – Alloh taoloning qudratiga dalolat qiluvchi tirik oyatdir.
Muhammad Rotib Nabulsiyning
Qur’on va sunnatdagi
ilmiy mo‘jizalar
ensiklopediyasidan
Mir Arab oliy madrasasi
o‘qitvchisi
Abdurahmonov
Abdulhodiy
tarjima qildi