Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Avgust, 2026   |   28 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:58
Quyosh
05:28
Peshin
12:30
Asr
17:24
Shom
19:32
Xufton
21:00
Bismillah
11 Avgust, 2026, 28 Safar, 1448

“Iskandar Zulqarnayn” - “Aleksandr Makedonskiy” mi?

14.01.2020   30290   11 min.
“Iskandar Zulqarnayn” - “Aleksandr Makedonskiy” mi?

Ba’zi kishilar Aleksandr Makedonskiy bilan Iskandar Zulqarnaynni ikkalasi bitta shaxs deyishsa,ayrim kishilar esa Iskandar Zulqarnaynni Aleksandr Makedonskiyga hech qanday aloqasi yo‘q deyishadi.

 Avval Aleksandr Makodonskiy haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, u tarixiy shaxsdir. Tarix sahifalaridan ma’lumki,miloddan avvalgi 360 yilda Makedoniyada Filip (II)taxtga o‘tiradi. Miloddan  avvalgi 336 yilda Filip (II) o‘ldiriladi va uning 20 yoshli o‘g‘li Aleksandr otasining taxtini egallaydi. Aleksandr Makedonskiy   Kichik Osiyo, Suriya, Falastin, Finikiya, Misr yerlarini qo‘lga kiritadi. Aleksandr Makedonskiy  Afg‘onistonning janubiy tomonlarini egallab,Hindiqush tog‘lari orqali O‘rta Osiyoga ham kirib keladi. O‘rta Osiyodagi  Baqtriya, So‘g‘diyona, Marg‘iyonani egallaydi. Miloddan avvalgi 324-327 yillarda u Hindistonni zabt qiladi. Aleksandr Makedonskiy miloddan avvalgi 323 yilda vafot etadi.

  Iskandar Zulqarnayn  haqida esa  “Qur’oni Karim”ning  “Qahf” surasi 83-98-oyatlarida shunday deyiladi: “ ( Ey Muhammad) Sizdan Zulqarnayn haqida so‘raydilar. Ayting: “ Men sizlarga u haqdagi xabarni hozir o‘qib berurman”. Darhaqiqat, Biz un (Zulqarnayn) ga bu yer yuzida martaba berdik va ( istagan) barcha narsasiga yo‘l (imkoniyat) ato etdik. Bas, u (avval G‘arbga qarab) yo‘l oldi. ( Ketayotib) Quyosh botadigan joyga yetgach, uning (quyoshning) bir loyqa ( yoki qaynoq) buloq(orti)ga botayotganini ko‘rdi va (buloq) oldida bir qavmni uchratdi. Biz:“Ey Zulqarnayn! Yo (ularni) azobga duchor qilursan yoki ularga yaxshi muomilada bo‘lursan”, -dedik. U aytdi:“ Zulm qilgan kimsani, albatta, azoblagaymiz. So‘ngra Parvardigoriga qaytarilgach, U zot uni yanada xunuk azob bilan azoblagay. Endi iymon keltirib ezgu ish qilgan kishiga kelsak, uning uchun go‘zal mukofot ( jannat) bo‘lur. Biz ham unga ishimizdan osonlarini buyururmiz”. So‘ngra, u (sharqqa qarab) yo‘l oldi. (Ketayotib) quyosh chiqadigan joyga yetib borgach, uning(quyoshning) bir qavm uzra chiqayotganini ko‘rdi. Biz ular uchun undan (quyoshdan to‘suvchi)  biron parda qilmagan edik. (Uning ishi)  shunaqa. Albatta, Biz  uning huzuridagi ilmlarni ihota qilib olganmiz. So‘ngra, u yana yo‘l oldi. (Ketayotib) ikki tog‘ o‘rtasiga yetib kelgach, u (tog‘lar ortida) biron gapni sira  anglay olmaydigan qavmni uchratdi. Ular: “Ey Zulqarnayn! Albatta, (shu tog‘lar ortidagi) Ya’juj va Ma’juj (qabilalari)Yer yuzida buzg‘unchilik qilguvchilardir. Bizlar senga bir (miqdor) haq to‘lasak, biz bilan ularningo‘rtasiga bir to‘g‘on qurib berurmisan?” -dedilar.   (Zulqarnayn) aytdi: “ Rabbim menga ato etgan narsalari  sizlar beradigan narsadan yaxshiroqdir. Bas, sizlar menga kuch-quvvat bilan yordam beringiz, toki men sizlar bilan  ularning ( Ya’juj va ma’jujning) o‘rtangizga bir to‘siq (to‘g‘on)  bino qilay. Sizlar menga temir parchalarini keltiringiz, to (parchalari) ikkala tog‘ yonbag‘irlari  bilan barobar bo‘lgach, (olovga) dam uringiz!”-dedi.  Bas, qachon u ( temir-tersaklarni) olovga aylantirgach (eritgach) , dedi:             “ Menga eritilgan mis ham keltiringiz, toki uning( temir parchalarining) ustidan quyay! Ana, endi ular (Ya’juj va ma’jujlar) uning ( to‘siqning) ustiga chiqishga ham, uni teshib o‘tishga ham qodir bo‘lmay qolishdi. “Bu Rabbim (tomoni)dan bo‘lmish bir marhamatdir.               Endi, qachonki, Rabbimning (Ya’juj va Ma’juj chiqadi, deb) va’da qilgan vaqt kelganida       ( Qiyomat oldidan), O‘zi u(to‘siq)ni tep-tekis qilib qo‘yar. Rabbimning va’dasi haqdir”, -dedi u [1]”.

                   Bu oyatlarning tafsiri haqida Shayx Usmonxon Alimov muftiy hazratlari o‘zlarining “ Tafsiri Irfon” kitoblarida: “Alloh taolo Zulqarnaynga yer yuzida saltanat, mol-dunyo, qo‘shinlar va boshqa katta imkoniyatlarni bergan edi. U mag‘rib(kun botar tomon) va mashriq ( kun chiqar tomon) orasida kezgani uchun unga Zulqarnayn ( ikki shoxli) deb laqab berilgan. Shuningdek, Alloh taolo unga hukm yuritish, imorat qurish va obodonchilik, davlatni mustahkam tutish kabi ishlarning sababini ham o‘rgatgan edi[2]”deb yozadilar.  

           Qur’oni Karimda berilgan Iskandar  Zulqarnayn bilan makedoniyalik Aleksandr Makedonskiy o‘rtasida bir qancha farqlar bor.Shu farqlardan ayrimlarini keltiramiz.

                       “ Qur’oni Karim”da qissasi berilgan Iskandar Zulqarnayn Allohning yagonaligiga iymon keltirgan, solih inson bo‘lgan. Aleksanr Makedonskiy haqida esa bu narsalar tarixiy manbalarda bayon qilinmagan. Bu haqda “Tafsiri Irfon”da shunday deyiladi: “ Makka mushriklarining Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘ragan narsalari ichida g‘or egalari va ruhdan tashqari Zulqarnayn ham bor edi.Zulqarnaynning shaxsi, uning qayerda va qachon yashagani, borgan joylari, qilgan ishlari haqida juda ko‘p gaplar, faraz-taxminlar bor. Ulardan ayrimlari tafsir kitoblarimizda ham keltirilgan. Ammo bularni hech kim aynan Qur’onda zikr etilgan Zulqarnayn haqida, deb uzil-kesil aytolmaydi. Masalan, ba’zilar“ Qissadagi Zulqarnayn Makedoniyali Iskandar”, deyishgan.  Bu gap xatodir, chunki makedoniyali Iskandar Allohning yagonaligiga ishongan mo‘min bo‘lgan emas, Qur’ondagi Zulqarnayn esa mo‘min odamdir[3]”. Va yana Shayx Abdulaziz Mansur  “ Qur’oni Karimning tarjima va ma’nolari” kitoblarida: “ Qur’onda zikr etilgan Zulqarnaynning ismi Iskandar bo‘lib, Sulaymon (a.s.) kabi dunyoni egallagan hukmdorlardandir. O‘tmishda kofirlardan ham ikki podshoh - Namrud va Buxtunassir dunyoga hukmdor bo‘lishga urunib ko‘rgan, deyiladi. Zulqarnaynning payg‘ambar yoki valiy yoxud podshoh ekanida ixtilof bor. Ali (rz.): “ U solih banda bo‘lgan va Alloh unga yer podshohligini, ilm va hikmatni ato etgan. Alloh yo‘lida boshiga urilgan zarbadan ikki bor o‘lib tirilgani uchun unga “zulqarnayn”, ya’ni “ ikki shoxli” laqabi berilgan”, deganlar[4]” deb yozadilar. 

 Aleksanr Makedonskiy Iso payg‘ambar tug‘ilishlariga yaqin davrlarda yashagan.                   “ Qur’oni Karim”da qissasi berilgan Iskandar Zulqarnayn esa Ibrohim alayhissalom davrida yashagan. Bu haqda ham “ Tafsiri Irfon”da: “ Ibn Hajar Asqoloniy “ Fathul-Boriy”da shunday yozadi: “ Ulkan tobe’in faqihlardan Ubayd ibn Umar yo‘lidan rivoyat qilinishicha, Zulqarnayn piyoda haj qilgan va uning xabarini eshitgan Ibrohim alayhissalom Zulqarnaynga peshvoz  chiqqanlar”. Abdulloh ibn Abbosdan ( roziyallohu anhumo) rivoyat qilinishicha, “ Zulqarnayn Masjidul-Haromga kirgan, Ibrohim alayhissalom uning qo‘lini olib ko‘rishgan”. Ibn Hishom yozadi: “ Ibrohim alayhissalom bir masalada Zulqarnayndan hukm so‘radi, Zulqarnayn unga hukm chiqarib berdi[5]”. Ibn Hajar aytadi: “ Mazkur rivoyatlar bir-birini tasdiqlab-quvvatlab kelyapti”.  Yana bu haqda Ibn Kasirning “ Tafsirul-Qur’onil-a’ziym” nomli kitoblarida shunday deyiladi:              “ Iskandar Zulqarnaynni rumlik deyuvchilarning dalillari kuchsizdir. Rumlik Iskandar  Filis ( Filip )  o‘g‘li Maqduniy ( makedoniyalik)dir.  Qur’onda  kelgan Zulqarnayn to‘g‘risida Azroqiy  bunday deydilar: “ (Iskandar Zulqarnayn)  Baytullohni Ibrohim (s.a) bilan birga  tavof qilgan,  vaziri Xizr a.s. bo‘lgan.  Iskandar Maqduniyning vaziri esa mashhur faylasuf Aristotoliy (Aritotel)  bo‘lgan. U (Aleksandr Makedonskiy) Iso alayhissalomdan oldin,  miloddan oldingi (336-323)  yillarda hukmronlik qilgan [6]”.  

                     Aleksandr Makedonskiy makedoniyalik bo‘lib, Iskandar Zulqarnayn esa rivoyat qilinishicha misrlik bo‘lgan. Bu haqda “ Tafsiri Irfon”da:  “Ibn Is'hoq shunday yozadi: “ Menga o‘tganlarning ilmidan olib, ajamlardan rivoyat qiladigan odamlardan birining aytishicha, Zulqarnayn misrlik kishi bo‘lib, ismi Marzubon ibn Marzuba Yunoniydir. U Yunon ibn Yofas ibn Nuhning avlodidan bo‘lgan[7]” deyiladi. 

                 Aleksandr Makedonskiy miloddan oldingi 356 yilda tug‘ilib, 33 yoshida o‘z davlatining yangi poytaxti Bobilda vafot etgan bo‘lsa, “ Qur’oni Karim”da qissasi berilgan Iskandar Zulqarnayn  “ Iskandariya” shahrini barpo qilgan. “Tafsiri Irfon”da:  “ Ibn Hishom esa bunday deydi: “ U (Zulqarnayn) ning ismi Iskandardir, Iskandariyani barpo qilgan odam shu. Shuning uchun unga nisbat berilib, “ Iskandariya” deyilgan”                 ( Siyratun-Nabaviya) [8]” deyiladi. 

                      Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ham Aleksandr Makedonskiy Iskandar Zulqarnayn emasligiga o‘zlarining “ Zikr ahlidan so‘rang” kitoblarida shunday javob beradilar: “ Misol uchun, ba’zilar: “ Qissadagi Zulqarnayndan murod makedoniyalik Iskandar” deyishgan.  Bu gap umuman noto‘g‘ri, chuki u mushrik odam bo‘lgan, butlarga, yulduzlarga sig‘ingan. Makedoniyalik Iskandrning nomi Aleksandr Makedonskiy bo‘lib, taxminan miloddan 330 yil oldin o‘tgan va Arastuning shogirdi bo‘lgan. Dunyoning ko‘p yerlarini ishg‘ol qilgan, Forsda urush olib borgan. Podshoh Doroni yengib uning qiziga uylangan va hokazo.  Imom Shavkoniy ushbu ma’lumotlarga xulosa yasab, Aleksandr Makedonskiy Qur’oni Karimdagi Zulqarnayn degan gapga raddiya beradi: “ Bu juda ham mushkul! Chunki u kofir bo‘lgan. Arastuning shogirdi bo‘lgan, ko‘rinib turibdiki, Zulqarnayn solih banda bo‘lgan.  Alloh unga keng mulkni bergan va bunga Qur’on ishora qilgan”.  Zulqarnayn mag‘rib va mashriqning  chekka joylarigacha borgan, Yajuj va Ma’juj qavmiga yo‘liqib, ularni to‘g‘on bilan to‘sib qo‘ygan.Aleksandr Makedonskiyni mazkur narsalarning birortasiga  muyassar bo‘lgani tarixda ma’lum emas. “Zulqarnaynning Aleksandr  Makedonskiy bilan chalkashtirilishiga asosiy sabab, arablarning Aleksandrni arabchalashtirib Iskandar deb atashganlari bo‘lgan” deyishadi ba’zi mutaxasisilar[9]”.

                 Yuqorida bayon qilingan farqlarga asosan biz “ Qur’oni Karim” da qissasi keltirilgan Iskandar Zulqarnayn bilan makedoniyalik Aleksandr Makedonskiy bitta shaxs emas, balki ular alohida-alohida shaxs degan xulosaga kelamiz. 

                                      Ruhiddin AKBAROV,

Qarshi tumani “ Akbar xalifa eshon ibn Muxtor” masjidi imomi.

 

[1] Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjima va tafsiri. “ Toshkent Islom universiteti” nashriyot-matbaa birlashmasi. Toshkent. 2018. 302-304-betlar.

 

[2] Shayx Usmonxon Temurxon Samarqandiy. “ Tafsiri Irfon ”. Toshkent. “ Sharq ” nashriyoti. 2019. 3-jild. 158-159-betlar.

[3] Shayx Usmonxon Temurxon Samarqandiy. “ Tafsiri Irfon”. Toshkent. “ Sharq” nashriyoti. 2019. 3-jild. 158-159-betlar.

[4] Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri. “ Toshkent Islom universiteti” nashriyot-matbaa birlashmasi. Toshkent. 2018. 303-bet.

[5] Shayx Usmonxon Temurxon Samarqandiy. “ Tafsiri Irfon”. Toshkent. “ Sharq” nashriyoti. 2019. 3-jild. 158-159-betlar.

[6] Ibn Kasir “ Tafsirul-Qur’onil-a’ziym”. “ Dorul-ma’rifa” Bayrut. 1989. 40-41-betlar.

[7] Shayx Usmonxon Temurxon Samarqandiy. “ Tafsiri Irfon”. Toshkent. “ Sharq” nashriyoti. 2019. 3-jild. 158-159-betlar.

[8] Shayx Usmonxon Temurxon Samarqandiy. “ Tafsiri Irfon”. Toshkent. “ Sharq” nashriyoti. 2019. 3-jild. 158-159-betlar.

[9] Shayx Muhammad Sodiq Muhmmad Yusuf. “ Zikr ahlidan so‘rang ”. “ Hilol-nashr” nashriyoti. 2018. 2-jild. 40-41-betlar.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“TAKFIR” – MUSULMON JAMIYATINI ICHIDAN YEMIRUVCHI FITNA

11.08.2026   6782   10 min.
“TAKFIR” – MUSULMON JAMIYATINI ICHIDAN YEMIRUVCHI FITNA

Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.

“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.

Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:

﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾

“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).

Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.

Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:

‏ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ:‏ الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.

«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).

Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.

Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.

“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:

﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾

“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).

Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.

«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).

Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.

Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.

Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.

Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.

Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.

Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).

Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.

Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:

وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.

“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.

Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.

Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:

قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ

فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.

Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).

Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.

Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar

﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾

“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.

Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.

Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.

Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.

Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.

 

O‘tkirbek Sobirov

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

MAQOLA