Yaqin vaqtgacha ko‘pchilik poytaxtimizda joylashgan Suzuk ota ziyoratgohi haqida bilmas, u yerdagi maqbara va eski masjid esa zax tortib qolgan edi. Bugun ushbu majmuada Suzuk ota maqbarasi va masjidi, muzey, do‘kon, kutubxona va boshqa binolar qad rostladi. 1,3 gektar hududda hunarmandlar uchun ikki qavatli o‘ttizta namunaviy uy-joy barpo etildi.
Suzuk ota
Asl ismi Mustafoqul bo‘lgan Suzuk ota Xoja Ahmad Yassaviyning qizi Gavhari Xushtojning kenja farzandi bo‘lgani, 1140 yili Turkistonning Qorachuq qishlog‘ida tug‘ilgani, bobosi Ahmad Yassaviy uni: “Mening suzigim (suyukligim), xush keldingiz!” deb erkalagani sababli Suzuk deb nom olgani manbalarda qayd etilgan.
Suzuk ota mahallasi
– Taqdir taqazosi bilan Suzuk ota Toshkentdagi Chaqar, Chuqurko‘prik va Mirlar mahallalarida yashab, bu yerlarni obod qiladi, – deydi “Suzuk ota” mahalla fuqarolar yig‘ini faoli Sobitxon Tursunov. – Keyinchalik o‘z yurtidan yaqinlari, qorilar, usta-hunarmandlarni olib keladi. O‘sha paytda bu mahalla “Ustalar”, “Xo‘jalar” mahallasi deb yuritilgan. Mustafoqul yoshlarga hunarmandchilik va boshqa kasb-kor sirlarini o‘rgatadi. Yuzlab shogirdlarga piri komil bo‘ladi. 1217 yili u kishi vafot etadi va keyinchalik mahalla “Suzuk ota” deb ataladi. Mahalla nomi sho‘rolar davrida “Bauman”, “Komintern”, “Qahramon” va “Obod” deb o‘zgartirildi. 1996 yili uning tarixiy nomi qayta tiklandi.
Suzuk ota me’moriy majmuasi
Ushbu me’moriy majmua XVI–XIX asrlarda bunyod etilgan, biroq turli talato‘plar oqibatida buzilib, xarobaga aylangan edi, – deydi “Suzuk ota” jome masjidi imom-xatibi Ayubxon Sufiyev. – Majmua 2018–2019 yillarda qayta bunyod etildi. XIX asrda Suzuk ota maqbarasi, uning atrofidagi qabriston obodonlashtirilib, masjid barpo etilgan. 1930 yili masjid va madrasa yopilib, metall buyumlar korxonasiga aylantirilgan. Keyinchalik tabiiy va ijtimoiy sababga ko‘ra buzilib ketgan. Vayron bo‘lgan maqbara ostki qismida 2,5 metrli keng xona borligi aniqlandi. Suzuk ota maqbarasi asl ko‘rinishida kayta tiklandi. Maqbara ichkarisidagi beshta daxma Yassaviya tariqati shayxlariga tegishli.
Suzuk ota masjidi
Yangi masjid xonaqohi 1200 namozxonga mo‘ljallangan. Jomening mahobatli gumbazi, ikkita 36 metrli minorasi, shinam ayvon va sharqona uslubdagi eshiklari namozgohga o‘zgacha salobat baxsh etib turibdi. Ayvonning ayrim joylari restavratsiya (qayta tiklandi) qilindi.
Bugun Suzuk ota majmuasi nafaqat ma’naviyat va ezgulik nurini taratuvchi muhtasham maskanga, balki xorij va yurtimiz ziyoratchilarining muborak qadamjosiga aylandi.
Bahriddin XUSHBOQOV
tayyorladi.
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi