Yaqin vaqtgacha ko‘pchilik poytaxtimizda joylashgan Suzuk ota ziyoratgohi haqida bilmas, u yerdagi maqbara va eski masjid esa zax tortib qolgan edi. Bugun ushbu majmuada Suzuk ota maqbarasi va masjidi, muzey, do‘kon, kutubxona va boshqa binolar qad rostladi. 1,3 gektar hududda hunarmandlar uchun ikki qavatli o‘ttizta namunaviy uy-joy barpo etildi.
Suzuk ota
Asl ismi Mustafoqul bo‘lgan Suzuk ota Xoja Ahmad Yassaviyning qizi Gavhari Xushtojning kenja farzandi bo‘lgani, 1140 yili Turkistonning Qorachuq qishlog‘ida tug‘ilgani, bobosi Ahmad Yassaviy uni: “Mening suzigim (suyukligim), xush keldingiz!” deb erkalagani sababli Suzuk deb nom olgani manbalarda qayd etilgan.
Suzuk ota mahallasi
– Taqdir taqazosi bilan Suzuk ota Toshkentdagi Chaqar, Chuqurko‘prik va Mirlar mahallalarida yashab, bu yerlarni obod qiladi, – deydi “Suzuk ota” mahalla fuqarolar yig‘ini faoli Sobitxon Tursunov. – Keyinchalik o‘z yurtidan yaqinlari, qorilar, usta-hunarmandlarni olib keladi. O‘sha paytda bu mahalla “Ustalar”, “Xo‘jalar” mahallasi deb yuritilgan. Mustafoqul yoshlarga hunarmandchilik va boshqa kasb-kor sirlarini o‘rgatadi. Yuzlab shogirdlarga piri komil bo‘ladi. 1217 yili u kishi vafot etadi va keyinchalik mahalla “Suzuk ota” deb ataladi. Mahalla nomi sho‘rolar davrida “Bauman”, “Komintern”, “Qahramon” va “Obod” deb o‘zgartirildi. 1996 yili uning tarixiy nomi qayta tiklandi.
Suzuk ota me’moriy majmuasi
Ushbu me’moriy majmua XVI–XIX asrlarda bunyod etilgan, biroq turli talato‘plar oqibatida buzilib, xarobaga aylangan edi, – deydi “Suzuk ota” jome masjidi imom-xatibi Ayubxon Sufiyev. – Majmua 2018–2019 yillarda qayta bunyod etildi. XIX asrda Suzuk ota maqbarasi, uning atrofidagi qabriston obodonlashtirilib, masjid barpo etilgan. 1930 yili masjid va madrasa yopilib, metall buyumlar korxonasiga aylantirilgan. Keyinchalik tabiiy va ijtimoiy sababga ko‘ra buzilib ketgan. Vayron bo‘lgan maqbara ostki qismida 2,5 metrli keng xona borligi aniqlandi. Suzuk ota maqbarasi asl ko‘rinishida kayta tiklandi. Maqbara ichkarisidagi beshta daxma Yassaviya tariqati shayxlariga tegishli.
Suzuk ota masjidi
Yangi masjid xonaqohi 1200 namozxonga mo‘ljallangan. Jomening mahobatli gumbazi, ikkita 36 metrli minorasi, shinam ayvon va sharqona uslubdagi eshiklari namozgohga o‘zgacha salobat baxsh etib turibdi. Ayvonning ayrim joylari restavratsiya (qayta tiklandi) qilindi.
Bugun Suzuk ota majmuasi nafaqat ma’naviyat va ezgulik nurini taratuvchi muhtasham maskanga, balki xorij va yurtimiz ziyoratchilarining muborak qadamjosiga aylandi.
Bahriddin XUSHBOQOV
tayyorladi.
Muhtaram vatandoshlar!
Siz, azizlarni, barcha mo‘min-musulmon yurtdoshlarimizni, butun xalqimizni ulug‘ va mo‘tabar ayyom – Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildirishdan g‘oyat mamnunman.
Jamiki islom ummati uchun qadrli bo‘lgan ushbu shukuhli bayram – Iyd al-Adhoni el-yurtimiz bilan birgalikda tinch va osoyishta muhitda kutib olayotganimiz uchun, avvalo, mehribon va qudratli Alloh taologa behisob shukronalar aytamiz.
Hech shubhasiz, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda ijtimoiy, xalqchil davlat barpo etish, uning ma’naviy asoslarini mustahkamlash va ta’sirchanligini oshirishda muqaddas islom dini, uning asosiy bayramlaridan biri bo‘lgan Qurbon hayiti ham muhim rol o‘ynamoqda.
Ayniqsa, bu bayramning insonparvarlik, ahillik, saxovat va olijanoblik kabi fazilatlari yurtimizda “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga uyg‘un va hamohang bo‘lib, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, keksalar, yoshlar va xotin-qizlar haqida alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan dasturlarimiz samarasini oshirishga xizmat qilayotganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.
Aziz do‘stlar!
Bugungi kunda mamlakatimizda turli millatlar va diniy konfessiyalar o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlash, vijdon erkinligini ta’minlash, diniy-ma’rifiy merosimizni asrab-avaylash, yosh avlodni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu haqda so‘z yuritganda, islom dinining ezgu tamoyillarini chuqur o‘rganish, buyuk tariximiz va madaniyatimiz durdonalarini, mashhur allomalarimizning boy merosini to‘plash va keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlash lozim. Jumladan, ko‘hna Sharq mo‘jizasi – Samarqand shahri 2025 yilda islom madaniyati poytaxti, deb e’lon qilindi, ulug‘ vatandoshimiz Imom Moturidiyning 1155 yillik tavallud sanasi yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari qatoriga, shu yil Buxoro shahrida o‘z faoliyatini boshlaydigan Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi ham qo‘shildi.
Poytaxtimiz Toshkent shahrida bunyod etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy-ma’naviy yo‘nalishdagi ulkan va noyob loyiha sifatida el-yurtimiz va xalqaro jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu muazzam maskan ko‘p ming yillik qadimiy tariximiz, boy va betakror milliy madaniyatimizning yorqin timsoli sifatida Yangi O‘zbekiston hayotidagi g‘oyat muhim voqeaga aylanadi, deb ishonaman.
Hurmatli yurtdoshlar!
Shu saodatli kunlarda 15 ming nafar vatandoshimiz muqaddas haj ziyoratini ado etmoqda. Ezgu duo va niyatlar ijobat bo‘ladigan mana shunday munavvar lahzalarda ularni ham Qurbon hayiti bilan samimiy qutlab, Yaratgandan yurtimizga sog‘-omon qaytib kelishlarini so‘raymiz.
Umid qilamizki, muhtaram hojilarimiz jamiyatimizda birdamlik, oila va mahallalarimizda mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarimiz tarbiyasini kuchaytirish, ularni ilm-ma’rifatga, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashga, Vatan himoyachisi bo‘lishga targ‘ib etish, muhtoj insonlarga ko‘mak berishda alohida ibrat va namuna ko‘rsatadilar.
Qalblarimiz quvonchga to‘lgan ushbu fayzli kunlarda xorijiy davlatlarda bo‘lib turgan vatandoshlarimizni ham bugungi ulug‘ ayyom bilan chin dildan qutlab, ularga sog‘lik-omonlik, baxt va omad tilaymiz.
Jahonning uzoq-yaqin o‘lkalaridagi musulmon ummatini ham qizg‘in tabriklab, ularning xalqlari va mamlakatlariga tinchlik, ravnaq va farovonlik tilab qolamiz.
Aziz va muhtaram vatandoshlar!
Hozirgi kunda dunyo naqadar murakkab va tahlikali bo‘lib borayotganini barchamiz ko‘rib turibmiz. Bunday keskin sharoitda yurtimizda tinchlik, o‘zaro hurmat va totuvlik muhitini saqlab, barcha soha va tarmoqlarda fidokorona mehnat qilib ko‘zlagan yuksak maqsadlarimizga yeta olamiz.
Albatta, o‘z tarixida ne-ne sinov va mashaqqatlardan munosib o‘tgan mard va olijanob xalqimiz bunga har tomonlama qodir.
Bu yo‘lda el-yurtimizga mansub mehr-oqibat, o‘zaro birlik va jipslik biz uchun beqiyos kuch-qudrat manbai bo‘lib xizmat qiladi, deb ishonaman.
Siz, azizlarni muqaddas Qurbon hayiti bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Qutlug‘ ayyom barchamizga muborak bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti