Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Iyul, 2025   |   19 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:21
Quyosh
05:02
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:59
Xufton
21:33
Bismillah
14 Iyul, 2025, 19 Muharram, 1447

17.01.2020 y. HAYO – IMONDANDIR!

13.01.2020   7286   15 min.
17.01.2020 y. HAYO – IMONDANDIR!

Hayo imondandir!

اَلْحَمْدُ للهِ ذِي الْفَضْلِ وَالإِحْسَانِ، وَجَعَلَ الْحَيَاءَ شُعْبَةً مِنْ شُعَبِ الإِيْمَانِ وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى سَيِّدِ الأَنَام

وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ الكِرَام، أَمَّا بَعْدُ

Muhtaram jamoat! Bugungi suhbatimiz Islom xulqi deya tavsiflangan go‘zal xulqlardan biri – hayo haqida bo‘ladi. “Hayo” so‘zi lug‘atda “uyalish”, “tortinish” kabi ma’nolarni anglatadi. Boshqacha qilib aytganda “Hayo – aybdan va yomonlanishdan qo‘rqib o‘zini past olish va o‘zgarishdir”. Alloma Jurjoniy rahimahulloh hayoni quyidagicha ta’riflaganlar:

هُوَ انْقِبَاضُ النَّفْسِ مِنْ شَيْءٍ وَتَرْكُهُ حَذَرًا عَنْ اللَّوْمِ فِيْهِ

ya’ni: “Hayo bu – nafsning bir narsadan tortinishi va malomatdan saqlanish maqsadida uni tark qilishidir” (“Ta’rifot” kitobi).

Alloh taolo Qur’oni karimda o‘tgan solihalardan birining hayosiga alohida urg‘u berib, shunday degan:

فَجَاءَتْهُ إِحْدَاهُمَا تَمْشِي عَلَى اسْتِحْيَاءٍ قَالَتْ إِنَّ أَبِي يَدْعُوكَ لِيَجْزِيَكَ أَجْرَ مَا سَقَيْتَ لَنَا ...

ya’ni:So‘ngra, ulardan (ikki qizdan) biri hayo bilan yurib kelib: «Otam seni bizlarga (qo‘ylarimizni) sug‘orib berganing haqini berish uchun chaqirmoqda», – dedi...” (“Qasas” surasi, 25-oyat).

Muso alayhissalomning oldilariga hayo bilan uyalibgina kelib: “Otam sizga bizlarga sug‘orib berganingiz haqqini berish uchun chaqirmoqda”, degan bu qiz Shu’ayb alayhissalomning hayo asosida tarbiya topgan qizlari edi.

Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:

"الإيمَانُ بِضْعٌ وَسَبعُونَ شُعْبةً، فَأفْضَلُهَا قَوْلُ: لا إلهَ إلا الله، وَأدنَاها: إِماطَةُ الأذَى عَن الطَّريقِ،

وَالْحَيَاءُ شُعبَةٌ مِن الإيْمَان" )رواه الامام مسلم(

ya’ni: “Imon yetmishdan ortiq bo‘lakdan iboratdir. Uning eng afzali “Laa ilaha illalloh” deyish va eng quyisi, yo‘ldagi ozor beradigan narsani olib tashlashdir. Hayo ham– iymonning bir bo‘lagidir”, – deganlar (Imom Muslim rivoyatlari).

Ushbu hadisi sharifda imonning eng oliy va eng quyi bo‘laklaridan keyin “Hayo”ni alohida ta’kidlab: “Hayo iymonning bir bo‘lagidir”, deyilishi bejiz emas. Chunki, hayo iymonning eng ajoyib ko‘rinishlaridan biridir. Hayo insonni doimo yaxshilik qilishga, yomonlikdan chetlanishga chorlovchi ajoyib xislatdir.

Ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilingan boshqa bir hadisi sharifda shunday deyiladi:

" إنَّ الحَيَاءَ والإِيْمَانَ قُرِنَا جَمِيعًا ، فإذَا رُفِعَ أحدُهُمَا رُفِعَ الآخَرُ "

(أخرجه الامام الحاكم والامام البيهقي في شعب الإيمان عن ابن عمر رضي الله عنهما)

ya’ni: “Hayo va imon ikkisi egizaklardir. Qachon ulardan biri ko‘tarilsa, boshqasi ham ko‘tariladi” (Imom Hokim va Imom Bayhaqiy rivoyat qilishgan).

Ulamolarimiz hayoni to‘rt xil turga bo‘lishgan bo‘lib, ularning har biri maqtalgan xislat sanaladi. 

Birinchisi: Alloh taolodan hayo qilish;

Alloh taolodan hayo qilish deganda – banda Alloh taolo qaytargan ishlarni qilishdan, buyurganlarini bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘yishdan hayo qilishi tushuniladi. Zero, Alloh taolo har bir bandaning jon tomiridan ko‘ra yaqinroqdir. Uning barcha hatti-harakatidan boxabardir. Bu haqida O‘zining Kalomida shunday deydi:

وَلَقَدْ خَلَقْنَا الإِنْسَانَ وَنَعْلَمُ مَا تُوَسْوِسُ بِهِ نَفْسُهُ وَنَحْنُ أَقْرَبُ إِلَيْهِ مِنْ حَبْلِ الْوَرِيدِ

ya’ni: “Insonni (Biz) yaratganmiz, uning nafsi vasvasa qiladigan (ko‘nglidan o‘tadigan) narsalarni ham bilurmiz. Biz unga bo‘yin tomiridan ham yaqinroqdirmiz” (Qof surasi, 16-oyat).

Imom Navaviy rahimahulloh “Sharhi Arbain” kitobida: “Haqiqiy hayo – banda birinchi bo‘lib Allohdan chinakam uyalishidir”, – deganlar va bunga dalil sifatida quyidagi hadisni keltirganlar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam sahobalarga qarata:

"اسْتَحْيُوا مِنَ اللَّهِ حَقَّ الْحَيَاءِ قَالُوا: إِنَّا لَنَسْتَحْيِي مِنَ اللَّهِ يَا رَسُولَ اللَّهِ وَالْحَمْدُ لِلَّهِ، قَالَ: لَيْسَ ذَاكَ، وَلَكِنْ مَنِ اسْتَحْيَا مِنَ اللَّهِ حَقَّ الْحَيَاءِ فَلْيَحْفَظِ الرَّأْسَ وَمَا وَعَى، وَلْيَحْفَظِ الْبَطْنَ وَمَا حَوَى، وَلْيَذْكُرِ الْمَوْتَ وَالْبَلاءَ، وَمَنْ أَرَادَ الآخِرَةَ تَرَكَ زِينَةَ الْحَيَاةِ الدُّنْيَا، فَمَنْ فَعَلَ ذَلِكَ فَقَدِ اسْتَحْيَا مِنَ اللَّهِ حَقَّ الْحَيَاءِ" (رواه الامام التِّرمذي عن عبد الله رضي الله عنه)

ya’ni: “Allohdan haqiqiy hayo qilinglar”, dedilar. Sahobalar “Ey Allohning Rasuli, biz, albatta, hayo qilamiz, alhamdulilloh, deyishdi. “Undoq emas. Allohdan haqiqiy hayo qilish, boshni va u o‘z ichiga olgan narsalarni, qorinni va u o‘z ichiga olgan narsalarni saqlamog‘ingizdir. O‘limni va (qabrda) chirishni eslamog‘ingizdir. Kim oxiratni xohlasa, dunyo ziynatini tark qilur. Kim o‘shalarni qilsa, Allohdan haqiqiy hayo qilgan bo‘lur”, – dedilar” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Bosh o‘z ichiga olgan narsalar ko‘z, quloq, burun, og‘iz va til ekanligini bilib qo‘ymoq lozim. Ushbu narsalarni yomonlikdan saqlash bilan Allohdan haqiqiy hayo qilishning ba’zi shartlari bajarilar ekan.

Qorin o‘z ichiga olgan narsalar jumlasidan ozuqalar va farj (avrat a’zo) nazarda tutilmoqda. Demak ozuqani halol bo‘lishi va farjni gunohdan saqlash bilan Allohdan haqiqiy hayo qilishning ba’zi shartlari yuzaga kelar ekan.

O‘limini eslamagan, qabrda chirishini eslamagan kimsa hech narsadan hayo qilmasligi shu hadisdan ma’lum bo‘lmoqda.

Alloh taolodan hayo qilgan kishi jamoat joylarida ham, yolg‘iz qolganda ham o‘zini bir xil tutadi, o‘zgarmaydi. Odamlar ko‘z o‘ngida qilmagan gunohni Parvardigoridan qo‘rqqani uchun tanholigida ham sodir etmaydi. Agar kishida Allohdan hayo qilish odati bo‘lmasa – bu uning bu dunyoda ham oxiratda ham sharmandaligiga sabab bo‘ladi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o‘zlarining hadisi shariflaridan birida: “Ummatimdan shunday kishilarni bilamanki, ular Qiyomat kuni Tuhoma tog‘icha keladigan oppoq xayrli amallarni olib keladilar. Alloh ularning yaxshiliklarini to‘zg‘igan g‘uborga aylantiradi”, – dedilar. Sahobalardan Savbon raziyallohu anhu: “Yo Rasululloh, ularni bizga ochiq-oydin sifatlab bering. Toki, biz ham o‘zimiz bilmagan holda ulardek bo‘lib qolmaylik”, – dedilar. Shunda U Zot: “Ular sizning birodarlaringiz va sizning o‘xshashlaringizdir. Xuddi sizlar tunlari (tahajjud namozini ado etib) nasibalanganingiz kabi ular ham (ibodatdan) nasibalarini oladilar. Ammo ular xoli qolganlarida Alloh harom qilgan ishlarni qilishdan tap tortmaydilar”, – deb javob berganlar” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Ikkinchisi: Maloikalardan hayo qilish;

Alloh taolo ayni ma’noga ishora qilib shunday marhamat qilgan:

وَإِنَّ عَلَيْكُمْ لَحَافِظِينَ (*) كِرَامًا كَاتِبِينَ (*) يَعْلَمُونَ مَا تَفْعَلُونَ

ya’ni: “Holbuki, sizlarning ustingizda (barcha so‘zingiz va ishingizni) yodlab turuvchi (farishtalar) bor. (Ular nomai a’molga) yozuvchi ulug‘ zotlardir. (Ular) siz qilayotgan ishlarni bilurlar” (Infitor surasi, 10-12-oyatlar).

Hadisi shariflardan birida: “Ogoh bo‘lingki, xalo bilan jimodan boshqa vaqtda sizlardan ayrilmay, doimo birga yuradigan zotlar bor. Shunday ekan, ulardan hayo qiling va ularni hurmat qiling!”, deyilgan. Bu hadisda nazarda tutilgan zotlar albatta Allohning sodiq qullari – maloikalardir. Ulardan hayo qilish, o‘zimizni dinu diyonat, odobu axloqqa zid keladigan nomaqbul odat va ko‘rinishlardan uzoq bo‘lishimiz orqali bo‘ladi.

Uchinchisi: odamlardan hayo qilish;

Odamlardan hayo qilish o‘zgalar huzurida ko‘rsatilishi odatda uyatli sanaladigan a’zolar – avrat joylarni bekitish, uni begona ko‘zlardan yashirish bilan birga, kishilarga tili, qo‘li bilan ozor berishni to‘xtatib, yomon so‘zlar bilan insonlar dillarini ranjitmaslik, tahqirlab xo‘rlamaslik bilan ham ta’riflanadi.

Xususan, ayni paytda butun dunyoda kechayotgan axloqsizlikning har qanday turlari yurtimiz ijtimoiy hayotiga “Ommaviy madaniyat” ko‘rinishida kirib kelib, o‘zining salbiy ta’sirini ham ko‘rsatayotgani sir emas. Buni, ayniqsa, xotin-qizlar, yoshlarning o‘zini tutishi, muomalasi, kiyinishida yaqqol sezish mumkin.

Nabiy alayhissalom odamlardan qilinadigan hayoni yaxshi va yomon ishlar uchun mezon qilib belgilaganlar va shunday deganlar: “Biror ishni odamlar ko‘rishini yoqtirmasangiz, xilvatda qolganingizda ham o‘sha ishni qilmang!” (Imom Ibn Hibbon rivoyatlari). Huzayfa ibn Yamon raziyallohu anhu aytadilar: “Odamlardan uyalmaydigan kishida xayr yo‘q”. Ibn Mas’ud raziyallohu anhu: “Odamlardan hayo qilmagan, Alloh taolodan ham hayo qilmaydi”, deganlar. Umar roziyallohu anhu: “Kimning hayosi oz bo‘lsa, parhezkorligi ozayadi. Kimning parhezkorligi oz bo‘lsa, qalbi o‘ladi”, deganlar.

To‘rtinchisi: o‘z nafsidan hayo qilish.

O‘z-o‘zidan hayo qilish ham yaxshi fazilat hisoblanib, u hech kim ko‘rmaydigan joyda ham o‘zini noo‘rin harakatlardan tiyishini taqozo etadi. Hakimlardan biri: “O‘zidan o‘zi uyalish boshqalardan uyalishdan ko‘ra ko‘proq bo‘lmog‘i lozim”, deganlar. Ulamolardan biri esa: “Kimki ochiq-oydinda qilish uyat bo‘lgan ishni xilvatda qilsa, u o‘z nafsini o‘zining oldida qadrsiz qilibdi”, deydilar.

Muhtaram jamoat! Ummatlari uchun har bir ishda namuna bo‘lgan Zot Muhammad alayhissalom hayo bobida ham peshqadam edilar. Abu Said al-Xudriy raziyallohu anhu U Zotni shunday sifatlaganlar:

"كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى الله عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَشَدَّ حَيَاءً مِنْ عَذْرَاءَ فِي خِدْرِهَا، وَكَانَ إِذَا كَرِهَ شَيْئًا رُئِيَ ذَلِكَ فِي وَجْهِهِ "

(رَوَاهُ الامَامُ البُخَارِيُّ)

ya’ni: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning hayolari chimildiqdagi kelinnikidan ham kuchliroq edi. Bir narsani yoqtirmasalar, yuzlaridan bilar edik” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Bu hadisda ham Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning hayolarini ta’riflashda go‘zal o‘xshatish tanlangan. Ma’lumki, hayoning eng yuqori cho‘qqisi go‘shangaga kirgan yangi kelinchakda kuzatiladi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning hayolari esa, ushbu darajadan ham yuqori edi.

Shuningdek, U Zot sahobalarni doimo hayoga targ‘ib qilardilar. Hayosizlikning salbiy oqibatlaridan ogohlantirardilar. Jumladan hadisi shariflarining birida shunday deganlar:

" ما كانَ الفُحشُ في شَيءٍ إلَّا شَانَهُ ، وَمَا كَانَ الحيَاءُ في شَيءٍ إلَّا زَانَهُ "

(رواه الامام الترمذي عن أنس بن مالك رضي الله عنه)

ya’ni: “Nimada fahsh bo‘lsa, albatta, uni sharmanda qiladi. Nimada hayo bo‘lsa, albatta, uni ziynatlaydi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyatlari).

Boshqa bir hadisi sharifda esa: 

"الحَيَاءُ مِن الإِيمَانِ، وَالإِيمَانُ فِي الْجَنَّةِ، وَالْبَذَاءُ مِنْ الْجَفَاءِ، وَالْجَفَاءُ فِي النَّارِ "

(رواه الامام التِّرمذي والامام ابن ماجه عن أبي هريرة رضي الله عنه)

ya’ni: “Hayo iymondandir. Iymon jannatdadir. Hayosizlik jafodir. Jafo do‘zaxdadir”, deganlar (Imom Termiziy va Ibn Moja rivoyatlari).

Ma’siyatlar qalbdan hayoni ketkazadi. Hayo barcha yaxshiliklarning asosidir. Hayoning ketishi barcha yaxshiliklarning ketishidir. Ma’siyatlarda bardavom bo‘lish asta-sekin hayoni zaiflashtirib borib, bir yo‘la yo‘q qilib yuborishi ham mumkin.

Shoir aytadi:

Saqlagil hayoing har dam, har nafas,

Kishining fazliga dalildir hayo.

Yuzning suvi ketsa, qilinmas havas,

O‘likdir u inson, murdadir go‘yo.

Qalb qanchalik tirik bo‘lsa, hayo xulqi ham shunchalik kuchli va mukammal bo‘ladi. “Hayo” bilan “hayot” so‘zining o‘zagi bir ekanligi ham bejiz emas, albatta.

Muhtaram azizlar! Yuqoridagi oyat va hadislardan byehayolik barcha buzg‘unchilikning asosi ekani ma’lum bo‘lmoqda. Bejizga azaldan Agar hayo qilmasang, istaganingni qilaver”, deyilmagan. Ming afsuski, bugungi kunimizda turli buzg‘unchi toifalar tomonidan hayosizlarcha insonlarni haqorat qilishlari, sha’nini toptashlari avj olganini guvohi bo‘lmoqdamiz. Vaholangki, dinimizda insonni sha’ni va obro‘sini to‘kish – uning qonini to‘kishga tenglashtirilgan. Alloh taolo Qur’oni karimning “Humaza” surasida:

وَيْلٌ لِكُلِّ هُمَزَةٍ لُمَزَةٍ

ya’ni: “Har bir obro‘ to‘kuvchi va ayblovchiga vayl bo‘lsin”, – degan (1-oyat). Demak, kishining obro‘sini to‘kishga bo‘lgan urinish qattiq qoralanadi va uning oxiratdagi jazosi ham shunga yarasha bo‘ladi. 

Vidolashuv hajida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Mana shu yurtda (ya’ni, Makkada), mana shu oyda, mana shu kunda (urush va nojo‘ya ishlarni qilish) qanday harom qilingan bo‘lsa, sizlarning qonlaringiz, mollaringiz va obro‘laringiz ham xuddi shunday harom qilingandir”, – deb bir necha marotaba takrorlaganlar.

Keyingi paytlarda turli saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda kishilarning, xususan, ulamolarning obro‘sini tushirib, shu orqali obro‘ orttirishga urinish holatlari ko‘zga tashlanmoqda. Bu holat ayni biz yuqorida keltirgan oyat va hadislarda qoralangan bo‘lib, harom, jirkanch ishlardandir. Birovning obro‘sini to‘kuvchilarning holiga bu dunyoda ham, oxiratda ham voy bo‘ladi.

(Imom-xatiblar mav’izaning mana shu o‘rnida o‘z so‘zi bilan jonli tarzda ushbu holatning salbiy oqibatlari haqida gapirib beradilar...).

Alloh taolo Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga shunday amr qilgan:

ادْعُ إِلَى سَبِيلِ رَبِّكَ بِالْحِكْمَةِ وَالْمَوْعِظَةِ الْحَسَنَةِ ۖ وَجَادِلْهُم بِالَّتِي هِيَ أَحْسَنُ

ya’ni: “(Ey Muhammad), Rabbingizning yo‘liga (diniga) hikmat va chiroyli nasihat bilan da’vat qiling! Ular bilan eng go‘zal uslubda munozara qiling!” (Nahl surasi, 125-oyat).

Islom dini hikmat va chiroyli nasihat dinidir. Buzg‘unchilik va qo‘poruvchilik dini emas. Hozirda buzg‘unchi toifalar o‘ylab topayotgan yangi-yangi “jihod” turlari Islom diniga mutlaqo yotdir. Ular ko‘pgina musulmonlarning Islom ahkomlarini bilmasligi, ilmiy saviyaga ega emasligidan foydalanib, “Jihod – muqaddas urush” degan tushunchani targ‘ib qilib, nohaq qon to‘kilishiga sababchi bo‘lishmoqda.

(Imom-xatiblar mav’izaning mana shu o‘rnida o‘z so‘zi bilan jonli tarzda ushbu holatning mohiyati haqida gapirib beradilar...).

Muhtaram jamoat! Bugungi kunimizda keng tarqalgan hayosizlik ko‘rinishlaridan biri – so‘kinishdir. Ayniqsa, jamoat joylarida ayrim yoshlarning so‘kinishlari quloqqa chalinadigan bo‘lib qoldi. Hayosizlarcha haqoratlashish, ota-onadan so‘kish, o‘z ota-onasini so‘kish bilan barobar bo‘lgan gunohi kabiradir.

Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:

"سِبَابُ الْمُسْلِمِ فُسُوقٌ، وَقِتَالُهُ كُفْرٌ" (أَخْرَجَهُ الامَامُ البُخَارِيُّ وَالامَامُ مُسْلِمٌ)

ya’ni: “Musulmon kishini so‘kish fosiqlikdir. U bilan (qonini halol sanagan holda) urushish kofirlikdir”, – deganlar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari). 

O‘zaro kelisha olmay qolgan odamlar bir-birini badnom qilib, haqoratlashi dinimiz talabiga mutlaqo ziddir.

(Imom-xatiblar mav’izaning mana shu o‘rnida o‘z so‘zi bilan jonli tarzda ushbu holatning salbiy oqibatlari haqida gapirib beradilar...).

Xulosa qilib aytganda, hayo imonni mukammalligidandir. Chunki hayoli kishi yomon amallarni qilishdan o‘zini to‘xtatadi. Hayo  itoatga undaydi. Hayo bu inson fitratida bor bo‘lgan hislat bo‘lib, uni shariat odoblariga amal qilish orqali kuchaytiriladi.

Alloh taolo barchamizni Islom xulqlari bilan ziynatlanishimizga muvaffaq etsin! Omin!

 

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “FIQHIY MAZHABLAR BIRDAMLIK RAMZI mavzusida bo‘ladi.

 

Muhtaram imom-domla! O‘zbekiston musulmonlari idorasining diniy-ma’rifiy nashrlari bo‘lmish “Hidoyat” va “Mo‘minalar” jurnali hamda “Islom nuri” gazetasi uchun obuna davom etayotganini namozxonlarga eslatib o‘tishingizni so‘raymiz.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

​Jamoat haqining gunohi og‘ir!

10.07.2025   8991   4 min.
​Jamoat haqining gunohi og‘ir!

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xabar berishicha, may oyining 13-sanasida bir kunda 3 mlrd so‘mlik energoresurslarini talon-toroj qilish holatlari aniqlangan. Afsuski, bugun bunday gaz va elektr energiyaga yashirincha ulanib, davlatga milliardlab zarar yetkazgan kimsalar haqidagi xabarlarni tez-tez o‘qib qolamiz.
 

Birovning, ayniqsa, xalq haqidan qo‘rqmay o‘g‘rilik orqali manfaat topmoqchi bo‘layotgan insonlar oramizda ko‘plab topiladi. Bundaylarning nazdida gaz, suv, elektr energiya tuganmas boylik. Undan har kim o‘z manfaati yo‘lida foydalanishi mumkin. Biroq bu ne’matlar xonadonlarga kirib borishi uchun minglab insonlar mehnat qilishini, davlat esa milliardlab mablag‘ sarflashini, ular ham bir kun tugab qolishini xayoliga ham keltirmaydi.


Aslida ushbu ne’matlardan oqilona foydalanish, isrof qilmaslik nafaqat fuqarolik majburiyatimiz, balki insoniy vazifamiz, mo‘minlik burchimizdir.


Aytish joizki, uyda, ishda, ko‘chada kommunal to‘lovlar atrofida aylanayotgan qator muammolar haqida ko‘p eshitamiz, ba’zan o‘zimiz uning guvohi yoki bevosita ishtirokchisiga aylanamiz. Lekin bu muammolar to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmaslik yoki ayrim nobop kimsalarning qilmishi oqibatida yuzaga chiqayotgani yodimizga ham kelmaydi. To‘lovlarni imkon bo‘la turib asossiz bahonalar yoki o‘z vaqtida to‘lamaslik yoki hisoblagich jihozlarini teskariga aylantirish yoxud har xil hiylalar ishlatib, ularni to‘lashdan qochish davlatning va xalqning haqini yeyish hisoblanadi. Chunki tabiiy boyliklar davlat va xalq mulkidir.


Qolaversa, kommunal xizmatlardan foydalanish uchun har bir xonadon ta’minotchilar bilan shartnoma tuzib, qo‘l qo‘ygan va o‘zaro kelishuvda to‘lovni o‘z vaqtida ado etishga kelishgan. Shu bois to‘lovlarni vaqtida ado etishimiz shar’an ham joiz. 


Ta’kidlash lozimki, xalqning mulkida barcha fuqarolar, xususan, kam ta’minlanganlar, nogironlar, yetim-yesirlar, keksalarning haqi bor. Ulardan foydalanishga kelganda faol bo‘lib, to‘lovga kelganda qochayotgan, paysalga solayotganlar yuqorida zikr etilgan qatlamlarning ham haqini o‘zlashtirib, nohaq yeyayotganini bilib olsinlar. Zero, Qur’oni karimda: Ey iymon keltirganlar, bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemanglar (Niso surasi 29-oyat), deya ogohlantirilgan. Shunday bo‘lgach, har bir fuqaro o‘zgalarning moliga, ayniqsa, jamoat mulkiga xiyonat etmasligi darkor! Bunga e’tiborsizlik oxiratda yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.


Havla binti Amr roziyallohu anho rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: Ba’zi bir odamlar Allohning mulki (jamoat pullari)ga xiyonat qiladi. Qiyomat kuni ular jahannamga ravona bo‘lishadi (Imom Buxoriy rivoyati). Shunday ekan, bu masalaga jiddiy yondashishimizga to‘g‘ri keladi.


Shuningdek, gaz, elektr energiya va suv kabi ne’matlardan oqilona foydalanish ham dinimiz talabidir. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Iqtisod qilgan kimsa kambag‘al bo‘lmas, maslahat qilgan pushaymon bo‘lmas” (“Mushkotul nasobih”), deb tavsiya  berganlar.


Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Solih hidoyat, go‘zal ko‘rinish va iqtisodli bo‘lish nabiylikning yetmishdan bir juzidir”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).


Demak, doim ahli solihlardan bo‘lib, tejamkor bo‘lish, isrofga yo‘l qo‘ymaslik, har bir narsani o‘z o‘rnida, me’yorida tasarruf qilish, keragidan ortiq, behudaga sarflamaslik nabiylikning yetmish juzidan bir juz, yetmish bo‘lagidan bir bo‘lak ekan. Buni har bir mo‘min-musulmon yaxshi anglab, hayotiga tatbiq qilishi lozim.


Xulosa qilib aytganda, halollik inson hayotini xotirjam, osoyishta va farovon qiladi. Shunday ekan, kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab, xalq haqiga xiyonat qilmaylik, azizlar!

 

G‘ayrat BOZOROV,

Dehqonobod tumani

“Oqrabot ota” jome masjidi

imom-xatibi

Maqolalar