Alloh azza va jallaning insoniyatga, hayotlarida bevosita tatbiq etib, ikki dunyo saodatiga erishishlari uchun nozil qilgan barcha shariatida moliyaviy ibodat – sadaqa berish farz qilingan. Jamiyatning mol-mulk egalari bo‘lmish boylari, uning kam ta’minlangan a’zolariga moddiy yordam ko‘rsatishlari diniy vazifalari hisoblangan. Alloh taolo oxirzamon ummatlariga ham sadaqaning maxsus ko‘rinishini farz qildi va uni zakot deb nomladi. Albatta, zakotda ham boshqa ibodatlarda bo‘lganidek ma’naviy, ruhiy hikmatlar bor.
Bandalarni yaratib, ularga barcha ne’matlarni ato qilgan faqat Allohning O‘zi, demak, molu dunyoni bergan ham u Zotdir. Shunday ekan, banda Allohning mol-dunyo bilan bog‘liq imtihonidan o‘tishi kerak. Alloh taoloning amrini moldan ustun qo‘yib, zakot beradimi yoki mol-dunyosiga qul bo‘lib, uni, muhabbatini Rabbisidan ustun qo‘yadimi?
Alloh azza va jalla ana shunday imtihoni bilan sirot ko‘prigidan o‘tadiganni yiqiladigandan ajratib oladi.
Zakot hijratning ikkinchi yili Ramazon ro‘zasidan oldin farz qilingan. Zakotning qat’iy farzligi Qur’on, sunnat va ijmo bilan sobitdir. Kim mo‘min bo‘laturib, namoz o‘qib, zakotning farzligiga rozi bo‘lmasa, dindan chiqqan hisoblanadi. Payg‘ambar (alayhissalom) vafotlaridan keyin zakot berishdan bosh tortgan qabilalar bilan birinchi bo‘lib xalifa Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) boshliq barcha sahobalar qattiq kurashgan.
“Zakot”ning lug‘aviy ma’nosi o‘smoq, ko‘paymoq, poklamoq, degan ma’nolarni anglatsa, shar’iy ma’nosi: maxsus vajhda, ko‘rinishda, belgilangan mol-mulkdan ma’lum miqdorini chiqarib, kimgadir beriladigan narsaning ismi zakot deyiladi. Bugungi kunning istilohi bilan aytadigan bo‘lsak, zakot – jamiyat a’zolariga, ya’ni mo‘minlarga yuklatilgan moliyaviy majburiyatdir.
Qur’oni karimda “zakot” so‘zi o‘ttiz martadan ortiq zikr qilingan bo‘lsa, shulardan yigirma yettitasida namoz birga kelgan. Shuningdek, Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) sunnatlarida ham zakotga katta e’tibor berilgan.
وَأَقِيمُواْ ٱلصَّلَوٰةَ وَءَاتُواْ ٱلزَّكَوٰةَ وَٱرۡكَعُواْ مَعَ ٱلرَّٰكِعِينَ٤٣
«Namozni barkamol o‘qingiz, zakot beringiz va ruku qiluvchilar (namozxonlar) bilan birga ruku qilingiz (namoz o‘qingiz)» (Baqara, 43).
وَمَآ أُمِرُوٓاْ إِلَّا لِيَعۡبُدُواْ ٱللَّهَ مُخۡلِصِينَ لَهُ ٱلدِّينَ حُنَفَآءَ وَيُقِيمُواْ ٱلصَّلَوٰةَ وَيُؤۡتُواْ ٱلزَّكَوٰةَۚ وَذَٰلِكَ دِينُ ٱلۡقَيِّمَةِ٥
«Holbuki, ular faqat yagona Allohga, Uning uchun dinni (shirkdan) xolis qilgan, to‘g‘ri yo‘ldan og‘magan hollarida ibodat qilishga va namozni barkamol ado etishga hamda zakot berishga buyurilgan edilar. Mana shu to‘g‘ri (haqqoniy) yo‘ldir» (Bayyina, 5).
Yuqoridagi har ikki oyati karimada zakot so‘zi ulug‘ ibodat – namoz so‘ziga qo‘shilib kelmoqda.
Qur’oni karimning bir necha oyatlarida zakot namozdan keyingi o‘rinda keltirilgan. Bu zakotning shartligi namoz majburiyatidan kam emasligiga dalildir. Demak, namoz qanchalik farz bo‘lsa, zakot ham shunchalik farz.
خُذۡ مِنۡ أَمۡوَٰلِهِمۡ صَدَقَةٗ تُطَهِّرُهُمۡ وَتُزَكِّيهِم بِهَا وَصَلِّ عَلَيۡهِمۡۖ إِنَّ صَلَوٰتَكَ سَكَنٞ لَّهُمۡۗ وَٱللَّهُ سَمِيعٌ عَلِيمٌ١٠٣
«Mol-mulklaridan ularni u sababli poklashingiz va tozalashingiz uchun sadaqa oling va ular (haqqi)ga duo qiling! Albatta, duoingiz ularga taskin (tasalli)dir. Alloh eshituvchi va biluvchidir» (Tavba, 103).
Zakotning molu mulkka bog‘liq hikmatlari:
Zakoti berilgan mulk – boylik (kambag‘allar haqidan) poklanadi va barakali bo‘lishiga – ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Turli ofatlardan saqlanadi.
Zakot beruvchining o‘ziga taalluqli hikmatlari esa: eng avval Alloh taolo huzurida saxovatli, itoatli mo‘min banda deb maqtaladi, xulqi saxiylik fazilati bilan ziynatlanadi. Nafs baxilligidan tozalanadi. Gunohlariga kafforat bo‘ladi. Kambag‘allar ichida hurmati oshadi. Qiyomat kunida esa, boshiga soyabon bo‘lib, yuqori darajalarga erishadi.
Zakotning rukni ixlos, ya’ni molning zakotini berayotgan mo‘minning qalbida, bu moliyaviy ibodati faqat Alloh roziligi uchun, degan o‘y-fikr bo‘lishi kerak. Zakotdagi ixlos shunday bo‘ladi, bu ixlosni Alloh taolodan boshqa hech kim bilmaydi. Ixlos Alloh taolo bilan bandaning o‘rtasidagi sirdir. Mo‘min kishi qiladigan barcha ibodatlarining ildizi ana shu sirdan sug‘orilgan bo‘lishi lozim.
Ayniqsa, zakot ibodatida, u moliyaviy-moddiy ashyolar bilan bajariladigan ibodat bo‘lgani uchun shayton osongina qalb sirini, ya’ni ixlosni o‘marib, o‘rniga shaxsiy manfaatlardan iborat o‘y-fikrlarni joylab qo‘yishi mumkin. Natijada esa, miqdori qancha ko‘p zakot berilgan bo‘lsa-da, zakot beruvchiga uning zarracha savobi ham, zakot hikmatlari ham bo‘lmasligi mumkin. Shuning uchun zakot beruvchi boy kishilar bunga yo‘l qo‘ymasliklari kerak, bunga e’tibor berishlari shart.
Zakot, uning fazli va ajri haqida, ko‘plab hadisi shariflar mu’tamad kitoblarda keltirilgan, masalan:
Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Payg‘ambar (alayhissalom) Muoz ibn Jabal (roziyallohu anhu)ni (9-hijriy yil oxirida) Yamanga (amir qilib) yuborayotganlarida: “Sen (ey Muoz!) ahli kitoblar jamoasiga boryapsan. (Borganingdan so‘ng) ularni “La ilaha illallohu Muhammadur rasululloh”ni tasdiq etishga chaqir. Ular senga itoat etib, buni tasdiq etishgach, Alloh ularning zimmasiga har kecha-kunduz besh vaqt namozni farz qilganini ularga bildir, bas, ular bunga (ham) itoat etishsa, Alloh ularning zimmasiga boy kishilardan olinib, muhtojlarga tarqatiladigan sadaqa (zakot)ni farz qilganini bildir. Agar ular itoat etishsa, bas, sen ularning qimmatbaho mollarini olma, (sen, ey Muoz, ularning ichida qozi bo‘lib yurar ekansan) birovga zulm qilib uning qarg‘ishiga qolishdan saqlan, chunki mazlumning duosi bilan Allohning o‘rtasida hech qanday to‘siq yo‘q”, dedilar» (Muttafaqun alayh).
Muoz ibn Jabal (roziyallohu anhu) Payg‘ambar (alayhissalom) hurmatlariga, sevgilariga sazovor bo‘la olgan madinalik mashhur sahoba. Payg‘ambar (alayhissalom) u kishini Yaman ahliga o‘zlaridan elchi, ya’ni Islom arkonlarini o‘rgatadigan muallim, o‘rtalarida hukm chiqaradigan qozi etib yubordilar. Ulug‘ Payg‘ambar (alayhissalom) oliygohida ta’lim olib, olim bo‘lib yetishgan Muoz Yamanga jo‘nashidan oldin yana bir bor Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) hikmatlaridan bahramand bo‘ldi. Bunda Muoz (roziyallohu anhu) yamanliklarga Allohning farzlarini birdaniga yuklamasdan, ta’lim samarasini oshiradigan usulda, navbatma-navbat, sekin-asta, shoshilmasdan da’vat qilishi bayon qilingan edi. Ilm-fan rivojlangan bugungi kunda ta’lim tizimida keng qo‘llaniladigan ushbu samarali an’anani o‘n to‘rt asr oldin insoniyatga har sohada namuna bo‘la olgan zot Muhammad (alayhissalom) qo‘llagan edilar.
Alloh taolo mo‘min-musulmon bandalari uchun hozirlab qo‘ygan jannatlari ichida eng a’losi Firdavs nomli jannat bo‘lib, u haqda Payg‘ambar (alayhissalom): “Siz (ey mo‘minlar), Allohdan jannatul Firdavsni so‘rang, chunki u jannatlarning eng a’losidir”, deganlar.
Firdavsga merosxo‘r bo‘ladigan mo‘minlar, qaysi amallari evaziga merosxo‘r bo‘lib, unda abadiy qolishlari Mu’minun surasida batafsil bayon qilingan:
ٱلَّذِينَ يَرِثُونَ ٱلۡفِرۡدَوۡسَ هُمۡ فِيهَا خَٰلِدُونَ١١
«Firdavs (jannati)ga voris bo‘lishib, ular u yerda (jannatda) mangu qoluvchidir» (Mu’minun, 11).
Ushbu oyatda Alloh taolo mo‘minlar najot topishini ochiq-oydin va’da bermoqda. Hali najotga erishmagan mo‘minlarning o‘tgan zamon fe’lida “haqiqatan najot topdilar”, deyilishi ularning quyidagilarga amal qilsalar, oxiratda najot topishlari aniqligini bildiradi.
ٱلَّذِينَ هُمۡ فِي صَلَاتِهِمۡ خَٰشِعُونَ٢
وَٱلَّذِينَ هُمۡ عَنِ ٱللَّغۡوِ مُعۡرِضُونَ٣
وَٱلَّذِينَ هُمۡ لِلزَّكَوٰةِ فَٰعِلُونَ٤
Demak, Payg‘ambar (alayhissalom)dek zotning ishqlari tushgan Firdavs jannatiga ega bo‘lib, unda abadul-abad qoladigan mo‘minlar boshqa solih amallar qatori, qodir bo‘lishsa, mollarining zakotini ham o‘z haqdorlariga bergan bo‘lishlari lozim. Albatta, Islom ruknlarining har biri, jumladan, zakot ham, uni ixlos ila ado etuvchi bandani Rabbisiga yaqin qiladi.
Oyati karima va hadisi shariflarda zakotlarini bergan boylarga ajru azimlar va yaxshi va’dalar berilishi bilan birga, unga qodir bo‘laturib, bu ilohiy majburiyat gardaniga tushishiga yaraydigan holatda bo‘laturib, undan bosh tortgan, bermagan mo‘minlarga qattiq va’idlar ham aytilgan, halokatli oqibatdan ogohlantirilgan, xuddi shu ma’nodagi tarixiy voqealar hikoyasi ham bayon qilingan, toki boshqalar ibrat olsin, nasihatlansin!..
Ushbu mazmundagi oyatlardan birida Alloh taolo bunday deydi:
۞يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوٓاْ إِنَّ كَثِيرٗا مِّنَ ٱلۡأَحۡبَارِ وَٱلرُّهۡبَانِ لَيَأۡكُلُونَ أَمۡوَٰلَ ٱلنَّاسِ بِٱلۡبَٰطِلِ وَيَصُدُّونَ عَن سَبِيلِ ٱللَّهِۗ وَٱلَّذِينَ يَكۡنِزُونَ ٱلذَّهَبَ وَٱلۡفِضَّةَ وَلَا يُنفِقُونَهَا فِي سَبِيلِ ٱللَّهِ فَبَشِّرۡهُم بِعَذَابٍ أَلِيمٖ٣٤ يَوۡمَ يُحۡمَىٰ عَلَيۡهَا فِي نَارِ جَهَنَّمَ فَتُكۡوَىٰ بِهَا جِبَاهُهُمۡ وَجُنُوبُهُمۡ وَظُهُورُهُمۡۖ هَٰذَا مَا كَنَزۡتُمۡ لِأَنفُسِكُمۡ فَذُوقُواْ مَا كُنتُمۡ تَكۡنِزُونَ٣٥
«Ey imon keltirganlar! (Ahli kitoblar ichidagi) ruhoniy va rohiblarning ko‘pi odamlarning mollarini nohaqlik bilan yeydi va (odamlarni) Alloh yo‘lidan to‘sadi. Oltin va kumushlarni kon (maxfiy xazina) qilib olib, ularni Alloh yo‘lida sarf qilmaydiganlarga alamli azob haqida “xushxabar” bering! (Mazkur oltin-kumushlar) jahannam o‘tida qizitilib, ular bilan peshonalari, yonlari, orqalari kuydirilgan kuni: “Bu o‘zlaringiz uchun saqlagan xazinangizdir. Saqlagan xazinangiz (mazasini) totingiz!” (deyiladi)» (Tavba, 34–35).
Oyati karimada “kanz”ni mufassirlar: – jamlaydilar, yig‘adilar, deb tarjima qilgan.
“Alloh yo‘lida sarflamaydilar”dan murod, zakotni bermasliklaridir.
Bu fikrga “Sunani Abu Dovud”dagi ushbu hadisi sharif dalil bo‘ladi:
Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Mazkur oyati karima nozil bo‘lgach, bu mo‘minlarga og‘ir keldi, sahobalar tashvishga tushdi. Shunda Umar (roziyallohu anhu): “Men bunga aniqlik kiritaman”, deb, Payg‘ambar (alayhissalom)ga borib: “Yo Rasululloh! Bu oyat sahobalaringizga og‘ir bo‘ldi?!” dedi. Payg‘ambar (alayhissalom) Umarga: “Alloh taolo zakotni (zakoti berilgan) mol-mulkdan qolganini poklash uchun farz qildi. (Ya’ni tillo-kumush va boshqa mol-mulkning zakoti berilsa bo‘ldi, ularni ko‘paytirishda sizga gunoh yo‘q)”, dedilar.
Payg‘ambar (alayhissalom)ning bu javoblaridan Umar (roziyallohu anhu) xursand bo‘ldi, hatto, takbir aytib yubordi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) yana: “Senga kishi qo‘lga kiritadigan narsalari ichida eng xayrlisidan xabar beraymi?” deb, “Unga qaraganda xursand qiladigan, ish buyurilsa, itoat qiladigan, eri yo‘qligida (uning moliniyu sha’nini) muhofaza qiladigan soliha ayoldir”, dedilar» (Abu Dovud).
Chunki sahobalardan ham davlatmand, tilloyu kumushlar jamg‘argan boy kishilar bo‘lgan.
Savbon (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Oltinu kumush jamlaydigan kishilar”, deb boshlangan oyati karima nozil bo‘lgach, biz Payg‘ambar (alayhissalom) bilan bir safarda edik. Sahobalarning ba’zisi: “Oltin, kumush haqida gap shu bo‘lsa, bizga qaysi mol yaxshiroq ekan, qay biri manfaatliroq ekan. Bilganimizda edi, o‘shani mahkamroq ushlar edik”, dedi.
Payg‘ambar (alayhissalom) ularga javob berib: “Sizlarga eng yaxshi mol – Allohni zikr qiluvchi til, shukr qiluvchi qalb va diyonat ishlariga yordam beradigan soliha, mo‘mina ayol!” dedilar (Imom Termiziy va Ibn Moja).
Savbon (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan mazkur hadisi sharifda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) inson umri mobaynida ega bo‘ladigan narsalar ichida eng afzalini, saodatud-doraynga eltadiganini qisqa va lo‘nda qilib bayon qildilar. Teran fikrlab ko‘rgan sof imonli mo‘min, dunyo imtihonlaridan yiqilmay o‘tishida, oxiratda najotga erishishida ana shu uch narsa kishi hayotida ne chog‘li zarur ekanini his qiladi. Buni har bir mo‘min Allohdan ko‘proq so‘rashi lozim. Alloh kimga bu uch narsani nasib etgan bo‘lsa, albatta, ularning qadriga yetishi kerak bo‘ladi.
Mo‘minlar onasi Ummu Salama (roziyallohu anho) rivoyat qiladi: «Men toza tillo taqinchoq taqardim. Bu haqda: “Yo Rasululloh, shu ham konmi?” deb so‘radim. Ul zot (sollallohu alayhi va sallam): “Nisobga yetgach, uning zakoti berilsa, bas, u kon emas”, dedilar». (Abu Dovud, Hokim va Bayhaqiy).
Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Payg‘ambar (alayhissalom): “Zakoti ado etilgan mol-dunyo xazina emas”, dedilar» (Imom Tabaroniy va Bayhaqiy).
Shu ma’noni ta’kidlovchi yana bir hadisda bunday deyiladi.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Payg‘ambar (alayhissalom): “Kim oltin-kumush yig‘sa va ularning zakotini ado etmasa, qiyomat kuni o‘tdan tamg‘a qilinadi va yonboshiga, peshonasiga hamda orqasiga bosiladi”, dedilar» (Muttafaqun alayh).
Yana Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Payg‘ambar (alayhissalom) aytdilar: “Alloh bir bandaga mol-dunyo bersa, u banda molining zakotini bermasa, qiyomat kuni shu moli zahri o‘tkirligidan boshi yaltirab ketgan, ko‘zining ustida ikkita qora nuqtasi bor qo‘rqinchli ilonga aylantiriladi. Ilon unga o‘ralib uni bo‘g‘a boshlaydi. Keyin og‘zining ikki chekkasidan tishlab: “Men sening mol-davlatingman, men sening zakotini bermaganing oltin va kumushlaringman”, deydi. Rasululloh (alayhissalom) hadislarini tugatishlari hamon ushbu oyatni o‘qidilar:
وَلَا يَحۡسَبَنَّ ٱلَّذِينَ يَبۡخَلُونَ بِمَآ ءَاتَىٰهُمُ ٱللَّهُ مِن فَضۡلِهِۦ هُوَ خَيۡرٗا لَّهُمۖ بَلۡ هُوَ شَرّٞ لَّهُمۡۖ سَيُطَوَّقُونَ مَا بَخِلُواْ بِهِۦ يَوۡمَ ٱلۡقِيَٰمَةِۗ وَلِلَّهِ مِيرَٰثُ ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلۡأَرۡضِۗ وَٱللَّهُ بِمَا تَعۡمَلُونَ خَبِيرٞ١٨٠
«Allohning fazli bilan bergan narsasi (boyligi)dan baxillik qiluvchilar buni o‘zlariga yaxshi deb hisoblamasinlar! Aslo! Bu ular uchun yomondir. Qiyomat kuni baxillik qilgan narsalari (o‘z bo‘yinlariga) bo‘yinturuq qilib ilib qo‘yiladi. Osmonlar va Yerning merosi Allohga (qolur). Alloh qilayotgan ishlaringizdan xabardordir» (Oli Imron, 180) (Imom Buxoriy).
Dinimiz ta’limoti bo‘yicha insonning qo‘lidagi mol-dunyo unga Alloh taolo o‘z fazlidan bergan omonatdir. O‘zining mehnati, donoligi bilan erishgan bo‘lsa ham bu meniki, peshona terim, hech kim xo‘jayin emas, deb o‘ylamasin. O‘zi ham, molu dunyosi ham Alloh taoloniki, Alloh xo‘jayin, shuning uchun molini Alloh taolo roziligi yo‘lida sarflashi, eng avval zakotini berishi, Ramazonda fitr sadaqa va boshqa ixtiyoriy infoq-ehsonlar qilib turishi kerak. Ana shunda nafs baxilligidan saqlanib qoladi. Kim: “Domlalar aytaveradi, ota-bobolarimiz: “Yema-ichma, bo‘l baxil, boy bo‘lmasang, men kafil! Birovga berish tugul yemay-ichmay yig‘aver, boy bo‘lasan, deb bejizga aytishmagan” degan “dono” fikrga yopishib olgan bo‘lsa va sarf qilishdan qochib to‘plasa, u baxillik qilgan bo‘ladi. Bu baxillik o‘z egasini do‘zaxga olib boradi. Baxillik o‘ziga yaxshi bo‘lib ko‘rinadi. Sirtdan qaraganda, baxillik molni muhofaza qiladi.
Tarqalib, yo‘q bo‘lib ketishdan asraydi, lekin bu mol besh kunlik dunyoda to‘planadi, o‘lib ketgach, shundoq qoladi, qolganda ham baxillik bilan to‘plagani uchun o‘ziga balo-ofat bo‘lib qoladi. Alloh taolo uni baxillik bilan to‘plab qo‘ygan mol-mulkining o‘zi bilan jazolamaydi, jazo ko‘rinishi yuqoridagi hadisda aytildi. Kim bu foniy va bevafo dunyoda bir narsani qattiq yaxshi ko‘rib uni Alloh va Rasulidan, uning itoatidan yuqori qo‘ysa, ya’ni o‘shani deb, Alloh taologa bo‘ysunishdan qolsa, qiyomat kuni Alloh taolo uni xuddi shu sevgan narsasi bilan jazolaydi.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Payg‘ambarimiz (alayhissalom): “Saxovatli kishi Allohga yaqin, jannatga yaqin, odamlarga yaqin va do‘zaxdan uzoqdir, baxil kishi Allohdan uzoq, jannatdan uzoq, odamlardan uzoq va do‘zaxga esa yaqindir. O‘zi johilu, biroq saxiy kishi Allohga sevikliroqdir, obid bo‘lsada, baxil bo‘lgan kishidan ko‘ra”, dedilar» (Imom Termiziy).
Alloh taolo bandalarining botinini va zohirini yaxshi biladigan Zotdir. Baxilning baxilona tushunchasini ham, ishlarini ham, saxiyning ham barcha amallarini hisoblab boradigan Zotdir. Hech kimning hech narsasi U Zotdan maxfiy qolmas.
Zakot oltin, kumushdan, savdo uchun boqilayotgan mol-hollardan, ishlab chiqarilayotgan barcha turdagi mahsulotdan, naqd pullardan, do‘kondagi sotiladigan atir-upa, kiyim-kechak va boshqa shularga o‘xshash narsalardan o‘zi yoki qiymati beriladi. Kundalik asliy hojatiga kiradigan narsalar qo‘shilmaydi. Kundalik asliy hojatiga yashashi uchun hojatini chiqarib turgan narsalar: uy-joy, mashina, sog‘in sigir, uy ichini bezash uchun qo‘yilgan matohlar, bisotda o‘g‘il-qizga atalgan sovg‘a-sarpolar, yeyish uchun saqlab qo‘yilgan oziq-ovqat mahsulotlari kiradi. Bulardan zakot berilmaydi.
Kimda quyidagi shartlar mavjud bo‘lsa, u kishiga zakot farz bo‘ladi:
Birinchidan, moli nisobga yetgan bo‘lishi kerak. Nisob: mol-mulkning O‘zbekiston musulmonlari idorasi fatvo hay’ati tomonidan har yili Ramazonda tayin qilinadigan ma’lum miqdorga yetishi. Fatvo hay’atidagilar zakot nisobini shariatga muvofiq hanafiy mazhabi asosida belgilab, e’lon qiladi.
Diniy idora xodimlari har yilgi zakot nisobini 20 misqol tillo nisobiga ko‘ra hisoblab, e’lon qiladi. 20 misqol tillo hozirgi kunda 85 gr tilloga teng deyiladi. Demak, tilloning nisobi 85 gr bo‘lib, shuncha tillosi bor odamga zakot farz bo‘ladi. Yoki 85 gr tilloning qiymatiga teng mablag‘i, mahsuloti bor odamga uning zakoti farz bo‘ladi.
Kumushning ham nisobi bo‘lib, ilgari 200 dirham bo‘lgan. Hozir hisob bo‘yicha 200 dirham kumush 595 gr ga teng.
Demak, kimning tillosi nisobga yetib, bir yil to‘lsa yoki shunga qiymati teng molga bir yil to‘lsa, unga zakot farz bo‘ladi. Ana shu molning qirqdan birini haqdorga chiqarib beradi. Molidan zakotini ajratayotganda shuni niyat qiladi.
Ikkinchidan, nisobga yetgan molga bir yil to‘lgan bo‘lishi kerak. Bir yil to‘lmagan moldan zakot berish farz emas.
Uchinchidan, ana shu nisobga yetgan, bir yil to‘lgan mol (yoki puli) egasining qo‘lida, ixtiyorida, tasarrufida turgan bo‘lishi lozim. Yo‘qotilgan, birovdan ololmayotgan molidan ham zakot berilmaydi.
To‘rtinchidan, zakot beriladigan molda egasining tijorat niyati bo‘lishi kerak, ya’ni sotishni, undan moddiy foydani ko‘zlagan kishi shu narsasidan ham zakot beradi. Agar sotish niyati bo‘lmasa, qiymati harchand baland bo‘lsa-da, unga zakot berilmaydi. Masalan, biror mahsulot ishlab chiqaradigan sex – korxona va undagi qimmatbaho uskunalarga zakot berilmaydi.
Zakot olishga haqdorlar kim? Kimlarga zakot bersa bo‘ladi?
Buni Alloh taolo belgilab qo‘ygan:
۞إِنَّمَا ٱلصَّدَقَٰتُ لِلۡفُقَرَآءِ وَٱلۡمَسَٰكِينِ وَٱلۡعَٰمِلِينَ عَلَيۡهَا وَٱلۡمُؤَلَّفَةِ قُلُوبُهُمۡ وَفِي ٱلرِّقَابِ وَٱلۡغَٰرِمِينَ وَفِي سَبِيلِ ٱللَّهِ وَٱبۡنِ ٱلسَّبِيلِۖ فَرِيضَةٗ مِّنَ ٱللَّهِۗ وَٱللَّهُ عَلِيمٌ حَكِيمٞ٦٠
«Albatta, sadaqalarni faqat faqirlar, miskinlar, unda (sadaqa ishida) ishlovchilar, dillari oshno qilinuvchi (kofir)lar, (pul to‘lab ozod etiluvchi) qullar, qarzdorlarga va Alloh yo‘lidagilar hamda yo‘lovchilarga (musofirga berish) Alloh (tomoni)dan farz (etildi). Alloh ilmli va hikmatli Zotdir» (Tavba, 60).
Ushbu oyati karimada zakot beriladigan sakkiz toifa bayon qilindi.
Mana shu yuqoridagi sakkiz toifa haqdorlardan biriga yoki bir nechtasiga xohlagancha zakot bersa bo‘ladi. Ulardan boshqa joyga zakot berilmaydi, aks holda, u zakot hisoblanmaydi. Zakot ibodatini ado etuvchi, shuningdek, qo‘shimcha xayr-sadaqa beruvchi mo‘minlarga Alloh taolo ulug‘ ajrlarni va’da qiladi:
ٱلَّذِينَ يُنفِقُونَ أَمۡوَٰلَهُم بِٱلَّيۡلِ وَٱلنَّهَارِ سِرّٗا وَعَلَانِيَةٗ فَلَهُمۡ أَجۡرُهُمۡ عِندَ رَبِّهِمۡ وَلَا خَوۡفٌ عَلَيۡهِمۡ وَلَا هُمۡ يَحۡزَنُونَ٢٧٤
«Mol (boylik)larini kechayu kunduz, pinhonayu oshkora ehson qiladigan kishilar uchun Parvardigorlari huzurida (maxsus) mukofotlari muhayyodir. Ularga (oxiratda) xavf ham bo‘lmas va ular tashvish ham chekmaslar» (Baqara, 274).
Oyati karimadagi kechayu kunduz so‘zidan murod, har qanday vaqtda, imkon bo‘lgan paytda qilish ko‘zda tutilgan, pinhona va oshkora so‘zidan murod, xayru ehson, ba’zan yashirin tarzda va ba’zan (ilojsiz) oshkora tarzda qilinadigani bor. Nikoh, aqiqa va boshqa shunga o‘xshash to‘y ziyofatlari ko‘pchilik ishtirokida, e’lon qilib o‘tkaziladi. Shuningdek, Islom arkonlaridan bo‘lmish zakotni ham boshqalarga ibrat maqsadida oshkora bergan afzal deyilgan. Ixtiyoriy xayr-sadaqalar esa yashirin, maxfiy qilingani afzal, shu darajada-ki, o‘ng qo‘l berganni chap qo‘l bilmasin.
Ushbu oyati karima, undagi va’da zakot beruvchiga ham, ixtiyoriy xayru ehson qiluvchiga ham tegishli, shu shartlar bilanki, har qanday xayru sadaqa Alloh yo‘lida xolis bo‘lsin, halol mol va halol yo‘l bilan topilgan moldan bo‘lsin hamda munosib o‘ringa bo‘lsin. Ehson qiluvchida zarracha ham riyo, faxr bo‘lmasin, qilgan ehsoni ortidan minnat va aziyat yetkazmasin, chunki minnat va ta’na yoki riyo qilingan ehsonning savobini yo‘qqa chiqaradi. Bu haqda Qur’onda ochiq-oydin ma’lum qilingan:
يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ لَا تُبۡطِلُواْ صَدَقَٰتِكُم بِٱلۡمَنِّ وَٱلۡأَذَىٰ كَٱلَّذِي يُنفِقُ مَالَهُۥ رِئَآءَ ٱلنَّاسِ وَلَا يُؤۡمِنُ بِٱللَّهِ وَٱلۡيَوۡمِ ٱلۡأٓخِرِۖ فَمَثَلُهُۥ كَمَثَلِ صَفۡوَانٍ عَلَيۡهِ تُرَابٞ فَأَصَابَهُۥ وَابِلٞ فَتَرَكَهُۥ صَلۡدٗاۖ لَّا يَقۡدِرُونَ عَلَىٰ شَيۡءٖ مِّمَّا كَسَبُواْۗ وَٱللَّهُ لَا يَهۡدِي ٱلۡقَوۡمَ ٱلۡكَٰفِرِينَ٢٦٤
«Ey imon keltirganlar! Molini odamlar ko‘rsin deb beradigan, Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan kimsaga o‘xshab, (bergan) sadaqalaringizni minnat va ozor bilan yo‘qqa chiqarmang! U (riyokor) ustini tuproq qoplagan silliq qoyaga o‘xshaydi; ustiga jala yoqqanda, (tuproq yuvilib) sip-silliq toshning o‘zini qoldiradi. Ular topgan (va sarflagan) boyliklaridan hech narsaga ega bo‘la olmaydilar. Alloh kofirlar qavmini hidoyat sari yo‘llamagay!» (Baqara, 264)
Allohga va oxiratga ishonmagan kishining qiladigan yaxshi ishlariga, infoq-ehsonlariga birovlar ko‘rsin, maqtasin deb obro‘ orttirishga o‘xshash, har xil dunyoviy maqsadlar sabab bo‘lishi tabiiy. Axir ular Allohga va oxiratga ishonmaganlaridan keyin qiladigan har qanday ezgu ishlari Alloh yo‘lida emas, balki o‘zlarining shaxsiy manfaatlari yo‘lida bo‘ladi. Shunday ekan, oyati karimada aytilganidek, ular qiyomatda hech qanday savob ololmaydi.
Allohga va oxiratga ishongan mo‘minlarning ichlaridan ana shulardek qilgan yaxshiliklari, bergan zakotu infoq-ehsonlari evaziga hech qanday dunyoviy mukofot olish nasib etmaydiganlari ham bo‘ladi. Chunki ular o‘sha ezgu amallari ortidan, masalan, zakotlarini berganlaridan keyin minnat, ta’na qilgan bo‘ladi. Ana shunday holatlar bo‘lmasligi uchun Alloh taolo bizlarni ogoh qildi. Minnat qilmaslikka va ozor bermaslikka buyurdi. Mo‘mindan sodir bo‘ladigan zakot va shunga o‘xshash barcha solih amallari Alloh roziligi uchun bo‘lishiga, agar shunday bo‘lsa, unga beriladigan ajr-savobi quyidagicha bo‘lishini bayon qiladi:
مَّثَلُ ٱلَّذِينَ يُنفِقُونَ أَمۡوَٰلَهُمۡ فِي سَبِيلِ ٱللَّهِ كَمَثَلِ حَبَّةٍ أَنۢبَتَتۡ سَبۡعَ سَنَابِلَ فِي كُلِّ سُنۢبُلَةٖ مِّاْئَةُ حَبَّةٖۗ وَٱللَّهُ يُضَٰعِفُ لِمَن يَشَآءُۚ وَٱللَّهُ وَٰسِعٌ عَلِيمٌ٢٦١
«Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go‘yo bir donga o‘xshaydi, u har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko‘paytirib beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon Zotdir» (Baqara, 261).
Alloh yo‘lida mollarni infoq-ehson qilishning foydasi ushbu oyatda ajoyib uslubda vasf qilinmoqda. Sirtdan qaraganda xayr-ehson qilgan, zakot bergan kishining molu dunyosi kamayganga o‘xshaydi. Aslida esa, xuddi yerga ekilib, o‘zini fido qilgan bir dona donga o‘xshaydi. O‘sha bir dona don keyinchalik unib chiqib ko‘payganidek, Alloh yo‘lida sarflangan mol ham bir necha barobar ko‘payib ketadi. Allohning o‘zi uni ko‘paytirib beradi. Donni misol keltirishdan maqsad, Alloh taoloning yo‘lida sarf qilingan birgina narsa yetti yuztaga ko‘payishiga urg‘u berishdir.
Keyingi oyati karimada Alloh yo‘lida mol sarflashning odobi, sharti haqida so‘z ketadi:
ٱلَّذِينَ يُنفِقُونَ أَمۡوَٰلَهُمۡ فِي سَبِيلِ ٱللَّهِ ثُمَّ لَا يُتۡبِعُونَ مَآ أَنفَقُواْ مَنّٗا وَلَآ أَذٗى لَّهُمۡ أَجۡرُهُمۡ عِندَ رَبِّهِمۡ وَلَا خَوۡفٌ عَلَيۡهِمۡ وَلَا هُمۡ يَحۡزَنُونَ٢٦٢
«Mollarini Alloh yo‘lida sarflab, so‘ngra bergan narsalariga minnat va ozorni ergashtirmaydigan zotlar uchun Rabbilari huzurida ulug‘ ajr bordir. Ular uchun hech qanday xavfu xatar yo‘q va ular g‘amgin ham bo‘lmaydilar» (Baqara, 262).
Demak, birovlarga qilgan yaxshiligimiz, bergan sadaqa-zakotlarimiz uchun bir necha ziyodasi bilan ajr olishimizning sharti, o‘sha kishiga minnat qilmasligimiz, unga mutlaqo ozor bermasligimiz, uni kamsitmasligimizdir. Maqtov ham, minnat ham yolg‘iz Allohga xos bo‘lib, ojiz bandaning minnati xuddi hasaddek yaxshi ishlarini yeb bitiradi, yo‘q qiladi. Shuning uchun minnat qilish o‘rniga qilgan har qanday yaxshiligimizni unutishimiz lozim, aynan shu narsa qiyomat kuni najot topishimiz, Alloh va’da qilgan yetti yuz barobar savob olishimiz va u kunning xavf-xatarlaridan omonda bo‘lishimiz alomatidir. Yuqoridagi shartlarga amal qilolmagan banda, ya’ni riyo va minnatdan xoli sadaqa qilish qo‘lidan kelmagan kishining yaxshi gapirishi yoki kechirimli bo‘lishi ham sadaqa bo‘ladi.
۞قَوۡلٞ مَّعۡرُوفٞ وَمَغۡفِرَةٌ خَيۡرٞ مِّن صَدَقَةٖ يَتۡبَعُهَآ أَذٗىۗ وَٱللَّهُ غَنِيٌّ حَلِيمٞ٢٦٣
«(Sadaqa bermasdan) yaxshi gap (qilish) va (bera olmagani uchun) kechirim (so‘rash) ketidan ozor yetkaziladigan sadaqadan yaxshiroqdir. Alloh behojat va halimdir» (Baqara , 263).
Ortidan ozor keladigan sadaqaning hech kimga keragi yo‘q. Undan ko‘ra bir og‘iz shirin so‘z va kechirimli bo‘lish yaxshiroqdir. Chunki bir og‘iz bo‘lsa ham shirin so‘z qalbga taskin beradi, kishini ruhan ko‘taradi. Kechirish esa, hasad va yomonlikni yuvib tashlab, o‘rniga muhabbat va do‘stlikni soladi. Bas shunday ekan, albatta, bu ishlar ketidan ozor keladigan sadaqadan yaxshiroq.
“Alloh behojat va halim Zotdir”, ya’ni U boy – birovning sadaqasiga muhtoj emas. U Halimdir – bandalari noshukrlik qilsalar ham, ularning gunohini o‘tib, rizqlarini beraveradigan Zotdir.
Mazkur oyatlardan ko‘rinib turibdi, agar bir solih amalimiz uchun xolislik asosiy mezon ekan. Aks holda, qilgan amalimiz zoye bo‘lar ekan. Alloh biror bandasiga omonlikni zoye qilishni istamaydi. Magar boshqalar o‘z niyatlari va amallari bilan zoye qilsalar ham.
وَأَنَّ ٱللَّهَ لَا يُضِيعُ أَجۡرَ ٱلۡمُؤۡمِنِينَ١٧١
«...va albatta, Alloh mo‘minlarning ajr-mukofotini zoye qilmas» (Oli Imron, 171).
Zakot haqidagi risolamizga quyidagi hadisi sharif bilan yakun yasaymiz.
Hasan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Payg‘ambar (alayhissalom): “Mollaringizni zakot bilan himoya qiling, bemorlaringizni sadaqa bilan davolang. Balolar to‘lqiniga xokisorlik ila duo va iltijolar bilan peshvoz chiqing”, dedilar» (Abu Dovud).
KЕYINGI MAVZULAR:
Zikr va zikr qiluvchining fazilati;
Samarqand viloyatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Ey bandalarim” nomli yangi kitobiga bag‘ishlangan taqdimot tadbiri o‘tkazildi.
Mazkur ma’rifiy anjumanda viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, shuningdek Urgut tumanida xizmat qilayotgan imom-xatiblar ishtirok etdilar.
Tadbir davomida Xayrullo domla Sattarov Muftiy hazratlarining ushbu asari haqida batafsil ma’lumot berdi. U kishining ta’kidlashicha, “Ey bandalarim” kitobi qalb tarbiyasi, ma’naviy yuksalish va insonning islamiy axloq-odobini yuksaltirishga qaratilgan muhim manba hisoblanadi. Shuningdek, asarning o‘ziga xos mazmun-mohiyati, tarbiyaviy ahamiyati va o‘quvchiga beradigan ruhiy ta’siri haqida ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Taqdimot ma’rifiy muloqotlar va kitob atrofidagi fikr almashinuvlar bilan davom etdi.