Ma’lumki, ekstremizm, terrorizm, qurollar va narkotik moddalarning noqonuniy savdosi butun dunyoda tinchlik, xavfsizlikka va barqarorlikka xavf soluvchi global muammolar hisoblanadi. Terrorizm qanday niqobda bo‘lmasin, uning zamirida begunoh odamlarning qonini to‘kish, xalqning mehnati bilan yaratilgan madaniy boyliklarni yo‘q qilish turadi. Qanday davlat yoki jamiyat bo‘lmasin, terrorizm unga xavf solib keladi.
Terrorchilik tashkilotlari yetakchilari tomonidan dinga e’tiqod qilish darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatlarda fuqarolarni diniy g‘oyasiga o‘z ta’sirini o‘tkazib, ekstremistik faoliyatlarga jalb qilish va jamoat a’zolarini safini kengaytirishga xarakat qilish holatlari kuchayib bormoqda.
Dunyoda sodir bo‘layotgan mudhish voqealar, xususan, Yaqin Sharq mintaqasida ro‘y bergan holatlar yuzasidan ma’lumotlar barchamizga ma’lum.
Dunyo bo‘yicha sodir etilayotgan terrorchilik harakatlari yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik, ijtimoiy-siyosiy vaziyatga o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatib, mamlakatimizdagi barqaror tinch hayotni ko‘ra olmaydigan tashqaridagi yovuz kuchlar tomonidan O‘zbekistonda ham shu kabi xolatlarni keltirib chiqarishga urinishlar kuzatilgan.
Respublikamiz aholisining asosiy qismi asrlar osha muqaddas Islom diniga e’tiqod qilib kelgan xalq ekanligini e’tiborga olib, turli xil yovuz kuchlar xalq manfaatlari hamda diniy urf-odatlarning mustaqil himoyachilari niqobi ostida aholi o‘rtasida, asosan yoshlar orasida, biz uchun begona bo‘lgan ekstremistik g‘oyalarni targ‘ib etishga urinib kelmoqdalar. Islom dini azaldan kishilarni o‘zaro muhabbat va mehr-oqibatga, xayr-saxovat va yaxshilikka da’vat etgan, tinch va osoyishta hayot, do‘stlik va hamjihatlikni ulug‘lagan. Bunday g‘oyalar inson barkamolligi va jamiyatning barqaror taraqqiyotiga zamin yaratgan.
Shu o‘rinda ta’kidlash zarurki, bugun fuqarolarimiz orasida internetdan foydalanuvchilarning soni ortib borayotganligi, internetda islomiy saytlarning ko‘payib borayotganligi, internet saytlardan foydalanib, jangarilar tomonidan yollash ishlari to‘g‘ridan to‘g‘ri olib borilayotganligi hech kimga sir emas. Qolaversa, Respublikamiz fuqarolari ishlash maqsadida yurtimizdan tashqariga chiqib, ularning orasidan ayrimlari MDH davlatlarida turli ekstremistik oqim va terrorchilik tashkilotlarning g‘oyaviy ta’siriga tushib, aksariyat qismi jangarilarning lagerlariga chiqib ketayotganligi, ba’zilari esa yashash manzillariga qaytib, oila a’zolarini va yaqin qarindoshlarini o‘zlarining mutaassibona qarashlariga majburlash holatlari uchrab turibdi.
Ijtimoiy tarmoqlarga asosan dildan yaqin hech kimi yo‘q, bekorchi odamlar mukkasidan ketgani ma’lum. Ayniqsa, o‘zidan hamisha kamchilik qidiradigan ayol, tengqurlari bilan til topisha olmagan o‘smir, o‘ta kirishimli odam ushbu tarmoqlarning doimiy mehmonlaridir. Ular real hayotda ham yon-atrofdagilar bilan suhbatlashish mumkinligini hayollariga ham keltirishmaydi. Shu tariqa yaqinlari –qarindoshlari, hatto o‘g‘il-qizi yoki ota-onasidan uzoqlasha boradi…
Ijtimoiy tarmoqqa ulangan erkak va ayol ko‘proq vaqtini kompyuter oldida o‘tkazadi. Demak oila davrasidagi o‘zaro suhbatlar, umr yo‘ldoshi yoki farzandlariga bo‘lgan e’tibori kamayadi.
Ijtimoiy tarmoqlardan butkul voz kechish oson emas. Chunki ular o‘rgimchak to‘ri kabi o‘rab olganki, chiqib olish murakkab masalaga aylanadi.
Ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik hanuz ruxiy kasalliklarni o‘rganuvchi barcha olimlar tomonidan tan olinmagan bo‘lsa ham, tarmoqdan foydalanuvchilar orasida yaqin va murakkab munosabatlar shakllanayotgani hammamizga ayon.
Endi ushbu aytilgan so‘zlarni mulohaza qiladigan bo‘lsak, xammamiz doimo internet, facebook umuman olganda ommaviy axborot vositalaridan to‘g‘ri foydalanishimiz lozimligini ta’kidlamoqchimiz. Xozirgi taxlikali zamonda barchamiz bu borada ogox va xushyor bo‘lmog‘imiz kerak. Chunki aldanib qolib, internet orqali ba’zi bir yoshlarimizning adashib yot oqimlarga kirib qolayotganlari xam sir emas. Ushbu o‘rinda bir narsani aytib o‘tmoqchimiz. Ommaviy axborot vositalaridan foydalanishning xam o‘z odoblari mavjud. Biz ushbu odob va qoidalarga to‘g‘ri amal qilsak biz ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda OAVning o‘rni beqiyos ekanligini anglamog‘imiz lozim. Biz aytganimizdek to‘g‘ri maqsadda foydalanadigan bo‘lsak bizga judaya ko‘p manfaatlari bor. Ogox va xushyor bo‘lishimizda ham barcha ma’lumotlarni biz OAv orqali bilamiz va bir birlarimizga yetkazishga xarakat qilamiz.
Ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik shakllanishiga fe’l-atvordagi xususiyatlar (o‘ta tashvishlanish, bezovtalik, ko‘p xafa bo‘lish, o‘ziga past baho berish, o‘z kuchiga ishonmaslik, stressga beriluvchanlik, muammolarni hal qila olmaslik, g‘am-qayg‘ulardan qochish singarilar) asos bo‘ladi.
Ayniqsa tabiatan jur’atsiz, shubhaga beriluvchilar, shuningdek isteriod fe’l-atvor sohiblari (ya’ni o‘zlariga katta e’tibor qaratilishini istaydigan) shaxslar ijtimoiy tarmoqlarga bog‘lanib qolish ehtimoli ko‘p uchraydi.
Demoqchimizki, zinhor qimmatli vaqtimizni behuda saytlar va tarmoqlarga sarflamaylik! OAVlardan to‘g‘ri foydalanaylik! Har bir lahzaning qadriga yetaylik! Shundagina to‘g‘ri yashash shartlariga amal qilgan bo‘lib, sog‘lom turmush tarzi hayotimizga mazmun bag‘ishlaydi.
S.Raxmatullayev
Shovot tumani “Yusuf Hamadoniy” masjidi imom-xaitbi
Sog‘ tanda – sog‘lom aql
Inson tetik, bardam va baquvvat bo‘lishi uchun muntazam ravishda jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishi kerak. Ayniqsa, bugungi farovon hayotda – har bir oilada jon boshiga bittadan avtoulov to‘g‘ri kelayotgan davrda bu juda muhim.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari tashabbuslari bilan diniy soha xodimlari o‘rtasida «Sog‘ tanda – sog‘lom aql» shiori ostida sportning voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka turlari bo‘yicha musobaqalar bo‘lib o‘tyapti.
Bugun, 28 yanvar kuni poytaxtimiz imom-xatiblari va imom noiblari o‘rtasida sportning voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka musobaqalarining Toshkent shahar bosiqchi juda ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi.
Musobaqani Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov va hamkor tashkilotlar mutasaddilari ochib berdilar.
Tabiiyki, musobaqalarda tez qaror qabul qila oladigan, abjir, chaqqon va epchillarga omad kulib boqadi.
Voleybol bo‘yicha
1-o‘rin Yunusobod tumani
2-o‘rin Uchtepa tumani
3-o‘rin Sergeli tumani diniy soha xodimlariga nasib etdi.
Stol tennisi musobaqasida
1-o‘rin Yunusobod tumani «Masjidul Xayr» masjidi imom noibi Adhamxo‘ja domla Hikmatullayev;
2-o‘rin Mirzo Ulug‘bek tumani «Oltintepa» masjidi imom noibi Rahmatulloh domla Hikmatullayev;
3-o‘rin Mirobod tumani «al-Badr» masjidi imom noibi Jamshid domla Nazarov loyiq ko‘rildi.
Shashka yo‘nalishida
1-o‘rin Shayxontohur tumani «Obidxon Maxdum» masjidi imom noibi Adham domla Latipov;
2-o‘rin Uchtepa tumani «Aziz ota» masjidi imom noibi Abdurahmon domla Kamolov;
3-o‘rin Yunusobod tumani «Omina» masjidi imom noibi Abdurahim domla To‘raqulov munosib ko‘rildi.
Shaxmat bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi:
1-o‘rin Bektemir tumani «Bektemir» jome masjidi imom-xatibi Ziyovuddin domla Aymuhamedovga;
2-o‘rin Sergeli tumani «Ma’ruf ota» masjidi imomi Sarvar domla Muhammadiyevga;
3-o‘rin Mirzo Ulug‘bek tumani «To‘ra buva» masjidi imom noibi Muhammadamin domla Abdullajonovga nasib etdi.
G‘oliblarga qimmatbaho sovg‘alar va faxriy yorliqlar topshirildi.
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati