Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Iyun, 2025   |   4 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:07
Quyosh
04:53
Peshin
12:27
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:46
Bismillah
29 Iyun, 2025, 4 Muharram, 1447

10.01.2020 y. MUSTAHKAM OILA – YURT TAYANCHI

07.01.2020   6247   14 min.
10.01.2020 y. MUSTAHKAM OILA – YURT TAYANCHI

بسم الله الرحمن الرحيم

MUSTAHKAM OILA – YURT TAYANCHI

اَلْحَمْدُ للهِ وَكَفَى، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ الْمُصْطَفَى، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْدُ.

Muhtaram jamoat! Oila – insoniyat tarixining hamma davrlarida jamiyatning negizi hisoblangan. Shu ma’noda, oilani kichik jamiyat deyish mumkin. Har bir inson axloq-odob va ijtimoiy munosabatlarni oilada o‘zlashtiradi hamda shunga muvofiq insoniy fazilatlarni namoyon etadi. Barkamol insonni shakllantirish, uni hayotga tayyorlash va ezgulikka yo‘naltirish oilaning muqaddas vazifasidir. Oila mustahkam, tinch, halol va pok bo‘lsa, jamiyat ham osoyishta va farovon bo‘ladi. Baxtli oilalar tufayli baxtli jamiyat vujudga keladi. Dinimizda oila qurib yashash savobli amallardan biri hisoblanib, uni qanday tashkil qilish, uning boshlig‘i kim bo‘lishi, a’zolarining huquqlari, farzandlar tarbiyasi, a’zolari o‘rtasida chiqadigan kelishmovchiliklarni muolaja qilish kabi oilaviy hayotning barcha masalalariga javob berilgandir. Alloh taolo oila qurib yashash insoniy fitratga muvofiq ekanini eslatib, shunday marhamat qilgan:

وَمِنْ كُلِّ شَيْءٍ خَلَقْنَا زَوْجَيْنِ لَعَلَّكُمْ تَذَكَّرُونَ

ya’ni: Sizlar eslatma olishlaringiz uchun Biz har bir narsani juft-juft qilib yaratdik (Zoriyot surasi, 49-oyat).

Demak, Alloh taolo borliqdagi barcha narsalarni juft-juft qilib yaratgan. Masalan, erkak-ayol, kecha-kunduz, issiq-sovuq va hokazolar.

Yana bir oyati karimada oila qurishga targ‘ib qilib, shunday deyilgan:

وَأَنْكِحُوا الْأَيَامَى مِنْكُمْ وَالصَّالِحِينَ مِنْ عِبَادِكُمْ وَإِمَائِكُمْ إِنْ يَكُونُوا فُقَرَاءَ يُغْنِهِمُ اللَّهُ مِنْ فَضْلِهِ وَاللَّهُ وَاسِعٌ عَلِيمٌ

ya’ni: Sizlarning orangizdagi tul (erkak va ayol)larni hamda qul va cho‘rilaringizdan yaroqlilarini uylantiringiz! Agar (ular) kambag‘al bo‘lsalar, Alloh ularni o‘z fazli bilan boyitur. Alloh (fazlu karami) keng va dono zotdir(Nur surasi, 32-oyat).

Alloma Muhammad Mutavalliy Sha’roviy rahmatullohi alayh mazkur oyatning tafsirida bunday deganlar: “Oyatda qaramog‘ida bo‘ydoq yigit yoki bo‘yiga yetgan qizlari bor kishilarga: “Ularni nikohlab, sarf-xarajatlariga yordam beringlar, shunda o‘g‘il-qizlaringizning iffatlarini saqlab qolursizlar!” deb buyruq berilmoqda”.

Hanafiy mazhabimizda kishi uylanib, hayotini iffat va pokizalik bilan o‘tkazishi uylanmasdan umrini nafl ibodatda o‘tkazishidan ko‘ra afzaldir deyilgan.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ham oila qurishga targ‘ib qilib, shunday deganlar:

النِّكَاحُ سُنَّتِي فَمَنْ لَمْ يَعْمَلْ بِسُنَّتِي فَلَيْسَ مِنِّي وَتَزَوَّجُوا فَإِنِّي مُكَاثِرٌ بِكُمُ الأُمَمَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ

(رواه الأمام ابن ماجة عن عائشة رضي الله عنها).

ya’ni: “Nikoh mening sunnatimdir. Kim meni sunnatimga amal qilmasa mendan emas. Turmush quringlar! Zero, men qiyomat kuni sizlarning ko‘pligingiz bilan faxrlanaman” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Kim avratini haromdan saqlash hamda shariat buyurgan ishlarni amalga oshirish maqsadida oila qursa, Alloh taolo unga madadkor bo‘ladi. Bu haqda hadisi sharifda shunday marhamat qilingan:

ثَلاثةٌ حَقٌّ على الله تَعالى عَوْنُهُم ... النَّاكِحُ الَّذِي يِرِيدُ العَفافَ )رواه الأمام أحمد عن أبي هريرة رضي الله عنه).

ya’ni: “Uch toifa kishilarga yordam berish Allohning zimmasidadir”, … (ulardan biri), “o‘z iffat-pokdomonligini saqlash istagida uylanib-turmush qiluvchidir” (Imom Ahmad rivoyatlari).

Shuning uchun ham oldin faqir bo‘lib, nikohdan so‘ng boy-badavlat bo‘lib ketgan qancha-qancha odamlar bor!

Nikohning shariatimizga kiritilish hikmatlari:

  1. Nikoh orqali erkak va ayolning iffatini saqlash;
  2. Inson sulolasini inqirozga uchrab yo‘q bo‘lib ketishdan himoya qilish;
  3. Naslu nasabni boqiy qolishi va muhofaza qilinishi;
  4. Jamiyat qurishning asosi bo‘lgan oilani barpo qilish;
  5. Oila va jamiyat a’zolari orasida o‘zaro yaxshi aloqalarni o‘rnatish va ularni rivojlantirish.

Muhtaram azizlar! Oilaviy hayot kechirish dinimiz ko‘rsatmalariga muvofiq bo‘lsa, u haqiqatda mustahkam va bardavom bo‘ladi. Bugungi kunda juma maruzalari, davra suhbatlari, ommaviy axborot vositalari va turli tadbirlarda oilaning muqaddasligi, uni asrab avaylash zururligi, er-xotinning o‘zaro haq-huquqlari kabi oilaga bog‘liq masalalar haqida suhbatlar olib borilmoqda. Lekin ming afsuski, jamiyatda oilaviy ajrimlar tez-tez uchrab turibdi. Bu ajrimlarning o‘ziga yarasha sabablari mavjud bo‘lib, quyida ulardan ba’zilarini keltiramiz:

  • Er-xotin o‘zaro bir-birlarining huquq va majburiyatlarini bilmasliklari. Hozirgi kunda er-xotin haq-huquqlari borasida yozilgan adabiyotlar ko‘p bo‘lib, ulardan albatta oila qurish arafasidagi yoshlar foydalanishi zarurdir. Demak, har bir ota-ona to‘ydan oldin farzandlarining faqat moddiy jihatlariga emas, balki ma’naviy dunyosi, diyonati, tarbiyasi va odob-axloqiga ko‘proq e’tibor berishi lozim va lobuddir. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam mashhur hadislarida shunday marhamat qilganlar:

مَا نَحَلَ وَالِدٌ وَلَدًا مِنْ نَحْلٍ أَفْضَلَ مِنْ أَدَبٍ حَسَنٍ ( رَوَاهُ الأمام التِّرْمِذِيُّ عَنْ سَعِيدِ بْنِ الْعَاصِ رضي الله عنه).

ya’ni:Ota o‘z farzandiga yaxshi odobdan ko‘ra afzalroq narsa hadya qila olmaydi” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Shunday ekan, har bir ota-ona nikohdan oldin farzandiga oila muqaddasligi, hayot qiyinchiliklariga bardoshli bo‘lish kerakligi, oila a’zolari bir-birlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi, qaynona va qaynotalarning xizmatlarini qilib, duolarini olish ulkan savob ekanligi kabi nasihatlarni qilishlari zarurdir.

  • Er-xotinlarning o‘zaro munosabatlarida sabr-toqat va o‘zaro bag‘rikenglikning yetishmasligi oilaning buzilish sabablaridan biridir. Hayot juda murakkab jarayon bo‘lib, unda turli holatlar uchrab turadi. Gohi shodlik, gohi g‘am deganlariday oilada er va xotin o‘rtasida ham turli sabablar ila kelishmovchiliklar bo‘lib turadi. Shoshqaloqlik, jahlning tez chiqishi, qanoatsizlik, manmanlik, tirnoq ostidan kir qidirish oilaviy munosabatlarga putur yetkazadi. Shuni aytib o‘tish joizki, er xotinining bir yomon xulqidan norozi bo‘lsa, uning boshqa yaxshi tomonlari ham bor ekanligini unutmasin. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:

وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ فَإِنْ كَرِهْتُمُوهُنَّ فَعَسَى أَنْ تَكْرَهُوا شَيْئًا وَيَجْعَلَ اللَّهُ فِيهِ خَيْرًا كَثِيرًا

ya’ni: “Ular bilan totuv turmush kechiringiz. Agar ularni yomon ko‘rsalaringiz, (bilib qo‘yingki,) balkim sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko‘pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin” (Niso surasi, 19-oyat).

Bu borada Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

لَا يَفْرَكْ مُؤْمِنٌ مُؤْمِنَةً إِنْ كَرِهَ مِنْهَا خُلُقًا رَضِيَ مِنْهَا آخَرَ (رواه الإمام مسلم).

ya’ni: “Mo‘min er mo‘mina xotindan nafratlanmasin, agar uning bir xulqini yomon ko‘rsa, boshqa xulqi tufayli undan rozi bo‘lib ketaveradi” (Imom Muslim rivoyatlari).

Demak, er xotinining ayrim fe’lidan g‘azablansa, oilani buzishga shoshilmasligi, balki uning yaxshi odatlarini ham ko‘z oldiga keltirib, shu bilan ko‘nglini to‘q qilib yurishi kerak ekan. Hozirgi yoshlarda sabr, qanoat, bag‘rikenglik, murosa kabi fazilatlar kamayib ketayotganday. Hozirgi ba’zi yoshlarga oila qursa, tez fursatda uy-joyli bo‘lsa, mashina olsada darrov alohida uyli bo‘lib, chiqib ketsa. Oila a’zolariga hurmat, qaynota-qaynonaning duolarini olish degan narsalarga e’tibor kamayib ketayotganday, go‘yo.

  • Er-xotin hayotiga ota-onalarning noo‘rin aralashuvi. Mana shu narsa hozirgi kundagi yosh oilalarning buzilishiga eng katta sabablardan biri bo‘lmoqda. Yosh oilalardan ko‘pincha “men ayolim bilan yaxshi munosabatdaman, lekin ota-onam kelin bilan murosa qilolmayapti”, – degan gaplarni eshitamiz. Hatto, farzandiga: “Kelinga javobini bermasang seni oq qilamiz”, – deb aytayotgan ota-onalar ham bor. Ming afsuslar bo‘lsinki, taloqning kelib chiqishiga ko‘p hollarda taloqning oldini olishi kerak bo‘lgan shaxslar – ota-onalar sababchi bo‘lib qolishmoqda. Shuni yaxshi bilish lozimki, ota-ona farzandini ayoliga talog‘ini berishga majburlashga haqqi yo‘q. Aksincha, yoshi kattalar yoshlarni sabr va shukrga chaqirib, oilani saqlab qolishga targ‘ib qilishlari kerak. Har bir musulmon farzand ota-onasini rozi qilish uchun qo‘lidan kelgan barcha yaxshiliklarini qilishi shart. Ammo ota-onasi xohlamay qolgan, lekin risoladagidek ayolni talog‘ini berish mumkin emas. Balki ularning o‘rtasini isloh qilib, adolat bilan ish tutib, oilasini saqlab qolish ayni muddaodir. Chunki, Alloh taolo chin mo‘min-musulmonlarni Qur’oni karimda shunday ta’riflagan:

إِنَّمَا الْمُؤْمِنُونَ إِخْوَةٌ فَأَصْلِحُوا بَيْنَ أَخَوَيْكُمْ وَاتَّقُوا اللَّهَ لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ  

ya’ni: “Albatta, mo‘minlar dinda o‘zaro birodardirlar. Bas, sizlar ikki birodaringiz o‘rtasini tuzatib qo‘yingiz va Allohdan qo‘rqingiz, shoyad, rahm qilinsangiz” (Hujurot surasi, 10-oyat).

  • Telefon va internetdagi “hayosizliklar” oilani barbod bo‘lishida asosiy sabablardan yana biridir. Ma’lumki, telefon va internet olami Allohning bandalariga ato etgan ne’matlaridan biridir. Uzoqdagi yaqinlar bilan aloqa, katta hajmdagi kutubxona hamda ish faoliyatdagi qulayliklar va hokazo. Biroq, bu ne’matni kimlardir fitna, buzg‘unchilik, buzuqlik, hayosizlik manbalariga aylantirib ulgurdilar. Nomahram inson bilan ushbu aloqa vositalari orqali suhbatlashuvlar natijasida aksar oilalar buzilmoqda. Alloh taolo bunday holatdan qaytarib, shunday degan:

قُلْ لِلْمُؤْمِنِينَ يَغُضُّوا مِنْ أَبْصَارِهِمْ وَيَحْفَظُوا فُرُوجَهُمْ ذَلِكَ أَزْكَى لَهُمْ إِنَّ اللَّهَ خَبِيرٌ بِمَا يَصْنَعُونَ 

ya’ni: (Ey, Muhammad!) Mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini (nomahram ayollardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Mana shu ular uchun eng toza (yo‘l)dir. Albatta, Alloh ular qilayotgan (sir) sinoatlaridan xabardordir” (Nur surasi, 30-oyat).

  • Oilalar parokanda bo‘lishiga jiddiy sabablardan yana biri bu – molparastlikdir. Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday marhamat qiladilar: “Har bir ummatning fitnasi (sinovi) bor. Ummatimning fitnasi molu dunyodir”. Hadisga e’tibor bering. Molu-dunyo bizga berilgan sinov ekan. Mana shu sinovda kelajagimiz bo‘lgan yoshlarning hayotini barbod qilish, ularni bebaxt qilish yaxshimikan? Arzimagan matolarni deb farzandlarini baxtsiz qilib qo‘yayotgan ota-onalar afsuski, kun sayin ko‘payib bormoqda. Aslida baxtu-saodat, oilaviy farog‘at degani faqat molu-dunyo bilan o‘lchanmaydi. Iqtisodiy imkoniyat keng bo‘lgani bilan ma’naviy jihatdan inson qashshoq bo‘lishi – baxtsizlikdir.

Fuzayl ibn Iyoz rahmatullohi alayh: “Baxtsizlikning nishonasi quyidagi narsalarda ko‘rinadi deganlar:  besharm va behayo bo‘lish, ko‘ngli qattiq va dag‘al bo‘lish, molu dunyoga haddan ortiq mukkasidan ketish”, – der edilar.

Azizlar! Mast qiluvchi ichimliklar, giyohvandlik, behayolik va zino kabi shariatimiz qattiq qaytargan ishlarni qilish oqibatida ham juda ko‘p oilalar buzilmoqda. Ba’zi erkaklar ichkilikbozlik yoki giyohvandlikni odat qilib, oila tinchligiga putur yetkazadi, oxiri taloq vujudga kelib, oila parokanda bo‘ladi. Natijada xotin beva, bolalar esa tirik yetimga aylanadi. Gunoh ustiga gunoh bo‘lib, oila buzilishi qarindoshlar notinchligi, jamiyat zaiflashuviga olib keladi.

Shunday ekan, barchamiz birgalikda ushbu omillarning oldini olishimiz lozim. Farzandlarimizga oila madaniyati va oilaviy munosabatlarni yoshlik paytidanoq o‘rgatib borishimiz kerak. Shunda oilalarimiz tinch, hayotimiz farovon, yurtimiz obod va jamiyatimiz ma’nan sog‘lom bo‘ladi.

Muhtaram jamoat! 14 yanvar yurtimizda “Vatan himoyachilari kuni” sifatida nishonlanadi. Darhaqiqat, Vatan – muqaddas makon. Uni himoya qilish, dushmanlardan asrash, ravnaqi va farovonligi yo‘lida xizmat qilish – har bir inson uchun ham farz, ham qarzdir. Vatan sarhadlari daxlsizligini ta’minlash, yurt sha’ni va or-nomusini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash shu zaminda yashayotgan har bir imonli, e’tiqodli va ixlosli farzandning muqaddas burchidir. Shuni alohida ta’kidlash joizki, tinchlikni saqlash, mustaqilligimizni yanada mustahkamlash, yurtimiz barqarorligi va xavfsizligini ta’minlashda milliy armiyamizning alohida o‘rni bor.

Shukrlar bo‘lsinki, kundan-kunga mamlakatimiz mudofaa qobiliyati, Qurolli kuchlarning jangovor salohiyati hamda milliy mudofaa sanoati ortib bormoqda.

Dinimizda Vatanni himoya qilish ishiga o‘zini baxshida etish eng ulug‘ savobli amallardan ekanligi aytilgan. Bu to‘g‘rida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan shunday hadis rivoyat qilingan:

"عَيْنَانِ لَا تَمَسُّهُمَا النَّارُ: عَيْنٌ بَكَتْ مِنْ خَشْيَةِ اللهِ وَعَيْنٌ بَاتَتْ تَحْرُسُ فِي سَبِيلِ اللهِ") رواه الإمام الترمذي).

ya’ni: “Ikki ko‘z egasini do‘zax otashi kuydirmas: biri  – Allohning azobidan qo‘rqib yig‘lagan ko‘z, ikkinchisi – Alloh yo‘lida poyloqchilik qilib bedor bo‘lgan ko‘z” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Kindik qoni to‘kilgan Vatanni, shu mustaqil yurtni ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylash inson uchun go‘yo o‘z oilasini, sha’nini, or-nomusini, imon-e’tiqodini himoya qilish kabidir. Bu yo‘lda fidoiy bo‘lgan kishi yuksak maqomga yetishi ulkan ajrlar sohibi bo‘lishi haqida bashoratlar mavjud bo‘lib, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

" مَنْ رَابَطَ يَوْمًا اَوْ لَيْلَةً فىِ سَبِيلِ اللهِ كَانَ لَهُ أَجْرُ صِيَامِ شَهْرِ وَقِيَامِهِ وَمَنْ مَاتَ مُرَابِطاً جَرَى لَهُ مِثْلُ ذلِكَ الْأَجْرِ وَاُجْرِىَ عَلَيْهِ الرِّزْقُ وَاَمِنَ مِنَ الْفَتَّانِ " (رواه الإمام النسائى).

ya’ni: “Kimki Alloh taolo yo‘lida bir kunduz yoki bir kecha chegara poylasa, unga bir oy kunduzi (nafl) ro‘za tutib, kechasi ibodat qilganlik savobi yoziladi. Kimiki sarhadni qo‘riqlab turganda halok bo‘lsa, unga ham xuddi shunday ajru-savob mukofoti bo‘ladi va shahidlik maqomi berilib, barcha fitnalardan omonda bo‘ladi”(Imom Nasaiy rivoyatlari).

Alloh taolo mustaqil yurtimizni tinchlik va omonlikda, askaru zobitlarimizni O‘zining hifzu himoyasida saqlab, jannatmakon diyorimizni yomon ko‘zlardan va barcha ofatlardan omonda saqlasin! Omin!

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “HAYO IMONDANDIR” mavzusida bo‘ladi.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Buni shukr deb bo‘ladimi?

27.06.2025   4438   3 min.
Buni shukr deb bo‘ladimi?

Behisob pul va boyliklarni chekish-ichish, kayfu safo uchun sarf qilish – Allohga shukr qilishmi?!

Yoshlik davrini zino va harom ishlar bilan o‘tkazish – Allohga shukr qilishmi?!

Telefon orqali o‘zgalarga zarar yetkazish, har xil bo‘lmag‘ur ishlarda foydalanish – Allohga shukr bo‘ladimi?!

Yeguliklarni chiqindi qutisiga tashlash, uvolni bilmaslik – Allohga shukr qilishmi?!

Zakotni o‘z vaqtida ado etmaslik, sadaqadan tiyilish – Allohga shukr qilish deganimi?!

Internetda foydasiz narsalar uchun vaqt ajratish, vaqtni bekorga zoye qilish – Allohning bergan ne’matlariga shukr qilishmi?!

Axir Alloh taolo bizlarga shukr qilishni va U Zotning fazlini e’tirof qilishga buyurgan-ku: «Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman. Menga shukr qilingiz, noshukrchilik qilmangiz!»[1].

Qolaversa, Alloh taolo shukr qiluvchilarni azoblamasligi xabarini ham bergan: «Agar shukr qilsangiz va iymon keltirsangiz, Alloh sizlarni nega azoblasin?! Alloh  shukrni qabul etguvchi va bilguvchi Zotdir»[2].

Shukr – Alloh taolo ato etgan ne’matlarning davomli bo‘lishining garovidir: «Yana Parvardigoringiz bildirgan (bu so‘zlar)ni eslangiz: “Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”»[3]. «...Agar shukr qilsangiz (va iymon keltirsangiz) U Zot sizlar uchun  rozi bo‘lur...»[4].

Bu dunyoda borligimizga shukr qilish – ota-onalarimizga yaxshilik qilishimizdadir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohning roziligi – ota-onaning rizosidadir” [5], deganlar.

Qarindoshchilik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, ular bilan bordi-keldi qilish, uzilgan rishtalarni tiklash ham Alloh bizga qarindosh, yaqinlar bergani ne’matining shukridir. Nabiy alayhissalom bu borada: Rizqida kengchilik bo‘lishi, ajali ortga surilishi kimni xursand qilsa, qarindoshchilik aloqalarini bog‘lasin”, deganlar[6].

Sadaqa berish – Alloh bizni mol-dunyo bilan siylagani uchun shukr qilish demakdir. Sadaqa Alloh taoloning g‘azabini o‘chiradi. Nabiy alayhissalom: “Maxfiy qilingan sadaqa Yaratganning g‘azabini o‘chiradi. Qarindoshchilik aloqalarini bog‘lash  umrni uzaytiradi. Yaxshilik qilish yomon o‘lim topishdan asraydi”, [7] deganlar.


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.

 


[1]  Baqara surasi, 152-oyat.
[2]  Niso surasi, 147-oyat.
[3]  Ibrohim surasi, 7-oyat.
[4]  Zumar surasi, 7-oyat.
[5]  Ibn Hibbon rivoyati.
[6]  Imom Buxoriy rivoyati.
[7]  Imom Tabaroniy rivoyati.