بسم الله الرحمن الرحيم
MUSTAHKAM OILA – YURT TAYANCHI
اَلْحَمْدُ للهِ وَكَفَى، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ الْمُصْطَفَى، وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أجْمَعِينَ، أَمَّا بَعْدُ.
Muhtaram jamoat! Oila – insoniyat tarixining hamma davrlarida jamiyatning negizi hisoblangan. Shu ma’noda, oilani kichik jamiyat deyish mumkin. Har bir inson axloq-odob va ijtimoiy munosabatlarni oilada o‘zlashtiradi hamda shunga muvofiq insoniy fazilatlarni namoyon etadi. Barkamol insonni shakllantirish, uni hayotga tayyorlash va ezgulikka yo‘naltirish oilaning muqaddas vazifasidir. Oila mustahkam, tinch, halol va pok bo‘lsa, jamiyat ham osoyishta va farovon bo‘ladi. Baxtli oilalar tufayli baxtli jamiyat vujudga keladi. Dinimizda oila qurib yashash savobli amallardan biri hisoblanib, uni qanday tashkil qilish, uning boshlig‘i kim bo‘lishi, a’zolarining huquqlari, farzandlar tarbiyasi, a’zolari o‘rtasida chiqadigan kelishmovchiliklarni muolaja qilish kabi oilaviy hayotning barcha masalalariga javob berilgandir. Alloh taolo oila qurib yashash insoniy fitratga muvofiq ekanini eslatib, shunday marhamat qilgan:
وَمِنْ كُلِّ شَيْءٍ خَلَقْنَا زَوْجَيْنِ لَعَلَّكُمْ تَذَكَّرُونَ
ya’ni: “Sizlar eslatma olishlaringiz uchun Biz har bir narsani juft-juft qilib yaratdik” (Zoriyot surasi, 49-oyat).
Demak, Alloh taolo borliqdagi barcha narsalarni juft-juft qilib yaratgan. Masalan, erkak-ayol, kecha-kunduz, issiq-sovuq va hokazolar.
Yana bir oyati karimada oila qurishga targ‘ib qilib, shunday deyilgan:
وَأَنْكِحُوا الْأَيَامَى مِنْكُمْ وَالصَّالِحِينَ مِنْ عِبَادِكُمْ وَإِمَائِكُمْ إِنْ يَكُونُوا فُقَرَاءَ يُغْنِهِمُ اللَّهُ مِنْ فَضْلِهِ وَاللَّهُ وَاسِعٌ عَلِيمٌ
ya’ni: “Sizlarning orangizdagi tul (erkak va ayol)larni hamda qul va cho‘rilaringizdan yaroqlilarini uylantiringiz! Agar (ular) kambag‘al bo‘lsalar, Alloh ularni o‘z fazli bilan boyitur. Alloh (fazlu karami) keng va dono zotdir” (Nur surasi, 32-oyat).
Alloma Muhammad Mutavalliy Sha’roviy rahmatullohi alayh mazkur oyatning tafsirida bunday deganlar: “Oyatda qaramog‘ida bo‘ydoq yigit yoki bo‘yiga yetgan qizlari bor kishilarga: “Ularni nikohlab, sarf-xarajatlariga yordam beringlar, shunda o‘g‘il-qizlaringizning iffatlarini saqlab qolursizlar!” deb buyruq berilmoqda”.
Hanafiy mazhabimizda kishi uylanib, hayotini iffat va pokizalik bilan o‘tkazishi uylanmasdan umrini nafl ibodatda o‘tkazishidan ko‘ra afzaldir deyilgan.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ham oila qurishga targ‘ib qilib, shunday deganlar:
النِّكَاحُ سُنَّتِي فَمَنْ لَمْ يَعْمَلْ بِسُنَّتِي فَلَيْسَ مِنِّي وَتَزَوَّجُوا فَإِنِّي مُكَاثِرٌ بِكُمُ الأُمَمَ يَوْمَ الْقِيَامَةِ
(رواه الأمام ابن ماجة عن عائشة رضي الله عنها).
ya’ni: “Nikoh mening sunnatimdir. Kim meni sunnatimga amal qilmasa mendan emas. Turmush quringlar! Zero, men qiyomat kuni sizlarning ko‘pligingiz bilan faxrlanaman” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Kim avratini haromdan saqlash hamda shariat buyurgan ishlarni amalga oshirish maqsadida oila qursa, Alloh taolo unga madadkor bo‘ladi. Bu haqda hadisi sharifda shunday marhamat qilingan:
ثَلاثةٌ حَقٌّ على الله تَعالى عَوْنُهُم ... النَّاكِحُ الَّذِي يِرِيدُ العَفافَ )رواه الأمام أحمد عن أبي هريرة رضي الله عنه).
ya’ni: “Uch toifa kishilarga yordam berish Allohning zimmasidadir”, … (ulardan biri), “o‘z iffat-pokdomonligini saqlash istagida uylanib-turmush qiluvchidir” (Imom Ahmad rivoyatlari).
Shuning uchun ham oldin faqir bo‘lib, nikohdan so‘ng boy-badavlat bo‘lib ketgan qancha-qancha odamlar bor!
Nikohning shariatimizga kiritilish hikmatlari:
Muhtaram azizlar! Oilaviy hayot kechirish dinimiz ko‘rsatmalariga muvofiq bo‘lsa, u haqiqatda mustahkam va bardavom bo‘ladi. Bugungi kunda juma maruzalari, davra suhbatlari, ommaviy axborot vositalari va turli tadbirlarda oilaning muqaddasligi, uni asrab avaylash zururligi, er-xotinning o‘zaro haq-huquqlari kabi oilaga bog‘liq masalalar haqida suhbatlar olib borilmoqda. Lekin ming afsuski, jamiyatda oilaviy ajrimlar tez-tez uchrab turibdi. Bu ajrimlarning o‘ziga yarasha sabablari mavjud bo‘lib, quyida ulardan ba’zilarini keltiramiz:
مَا نَحَلَ وَالِدٌ وَلَدًا مِنْ نَحْلٍ أَفْضَلَ مِنْ أَدَبٍ حَسَنٍ ( رَوَاهُ الأمام التِّرْمِذِيُّ عَنْ سَعِيدِ بْنِ الْعَاصِ رضي الله عنه).
ya’ni: “Ota o‘z farzandiga yaxshi odobdan ko‘ra afzalroq narsa hadya qila olmaydi” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Shunday ekan, har bir ota-ona nikohdan oldin farzandiga oila muqaddasligi, hayot qiyinchiliklariga bardoshli bo‘lish kerakligi, oila a’zolari bir-birlariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi, qaynona va qaynotalarning xizmatlarini qilib, duolarini olish ulkan savob ekanligi kabi nasihatlarni qilishlari zarurdir.
وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ فَإِنْ كَرِهْتُمُوهُنَّ فَعَسَى أَنْ تَكْرَهُوا شَيْئًا وَيَجْعَلَ اللَّهُ فِيهِ خَيْرًا كَثِيرًا
ya’ni: “Ular bilan totuv turmush kechiringiz. Agar ularni yomon ko‘rsalaringiz, (bilib qo‘yingki,) balkim sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko‘pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin” (Niso surasi, 19-oyat).
Bu borada Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
لَا يَفْرَكْ مُؤْمِنٌ مُؤْمِنَةً إِنْ كَرِهَ مِنْهَا خُلُقًا رَضِيَ مِنْهَا آخَرَ (رواه الإمام مسلم).
ya’ni: “Mo‘min er mo‘mina xotindan nafratlanmasin, agar uning bir xulqini yomon ko‘rsa, boshqa xulqi tufayli undan rozi bo‘lib ketaveradi” (Imom Muslim rivoyatlari).
Demak, er xotinining ayrim fe’lidan g‘azablansa, oilani buzishga shoshilmasligi, balki uning yaxshi odatlarini ham ko‘z oldiga keltirib, shu bilan ko‘nglini to‘q qilib yurishi kerak ekan. Hozirgi yoshlarda sabr, qanoat, bag‘rikenglik, murosa kabi fazilatlar kamayib ketayotganday. Hozirgi ba’zi yoshlarga oila qursa, tez fursatda uy-joyli bo‘lsa, mashina olsada darrov alohida uyli bo‘lib, chiqib ketsa. Oila a’zolariga hurmat, qaynota-qaynonaning duolarini olish degan narsalarga e’tibor kamayib ketayotganday, go‘yo.
إِنَّمَا الْمُؤْمِنُونَ إِخْوَةٌ فَأَصْلِحُوا بَيْنَ أَخَوَيْكُمْ وَاتَّقُوا اللَّهَ لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ
ya’ni: “Albatta, mo‘minlar dinda o‘zaro birodardirlar. Bas, sizlar ikki birodaringiz o‘rtasini tuzatib qo‘yingiz va Allohdan qo‘rqingiz, shoyad, rahm qilinsangiz” (Hujurot surasi, 10-oyat).
قُلْ لِلْمُؤْمِنِينَ يَغُضُّوا مِنْ أَبْصَارِهِمْ وَيَحْفَظُوا فُرُوجَهُمْ ذَلِكَ أَزْكَى لَهُمْ إِنَّ اللَّهَ خَبِيرٌ بِمَا يَصْنَعُونَ
ya’ni: “(Ey, Muhammad!) Mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini (nomahram ayollardan) quyi tutsinlar va avratlarini (zinodan) saqlasinlar! Mana shu ular uchun eng toza (yo‘l)dir. Albatta, Alloh ular qilayotgan (sir) sinoatlaridan xabardordir” (Nur surasi, 30-oyat).
Fuzayl ibn Iyoz rahmatullohi alayh: “Baxtsizlikning nishonasi quyidagi narsalarda ko‘rinadi deganlar: besharm va behayo bo‘lish, ko‘ngli qattiq va dag‘al bo‘lish, molu dunyoga haddan ortiq mukkasidan ketish”, – der edilar.
Azizlar! Mast qiluvchi ichimliklar, giyohvandlik, behayolik va zino kabi shariatimiz qattiq qaytargan ishlarni qilish oqibatida ham juda ko‘p oilalar buzilmoqda. Ba’zi erkaklar ichkilikbozlik yoki giyohvandlikni odat qilib, oila tinchligiga putur yetkazadi, oxiri taloq vujudga kelib, oila parokanda bo‘ladi. Natijada xotin beva, bolalar esa tirik yetimga aylanadi. Gunoh ustiga gunoh bo‘lib, oila buzilishi qarindoshlar notinchligi, jamiyat zaiflashuviga olib keladi.
Shunday ekan, barchamiz birgalikda ushbu omillarning oldini olishimiz lozim. Farzandlarimizga oila madaniyati va oilaviy munosabatlarni yoshlik paytidanoq o‘rgatib borishimiz kerak. Shunda oilalarimiz tinch, hayotimiz farovon, yurtimiz obod va jamiyatimiz ma’nan sog‘lom bo‘ladi.
Muhtaram jamoat! 14 yanvar yurtimizda “Vatan himoyachilari kuni” sifatida nishonlanadi. Darhaqiqat, Vatan – muqaddas makon. Uni himoya qilish, dushmanlardan asrash, ravnaqi va farovonligi yo‘lida xizmat qilish – har bir inson uchun ham farz, ham qarzdir. Vatan sarhadlari daxlsizligini ta’minlash, yurt sha’ni va or-nomusini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash shu zaminda yashayotgan har bir imonli, e’tiqodli va ixlosli farzandning muqaddas burchidir. Shuni alohida ta’kidlash joizki, tinchlikni saqlash, mustaqilligimizni yanada mustahkamlash, yurtimiz barqarorligi va xavfsizligini ta’minlashda milliy armiyamizning alohida o‘rni bor.
Shukrlar bo‘lsinki, kundan-kunga mamlakatimiz mudofaa qobiliyati, Qurolli kuchlarning jangovor salohiyati hamda milliy mudofaa sanoati ortib bormoqda.
Dinimizda Vatanni himoya qilish ishiga o‘zini baxshida etish eng ulug‘ savobli amallardan ekanligi aytilgan. Bu to‘g‘rida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan shunday hadis rivoyat qilingan:
"عَيْنَانِ لَا تَمَسُّهُمَا النَّارُ: عَيْنٌ بَكَتْ مِنْ خَشْيَةِ اللهِ وَعَيْنٌ بَاتَتْ تَحْرُسُ فِي سَبِيلِ اللهِ") رواه الإمام الترمذي).
ya’ni: “Ikki ko‘z egasini do‘zax otashi kuydirmas: biri – Allohning azobidan qo‘rqib yig‘lagan ko‘z, ikkinchisi – Alloh yo‘lida poyloqchilik qilib bedor bo‘lgan ko‘z” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Kindik qoni to‘kilgan Vatanni, shu mustaqil yurtni ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylash inson uchun go‘yo o‘z oilasini, sha’nini, or-nomusini, imon-e’tiqodini himoya qilish kabidir. Bu yo‘lda fidoiy bo‘lgan kishi yuksak maqomga yetishi ulkan ajrlar sohibi bo‘lishi haqida bashoratlar mavjud bo‘lib, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
" مَنْ رَابَطَ يَوْمًا اَوْ لَيْلَةً فىِ سَبِيلِ اللهِ كَانَ لَهُ أَجْرُ صِيَامِ شَهْرِ وَقِيَامِهِ وَمَنْ مَاتَ مُرَابِطاً جَرَى لَهُ مِثْلُ ذلِكَ الْأَجْرِ وَاُجْرِىَ عَلَيْهِ الرِّزْقُ وَاَمِنَ مِنَ الْفَتَّانِ " (رواه الإمام النسائى).
ya’ni: “Kimki Alloh taolo yo‘lida bir kunduz yoki bir kecha chegara poylasa, unga bir oy kunduzi (nafl) ro‘za tutib, kechasi ibodat qilganlik savobi yoziladi. Kimiki sarhadni qo‘riqlab turganda halok bo‘lsa, unga ham xuddi shunday ajru-savob mukofoti bo‘ladi va shahidlik maqomi berilib, barcha fitnalardan omonda bo‘ladi”(Imom Nasaiy rivoyatlari).
Alloh taolo mustaqil yurtimizni tinchlik va omonlikda, askaru zobitlarimizni O‘zining hifzu himoyasida saqlab, jannatmakon diyorimizni yomon ko‘zlardan va barcha ofatlardan omonda saqlasin! Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “HAYO IMONDANDIR” mavzusida bo‘ladi.
Makkada bo‘lib o‘tayotgan 46-Saudiya xalqaro qorilar musobaqasining ikkinchi kunida 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol musobaqa qatnashchilari o‘zaro bellashdi.
IQNA "Saudiya axborot agentligi"ga tayanib xabar berishicha, Makkada Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi shafeligida o‘tkazilgan tanlovning final bosqichi turli mamlakatlardan kelgan erkaklar va ayollar ishtirokida davom etdi.
Tadbirning ikkinchi kunida erkaklar va ayollardan iborat hakamlar hay’ati 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol ishtirokchining Qur’on tilovatiga baho berdi.
Ikki bosqichda, ertalab va kechqurun o‘tkazilgan hakamlar hay’ati Katta masjid hovlisida 17 nafar erkak va tanlov o‘tkaziladigan joydagi ayollar bo‘limida 16 nafar ayolni o‘z ichiga oldi. Shunday qilib, birinchi va ikkinchi kunlarda erkaklar va ayollar hay’ati oldida yangragan chiqishlarning umumiy soni 40 dan ortiq mamlakatdan 66 taga yetdi.
Tadbir kelasi payshanbagacha (2026 yil 20 avgust) davom etadi, bu ishtirokchilarning Saudiya Arabistonidan jo‘nab ketish kuni bo‘ladi. Qur’on ilmlari, qiroat va qiroat qoidalari bo‘yicha erkak va ayol mutaxassislardan iborat hakamlar guruhi elektron hakamlik tizimidan foydalangan holda chiqishlar, qorilar va matnni yod olgan ijrochilarni baholaydi, bu esa baholashning aniqligini oshiradi va turli yo‘nalishlarda adolatni ta’minlaydi.
Ayni paytda 133 mamlakatdan 334 nafar erkak va ayol besh yo‘nalishda, jumladan, yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.
Tadbir 6 avgust kuni boshlangan bo‘lib, uning maqsadi yosh musulmonlarni Qur’onni yodlash va tushunishga, oyati karimalar ustida mulohaza yuritishga va halol raqobatni yaratishga undashdir.
Ushbu musobaqada u boshlanganidan beri rekord darajadagi ishtirokchilar - 133 mamlakatdan 334 kishi ishtirok etdi va umumiy sovrin jamg‘armasi 10 260 000 saudiya rialini tashkil etdi, bu musobaqa boshlanganidan beri eng yuqori miqdordir.
Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati