frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

03.01.2020 y. UMR – G‘ANIMAT!

28.12.2019   11368   9 min.
03.01.2020 y. UMR – G‘ANIMAT!

بسم الله الرحمن الرحيم

اَلْحَمْدُ للهِ الَّذِي جَعَلَ اللَّيْلَ وَالنَّهَارَ خِلْفَةً لِمَنْ أَرَادَ أَنْ يَذَّكَرَ أَوْ أَرَادَ شُكُوراً، وَجَعَلَ الْجَنَّةَ لِلْمُؤْمِنِينَ جَزَاءً وَمَصِيراً،
وَصَلِّ  اللَّهُمَّ وَسَلِّمْ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ الْمَبْعُوثِ رَحْمَةً وَمِنَّةً وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ اَجْمَعِينَ اَمَّا بَعْدُ

UMR – G‘ANIMAT!

Muhtaram jamoat! Dinimizda inson umri va vaqtining qadri nechog‘lik ulug‘ ekanligi haqida yetarlicha ma’lumotlar berilgan. Zero, inson o‘ziga berilgan umrdan unumli  foydalana olsa, bu uning dunyo va oxiratda saodatga erishishiga sabab bo‘ladi. Alloh taolo Qur’oni karimda turli vaqtlarga qasam ichish bilan umr insonga berilgan ne’mat ekaniga ishora qilgan. Albatta, Alloh taolo qasam ichgan narsa qadri ulug‘ narsa bo‘ladi. Ma’lumki, vaqtning asosiy o‘lchovi – kecha va kunduzdir. U ikkisi odamlar umrlarini solih va ezgu amallar bilan o‘tkazishi, Parvardigorga shukr qilishlari uchun tinimsiz aylanib turadi. Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:

﴿وَهُوَ الَّذِي جَعَلَ اللَّيْلَ وَالنَّهَارَ خِلْفَةً لِمَنْ أَرَادَ أَنْ يَذَّكَّرَ أَوْ أَرَادَ شُكُوراً

ya’ni: “U eslatma olmoqchi yoki shukr qilmoqchi bo‘lgan kishilar uchun kecha va kunduzni (bir-biriga) o‘rinbosar qilib qo‘ygan zotdir” (Furqon surasi, 62-oyat).

Qur’oni karimda inson umri bekorga berilmagani qayta-qayta aytilgan. Uni behuda ishlar, ko‘ngilxushliklar va bekorchilik, dangasalik va tamballik bilan zoye qilish uchun emas, balki, xayrli amallar, foydali ishlar, elu yurtga manfaat keltiradigan, oxirat uchun zaxira bo‘ladigan buyuk ishlarni amalga oshirish uchun berilgan qimmatli fursat ekani ta’kidlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

﴿الَّذِي خَلَقَ الْمَوْتَ وَالْحَيَاةَ لِيَبْلُوَكُمْ أَيُّكُمْ أَحْسَنُ عَمَلًا وَهُوَ الْعَزِيزُ الْغَفُورُ﴾  

ya’ni: “(U) sizlarning qaysi biringiz chiroyliroq (savobliroq) amal qiluvchi ekaningizni sinash uchun o‘lim va hayotni yaratgan zotdir. U Aziz (qudratli) va G‘afur (kechirimli)dir” (Mulk surasi, 2-oyat).

Alloh taolo insonga umri davomida yetarli imkoniyat va vaqt beradi va bu marhamatdan unumli foydalana olmaganlarning oxiratda pushaymoni qattiq bo‘ladi. Bu haqda Qur’oni karimda shunday deyiladi:

﴿وَهُمْ يَصْطَرِخُونَ فِيهَا رَبَّنَا أَخْرِجْنَا نَعْمَلْ صَالِحًا غَيْرَ الَّذِي كُنَّا نَعْمَلُ أَوَلَمْ نُعَمِّرْكُمْ مَا يَتَذَكَّرُ فِيهِ مَنْ تَذَكَّرَ وَجَاءَكُمُ النَّذِيرُ فَذُوقُوا فَمَا لِلظَّالِمِينَ مِنْ نَصِيرٍ﴾

ya’ni: “Ular u joyda: "Parvardigoro, bizlarni (azobdan) chiqargin –bizlar qilib o‘tgan amallarimizdan boshqacha yaxshi (amallarni) qilaylik!" – deb faryod qilurlar. Axir, Biz sizlarga eslatma oladigan kishi eslatma olgudek uzun umr bermaganmidik?! Sizlarga ogohlantiruvchi (payg‘ambar) ham kelgan edi-ku! Bas, endi (jazolaringizni) totaveringiz! Zolimlar (kofirlar) uchun yordamchi bo‘lmas” (Fotir surasi, 37-oyat).

Bu oyati karimaning ma’nosini quyidagi hadisi sharif ham ta’kidlab keladi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

مَنْ عَمَّرَ سِتِّينَ سَنَةً أَوْ سَبْعِينَ سَنَةً فَقَدْ عُذِرَ إِلَيْهِ فِي الْعُمُرِ  (رواه الامام احمد عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ)

ya’ni: “Alloh taolo kimga oltmish yil yoki yetmish yil umr bergan bo‘lsa, batahqiq unga umr to‘g‘risida uzr qoldirilmaydi(Imom Ahmad rivoyatlari).

Ya’ni, Alloh taolo ushbu uzun muddatli umrni unga muhlat qilib berish bilan oxiratda uning uzr aytishiga va o‘zini oqlashiga biron bir bahona qolmagan.

Hadisi shariflarda vaqt qadri alohida ta’kidlangan. Hatto, Qiyomat kunida insondan so‘raladigan dastlabki to‘rtta savolda ham umrning so‘rog‘i bor. Hadisi sharifda shunday marhamat qilinadi:

لَا تَزُولُ قَدَمَا عَبْدٍ يَوْمَ الْقِيَامَةِ حَتَّى يُسْأَلَ عَنْ أَرْبَعٍ عَنْ عُمْرِهِ فِيمَا أَفْنَاهُ وَعَنْ عِلْمِهِ مَا عَمِلَ بِهِ وَعَنْ مَالِهِ مِنْ أَيْنَ اِكْتَسَبَهُ وَفِيمَا أَنْفَقَهُ وَعَنْ جِسْمِهِ فِيمَا أَبْلَاهُ (رواه الامام الترمذي عن أبي بردة رضي الله عنه)

ya’ni:Banda qiyomat kuni to‘rt xislatidan so‘ralmaguncha, bir qadam ham oldinga siljiy olmaydi; umrini nima bilan o‘tkazgani, o‘rgangan ilmiga qanday amal qilgani, mol-dunyoni qay yo‘sinda topganiyu nimalarga sarflagani va jismini nimaga fido qilganidan so‘raladi(Imom Termiziy rivoyatlari).

Inson uchun yoshlik davri ham katta ne’mat sanaladi. Yoshlik umrning bir bo‘lagi, lekin uning boshqa davrlardan ajratib turuvchi o‘ziga xos qiymati bor. U hayotning g‘ayratu shijoatga to‘la hamda ikki zaiflik – go‘daklik va keksalik orasidagi jismoniy quvvatga erishgan bir davridir. Qur’oni karimda shunday deyiladi:

﴿اللَّهُ الَّذِي خَلَقَكُمْ مِنْ ضَعْفٍ ثُمَّ جَعَلَ مِنْ بَعْدِ ضَعْفٍ قُوَّةً ثُمَّ جَعَلَ مِنْ بَعْدِ قُوَّةٍ ضَعْفًا وَشَيْبَةً

يَخْلُقُ مَا يَشَاءُ وَهُوَ الْعَلِيمُ الْقَدِيرُ

ya’ni: “Alloh shunday zotdirki, sizlarni zaif narsadan (bir tomchi suvdan) yaratdi, so‘ngra (sizlarga) zaiflikdan keyin (quvvat paydo) qildi. So‘ngra quvvatdan keyin yana zaiflik va qarilikni (paydo) qildi. U O‘zi xohlagan narsani yaratur. U Bilimdon va Qudratlidir” (Rum surasi, 54-oyat).

Yoshlikda qilingan ishlar puxta, mustahkam bo‘ladi, ibodatlarning savobi ham ortiq bo‘ladi. Shuning uchun ham hamma zamonda mamlakatning kuch-qudrati, taraqqiyoti o‘sha mamlakat yoshlarining salohiyati bilan chambarchas bog‘liq. Yoshlik bilim-ma’rifat to‘playdigan davrdir. Xalqimizda “Yoshlikda olingan ilm toshga o‘yilgan naqsh kabidir”, – degan maqol bor. Umrning, xususan yoshlikning  qadriga yetish haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deydilar:

اغْتَنِمْ خَمْسًا قَبْلَ خَمْسٍ: شَبَابَكَ قَبْلَ هِرَمِكَ، وَصِحَّتَكَ قَبْلَ سَقَمِكَ، وَغِنَاءَكَ قَبْلَ فَقْرِكَ، وَفَرَاغَكَ قَبْلَ شُغْلِكَ،
وَحَيَاتَكَ قَبْلَ مَوْتِك) رواه الإمام الحاكم عن ابن عباس رضي الله عنهما(

ya’ni: “Siz besh narsani besh narsadan avval g‘animat biling: qarilikdan avval yoshligingizni, kasal bo‘lishdan avval salomatligingizni, faqirlikdan avval boyligingizni, bir ishga mashg‘ul bo‘lmasdan avval bo‘sh vaqtingizni va  o‘limingdan avval hayotingizni”, – dedilar (Imom Hokim rivoyatlari).

Taraqqiyot tezlashgani sari vaqt kushandalari ham ko‘payib bormoqda. Hozirgi kunda kattayu kichikning ko‘p vaqti ijtimoiy tarmoqlarga sarf bo‘layotgani sir emas. Biz bu vositani yaxshilikka yo‘naltirilsa, insonning dunyo va oxiratda saodatiga sabab bo‘lishini ta’kidlaymiz. Lekin afsuski, tilloga teng vaqtimizni ijtimoiy tarmoqlarda bekorga sarflasak, gunoh ishlarga ketkazsak, ertangi kunda qattiq pushaymonga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, farzandlarimiz ayni bilim oladigan, kitob o‘qiydigan vaqtlari voqeiy hayotdan uzilib, virtual olam qobig‘iga o‘ralib qolishi, maqsadlarini yo‘qotib qo‘yishi, ayanchli holatdir. Bu musibatdan qutilish choralaridan biri sifatida yoshlarga jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanib turishni tavsiya qilish mumkin. Yoshlarning ham ma’nan, ham jismonan baquvvat, tanlari sog‘lom, g‘ayratli va shijoatli bo‘lishlarida jismoniy tarbiyaning ahamiyati kattadir. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam badan tarbiyasi mashqlari qatorida yoshlarni suzishga, otda chopishga, kamondan otishga o‘rgatish lozim ekanligini alohida ta’kidlaganlar va hadislarining birida: “Kuchli mo‘min kuchsiz mo‘mindan yaxshiroq va Allohga suyukliroqdir”, – deb marhamat qilganlar (Imom Muslim rivoyatlari).

Insonlarni turli xil zararli illatlardan saqlash maqsadida Islom dini sog‘likka futur yetkazuvchi va umuman inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan narsalar bilan shug‘ullanish va iste’mol qilishdan qaytargan. Jumladan, Qur’oni karimda: “O‘zingizni halokatga duchor qilmang” (Baqara surasi, 195-oyat), “O‘zingizni o‘zingiz o‘ldirmang” (Niso surasi, 29-oyat), deyilgan. Demak yoshlarimizni mast qiluvchi ichimliklar va giyohvand moddalar iste’mol qilishdan asrash, hayotda zararli bo‘lgan amallardan qat’iy ogoh qilishimiz lozim.

 Ijtimoiy tarmoqlarda va turli ko‘ngilochar kompyuter o‘yinlarida haddan tashqari ko‘p vaqt o‘tirish sog‘liqqa ham zarar berishi shubhasiz va bunga misollar ko‘p. Hatto baland joyda selfi qilaman deb pastga qulaganlar ham uchrab turibdi. Hamma narsada me’yor yaxshi bo‘lgani kabi, bu sohada ham chegarani bilish kerak. Yoshlar buni anglay olishmasa, kattalar yordam berishlari va nazorat qilishlari lozim. Albatta, yoshlarning vaqt qadriga yetib tartibli va davomli bilim olishi yaxshi natijalar beradi.

Islom tarixi vaqtni qadriga yetish natijasida ulkan yutuqlarga erishgan va o‘zidan yorqin iz qoldirgan minglab olimlarning misollariga to‘lib toshgan. Biz faxr bilan nomlarini zikr qiladigan ajdodlarimizning hammalari vaqtning qadriga yetgan, yoshligida bilim to‘plagan zotlardir. Bu yaxshi odat ularga umrlarining oxirigacha hamrohlik qilgan. Shu sababli ular ham biz kabi umr ko‘rishgan bo‘lsa-da, o‘zlaridan son-sanoqsiz kitoblar va katta bilim qoldirishgan. Biz haligacha ular qoldirgan ilmiy merosni to‘liq o‘rganib, hayotga tatbiq qila olganimiz yo‘q!  Ulug‘ ajdodlarimizning hayoti biz uchun katta ibrat maktabidir. Alloh taolo bizni ularga loyiq avlodlardan qilsin!

Alloh taolo barchamizga umrning qadriga yetish, uni o‘zi rozi bo‘ladigan go‘zal holat va ezgulikda o‘tkazishni nasib qilsin, bu yo‘lda hammamizga, xususan yoshlarga g‘ayrat-shijoat bersin! Omin!

  

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “MUSTAHKAM OILA YURT TAYANCHI!” mavzusida bo‘ladi.

   

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

O‘zbekiston xalqining 35 ta AN’ANAVIY QADRIYATI

20.08.2026   55873   6 min.
O‘zbekiston xalqining 35 ta AN’ANAVIY QADRIYATI

Bugun aziz Vatanimizning har bir farzandining yuragi hapqirib turibdi. Negaki, biz Ona-yurtimizning eng ulug‘, eng aziz ayyom – Mustaqillik bayramini, O‘zbekiston Respublikasi istiqlolini qo‘lga kiritganining 35 yillik shodiyonalarini katta tantana qilayapmiz. 

Jannatmakon yurtimiz, muqaddas Vatanimiz, dono xalqimizning diniy qadriyatlari, milliy an’analari nihoyatda bisyor, beqiyos va betakror bo‘lsa-da, qutlug‘ ayyom arafasida dorilomon kunlarga yetkazgani uchun yana va yana shukr qilish maqsadida bu yil Mustaqilligimizni 35 yilligini nishonlayotganimiz uchun faqat 35 tasinigina zikr qilmoqchimiz:

 

 

  1. Oila muqaddasligi – jamiyatning mustahkam asosi.
  2. Ota-onaga hurmat – ota-onani e’zozlash va ularning xizmatlarini qadrlash.
  3. Mehmondo‘stlik – mehmonni ochiq chehra va ochiq ko‘ngil bilan kutib olish.
  4. Mehnatsevarlik – halol mehnat va kasb-hunarni qadrlash.
  5. Kattalarga hurmat – oqsoqollar va nuroniylarni e’zozlash.
  6. Tinchliksevarlik – tinch-totuv hayotga intilish.
  7. An’analarni asrash – milliy urf-odat va udumlarni saqlash hamda davom ettirish.
  8. Ma’naviyat – yuksak axloq va milliy-diniy qadriyatlarga hurmat.
  9. Poklik – uyda, kiyimda, tanada va ko‘ngilda ozodalikka rioya qilish.
  10. Dasturxon saxovati – mehmonni saxovat va mehr bilan kutib olish.
  11. Qo‘shnichilik qadriyatlari – mahallada ahillik va o‘zaro yordam.
  12. Yordamga tayyorlik – yaqinlar va muhtojlarga muruvvat ko‘rsatish.
  13. Kamtarinlik – odobli va kamtarona hayot kechirish.
  14. Yosh avlodga g‘amxo‘rlik – farzandlar tarbiyasiga alohida e’tibor berish.
  15. Ayollarga hurmat – ona, rafiqa, opa-singillarni qadrlash.
  16. Ta’limga intilish – ilm olish va bilimni qadrlash.
  17. Or-nomus – halollik va vijdon bilan yashash.
  18. Marosimlarga rioya – milliy marosim va oilaviy udumlarni e’zozlash.
  19. So‘zga sodiqlik – va’daga vafo qilish.
  20. Matonat va sabr – qiyinchiliklarga bardosh bilan yondashish.
  21. Hunarmandchilikni qadrlash – milliy hunar va ustachilik an’analarini asrash.
  22. Tabiatga mehr – yer, suv va atrof-muhitni avaylash.
  23. Bag‘rikenglik – turli millat, din va madaniyat vakillariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish.
  24. Odob-axloq – yuksak muomala madaniyatiga amal qilish.
  25. Milliy bayramlarni e’zozlash – Navro‘z, hayitlar va Mustaqillik bayramini qadrlash.
  26. Adolat – halollik, tenglik va qonun ustuvorligini qadrlash.
  27. Milliy musiqa va raqslar – ajdodlardan meros bo‘lgan san’atni asrash.
  28. Til va madaniyatni asrash – o‘zbek tili va milliy merosni e’zozlash.
  29. Vatanparvarlik – Vatanni sevish va uning ravnaqiga hissa qo‘shish.
  30. Millatlararo totuvlik – turli millat va elat vakillari o‘rtasida ahillikni mustahkamlash.
  31. Jamoaviylik – hamjihatlik va o‘zaro hamkorlik.
  32. Minnatdorchilik – qilingan yaxshilikni qadrlash.
  33. Ustozga hurmat – ustozlarni e’zozlash va ularning mehnatini qadrlash.
  34. Milliy kiyimlar – milliy madaniyat va odob timsoli sifatida qadrlash.
  35. Ajdodlarga hurmat – tarixiy meros va milliy ildizlarni e’zozlash.

* SIZ yana qo‘shishingiz mumkin...

*** ENG  muhimi:  yo‘qotib qo‘yishdan oldin  ularning  QADRIGA  yetish !!!

 

  1. Qur’oni karim oyati karimalari;
  2. Janobi Payg‘ambarimiz alayhissalomning muborak hadisi shariflari;
  3. dinimiz asoslari;
  4. shariatimiz ahkomlari;
  5. sharqona odoblarimiz;
  6. mazhabimiz me’yorlari;
  7. jamiyatshunoslik aloqalari;
  8. odamgarchilik munosabatlari;
  9. insoniy tuyg‘ular;
  10. ruhshunoslik sir-asrorlari;
  11. yurtimiz urf-odatlari;
  12. o‘zbekchilik qoidalari;
  13. madaniyatimiz axloqlari;
  14. insoniy aql va axloqiy normalar;
  15. dono maqollarimiz;
  16. milliy an’analarimiz;
  17. diniy qadriyatlarimiz;
  18. xalqimiz ong-tafakkuri;
  19. millatimiz mentaliteti,
  20. an’anaviy falsafasi;
  21. o‘zbek xalqining ilg‘or qadriyatlari;
  22. ulug‘larimiz hikmatlari;
  23. dono xalqimiz dunyoqarashi;
  24. musulmonchiligimiz ko‘rsatmalari

 

a s o s    v a    n ye g i z l a r i d a

 

  • ulug‘ ajdodlarimizdan davom etib kelayotgan duru gavhar rivoyatlari  va  noyob  hikmatlari,
  • buyuk  ota-bobolarimizdan  eshitib kelayotgan tillo bilan teng pand-nasihatlari  va betakror hikoyalari,
  • mehribon  ota-onalarimizdan  o‘rganib  kelayotgan gavhar o‘gitlari va  mislsiz  so‘zlari,
  • elimiz  tanigan va xalqimiz tan olgan ustozlarimizdan ta’lim olib kelayotgan zar tushunchalari va bebaho ilmlari,
  • jannatmakon  yurtimiz – muqaddas  Vatanimiz  ta’lim  maskanlarida  taralayotgan  durdan  a’lo fanlar va beqiyos bilimlar,
  • zamonaviy olimlarning bilimlari, turli soha mutaxassislarining  ajoyib  kashfiyotlari,
  • bugungi  kunda  va doim  kerak bo‘ladigan  hayotiy  masalalar, dolzarb  mavzular,  qiziqarli  ma’lumotlar  hamda xalqimiz orasida  e’tirof etilgan mezonlar
  •  
  •  

 

Bu ro‘yxatni yana ko‘plab davom ettirish mumkin... Biroq fikrimizni muxtasar qilgan holda Allohdan O‘zbekiston xalqining bunday fazilatlari yanada ko‘payishini, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimizga sihat-salomatlik, oilalarimizga baxt-saodat so‘rab qolamiz. 

 

Alloh taboraka va taolo har bir xonadonga sog‘lik-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, ilohiy fayz-baraka, ko‘pdan-ko‘p yaxshiliklar ato etsin!

Iloho jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi uchun, muborak dinimiz kamoloti hamda masjidu-madrasalarimizni obodligi uchun muhtaram Yurtboshimizning dono rahbarliklari ostida, hukumatimiz tomonidan oqilona olib borilayotgan xayrli, savobli ishlarni amalga oshirish maqsadida viloyatlarimiz rahbarlari hamda shahar va tuman rahbarlarining boshchiliklaridagi mehnatkash xalqimiz olib borayotgan barcha xayrli, yaxshi, savobli ishlarda Alloh taolo O‘zi madadkor bo‘lsin! Turmushimiz obod, xirmonlarimiz mo‘l, oilalarimiz mustahkam, bolalarimiz har tomonlama sog‘lom, ma’naviyatimiz yuksak bo‘lsin!

Mehribon Parvardigorimiz dono xalqimizni doimo turli xil o‘rinlarda har xil shakllarda qilayotgan yaxshi, xayrli, chiroyli, savobli ishlarini O‘z dargohi ilohiysida qabul aylasin! Iloho xalqimizga tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik, oilalarimizga fayzu ilohiy, baxt-saodat, to‘kin-sochin dasturxonlar nasib qilsin! Mehribon Parvardigorimiz O‘zi – eshitib turuvchi, ko‘rib turuvchi va bilib turuvchi Zot! Hammalarimizning dillarimizdagi niyatlarimizni, qalbimizdagi orzularimizni va barcha hojatlarimizni o‘ylaganimizdan ham afzali-ziyodasi bilan ravo qilsin!

Iloho dehqonchiliklarimizga va kasb-korlarimizga xayr-baraka berib, ishlarimizda ko‘pdan-ko‘p omadlar, muvaffaqiyatlar va behisob xursandchiliklar ato etib, ikki dunyoda ham azizu mukarram aylasin!

 

         Ibrohimjon domla INOMOV