بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ للهِ الَّذِي جَعَلَ اللَّيْلَ وَالنَّهَارَ خِلْفَةً لِمَنْ أَرَادَ أَنْ يَذَّكَرَ أَوْ أَرَادَ شُكُوراً، وَجَعَلَ الْجَنَّةَ لِلْمُؤْمِنِينَ جَزَاءً وَمَصِيراً،
وَصَلِّ اللَّهُمَّ وَسَلِّمْ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ الْمَبْعُوثِ رَحْمَةً وَمِنَّةً وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ اَجْمَعِينَ اَمَّا بَعْدُ
UMR – G‘ANIMAT!
Muhtaram jamoat! Dinimizda inson umri va vaqtining qadri nechog‘lik ulug‘ ekanligi haqida yetarlicha ma’lumotlar berilgan. Zero, inson o‘ziga berilgan umrdan unumli foydalana olsa, bu uning dunyo va oxiratda saodatga erishishiga sabab bo‘ladi. Alloh taolo Qur’oni karimda turli vaqtlarga qasam ichish bilan umr insonga berilgan ne’mat ekaniga ishora qilgan. Albatta, Alloh taolo qasam ichgan narsa qadri ulug‘ narsa bo‘ladi. Ma’lumki, vaqtning asosiy o‘lchovi – kecha va kunduzdir. U ikkisi odamlar umrlarini solih va ezgu amallar bilan o‘tkazishi, Parvardigorga shukr qilishlari uchun tinimsiz aylanib turadi. Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:
﴿وَهُوَ الَّذِي جَعَلَ اللَّيْلَ وَالنَّهَارَ خِلْفَةً لِمَنْ أَرَادَ أَنْ يَذَّكَّرَ أَوْ أَرَادَ شُكُوراً﴾
ya’ni: “U eslatma olmoqchi yoki shukr qilmoqchi bo‘lgan kishilar uchun kecha va kunduzni (bir-biriga) o‘rinbosar qilib qo‘ygan zotdir” (Furqon surasi, 62-oyat).
Qur’oni karimda inson umri bekorga berilmagani qayta-qayta aytilgan. Uni behuda ishlar, ko‘ngilxushliklar va bekorchilik, dangasalik va tamballik bilan zoye qilish uchun emas, balki, xayrli amallar, foydali ishlar, elu yurtga manfaat keltiradigan, oxirat uchun zaxira bo‘ladigan buyuk ishlarni amalga oshirish uchun berilgan qimmatli fursat ekani ta’kidlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
﴿الَّذِي خَلَقَ الْمَوْتَ وَالْحَيَاةَ لِيَبْلُوَكُمْ أَيُّكُمْ أَحْسَنُ عَمَلًا وَهُوَ الْعَزِيزُ الْغَفُورُ﴾
ya’ni: “(U) sizlarning qaysi biringiz chiroyliroq (savobliroq) amal qiluvchi ekaningizni sinash uchun o‘lim va hayotni yaratgan zotdir. U Aziz (qudratli) va G‘afur (kechirimli)dir” (Mulk surasi, 2-oyat).
Alloh taolo insonga umri davomida yetarli imkoniyat va vaqt beradi va bu marhamatdan unumli foydalana olmaganlarning oxiratda pushaymoni qattiq bo‘ladi. Bu haqda Qur’oni karimda shunday deyiladi:
﴿وَهُمْ يَصْطَرِخُونَ فِيهَا رَبَّنَا أَخْرِجْنَا نَعْمَلْ صَالِحًا غَيْرَ الَّذِي كُنَّا نَعْمَلُ أَوَلَمْ نُعَمِّرْكُمْ مَا يَتَذَكَّرُ فِيهِ مَنْ تَذَكَّرَ وَجَاءَكُمُ النَّذِيرُ فَذُوقُوا فَمَا لِلظَّالِمِينَ مِنْ نَصِيرٍ﴾
ya’ni: “Ular u joyda: "Parvardigoro, bizlarni (azobdan) chiqargin –bizlar qilib o‘tgan amallarimizdan boshqacha yaxshi (amallarni) qilaylik!" – deb faryod qilurlar. Axir, Biz sizlarga eslatma oladigan kishi eslatma olgudek uzun umr bermaganmidik?! Sizlarga ogohlantiruvchi (payg‘ambar) ham kelgan edi-ku! Bas, endi (jazolaringizni) totaveringiz! Zolimlar (kofirlar) uchun yordamchi bo‘lmas” (Fotir surasi, 37-oyat).
Bu oyati karimaning ma’nosini quyidagi hadisi sharif ham ta’kidlab keladi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
مَنْ عَمَّرَ سِتِّينَ سَنَةً أَوْ سَبْعِينَ سَنَةً فَقَدْ عُذِرَ إِلَيْهِ فِي الْعُمُرِ (رواه الامام احمد عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ)
ya’ni: “Alloh taolo kimga oltmish yil yoki yetmish yil umr bergan bo‘lsa, batahqiq unga umr to‘g‘risida uzr qoldirilmaydi” (Imom Ahmad rivoyatlari).
Ya’ni, Alloh taolo ushbu uzun muddatli umrni unga muhlat qilib berish bilan oxiratda uning uzr aytishiga va o‘zini oqlashiga biron bir bahona qolmagan.
Hadisi shariflarda vaqt qadri alohida ta’kidlangan. Hatto, Qiyomat kunida insondan so‘raladigan dastlabki to‘rtta savolda ham umrning so‘rog‘i bor. Hadisi sharifda shunday marhamat qilinadi:
لَا تَزُولُ قَدَمَا عَبْدٍ يَوْمَ الْقِيَامَةِ حَتَّى يُسْأَلَ عَنْ أَرْبَعٍ عَنْ عُمْرِهِ فِيمَا أَفْنَاهُ وَعَنْ عِلْمِهِ مَا عَمِلَ بِهِ وَعَنْ مَالِهِ مِنْ أَيْنَ اِكْتَسَبَهُ وَفِيمَا أَنْفَقَهُ وَعَنْ جِسْمِهِ فِيمَا أَبْلَاهُ (رواه الامام الترمذي عن أبي بردة رضي الله عنه)
ya’ni: “Banda qiyomat kuni to‘rt xislatidan so‘ralmaguncha, bir qadam ham oldinga siljiy olmaydi; umrini nima bilan o‘tkazgani, o‘rgangan ilmiga qanday amal qilgani, mol-dunyoni qay yo‘sinda topganiyu nimalarga sarflagani va jismini nimaga fido qilganidan so‘raladi” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Inson uchun yoshlik davri ham katta ne’mat sanaladi. Yoshlik umrning bir bo‘lagi, lekin uning boshqa davrlardan ajratib turuvchi o‘ziga xos qiymati bor. U hayotning g‘ayratu shijoatga to‘la hamda ikki zaiflik – go‘daklik va keksalik orasidagi jismoniy quvvatga erishgan bir davridir. Qur’oni karimda shunday deyiladi:
﴿اللَّهُ الَّذِي خَلَقَكُمْ مِنْ ضَعْفٍ ثُمَّ جَعَلَ مِنْ بَعْدِ ضَعْفٍ قُوَّةً ثُمَّ جَعَلَ مِنْ بَعْدِ قُوَّةٍ ضَعْفًا وَشَيْبَةً
يَخْلُقُ مَا يَشَاءُ وَهُوَ الْعَلِيمُ الْقَدِيرُ﴾
ya’ni: “Alloh shunday zotdirki, sizlarni zaif narsadan (bir tomchi suvdan) yaratdi, so‘ngra (sizlarga) zaiflikdan keyin (quvvat paydo) qildi. So‘ngra quvvatdan keyin yana zaiflik va qarilikni (paydo) qildi. U O‘zi xohlagan narsani yaratur. U Bilimdon va Qudratlidir” (Rum surasi, 54-oyat).
Yoshlikda qilingan ishlar puxta, mustahkam bo‘ladi, ibodatlarning savobi ham ortiq bo‘ladi. Shuning uchun ham hamma zamonda mamlakatning kuch-qudrati, taraqqiyoti o‘sha mamlakat yoshlarining salohiyati bilan chambarchas bog‘liq. Yoshlik bilim-ma’rifat to‘playdigan davrdir. Xalqimizda “Yoshlikda olingan ilm toshga o‘yilgan naqsh kabidir”, – degan maqol bor. Umrning, xususan yoshlikning qadriga yetish haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deydilar:
اغْتَنِمْ خَمْسًا قَبْلَ خَمْسٍ: شَبَابَكَ قَبْلَ هِرَمِكَ، وَصِحَّتَكَ قَبْلَ سَقَمِكَ، وَغِنَاءَكَ قَبْلَ فَقْرِكَ، وَفَرَاغَكَ قَبْلَ شُغْلِكَ،
وَحَيَاتَكَ قَبْلَ مَوْتِك) رواه الإمام الحاكم عن ابن عباس رضي الله عنهما(
ya’ni: “Siz besh narsani besh narsadan avval g‘animat biling: qarilikdan avval yoshligingizni, kasal bo‘lishdan avval salomatligingizni, faqirlikdan avval boyligingizni, bir ishga mashg‘ul bo‘lmasdan avval bo‘sh vaqtingizni va o‘limingdan avval hayotingizni”, – dedilar (Imom Hokim rivoyatlari).
Taraqqiyot tezlashgani sari vaqt kushandalari ham ko‘payib bormoqda. Hozirgi kunda kattayu kichikning ko‘p vaqti ijtimoiy tarmoqlarga sarf bo‘layotgani sir emas. Biz bu vositani yaxshilikka yo‘naltirilsa, insonning dunyo va oxiratda saodatiga sabab bo‘lishini ta’kidlaymiz. Lekin afsuski, tilloga teng vaqtimizni ijtimoiy tarmoqlarda bekorga sarflasak, gunoh ishlarga ketkazsak, ertangi kunda qattiq pushaymonga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, farzandlarimiz ayni bilim oladigan, kitob o‘qiydigan vaqtlari voqeiy hayotdan uzilib, virtual olam qobig‘iga o‘ralib qolishi, maqsadlarini yo‘qotib qo‘yishi, ayanchli holatdir. Bu musibatdan qutilish choralaridan biri sifatida yoshlarga jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanib turishni tavsiya qilish mumkin. Yoshlarning ham ma’nan, ham jismonan baquvvat, tanlari sog‘lom, g‘ayratli va shijoatli bo‘lishlarida jismoniy tarbiyaning ahamiyati kattadir. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam badan tarbiyasi mashqlari qatorida yoshlarni suzishga, otda chopishga, kamondan otishga o‘rgatish lozim ekanligini alohida ta’kidlaganlar va hadislarining birida: “Kuchli mo‘min kuchsiz mo‘mindan yaxshiroq va Allohga suyukliroqdir”, – deb marhamat qilganlar (Imom Muslim rivoyatlari).
Insonlarni turli xil zararli illatlardan saqlash maqsadida Islom dini sog‘likka futur yetkazuvchi va umuman inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan narsalar bilan shug‘ullanish va iste’mol qilishdan qaytargan. Jumladan, Qur’oni karimda: “O‘zingizni halokatga duchor qilmang” (Baqara surasi, 195-oyat), “O‘zingizni o‘zingiz o‘ldirmang” (Niso surasi, 29-oyat), deyilgan. Demak yoshlarimizni mast qiluvchi ichimliklar va giyohvand moddalar iste’mol qilishdan asrash, hayotda zararli bo‘lgan amallardan qat’iy ogoh qilishimiz lozim.
Ijtimoiy tarmoqlarda va turli ko‘ngilochar kompyuter o‘yinlarida haddan tashqari ko‘p vaqt o‘tirish sog‘liqqa ham zarar berishi shubhasiz va bunga misollar ko‘p. Hatto baland joyda selfi qilaman deb pastga qulaganlar ham uchrab turibdi. Hamma narsada me’yor yaxshi bo‘lgani kabi, bu sohada ham chegarani bilish kerak. Yoshlar buni anglay olishmasa, kattalar yordam berishlari va nazorat qilishlari lozim. Albatta, yoshlarning vaqt qadriga yetib tartibli va davomli bilim olishi yaxshi natijalar beradi.
Islom tarixi vaqtni qadriga yetish natijasida ulkan yutuqlarga erishgan va o‘zidan yorqin iz qoldirgan minglab olimlarning misollariga to‘lib toshgan. Biz faxr bilan nomlarini zikr qiladigan ajdodlarimizning hammalari vaqtning qadriga yetgan, yoshligida bilim to‘plagan zotlardir. Bu yaxshi odat ularga umrlarining oxirigacha hamrohlik qilgan. Shu sababli ular ham biz kabi umr ko‘rishgan bo‘lsa-da, o‘zlaridan son-sanoqsiz kitoblar va katta bilim qoldirishgan. Biz haligacha ular qoldirgan ilmiy merosni to‘liq o‘rganib, hayotga tatbiq qila olganimiz yo‘q! Ulug‘ ajdodlarimizning hayoti biz uchun katta ibrat maktabidir. Alloh taolo bizni ularga loyiq avlodlardan qilsin!
Alloh taolo barchamizga umrning qadriga yetish, uni o‘zi rozi bo‘ladigan go‘zal holat va ezgulikda o‘tkazishni nasib qilsin, bu yo‘lda hammamizga, xususan yoshlarga g‘ayrat-shijoat bersin! Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “MUSTAHKAM OILA – YURT TAYANCHI!” mavzusida bo‘ladi.
Ming yillik tarix, noyob me’moriy obidalar, qadimiy hunarmandchilik va boy madaniy meros uyg‘unlashgan Buxoro bugun nafaqat sayyohlarni o‘ziga chorlamoqda, balki zamonaviy media imkoniyatlari orqali dunyo auditoriyasiga yanada keng tanitilmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda turizmni iqtisodiyotning strategik yo‘nalishlaridan biriga aylantirish, O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini jahonga keng targ‘ib qilish, xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish va hududlarning turistik salohiyatidan samarali foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ana shu ezgu maqsadlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi ko‘magida Malayziyaning “Universiti Teknologi MARA” oliy ta’lim muassasasi San’at, dizayn va media fakultetining talaba hamda o‘qituvchilaridan iborat 18 kishilik ijodiy guruh Buxoro viloyatida bo‘ldi, xabar bermoqda O‘zA.
Malayziyalik ijodkorlarning Buxoroga tashrifi oddiy turistik safardan ko‘ra kengroq mazmun kasb etdi. Ularning asosiy maqsadi — Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosi, qadimiy obidalari, betakror me’moriy muhiti va turistik salohiyatini zamonaviy media platformalar orqali xalqaro auditoriyaga yetkazishdan iborat bo‘ldi.
Ijodiy guruh vakillari shaharning har bir manzilidan o‘ziga xos syujet izladi. Ular uchun asrlar silsilasida qad rostlagan obidalar shunchaki tarixiy yodgorlik emas, balki zamonaviy avlodga so‘zlab berilishi lozim bo‘lgan ulkan tarixiy hikoyaga aylandi.
Malayziyalik yosh fotograf va dizaynerlar Ark qo‘rg‘oni, Labi Hovuz ansambli, Poyi Kalon majmuasi, qadimiy savdo toqlari, Ismoil Somoniy maqbarasi, Chashmai Ayub kabi ko‘p asrlik tarixdan darak beruvchi maskanlarda tasvirga olish ishlarini olib bordi.
Shuningdek, ijodkorlar Buxoroning an’anaviy hunarmandchilik markazlariga tashrif buyurib, ustalarning mehnati, milliy san’at namunalari, qadimiy kasblarning avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan jarayonlarini ham obyektiv orqali muhrlashdi.
Bugun axborot makoni jadal o‘zgarayotgan bir paytda biror mamlakat yoki shahar haqida tasavvur uyg‘otishning eng ta’sirchan vositalaridan biri — sifatli vizual kontent. Shu ma’noda, tashrif davomida tayyorlangan foto va videomateriallar “storytelling” — voqeani ta’sirchan hikoya qilish uslubida yaratilgani bilan ahamiyatlidir. Zero, bir suratda Buxoroning ko‘hna gumbazi, yana bir kadrda hunarmandning mohir qo‘llari, boshqa bir lavhada esa qadimiy ko‘chalardagi hayot aks etishi mumkin. Bu tasvirlar orqali Buxoro haqidagi ma’lumot oddiy matndan ko‘ra, ta’sirchanroq tarzda millionlab insonlarga yetib borishi mumkin.
Ijodkorlar tomonidan yaratilgan kontentlar ijtimoiy tarmoqlari hamda YouTube platformasi orqali namoyish etilishi rejalashtirilgan. Bu esa Buxoroning turistik salohiyatini, avvalo, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari auditoriyasiga keng targ‘ib qilish uchun muhim imkoniyatdir.
Bunday xalqaro ijodiy tashriflar Buxoroning turistik brendini yanada kuchaytirish, xorijiy auditoriyada shahar haqida yangi va jozibador tasavvur uyg‘otishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, bu jarayonda Buxoro tarixi muzeylarda qolib ketmayapti. U zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va ijodkorlar nigohida yangi avlodga yetkazilmoqda.
Buxoroning qadimiy ko‘chalarida olingan har bir kadr, hunarmand qo‘lidan chiqqan har bir buyum, obidalar bag‘rida aks etgan har bir lavha dunyoning turli burchaklaridagi insonlarni “Bu qanday shahar?”, “Uning tarixi qanday?”, “Men ham bu joyni ko‘rishni istayman” degan qiziqishga chorlashi mumkin. Bu esa turizm targ‘ibotining eng ta’sirchan ko‘rinishlaridan biridir.
Malayziyalik talaba va ustozlarning Buxoroga tashrifi yana bir muhim jihati bilan ahamiyatli. Turli madaniyat va ta’lim maktablariga mansub yosh ijodkorlar Buxoro misolida Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo madaniyatlari o‘rtasida yangi ijodiy ko‘prik yaratdi. Bu nafaqat turizm, balki madaniy diplomatiya, ta’lim va ijodiy hamkorlik uchun ham yangi imkoniyatlarni ochadi.
Bugun Buxoroning ko‘hna obidalariga qarayotgan malayziyalik yosh fotografning kamerasida nafaqat tarix, balki O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasi ham aks etmoqda. Ertaga ushbu tasvirlarni ko‘rgan minglab yoshlar Buxoroni o‘zlari uchun yangi, qiziqarli va albatta borib ko‘rishga arziydigan manzil sifatida kashf etishlari mumkin. Shu bois, bu tashrifni bir necha kunlik ijodiy safar emas, balki Buxorodan dunyoga yo‘l olgan ulkan vizual hikoyaning boshlanishi, deyish mumkin. Zero, tarixni asrash — uni kelajak avlodga yetkazishdir. Turizmni rivojlantirish esa ana shu tarixni dunyoga tanitish bilan chambarchas bog‘liq.
O‘tmishda Buxoro karvonlar yo‘li orqali dunyo bilan bog‘langan edi. Bugun esa uning tarixi kameralar, ijtimoiy tarmoqlar va raqamli platformalar orqali butun dunyoga tarqalmoqda. Eng muhimi, bu jarayon davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida yurtimizning turistik salohiyatini jahonga keng targ‘ib etish, O‘zbekistonni yanada jozibador va raqobatbardosh turistik maskan sifatida namoyon etish yo‘lidagi ezgu ishlarga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati