BAYTUL MAQDISNING XAROB BO‘LISHI
Alloh taolo Banu Isroilga Bobil podshohlaridan biri Buxganassor II ni hukmron qilib qo‘ydi. Buxtanassor II bu davrda Baytul maqdisni buzdi, Banu Isroilni qirib, har tarafga tirqiratib tashladi. Ana shu vaqtdan boshlab Banu Isroil yer yuzida har tarafga tarqalib ketdi. Ular Hijoz, Misr va boshqa joylarda istiqomat qilishdi. Undan keyin forsliklar kaldoniylarni yo‘qotib, Shom va Misrni egallab olishdi.
YEVROPA TAMADDUNINING BOSHLANISHI
Odamlar Shom o‘lkasidan ko‘chib, Onado‘li viloyati tomon yuzlandilar. Yevropaning janubiy taraflariga borib, O‘rta yer dengizi qirg‘oqlariga joylashdilar. So‘ng Shimoliy Yevropa tomonlarga hijrat qilish boshlanib, u yerlarda ham obodonchilik ishlari yo‘lga qo‘yildi. Misol uchun, Bolqon yarimoroli va Italiya diyorlarida kuchli hukumatlar barpo etildi. Mazkur hukumatlardan biri Ig‘riq (qadimgi grek, yunon) tamadduni bo‘ldi. Keyinroq rumliklar tamadduniga ham asos solindi.
BANU ISROIL TARIXINING DAVOMI
Buxtanassor II ning o‘limidan so‘ng kaldoniylar zaiflashdi. Banu Isroil Baytul maqdisga qaytib, uni obod qilishdi, lekin zaifholliklaricha qolishdi. Ular payg‘ambarlarini yolg‘onchiga chiqarar, ularni qatl qilar, xalq orasida munkar ish keng tarqalgan edi. Natijada forslarga bo‘yin egib, ularning oldida xoru zor bo‘lib yashashdi. So‘ng ig‘riqiylarga, keyinchalik rumoniylarga bo‘ysunib, xorlikda o‘tishdi.
ZAKARIYO ALAYHISSALOM
Zakariyo alayhissalom Horun alayhissalomning zurriyotlaridan bo‘lib, Banu Isroilning nabiylaridan hisoblanadilar. Alloh taolo u zotni befarzandlik bilan sinagan edi. Ammo Zakariyo alayhissalom noumid bo‘lmadilar. O‘zlari va juftlarining yoshlari o‘tib qolgan bo‘lsa ham, sabr ila Allohdan farzand so‘rayverdilar.
Alloh taolo Anbiyo surasida marhamat qiladi:
«...va Zakariyoni esla. O‘shanda u Robbiga nido qilib: «Robbim, meni yolg‘iz tashlab qo‘yma, Sen vorislarning eng yaxshisisan», degan edi. Bas, uni (duosini) ijobat qildik va unga Yahyoni hadya etdik hamda juftini o‘nglab qo‘ydik. Albatta, ular yaxshiliklarga shoshilishar edi va Bizga rag‘bat ila va qo‘rqib duo qilishar edi. Ular Bizga ta’zim ila bo‘ysunuvchi edilar» (89-90-oyatlar).
Yahudiylarning «Haykal» deb nomlangan asosiy ibodatxonasi xizmatlarini qilish shu avlodga nasib etgan bo‘lib, Zakariyo alayhissalom o‘z davrlarida ushbu ibodatxonaning boshlig‘i bo‘lganlar. Bu haqda Oli Imron surasida muhim xabarlar kelgan.
«Bas, uni Robbi juda yaxshi qabul qilib, nihoyatda go‘zal o‘stirdi va Zakariyoni unga kafil qildi. Zakariyo har qachon uning oldiga – mehrobga kirganida, uning xuzurida rizq ko‘rdi. «Ey Maryam, senga bu qayerdan?» dedi. «Bu Allohning huzuridan. Albatta, Alloh xohlagan kishisiga behisob rizq berur», dedi» (37-oyat).
Maryam ibodatxona boshlig‘i Zakariyo alayhissalomning kafilliklarida alohida e’tibor ostida, izzat-ikrom bilan o‘sib-ulg‘aydi. Alloh taolo unga O‘zi inoyat ko‘rsatib turdi.
Tabiiyki, Zakariyo alayhissalom Maryamning kafili sifatida uning oziq-ovqati, rizqidan doimo xabardor bo‘lib turishlari lozim. Lekin ibodatxona mehrobida ibodat bilan mashg‘ul bo‘lib turgan Maryamning oldiga qachon kirsalar, uning xuzurida rizq turar edi. Bu rizqni o‘zi keltirmaganini yaxshi bilgan Zakariyo alayhissalom ajablanib, Maryamga: «Ey Maryam, senga bu qayerdan?» dedi».
Payg‘ambar Zakariyo alayhissalomni-ki taajjubga solibdimi, demak, u rizqning manbai albatta e’tiborga loyiqdir.
Maryam esa bu manbadan xabardor, shuning uchun bamaylixotir:
«Bu Allohning huzuridan. Albatta, Alloh, xohlagan kishisiga behisob rizq berur», dedi».
Bu manzarani ko‘rib turib, befarzand yurgan Zakariyo alayhissalomda farzandli bo‘lish havasi yangidan uyg‘ondi:
«Shu choqda Zakariyo Robbiga duo qilib: «Robbim, menga O‘z huzuringdan pokiza zurriyot hadya et. Albatta, Sen duoni eshituvchisan», dedi» (38-oyat).
Zakariyo alayhissalom Alloh taoloning duolarni eshituvchi Zot ekaniga to‘la ishonch, chin ixlos bilan duo qildilar. Shuning uchun ham, odatda befarzand katta yoshdagi kishilarning farzand ko‘rishi ehtimoldan yiroq bo‘lsa-da, Alloh taolo bu duoni qabul etdi.
«Mehrobda namoz o‘qib turganida farishtalar unga: «Albatta, Alloh senga Allohdan bo‘lgan «kalima»ni tasdiqlovchi, peshvo, shahvati tiyilgan, nabiy hamda solihlardan bo‘lgan Yahyoning xushxabarini bermoqda», deb nido qildilar» (39-oyat).
Zakariyo alayhissalomning chin dildan qilgan duolari qabul bo‘ldi. Allohning farishtalari kelib, u zotga suyunchilik xabarini yetkazdilar.
Alloh taolo Zakariyo alayhissalomga o‘g‘il farzand berishni iroda qildi. Oyatda Yahyo ismli bo‘lajak farzand solih payg‘ambarlardan bo‘lishining bashorati qilinmoqda.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Zakariyo alayhissalom najjor (duradgor) bo‘lgan edi», tedilar».
Imom Muslim rivoyat qilgan.
Tarixchilarning ta’kidlashlaricha, Zakariyo alayhissalomni Banu Isroilning hukmdorlari arralab o‘ldirishgan.
YAHYO ALAYHISSALOM
Yahyo alayhissalom Zakariyo alayhissalomning o‘g‘illari ekanini yuqorida aytib o‘tdik. Bu ikki zot Banu Isroilning oxirgi nabiylaridan bo‘lganlar. Ular o‘z qavmlaridan faqat tug‘yon, zalolat va sarkashlik ko‘rdilar. Shunday bo‘lsa ham, Allohga da’vat qilishda davom etdilar. Yahyo alayhissalom va Zakariyo alayhissalom – ikkovlari ham yahudiylar tarafidan vahshiyona qatl etildilar.
Yahyo alayhissalomning onalari Imronning qizi bo‘lib, Maryamning xolasidir. Yahyo alayhissalom Iyso alayhissalomdan olti oy oldin dunyoga kelib, umrlarining ko‘p qismini u zot bilan birga o‘tkazganlar.
Maryam surasida Yahyo alayhissalom haqlarida quyidagilar aytiladi:
«Ey Yahyo, kitobni quvvat-la ol!» (dedik). Unga go‘dakligidayoq hikmat berdik» (12-oyat).
Alloh taolo Yahyo alayhissalomga: «Tavrotni quvvat bilan ol», demoqda. Aslida Muso alayhissalomga nozil bo‘lgan Tavrotni keyin kelgan payg‘ambarlar, jumladan, Zakariyo alayhissalom va u zotning o‘g‘illari Yahyo alayhissalom ham o‘qib, unga amal qilganlar. Oyatdagi
«Unga go‘dakligidayoq hikmat berdik», degan jumlani ulamolarimiz ilmu hikmat mazmunida ta’vil qilganlar.
«...va O‘z tomonimizdan mehribonlik va poklik (berdik). Hamda u taqvodor edi» (13-oyat). Ya’ni «Yahyoga kitob, ilmu hikmat bilan birga, mehribonlik va poklik ham berdik».
Shuningdek, Yahyo alayhissalom juda taqvodor zot edilar. «...va ota-onasiga mehribon bo‘lib, dimog‘dor va isyonchi emasdi» (14-oyat).
Yahyo alayhissalomning fazilatlaridan yana biri ota-onaga mehribonliklari edi. Xususan, keksalikda ko‘rilgan farzandning ota-onaga mehribon bo‘lishi katta fazldir.
«Unga tug‘ilgan kunida ham, o‘ladigan kunida ham, qayta tiriladigan kunida xam salomlar bo‘lsin» (15-oyat).
Ibn Atiyyaning aytishlaricha, Alloh taolo Yahyo alayhissalomga inson farzandi eng zaif va yordamga muhtoj bo‘ladigan uch holatda: tug‘iladigan, o‘ladigan va qayta tiriladigan kunlarida salomatlik tiladi. Bu juda ulkan saodatdir.
Alloh taolo Yahyo alayhissalomni vasf qilib, Oli Imron surasida shunday marhamat qiladi:
«Mehrobda namoz o‘qib turganida farishtalar unga: «Albatta, Alloh senga Allohdan bo‘lgan «kalima»ni tasdiqlovchi, peshvo, shahvati tiyilgan, nabiy hamda solihlardan bo‘lgan Yahyoning xushxabarini bermoqda», deb nido qildilar» (39-oyat).
Zakariyo alayhissalom mehrobda namoz o‘qib turganlarida Allohning farishtalari kelib, u zotga suyunchilik xabarini yetkazdilar.
Onasi unga hali homilador bo‘lmasidan, Alloh taolo Yahyo alayhissalomning vasflarini bayon qilmoqda.
Ismi – Yahyo.
Bu farzand Allohdan bo‘lgan kalimani tasdiqlaydi.
Shahvati tiyilgan, ya’ni ayollarga nisbatan bo‘ladigan rag‘batini jilovlab yuradi.
Shu joyda ta’kidlab o‘tish kerakki, Qur’oni Karim oyatida bu sifat «hasur» lafzi bilan kelgan. Bu so‘z «erkakligi yo‘q» degan ma’noda ham ishlatiladi. Ba’zi yaxshi tushunmagan odamlar Yahyo alayhissalomga ham ushbu ma’noni nisbat berishadi. Ulug‘ tafsirchilarimiz esa bu fikr mutlaqo noto‘g‘ri ekanini qayta-qayta ta’kidlaganlar, chunki erkakligi yo‘q bo‘lish jiddiy nuqson hisoblanib, payg‘ambarlar bunday nuqsondan xoli zotlardir. Yahyo alayhissalomda erkaklik xususiyati komil suratda mavjud bo‘lgan, biroq Alloh taolo u zotga ayol zotiga nisbatan hosil bo‘ladigan shahvatni tiyish qobiliyatini bergan.
Yana oyatda bo‘lajak Yahyo ismli farzand solih payg‘ambarlardan bo‘lishining bashorati ham qilinmoqda.
Yahyo alayhissalom taqvo va zohidlik bilan hayot kechirganlar. U zot ko‘proq nabotot bilan oziqlanganlar.
Yahyo alayhissalomning da’vatlari nozik hikmat va mav’izalar asosida bo‘lgan.
Imom Axmad bu haqda Payg‘ambarimiz alayhissalomdan quyidagilarni rivoyat qiladilar:
«Alloh Yahyo ibn Zakariyoni besh narsaga amr qilgan hamda Banu Isroilni ham o‘sha narsalarga amal qilishga buyurishni zimmasiga yuklagan edi. Sal bo‘lmasa, u kech qolay dedi. Iyso alayhissalom unga: «Sen besh narsaga amal qilishga va Banu Isroilni ham ularni qilishga amr etishga buyurilgansan. Ularni yetkazadigan bo‘lsang – yetkaz, bo‘lmasa – men yetkazay», dedi.
U: «Ey birodarim! Agar sen mendan oldin qilsang, azobga qolishdan yoki meni yer yutishidan qo‘rqaman», dedi.
So‘ng Yahyo Banu Isroilni Baytul makdisga jamladi. Masjid to‘ldi. U balandga chiqib o‘tirdi va dedi: «Alloh azza va jalla meni besh narsaga amal qilishga amr etdi va sizlarni ham o‘shalarga amal kilishga buyurdi. Ular quyidagilar:
Birinchisi – Allohga ibodat qilishingiz va Unga biror narsani sherik qilmasligingiz. Bu xuddi birov o‘zining xos kumushi yoki tillasiga qul sotib olganga o‘xshaydi. U qul ishlab topganini boshqa odamga olib kelib bersa, sizdan qay biringiz o‘zining quli shunday bo‘lishini xohlaydi?! Alloh sizni yaratgan va rizq bergan. Unga ibodat kilingiz va Unga biror narsani sherik qilmangiz.
Ikkinchisi – sizlarni namoz o‘qishga amr qildi. Modomiki banda alanglamasa, Alloh unga yuz tutadi. Qachon namoz o‘qisangiz, alanglamang.
Uchinchisi – sizlarni ro‘za tutishga amr qildi. Bu xuddi bir to‘p odamlar orasida mushkli xaltani ko‘tarib yurgan odamga o‘xshaydi. Ularning hammasi mushk hidini payqarlar. Ro‘zador og‘zining hidi Allohning nazdida mushkning hididan afzaldir.
To‘rtinchisi – sizlarni sadaqa berishga amr qildi. Bu esa xuddi dushman bildirmay ushlab olgan kishining misoliga o‘xshaydi. Uning qo‘lini bo‘yniga bog‘lab, chopish uchun olib borishganida: «O‘zimga o‘zim to‘lov berib, qutqarib olsam, maylimi?» debdi. So‘ng oz-ozdan ko‘paytirib borib, ko‘p mol evaziga olibdi.
Beshinchisi – sizlarni O‘zini ko‘p zikr qilishga amr etdi. Buning misoli xuddi ortidan dushman quvib kelayotgan odamga o‘xshaydi. U oxiri borib, metin qo‘rg‘onga kirib, berkinib olibdi. Banda Allohning zikrida bo‘lsa, o‘zini shaytondan qo‘rg‘onlab turgan bo‘ladi».
Tarixchilarning ta’kidlashlaricha, Falastin hukmdori shoh Hirod zolim va fosiq odam bo‘lgan. U o‘z akasining xotini Hirodiyani yaxshi ko‘rib qolib, akasini o‘ldirgan va unga uylangan edi. Bu ham yetmagandek, uning qizini, ya’ni o‘z jiyanini yaxshi ko‘rib qolib, unga ham uylanmoqchi bo‘ldi. Qiz va uning onasi ham bu ishga rozi bo‘lishdi. Biroq Yahyo alayhissalom bunday nikoh haromligini aytib, qarshi chiqdilar.
Shunda qizning onasi Yahyo alayhissalomni yo‘q qilish payiga tushib qoldi. Qizini yasantirib, hukmdorning oldiga kirgizdi. U raqs tushib, hukmdorning ko‘nglini oldi. Shunda u qizga: «Tila tilagingni», dedi. Qiz: «Yahyoning boshini ushbu tovoqqa solib, oldirib kel», dedi. U bu ishni bajarishga amr qildi va Yahyo alayhissalomni so‘yib, boshini olib kelishdi.
Yahyo alayhissalomning shogirdlari mash’um xabarni Iyso alayhissalomga yetkazganlarida, u zot qattiq xafa bo‘ldilar va odamlarni Yahyo alayhissalomning da’vatlariga chaqira boshladilar. Iyso alayhissalomga ko‘plab odamlar ergashdi.
Yahyo alayhissalomning bu tarzda qatl etilishlariga ko‘pchilik ilm ahllari qarshi chiqishdi. Shunda zolim hukmdor ularning ko‘pchiligini, jumladan, Yahyo alayhissalomning otalari Zakariyo alayhissalomni ham o‘ldirdi.
IYSO ALAYHISSALOM
U zotning ismlari Iyso, laqablari Masih, kunyalari Ibn Maryamdir. Iyso alayhissalom haqlaridagi hech bir so‘z Maryam bint Imronsiz o‘tmaydi. Maryam Iyso alayhissalomning onalaridir.
«...va farjini pok saqlagan Imron qizi Maryamni (misol keltirdi). Bas, Biz unga O‘z ruhimizdan pufladik va u Robbining so‘zlarini hamda kitoblarini tasdiq qildi va itoatkorlardan bo‘ldi» (Tahrim surasi, 12-oyat).
Maryam bint Imron Alloh taologa sof e’tiqodda bo‘lganlar va o‘zlarini ham pok tutganlar. Alloh taolo Jabroil farishta orqali o‘sha pok tanaga O‘z ruhidan «puflash» bilan Iyso alayhissalomni ato qilgan. U kishi Allohning so‘zlariga va kitoblariga iymon keltirganlar hamda itoatkor qavmlardan bo‘lganlar.
Maryamning otalari Imron katta obro‘ egasi va Banu Isroilning ulug‘ ulamolaridan, ayni paytda befarzand ham edilar. Shuning uchun xotinlari «Farzand tugsam, Baytul maqdisning xizmatiga beraman», deb nazr qilib qo‘ygan edi. Bu haqda Oli Imron surasida kelgan oyatlardan bilib olamiz: «Imronning xotini: «Robbim! Men qornimdagini O‘zinga xolis nazr qildim. Mendan qabul et. Albatta, Sen eshituvchisan, biluvchisan», deganini esla!» (35-oyat)
O‘sha vaqtlarda ibodatxonalarga faqat o‘g‘il bolalar nazr qilinardi. Imronning xotini ham homiladorlik naqtida «O‘g‘il tug‘sam kerak», degan umid bilan o‘z homilasini avvaldan Alloh taologa nazr qilgan edi. Vaqti-soati yetib, u qiz tug‘di.
«Uni (Maryamni) tuqqan chog‘ida: «Robbim, men buni qiz tug‘dim-ku! - Holbuki, Alloh u nima tuqqanini yaxshi biladi. – O‘g‘il qizdek emas. Va men unga Maryam deb ism qo‘ydim va albatta, men Sendan unga va uning zurriyotiga kuvilgan shaytondan panoh tilarman», dedi» (36-oyat).
Lekin Imronning xotiniga ko‘ra ibodatxona xizmatida qiz bola o‘g‘il bolachalik bo‘la olmaydi. Shuning uchun u: «O‘g‘il qizdek emas», dedi.
Keyin onalik mehri jo‘shib, gapining davomida:
«Va men unga Maryam deb ism qo‘ydim va albatta, men Sendan unga va uning zurriyotiga quvilgan shaytondan panoh tilarman», deb duo qildi.
Musaffo onalik qalbi o‘z zurriyotiga kamol, tinchlik-omonlik va yaxshilik tilaydi.
«Bas, uni Robbi juda yaxshi qabul qilib, nihoyatda go‘zal o‘stirdi va Zakariyoni unga kafil qildi. Zakariyo qar qachon uning oldiga – mehrobga kirganida, uning huzurida rizq ko‘rdi. «Ey Maryam, senga bu qayerdan?» dedi. «Bu Allohning huzuridan. Albatta, Alloh xohlagan kishisiga behisob rizq berur», dedi» (37-oyat).
Shunday qilib Maryam alohida e’tibor ostida o‘sa bordi. Alloh taoloning O‘zi unga inoyat ko‘rsatib turdi.
Yuqorida zikr qilganimizdek, Horun alayhissalomning zurriyotidan bo‘lgan, yahudiylarning «Haykal» deb nomlangan asosiy ibodatxonasining boshlig‘i Zakariyo alayhissalom Maryamning kafili sifatida uning oziq-ovqatidan, rizqidan doimo xabardor bo‘lib turdi. Zakariyo alayhissalom ibodatxona mehrobida ibodat bilan mashg‘ul bo‘lib turgan Maryamnin oldiga qachon kirsa, uning huzurida rizq turar edi.
Albatta, juda ham kichiklik chog‘ida otasi Imrondan ajrab, yetim qolgan Maryamni kafillikka olish Zakariyo alayhissalom uchun o‘z-o‘zidan bo‘lmagan. Buning uchun ancha talashib-tortishishlar bo‘lib o‘tgan. Ana o‘sha hodisalar quyidagicha bayon qilinadi:
«Bu g‘ayb xabarlaridan bo‘lib, uni senga vahiy qilmoqdamiz. Maryamni qay birlari kafillikka olishga qalamlarini tashlashayotganlarida oldilarida emasding tortishayotganlarida ham oldilarida emasding» (44-oyat)
Maryamning onalarining ismi Hanna edi. U kishi Maryamni tuqqanidan so‘ng va’dasiga vafo qildi. Yangi yo‘rgaklangan chaqaloqni yahudiylarning ibodatxonasiga olib kelib, u yerdagi xodimlarga berdi va: «Bu nazr qilingan qizni olinglar», dedi. Shunda ular talashib ketishdi chunki qizcha o‘zlarining boshliqlari va ustozlari bo‘lmish hazrati Imronning qizi edi-da!
Bir narsa ustida bir necha kishi talashsa, yana hamma u narsaga teng hakdor bo‘lsa, odatda qur’a tashlanadi. Maryamga kafillikni talashganlar ham shunday vaziyatga tushib qolishdi. Shunda ular o‘rtasida «qalam tashlash» bo‘lib o‘tdi. Shunda hammaning qalami oqib ketib, Zakariyo alayhissalomning qalamlari oqmay, turib qoldi. Buni alomat deb tushunib, Maryamni u zot o‘z kafolatlariga olishga rozi bo‘ldilar.
Shunday qilib Maryam Zakariyo alayhissalomning kafolatlarida Baytul maqdisda yashay boshladi. Zakariyo alayhissalom Maryamning oddiy qiz emasligini bildilar. Undan rizqi qayerdan kelayotganini so‘radilar. Rizqning Allohdan ekanini ham bildilar.
Odatda qiz bola o‘zidan-o‘zi, yo‘q joydan homilador bo‘lib qolmaydi. Lekin Alloh taolo Maryamga uning homilador bo‘lib, Allohning kalimasi tufayli Iyso ibn Maryam degan farzand ko‘rishini farishtalar orqali bildirdi:
«O‘shanda farishtalar dedilar: «Ey Maryam! Albatta, Alloh senga O‘zidan bo‘lgan «kalima»ning xushxabarini bermoqdaki, uning ismi Masih Iyso ibn Maryam, dunyoyu oxiratda obro‘li va muqarrablardandir. U beshikda ham, navqironligida ham odamlarga gapiradi va u solihlardandir» (45-46-oyat).
Maryam – ota-onadan tug‘ilib, odamlar ichida o‘sgan bir qiz. Uning insoniy tushunchasi bo‘yicha, erkak bilan birga bo‘lmagan qiz bolaning farzand ko‘rishi aqlga to‘g‘ri kelmaydi. Farishtalar esa unga bir o‘g‘il ko‘rishining xabarini berib turishibdi. Shuning uchun
«U dedi: «Robbim, menda qayoqdan bola bo‘lsin?! Axir menga bashar qo‘l tekkizmagan bo‘lsa?!» (47-oyat)
Shunda unga qisqa va tushunarli javob keldi. Bu javob odamlarni o‘zining tor aqliy muhitidan chiqib, Allohga taalluqli oddiy haqiqatni anglashga undaydi.
«Ana shunday. Alloh xohlaganini yaratadi. Biror ishni hukm qilsa, unga: «Bo‘l!» deydi, xolos, bas, u bo‘ladir» (47-oyat).
Jumladan, pok, bashar qo‘li tegmagan qizga ham «Tug‘!» desa, tug‘averadi.
Bu qisqa savol-javobdan keyin Maryamga xushxabar olib kelgan farishtalar tug‘ilajak bolaning sifatlarini aytishda davom etadilar:
«...va unga kitobni, hikmatni, Tavrot va Injilni o‘rgatadi» (48-oyat).
Ulamolarimiz: «Bu oyati karimadagi «kitobni» so‘zi «yozishni» yoki «ilohiy kitobni» degan ma’nolardan birini anglatadi», deganlar. Tavrot Muso alayhissalomga nozil qilingan ilohiy kitobdir. U Iyso alayhissalomga ham kitob bo‘lishini Allohning O‘zi aytib turibdi. Tavrot Iyso alayhissalomga kelgan dinning asosini tashkil etadi. Injil esa Tavrotni to‘ldirib kelgan.
Nasroniylar da’vo qilganlaridek, Iyso alayhissalom xudo emas, xuddi boshqalar kabi bandadirlar. Shuningdek, u zot payg‘ambar bo‘lib kelgan Banu Isroil ham Allohning bandalaridir. Modomiki Robb va banda mavjud bo‘lar ekan, bu hol bandaning Robbga ibodatini taqozo etadi. Ushbu aytilganlarga to‘liq amal qilgandagina to‘g‘ri yo‘lda yurilgan bo‘ladi, baxt-saodatga erishiladi.
Ana shu gaplardan keyin Maryam yolg‘iz qolishni, xayol surishni istab qoldi. Keyin nima bo‘lganini Maryam surasidagi quyidagi oyati karimalardan bilib olamiz:
«Kitobda Maryamni esla. U o‘z ahlidan sharqiy makonga ajrab chiqqanda va ular bilan o‘zi orasida to‘siq olganida, unga O‘z ruhimizni yubordik. U unga bus-butun odam bo‘lib ko‘rindi» (16-17-oyatlar).
Baytul maqdisda yashayotgan pokiza, bokira, taqvodor Maryam ismli qiz qavmidan ajralib, shaharning sharqiy tomoniga chiqdi. Xullas, o‘sha yerga chiqib, qavmidan to‘silib oldi. Qavmidan hech kim Maryamni ko‘rmaydigan bo‘ldi. U xoli va yolg‘iz qoldi. Shunda farishta Jabroil alayhissalom Maryamga asl holida ko‘rinmay, to‘la-to‘kis odam siymosida namoyon bo‘ldi, chunki o‘z suratida ko‘rinsa, Maryam butkul dahshatga tushishi mumkin edi.
Maryam Jabroilni ko‘rishi bilan hushyor tortdi. Uni erkak kishi suratida xilvat joyda ko‘rishi bilanoq o‘z iffati haqida qayg‘urdi va unga Allohni eslatdi:
«Men Rohmandan sendan panoh berishini so‘rayman. Agar taqvodor bo‘lsang...» (18-oyat) menga yaqinlashma», dedi.
Taqvodor odam Alloh taolo eslatilganda har qanday yovuzlikdan qaytadi. Maryamning huzuriga Alloh tomonidan elchi bo‘lib kelgan Jabroil alayhissalom unga:
«Men senga bir pok o‘g‘il hadya etish uchun Robbingning elchisiman, xolos», dedi» (19-oyat).
Bu odatdan tashqari g‘aroyib hol edi. Shu bois Maryam qattiq hayratga tushdi.
Maryamning holati oddiy insoniy voqelikning ko‘rinishi edi. «Menga biror erkak tegmagan bo‘lsa, ya’ni tan mahramim bo‘lmasa yoki boshqalar bilan noshar’iy aloqada bo‘lgan buzuqi ayol bo‘lmasam, qayerdan bola bo‘lishi mumkin?!» dedi.
Jabroil alayhissalom: «Shunday, Robbing iroda qilsa, bashar tegmasa va buzuqi bo‘lmasang ham, farzand bo‘laveradi», dedi.
«Ana shunday. Robbing aytdi: «Bu Men uchun osondir» (21-oyat).
Ya’ni «Hech kimsaning qo‘li tegmagan, buzuqlik qilmagan pok va bokira qiz bolaga farzand ato etish Men uchun hech ham mushkul emas», dedi.
«Uni odamlarga belgi qilishimiz uchun hamda Bizdan rahmat bo‘lishi uchun» (21-oyat).
Ya’ni «Biz senga bu farzandni odamlarga Allohning qudratiga, xoliqligiga va mudabbirligiga belgi bo‘lishi uchun ato qilmoqdamiz».
Farishta Jabroil alayhissalom Maryamning yoqasidan pufladi va u Iyso alayhissalomga homilador bo‘ldi.
Oradan ma’lum vaqt o‘tdi. Homilador bo‘lib qolganidan hijolat bo‘lib, odamlar ko‘zidan qochib yurgan bokira Maryamni to‘lg‘oq tutdi. Uyat, andisha va xijolatchiliklarga to‘lg‘oq alami ham qo‘shildi. Boz ustiga, tajribasiz yosh qiz o‘zi yolg‘iz edi. To‘lg‘oq azobi zo‘raygach, xurmo tanasini mahkam tutdi va chiday olmay:
«Qaniydi, bundan oldin o‘lgan va butunlay unutilib ketgan bo‘lsam», dedi» (23-oyat). Ibodatxonada voyaga yetgan, pokligi va taqvosi bilan mashhur bo‘lgan bokira qiz uchun ersiz bola tug‘ish dahshat edi.
Shu payt kutilmagan hodisa ro‘y berdi. Xijolatdan o‘limiga rozi bo‘lib turgan Maryamga chaqaloq Iyso alayhissalom
«Uning ostidan nido qildi: «Mahzun bo‘lma, batahqiq, Robbing ostingdan oqar suv qildi. Xurmo tanasini o‘zingga tort, senga yangi xurmo tushiradi» (24-25-oyatlar).
So‘ng Iyso alayhissalom onalariga qilgan nidolarini davom ettirdilar:
«Yegin, ichgin, ko‘zing quvonsin. Biror odamni ko‘rar bo‘lsang, «Men Rohmanga ro‘za nazr qildim. Bugun inson zotiga zinhor gapirmasman», degin» (26-oyat).
Ya’ni «Xurmodan ye, suvdan ich va farzandingga boqib quvon. Seni bu g‘aroyib holda ko‘rgan odamlar turli savollar berishi mumkin. Sen ularga og‘iz ocha ko‘rma. Ishora bilan «Men Rohman sifatli Allohga ro‘za nazr qildim, ibodatdaman. Bugun inson zotiga zinhor gapirmayman», de. Maryamga bunday ish tutish tavsiyasining yashirin hikmati bo‘lib, bu hikmat voqea rivojida namoyon bo‘ladi.
Maryam chaqaloqni ko‘tarib, qavmining huzuriga olib bordi. Odamlar bu holni ko‘rib, hayratga tushishdi. Darhol Maryamni tergab, dashnom bera boshlashdi.
Maryam har qancha urinib, ularga haqiqatni tushuntirsa ham, ular «O‘zini oqlayapti» deb gumon qilishlari aniq edi. Shuning uchun o‘zi bir og‘iz ham gapirmasdan, «Bundan so‘ranglar» degandek, go‘dakka ishora qildi. Shunda odamlar avvalgidan ham hayratda qolib:
«Beshikdagi yosh bola ila qanday gaplashamiz?!» dedilar» (29-oyat).
Beshikda yotgan Iyso alayhissalomning tillaridan yosh bolaning emas, «ulul azm» («sabot-matonatli») payg‘ambarning so‘zlari yangradi: «Albatta, men Allohning bandasiman. U menga kitob berdi va meni nabiy qildi. Meni qayerda bo‘lsam ham, muborak qildi. Modomiki hayot ekanman, namoz va zakotni ado etmoqni tavsiya qildi. Meni volidamga mehribon qildi, lekin dimog‘dor, badbaxt qilmadi. Menga tug‘ilgan kunimda ham, o‘ladigan kunimda ham va qayta tiriladigan kunimda ham salom bordir» (30-33-oyatlar).
Bu ilohiy haqiqatlar hozirgacha yanglish bo‘lib kelayotgan e’tiqod, tasavvur va tushunchalarni to‘g‘rilaydi. Iyso alayhissalomning ta’limoti, u zot haqlaridagi botil g‘oyalarni muolaja qiladi.
Iyso alayhissalom Falastinning Nosira (Nazaret) degan shahrida yashab, odamlarni Allohning ibodatiga chaqira boshladilar. Alloh taolo u zotga Injil kitobini nozil qildi. Iyso alayhissalom kim uchrasa, o‘sha odamga va’z qilar edilar. Alloh taolo u zotga bemorlarning shifosiga sabab bo‘lish, tug‘ma ko‘rlarning ko‘zini ochish, peslarni tuzatish, o‘likni tiriltirish kabi juda ko‘p mo‘jizalarni bergan edi.
Havoriylar (xos shogirdlari) u zotning da’vatlarida birga bo‘lishdi. Iyso alayhissalom havoriylardan bir guruhini Shomning boshqa diyorlariga da’vat uchun yubordilar.
Banu Isroil Iyso alayhissalomni qatl qilish uchun o‘zaro yashirin ish olib bordi. U zotni Falastinning rumlik hukmdori Pontiy Pilatga topshirishdi. U Iyso alayhissalomni osib o‘ldirmoqchi bo‘ldi. Lekin Alloh u zotga najot berdi: boshqa odamni u zotga o‘xshatib qo‘ydi va Iyso alayhissalomni O‘z huzuriga ko‘tardi. Hodisa quyidagicha jarayon etdi:
«Alloh taolo Iyso ibn Maryamni ochiq-oydin alomatlar va hidoyat ila payg‘ambar qilib yuborganida yahudiylar u zotga berilgan payg‘ambarlik va mo‘jizalarga hasad qilishdi. U zot ko‘r bo‘lib tug‘ilganlarni va peslarni davolar, Allohning izni ila o‘likni tiriltirar, loydan qushning shaklini yasab, unga puflasalar, Allohning izni bilan qushga jon kirib, uchib ketar edi. Alloh u zotni shunga o‘xshash ko‘plab mo‘jizalar bilan qo‘llab-quvvatlagan edi. Yahudiylar esa qarshilik qildilar va imkoni boricha u zotga ozor berishga o‘tdilar. Hatto Allohning payg‘ambari Iyso alayhissalom ular bor joyda turmaslikka, ko‘pincha onalari bilan birga safarda yurishga majbur bo‘ldilar.
Yahudiylar bu bilan kifoyalanib qolmay, u zotni o‘sha davrdagi Damashqning podshohiga chaqdilar. Podshoh yulduzlarga sig‘inadigan mushriklar toifasidan bo‘lib, uning millatiga «yunon» deb nom berilgan edi. Yahudiylar unga: «Baytul maqdisda bir odam chiqib, kishilarni fitnaga solmoqda, adashtirib, fuqarolarni podshohga qarshi qo‘ymoqda», deb xabar yetkazishdi. Podshoh bundan g‘azablandi. Baytul maqdisdagi noibiga mazkur odamdan ehtiyot bo‘lish, uni osib, boshiga tikan qo‘yish, uning «zarari»dan odamlarni saqlash farmonini berdi. Maktub Baytul makdisning voliysiga yetib kelganida, u farmonni bajarishga otlandi. Bir toifa yahudiylar bilan Iyso alayhissalom turgan joyga bordi. U zot o‘zlariga yaqin kishilar bilan birga edilar. Ularning soni o‘n ikkita edi. Bu voqea juma kunidan shanbaga o‘tar kechasi sodir bo‘ldi. Yahudiylar ularni qamalga olishdi: yo g‘arazgo‘ylar bostirib kirishadi, yoki o‘zlari ularning oldiga chiqishlari kerak. Bundan boshqa iloj qolmaganini anglab yetgan Iyso alayhissalom sheriklariga: «Qay biringizga mening suratim o‘tsa, o‘sha odam jannatda men bilan birga bo‘ladi», dedilar.
Bir yosh yigit bu ishga tayyorligini bildirdi. Uni xiyol yosh sanadilar. Yuqoridagi gapni ikkinchi, uchinchi bor takrorladilar. Har safar faqat haligi yigit o‘zining tayyorligini bildirdi. Iyso alayhissalom: «Sen o‘shasan!» dedilar. Alloh taolo u yigitni Iyso alayhissalomning suratiga kiritdi.
Tomning shiftidan bir tuynuk ochildi. Iyso alayhissalomni mudroq bosdi. Shu holda osmonga ko‘tarildilar. U zot ko‘tarilganlaridan keyin sheriklari tashqariga chiqishdi. Yahudiylar qorong‘ida haligi yigitni Iyso deb o‘ylab, tutib osishdi va boshiga tikan qo‘yishdi». Ba’zi rivoyatlarda Iyso alayhissalomning suratiga kirgan va qatl etilgan shaxs havoriylardan sanalgan Yahuzo (Yahudo) Isxaryutiy[1] bo‘lgani, u xiyonat qilib, Iyso alayhissalomning berkingan joylarini yahudiylarga ko‘rsatib bergani keltiriladi. Ammo ishga bu bilan nuqta qo‘yilmadi. Asosiy ixtiloflar yaynan ushbu voqeadan so‘ng boshlandi.
Ta’kidlanganidek, hodisa qorong‘i kechada, to‘s-to‘polon ichida bo‘lib o‘tdi. Ko‘p narsalar noaniq qoldi. Shu bois
«U haqda ixtilofga tushganlar uning o‘limidan shakdadirlar» (Niso surasi, 157-oyat).
Avvalo hodisada ishtirok etganlarning o‘zlari ixtilofga tushib: «Agar o‘ldirilgan Iyso bo‘lsa, birga yurgan o‘sha odami qani? Agar o‘ldirilgan shaxs Iyso bilan birga yurgan odam bo‘lsa, unda Iyso qani?» deyishdi. Lekin «Biz Iysoni o‘ldirdik», deb maqtanib yuraverishdi.
Nasorolarning ba’zilari bu gapga ishonishdi, ba’zilari esa: «Iyso o‘lganidan keyin ko‘mildi. Ammo uch kundan keyin yana tirildi», deyishdi. Lekin hammalarining gaplari ham asossiz gaplardir.
Rim imperatorlari, Banu Isroil Iyso alayhissalomga ergashganlarni qattiq azob-uqubatga solishdi. Ularning ahvoli juda ham tang bo‘ldi.
Milodiy 64 yilda Rim imperatori Neron (mil. 54-68 yillarda hukmronlik qilgan) Iyso alayhissalomga ergashganlarni Rimga o‘t qo‘yishda ayblab, ularga ozor berishni haddan ziyod oshirib yubordi.
Iyso alayhissalomning odamlaridan bir qismi Hijoz va uning atroflariga hijrat qilib qochib ketishdi. Keyinchalik asta-sekin nasroniy dini tarqalib, hatto Rim imperiyasining rasmiy diniga aylandi.
KЕYINGI MAVZULAR:
TO‘RTINCHI FASL. MISR NABIYLARI VA TAMADDUNLARI;
Fir’avnlar tamadduni;
Muso alayhissalom;
Fir’avnlardan keyingi Misr;
[1] Ruschada Iuda «Iskariot» deyiladi.
Hojilar o‘zlari uchun ajratilgan maxsus avtobuslarda “Fayzobod” masjidi tomon yo‘l oldi va katta xursandchilik bilan kutib olindi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri.