بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ لله الَّذِي جَعَلَ الْعِلْمَ ضِيَاءً وَالْقُرْآنَ نُورًا وَصَلِّ وَسَلِّمْ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ الْمَبْعُوثِ رَحْمَةً وَمِنَّةً وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ اَجْمَعِينَ
ISLOM – MA’RIFATPARVAR DIN
Muhtaram jamoat! Islom dini ta’limotlarida ilm-ma’rifatga yuksak e’tibor qaratilgani barchamizga ma’lum haqiqatdir. Qur’oni karimda “ilm” so‘zi turli ko‘rinishlarda 95 marta, “ilm berilganlar”, “ilmda mustahkam bo‘lganlar” so‘zlari 10 marta zikr qilingan. Bu holat inson hayotida bilimning naqadar ahamiyatli ekanini, Islom ilmu ma’rifat dini ekanini isbotlaydi. Inson ilmga intilishiga mukofot o‘laroq avvalo o‘zligini anglaydi. Kim o‘zini tanisa, Parvardigorini ham taniydi. Alloh taolo ilmni Qiyomatgacha bandalar uchun ma’rifat manbai, haqiqatni topish, ikki dunyo saodatiga erishish vositasi qildi. Ilmsizlik esa – insoniyatni tubanlikka, halokatga olib borishini bildirdi. Insonlarni ilm olishga va shu orqali Parvardigorini tanishga buyurdi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
اقْرَأْ بِاسْمِ رَبِّكَ الَّذِي خَلَقَ خَلَقَ الْإِنْسَانَ مِنْ عَلَقٍ اقْرَأْ وَرَبُّكَ الْأَكْرَمُ الَّذِي عَلَّمَ بِالْقَلَمِ عَلَّمَ الْإِنْسَانَ مَا لَمْ يَعْلَمْ
ya’ni: “O‘qing (ey, Muhammad! Butun borliqni) yaratgan zot bo‘lmish Rabbingiz ismi bilan! (U) insonni laxta qondan yaratdi. O‘qing! Rabbingiz esa karamlidir. U insonga qalam bilan (yozishni ham) o‘rgatdi. U insonga bilmagan narsalarini bildirdi” (Alaq surasi, 1-5 oyatlar).
Har bir ish mukammal, mustahkam va chiroyli bo‘lishi uchun ixlos, ilm va amal birlashishi shart. Farididdin Attor hazratlari: “Ilohiyotda avval ixlos keyin ilm turadi”, – deydilar. Ilm ahli bo‘lish – yuksak sharafdir. Chunki Alloh taolo ilm egalarini dunyo va oxiratda baland darajalarga ko‘taradi. Dunyoda ilmdan ko‘ra yuksak daraja va martaba yo‘qdir. Alloh taolo aytadi:
يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آَمَنُوا مِنْكُمْ وَالَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ
( سورة المجادلة/11)
ya’ni: “...Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir” (Mujodala surasi, 11-oyat).
Diqqatga sazovor joyi shuki, dinimizda ilmni diniy va dunyoviyga ajratilmaydi. Modomiki insonning dunyosi yoki oxiratiga foydali bilimlar bo‘lsa, ularning hammasi maqtaladi, o‘rganishga targ‘ib qilinadi. Faqat sehr kabi insoniyatga zarar yetkazadigan, odamlarni halokatga olib boradigan bilim bo‘lmasligi kerak.
Hadisi shariflarda biror ilm sohasiga urg‘u berilgan bo‘lsa, alohida ajratib ko‘rsatilgan. Masalan, diniy bilimlar sohibi bo‘lishning fazilatlari haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deydilar:
مَنْ يُرِدِ اللَّهُ بِهِ خَيْرًا يُفَقِّهْهُ فِي الدِّينِ
رواه الامام البخاري والامام مسلم عن مُعَاوِيَةَ بن أبي سفيان رضي الله عنهما
ya’ni: “Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo‘yadi” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari). Yana bir hadislarida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deydilar:
اَلْعُلَمَاءُ وَرَثَةُ الْاَنْبِيَاءِ فَاِنَّ الْاَنْبِيَاءَ لَمْ يُوَرِّثُوا دِينَارًا وَلاَ دِرْهَمًا فَاِنَّمَا وَرَّثُوا الْعِلْمَ
(رَوَاهُ الْإِمَامُ اَبُو دَاوُدَ وَالْاِمَامُ التِّرْمِذِيُّ)
ya’ni: “Olimlar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir. Payg‘ambarlar dinor ham, dirham ham meros qoldirmaganlar, balki ilmni meros qilib qoldirganlar” (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyatlari).
Qadimda ota-bobolarimiz ilmni bir butun deb bilganlaridan ularning ichidan Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Farg‘oniy, Muhammad Xorazmiy, Forobiy, Ibn Sino va Ulug‘bek kabi qomusiy olimlar yetishib chiqqan. Ular ham diniy, ham dunyoviy ilmlarda peshqadam, ustoz bo‘lganlar.
Bugungi kunda jamiyatimizga zarur bo‘lgan turli soha mutaxassislarini tayyorlashimiz – barchamizning zimmamizdagi farzi kifoya hisoblanadi. Buning uchun bolalarimizni yoshligidan o‘zi qiziqqan sohaga maqsadli yo‘naltirib, rejali va tizimli ta’lim olishiga e’tibor berishimiz lozim. Bir hikmatda aytilganidek:
" اَلْوَقْتُ كَالسَّيْفِ اِنْ لَمْ تَقْطَعْهُ قَطَعَكَ "
ya’ni: “Vaqt qilich kabidir, agar sen uni o‘z vaqtida kesmasang, u seni kesadi”.
Farzandlarimizni zamon bilan hamnafas qilib tarbiyalash uchun ularga xorijiy tillarni ham o‘rgatishimiz kerak bo‘ladi. Chunki yurtimiz kundan-kunga dunyo davlatlari bilan aloqalarni kengaytirmoqda. Yoshlarimizning chet tillarini yaxshi bilishlari ilmiy, iqtisodiy jabhalarda katta imkoniyatlar yaratadi. Sahih hadislarda kelishicha, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam sahobalardan Zayd ibn Sobit raziyallohu anhuga ibroniy va suryoniy tillarini o‘rganishga buyurganlar. Ushbu sahoba qisqa muddatda mazkur tillarni o‘rganib, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning shaxsiy tarjimoniga aylanadilar. Mana shu dalillar chet tillarini o‘rganishga dinimizda targ‘ib qilinganini isbotlaydi.
Alloh taolo Payg‘ambarimiz alayhissalomga ilmdan boshqa biror narsani ziyoda bo‘lishini so‘rang, demagan. Faqatgina ilmda ziyodalik so‘rashni ta’lim bergan. Qur’oni karimda shunday deyiladi:
وَقُلْ رَبِّ زِدْنِي عِلْمًا
ya’ni: “ayting: “Ey, Rabbim! Menga ilmni ziyoda et!” (Toha surasi, 114-oyat).
Mana shundan ham ilmning boshqa ne’matlardan ustunligini anglab olishimiz mumkin. Demak, barchamiz farzandlarimizga ilm o‘rganish farz ekanini chuqur anglatishimiz va unga muntazam da’vat qilishimiz, ilmu ma’rifatga nisbatan ularda qiziqish uyg‘otib, moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashimiz darkor.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan ko‘plab hadisi shariflarda ham ilmga targ‘ib etilib, ilm egalari madh etilgan. Jumladan bir hadislarida:
مَنْ جَاءَ اَجَلُهُ وَهُوَ يَطْلُبُ الْعِلْمَ لَقِيَ اللهَ تَعَالَى وَلَمْ يَكُنْ بَيْنَهُ وَبَيْنَ النَّبِيِّيْنَ اِلَّا دَرَجَةُ النُّبُوَّةِ
(رَوَاهُ الْإِمَامُ الطَّبَرَانِيُّ)
ya’ni: “Kim ilm talab qilayotgan vaqtida ajali yetib qolsa, Alloh taoloning huzurida u bilan payg‘ambarlar o‘rtasini faqat payg‘ambarlik darajasigina ajratib turadi” deb marhamat qilganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ilm yo‘lida pok niyat va ixlos bilan harakat qilish bandaga jannat yo‘lini oson qiladi. Hadisi sharifda shunday deyiladi:
"وَمَنْ سَلَكَ طَرِيقاً يَلْتَمِسُ فِيهِ عِلْماً، سَهَّلَ اللهُ لَهُ طَرِيقاً إِلَى الجَنَّةِ"
(رواه الامامُ مسلم عن أَبي هريرة رضي الله عنه)
ya’ni: “Kim ilm izlab yo‘lga chiqsa, Alloh unga jannat yo‘lini oson qilib qo‘yadi” (Imom Muslim rivoyatlari).
O‘rni kelganda shuni aytib o‘tish kerakki, haqiqiy bilim tartib bilan tizimli o‘qish orqali qo‘lga kiritiladi. Hamma sohada ham faqat video va audio mahsulotlarga bog‘lanib qolish, faqat o‘shalardan bilim hosil qilishni maqsad qilish kutilgan natijani bermaydi. Ko‘pincha video va audio mahsulotlar uzuq-yuluq, har xil munosabatlar bilan gapirilgan so‘zlar bo‘ladi. Gohida dalil-isbotsiz so‘zlar va tasvirlar ham o‘tib ketaveradi. Shuning uchun farzandlarimizni kitob o‘qishga targ‘ib qilishimiz kerak.
Xalqimizning diniy-ma’rifiy bilimdonligini oshirish, yangiliklar va dolzarb masalalardan ogoh qilish maqsadida uzoq yillardan beri O‘zbekiston musulmonlari idorasining diniy-ma’rifiy, ilmiy-adabiy nashrlari xalqqa taqdim etib kelinmoqda. Jumladan “Hidoyat”, “Mo‘minalar” jurnallari, “Islom nuri” gazetasida ilm ahlining sara maqolalari, savol-javoblar va yurtimizdagi, islom olamidagi yangiliklar berib borilmoqda. Bilim-ma’rifat uchun sarflangan mablag‘lar bekorga ketmaydi, balki u insonga foydasi bilan qaytadi!
Muhtaram azizlar! Ilm olish va kitob mutolaa qilish borasida ulug‘ zotlardan ajoyib xotiralar qolgan. Jumladan mazhabimiz ulamolaridan bo‘lgan Muhammad ibn Hasan Ash-Shayboniy kitob o‘qish asnosida murakkab bir masalaga yechim topganlarida, xursand bo‘lib ketganlaridan:
اَيْنَ اَبْنَاءُ الْمُلُوكِ مِنْ هَذِهِ الَّذَّةِ
ya’ni: “Bunday lazzatni podshohlarning bolalari ham ko‘rmagan”, – der ekanlar.
Buyuk muhaddis Imom Abu Dovud As-Sijistoniy kiyim tiktirganlarida, uning yengini keng qilib tiktirar, chunki unga kitob solib yurardilar. U kishi kitob o‘qishni yaxshi ko‘rar edilar. Qayerga bormasinlar, albatta yonlarida kitoblarini olib yurar, bo‘sh vaqt topildi deguncha, kitoblarini olib o‘qirdilar.
Shafiq ibn Ibrohim Al-Balxiy aytadilar: “Biz Abdulloh Ibn Muborakka: “Nima uchun namoz o‘qib bo‘lganimizdan so‘ng biz bilan birga o‘tirmaysiz?”, – deb so‘radik. U kishi: “Sahobalar va tobeinlar bilan birga o‘tirgani ketaman”, – dedilar. Biz: “Sahobalar va tobeinlar qayerda ekan?”, – deb, hayron bo‘ldik. Shunda u zot: “Kitob o‘qiyman, shunda ular haqida, qilgan ishlari haqida bilib olaman. Sizlardan qochishimning sababi – odamlarning g‘iybatini qilasizlar”, – deb javob berdilar”.
Inson hayotini ilmu ma’rifatsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ma’rifat – mo‘minning ikki dunyosini yorituvchi nur. Ana shunday ma’rifatdan bahramand bo‘lgan oriflar jamiyatida nafaqat insonga, balki hayvonga, qurt-qumursqalarga, bir so‘z bilan aytganda, butun jonli va jonsiz mavjudotga go‘zal muomalada bo‘linadi. Chunki ma’rifatli inson tabiatdagi birgina toshning ham o‘z o‘rni va vazifasi borligini anglaydi. Alloh taolo o‘z Kalomidagi suralardan birini “Naml” (chumoli) deb atashi bejiz emas.
Ayni paytda bu borliq insonga omonat hamdir. Omonatni omon saqlash ham – uning vazifasi. Aslida mo‘minlik ham shu! “Mo‘min”, “iymon”, “omon” so‘zlarining o‘zagi ham bitta. Payg‘ambarimizning sallallohu alayhi vasallamning: “Mo‘min – odamlar undan omonda bo‘lgan insondir...”, – degan hadislari bunga dalil (Imom Ahmad rivoyatlari). Hadisda “odamlar” deganda, dinidan, irqidan, millatidan qat’i nazar, barcha insonlar anglashiladi. Uni, qaysi dinda ekaniga qaramasdan, hurmatini joyiga qo‘yishimiz lozim. Chunki biz u bilan bir ota-ona, ya’ni Odam ato va momo Havoning avlodlarimiz.
Hurmatli jamoat! Shu o‘rinda, yana bir muhim masalaga to‘xtalmoqchimiz. O‘tgan juma mav’izasida aytib o‘tganimizdek, saylovlarga ham ikki kun qoldi. Saylovlarda har birimiz faol bo‘lishimiz, o‘z Yurtimiz va millatimiz taqdiriga e’tiborli bo‘lishimiz musulmonlikning go‘zal namunasidir!
Barchamizga namuna bo‘lgan suyukli Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ham ba’zi katta-yu kichik ishlarda O‘z sahobalari va ahli ayollari bilan mashvarat qilib, xulosa chiqarar edilar. Chunki Alloh taolo Qur’oni karimda ishlarni maslahat bilan qilishga buyurgan:
فَبِمَا رَحْمَةٍ مِنَ اللَّهِ لِنْتَ لَهُمْ وَلَوْ كُنْتَ فَظًّا غَلِيظَ الْقَلْبِ لَانْفَضُّوا مِنْ حَوْلِكَ
فَاعْفُ عَنْهُمْ وَاسْتَغْفِرْ لَهُمْ وَشَاوِرْهُمْ فِي الْأَمْرِ
ya’ni: “Allohning rahmati sababli (Siz, ey, Muhammad,) ularga (sahobalarga) muloyimlik qildingiz. Agar dag‘al va toshbag‘ir bo‘lganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lur edilar. Bas, ularni afv eting, (gunohlari uchun) Allohdan mag‘firat so‘rang va ular bilan kengashib ish qiling!” (Oli Imron surasi, 159-oyat).
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin barcha ummat ham U Zotning tutgan yo‘llarini mahkam ushlab, mashvarat bilan ish ko‘radigan bo‘ldilar. Kitoblarimizda shunday jumlalar mavjud:
كانت الأئمة بعد النبي صلى الله عليه وسلم يستشيرون الأمناء من أهل العلم في الأمور
ya’ni: “Barcha rahbar va ulamolar Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan keyin ishlarda ziyoli va ilm egalari bilan maslahat qilib faoliyat olib borganlar”.
Xalqimizning chiroyli hikmati bor – “Maslahatli to‘y tarqamas!”. Shunday ekan, bugun muborak Juma kuni, erta o‘tib indin, ya’ni yakshanba 22 dekabr kuni o‘tkaziladigan saylovda o‘zimiz, farzandlarimiz, xalqimiz kelajagi ustida maslahat qiladigan insonlarni – xalq noiblarini saylashda faol va e’tiborli bo‘laylik!
Alloh taolo xalqimiz hayotini bundan ham farovon aylasin! Yurtimizni turli xildagi samoviy va aroziy ofatu balolardan hifzu himoyasida saqlab, barchamizni O‘zi rozi bo‘ladigan amallar bilan yashab o‘tmog‘imizni va albatta xalqimiz uchun manfaatli inson bo‘lishni muyassar qilsin! Omin!
Tasavvuf masalasi ham salafiylar tomonidan qattiq tanqidga olingan va ko‘r-ko‘rona rad etiladigan mavzulardan biridir. Tasavvuf, tariqat, suluk, shayx, murid va shu kabi atamalarni eshitishlari bilan mavzuni inkor qilishga tushib ketadilar. Lekin aslida ham shundaymi?
Ming yillardan beri Islomning ruhi bo‘lib kelgan va Islom ummati og‘ishmay amal qilib kelayotgan bu mavzu rad etilishi kerakmi?!
Tasavvuf – bu Allohni tanish va nafsni poklashni o‘rgatadigan va shu yo‘ldagi harakatlarni ifodalaydigan, ularni anglatadigan va bu holatlarga erishish uchun nima qilish kerakligini tushuntiradigan bir ilmdir. Tasavvuf islomiy ilmlarning eng sharaflisidir. Bu ilmning sharafi, mavzusining sharafi bilandir.
Modomiki, tasavvufning maqsadi, mavzusi ma’rifatulloh – Allohni bilish-tanish ekan, u o‘z-o‘zidan islomiy ilmlarning eng sharaflisi bo‘ladi. Tasavvuf bizga nima qilsak, Alloh bizni sevadi? Nima qilsak, qalbimizda bo‘lishini istaganimiz “Alloh sevgisi” hosil bo‘ladi, kabi savollarga javob beradi va bu maqomga erishish yo‘llarini o‘rgatadi.
Tasavvufga ulamolar tomonidan ko‘plab ta’riflar berilgan. Shayx Ibrohim ibn Muvallid Roqqiy rahmatullohi alayh o‘zining kitoblarida bu ta’riflarni yuzdan oshig‘ini jamlagan.
Shayx Muhammad ibn Ali Qassob rahimahulloh: “Tasavvuf bu – saodat asrida sharafli qavmning eng oliyjanob kishisidan sodir bo‘lgan eng go‘zal xulqlardir”, degan.
Shayx Abu Muhammad Jaririy rahimahulloh: “Tasavvuf – har bir go‘zal xulqni olish va har bir yomon xulqni tark qilishdir”, dedi.
Shayx Muhammad ibn Ali ibn Husayn ibn Ali ibn Abu Tolib rahimahulloh: “Tasavvuf – go‘zal xulq bilan bir ma’noda bo‘lib, kimning xulqi senikidan go‘zal bo‘lsa, tasavvufi ham go‘zaldir”, degan.
Shayx Abu Hafs Naysoburiy rahimahulloh: “Tasavvuf – uning barchasi odobdir. U har bir vaqt, har bir hol va har bir maqomning odobidir”, degan.
Tasavvuf ba’zi kishilar: “Bu narsa hijriy uchinchi asrdan keyin paydo bo‘lgan bid’at, avvalgi davrda bo‘lmagan. Qur’oni karim va hadisi sharifda “Tasavvuf” so‘zi biror marta zikr qilinmagan”, deb da’vo qilayotganidek keyin paydo bo‘lib qolgan bid’at ilm emas, balki u barcha shar’iy ilmlar qatori Islomning avvalidan mavjuddir.
Qur’oni karimda va hadisi shariflarda “Tasavvuf” so‘zini biror marta kelmagani uni islomiy ilm emasligiga dalil bo‘lmaydi. Chunki boshqa islomiy ilmlarning ham nomlari Qur’on va hadisda zikr qilinmagan. Agar Qur’on va hadisda zikr qilinmagan narsalarni inkor qilsak, juda ko‘plab narsalardan voz kechishimizga to‘g‘ri keladi.
Tasavvuf Islomning avvalgi asrlaridan beri mavjud bo‘lib, u ham boshqa islomiy ilmlar qatori Qur’on va sunnatdan olingan. Bunga Qur’on, hadis va tobeinlarning so‘zlarida dalillar bor. Avval aytganimizdek tasavvufning asosiy vazifasi insonning nafsini tarbiyalash, gunohlardan poklash va botiniy amallarini tartibga solishdir.
Alloh taolo An’om surasining 120-oyatida bunday marhamat qilgan:
﴿وَذَرُوا ظَاهِرَ الْإِثْمِ وَبَاطِنَهُ﴾
“Va oshkora hamda maxfiy gunohlarni tark qilinglar!”.
Alloma Alouddin Ali ibn Muhammad Bag‘dodiy rahimahulloh bu oyati karimani tafsir qilib: “Oshkora gunohdan tashqi a’zolar bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan. Maxfiy gunohdan qalb bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan” degan.
Zohiriy a’zolar bilan qilinadigan gunohlarni tark qilishni va unga beriladigan jazolarni fiqh fani o‘rgatsa, qalb kasalliklarini davolashni aynan tasavvuf o‘rgatadi. Boshqa oyati karimada shunday deyiladi:
﴿قَدْ أَفْلَحَ مَنْ زَكَّاهَا﴾
“Batahqiq, kim u(nafs)ni poklasa, yutuqqa erishdi” (Shams surasi, 9-oyat).
Darhaqiqat, inson oxiratda yutuqqa erishishi uchun, jahannam olovidan omonda bo‘lishi uchun bu dunyoda kufrdan, shirkdan, nifoqdan va turli gunoh va qalb kasalliklaridan o‘zini poklashi kerak.
Alloh taolo bu oyati karimalarda bandalarini kufr, shirk va gunohlardan o‘zlarini poklashga buyurmoqda. Mana shu poklashni o‘rgatadigan fanni “Tasavvuf” deb nomlash insonlar orasida urf bo‘lgan.
Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida tasavvuf ehson deb nomlangan. “Jabroil hadisi” deb nomlangan mashhur hadisi sharifda “ehson” ayni tasavvuf ekani namoyon bo‘ldi.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Birdan ustimizda oppoq kiyimli, sochlari qop-qora odam paydo bo‘ldi. Unda safarning asari ko‘rinmas edi. Uni birortamiz tanimas ham edik. U kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘rilariga o‘tirdi. Ikki tizzasini u zotning ikki tizzalariga tiradi. Ikki kaftini sonlari ustiga qo‘ydi va: “Ey Muhammad, menga Islom haqida xabar ber”, dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Islom “Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh”, deb shahodat keltirmog‘ing, namozni to‘kis ado qilmog‘ing, zakot bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘liga qodir bo‘lsang, Baytni haj qilmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi u. Biz undan ajablandik. O‘zi so‘raydi, o‘zi tasdiqlaydi.
“Menga iymon haqida xabar ber”, dedi.
“Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing, yaxshiyu yomon qadarga iymon keltirmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi.
“Menga ehson haqida xabar ber”, dedi u.
“Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
“Menga Soat (qiyomat)dan xabar ber”, dedi.
“So‘raluvchi bu haqda so‘rovchidan bilimliroq emas”, dedilar.
“Uning alomatlaridan xabar ber”, dedi.
“Cho‘ri o‘z xojasini tug‘ishi, yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al cho‘ponlarning bino qurishda bir-birlaridan o‘zishga urinishlarini ko‘rmog‘ing», dedilar. So‘ngra u (qaytib) ketdi. Bas, birmuncha vaqt o‘tkazdim. So‘ngra u zot menga:
“Ey Umar, so‘rovchi kimligini bildingmi?” dedilar.
“Alloh va Uning Rasuli biluvchidir”, dedim.
“Albatta, u Jabroildir. Sizlarga diningizni o‘rgatgani kelibdi”, dedilar».
Ushbu hadisi sharifda dinning asllari iymon, Islom, ehson, zohiriy va botiniy amallarni isloh qilish va oxirat kuni haqida va bularning barchasi din ekanligini xabari berilmoqda.
Hadisi sharifda zikr qilingan “Islom”ni fiqh ilmi o‘rgatadi. “Iymon” qismini aqoid ilmi o‘rgatadi. Bizning mavzumizga bevosita bog‘liq bo‘lgan “ehson” qismini esa tasavvuf ilmi o‘rgatadi va bu hadisi sharifda bunga amaliy namuna ham bor.
Jabroil alayhissalom: “Menga ehson haqida xabar ber”, deganlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
Tasavvufning asosiy maqsadlaridan biri ham banda qilayotgan har bir ibodatida, amalida Alloh uni ko‘rib turganini va bu amaliga qiyomat kuni albatta savol-javob bo‘lishini qalban his qildirishdir.
“Tasavvuf” so‘zi Islomning dastlabki asrida ishlatilmagan bo‘lsa-da, keyingi davrlarda “so‘fiy” so‘zi ishlatilganini kuzatishimiz mumkin.
Ulamolar mutavotir hadisning qanday bo‘lishi va shartlarini bayon qilib aytadilarki “Mutavotir hadis – uning sanadidagi har bir tabaqada juda ko‘p roviy rivoyat qilgan. Ana shu roviylarning barchasi rivoyat qilingan hadisni o‘zgartirishga kelishib olishlari mumkinligini aql inkor etadi”.
Shunday ekan, tasavvuf ilmi ham ikkinchi asrdan (tobeinlar asridan) to shu kungacha minglab shariatimiz peshvolari orqali ham naqlan, ham amalan mutavotir holatda bizgacha yetib kelgan. Shuning o‘zi ham tasavvuf ilmining shar’iy ilm ekaniga yetarli dalil bo‘ladi.
Mashhur muhaddis olim, Shayx Shoh Valiyyulloh Dehlaviy rahimahulloh: “Suhbatlarimiz va ta’lim-tarbiyamiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga sahih va mashhur sanad bilan yetib borgan tariqat odobidir”, degan.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi