Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Noyabr, 2026   |   19 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
06:03
Quyosh
07:22
Peshin
12:16
Asr
15:14
Shom
16:58
Xufton
18:15
Bismillah
29 Noyabr, 2026, 19 Jumadul soni, 1448

Aybni o'zingdan qidir...

31.08.2023   4090   5 min.
Aybni o'zingdan qidir...

Boshiga mushkulot tushganda boshqalarni malomat qiluvchi kimsalarni ko'p uchratamiz. Ishi yurishmasa ham, o'qishga kirolmasa, kasal bo'lsa, ko'chasida axlat to'planib yotsa, hovlisidagi daraxt qurib qolsa ham ­– birov aybdor. Hech mahal o'zi emas. Bu haqda eshitishga ham toqatsiz. Aslida bosh aybdor ­– o'zidan boshqa kimsa emas. Mehnat qilishga bo'yni yor bermaydi, kitob o'qishga hafsalasi yo'q, sog'lig'iga e'tiborsiz, duch kelgan joyga chiqindi tashlab ketaveradi, tomorqasiga qaramaydi va hokazo.

Afsus, bu illat ayrimlarning yashash tarziga aylangan. Ayniqsa, uning yoshlar orasida tarqalayotgani achinarli. Bu xudbinlikning eng og'ir ko'rinishidir.

Ushbu qalb xastaligidan uzoq bo'lish uchun odam o'ziga tanqidiy nazar bilan qarashni o'rganishi kerak. Chunki inson bolasi xatokordir, hech qachon mukammal bo'la olmaydi. Agar u o'zidagi nuqsonlarga ko'z yumsa, ularni tuzatish payida bo'lmasa, butkul xatolar ichida yashab o'tishiga to'g'ri keladi.

Bu borada solih salaflarning hayoti bizga ibratdir. Umar ibn Hattob roziyallohu anhu: “Ayblarimni menga hadya qilgan kishini Alloh rahm qilsin”, der edi. U kishi Salmon roziyallohu anhudan o'z aybi haqida so'rar edi. Bir kuni oldiga kelganida: “Mendan senga o'zingga yoqmaydigan nima etdi?” deb so'radi. Salmon roziyallohu anhu aytishdan bosh tortsa-da, qattiq turib oldi. Shunda: “Menga etib kelgan xabarga qaraganda, bir dasturxonda ikki xil xo'rak er emishsan. Ikki sidra kiyim qilib olib, birini kunduzi, ikkinchisini kechasi kiyarmishsan”, dedi. “Bundan boshqa narsa etmadimi?” dedi. “Yo'q”, dedi Salmon. “Ikkisini to'g'rilandi deb hisoblayver”, dedi Hazrat Umar.

Umar ibn Hattob Huzayfadan doimo: “Sen Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning munofiqlar haqidagi sirlari sohibisan. Menda munofiqlikning belgilaridan ko'rasanmi?” deb so'rab yurardi. 

Ha, inson hamisha ham o'zidagi kamchiliklarni ko'ra olmaydi. U esa atrofdagilarning ko'ziga aniq tashlanadi. Shu ma'noda boshqalardan o'z xulqida, yurish-turishida kuzatilayotgan xatolar haqida so'rab turish foydadan xoli bo'lmaydi. Chunki mo'min mo'minning oynasidir.

Birovning xatosini yuziga solish yoki bu ayb yashirin bo'lsa, uni elga oshkor qilish esa mo'minning ishi emas. Zero, Alloh ochmagan pardani ochmagan ma'qul. Kishi birodarida bir ayb yo xatoni ko'rsa, uni isloh etishga, to'g'rilashga harakat qilmog'i lozim. Bu ish qo'lidan kelmasa, u aybni yashirishi yaxshidir.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladi: “Banda dunyoda bir bandaning aybini yashirsa, Alloh qiyomatda uning aybini yashiradi” (Imom Muslim rivoyati).

Abu Said Hudriy roziyallohu anhudan keltirilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi va sallam deydilar: “Mo'min o'z birodarini aybini ko'rib, uni yashirsa, shu sababli Alloh taolo uni jannatga kiritadi” (Tabaroniy rivoyati).

Dunyoda o'ziga yaxshilikni istagan, oxiratdan umidi bo'lgan banda Rasululloh alayhissalomning ushbu ko'rsatmalariga hech ikkilanmay amal qiladi. Aks holda uni tuganmas pushaymonliklar kutadi.

Ota-bobolarimizning bu borada ajoyib tutumi bo'lgan. Ya'ni, avvallari er-xotin o'rtasida nizo kelib chiqib, vaziyat ajrashish darajasiga etsa-da, ular bir-birining aybini oshkor qilishmas ekan. “Nima sababdan birga yashamoqchi emassizlar?” deb so'ralganda ham odob saqlab: “Taqdirimizda shu yozilganga o'xshaydi”, deyishdan nariga o'tishmaskan. Boisi, erkak: “Agar men hozir bu ayolning aybini aytsam-u, ertaga yarashib ketib, birga yashay boshlasak, o'z ahlimning aybini fosh qilgan bo'laman. Taqdir taqozosi bilan ayri yo'lga ketsak, birovning kamchiligini elga yoygan hisoblanaman” degan andishaning quli bo'lgan. Hotin ham shunday. Hozir-chi? Bo'lar-bo'lmasga janjallashib, er xotinini, xotin erini begonalarga yomonlashi, ayblarini ochib tashlashiga guvoh bo'lamiz. Yoki oilalarda qaynona va kelinlar o'rtasidagi mojarolar ham nuqul aybni bir-biriga ag'darishdan kelib chiqadi. Qaynona: “Kelinim hali yosh, bilib-bilmay xatolarga yo'l qo'yadi, ularni to'g'rilashga yordamlashish, tarbiya berish mening vazifam” desa, kelin esa: “Kattalarga gap qaytarib, betgachoparlik qilib, odobsizga aylanmasligim kerak. O'zim ham beayb emasman, bekorga tanbeh berishmaydi”, deb tanqidlarni to'g'ri qabul qilsa, olam guliston. Afsus, bunday mulohazakorlik kam uchrayapti. Hammaning miyasiga “Bo'sh kelsang, boshingga chiqadi” degan tushuncha o'rnashib olgandek, go'yo.

Halqimizda “Sen yaxshi – olam yaxshi” degan purma'no naql bor. Biz birovga emas, ko'proq o'zimizga mas'ulmiz. Dunyoda biror narsani o'zgartirish shart bo'lsa, avvalo buni o'zimizdan boshlamog'imiz lozim.

To'lqin EShTO'HTAR o'g'li

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Jumadan jumagacha 27-11-2026 yil

28.11.2026   35905   1 min.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Videolavhalar