Qaysidir kitobda o'qiganim quyidagi hikoya xayolimdan ketmaydi:
Bir erkak ayoli bilan janjallashib qolib, jahl ustida bir-ikki marta urdi. Taqdirni qarang, ayoli to'satdan jon taslim qildi. Er qo'rqib ketib qattiq pushaymon bo'ldi. Chunki o'ldirishni aslo istamagan edi. Hotinining yaqinlari endi undan qasos olishi aniq. Nima qilsin? O'ylab-o'ylab, har qanday chigal va qiyin holatdan ham chiqib keta oladigan makkor bir odamning huzuriga bordi. Unga bo'lgan voqeani so'zlab berib, vaziyatdan chiqish yo'lini so'radi. Makkor kimsa ayyorona maslahat beradi:
– Ha, vaziyat og'ir, lekin bir yo'li bor. Sen birorta ko'rkam, yosh yigitni aldab uyingga chaqir-da, uni o'ldir. So'ng ayolingning jasadini yoniga kiritib qo'y. Hotiningning qarindoshlari kelishsa, men bularni xiyonat ustida tutdim va jahl ustida ikkisini ham o'ldirdim, deysan!
Qotil erkak makkor kimsa aytganidek qildi. Ayolining qarindoshlari kelib, ikkita murdani ko'rib, ayb o'z ojizalarida deb tushunib, hech narsa deya olmay, boshlari egik holda qaytib ketishdi.
Kech bo'lgani sabab mayyitlarni qabrga ertasi kuni qo'yadigan bo'lishdi.
O'sha kuni makkor kishining yolg'iz o'g'li uyiga kelmadi. Farzandining bunday odati yo'q edi. Uning ko'ngliga g'ulg'ula tushib, qattiq bezovta bo'la boshladi. Bir noxushlikni ko'ngli sezganday, miyasiga qotilning yoniga borish fikri keldi. Uni topib, nimalar qilganini so'radi.
Qotil uni uyiga olib kirib murdani ko'rsatdi. O'sha baxtiqora yigit makkorning o'g'li edi. Farzand o'z otasining qabih hiylasi ila o'ldirilgandi!..
“Birovga choh qazima, o'zing tushasan” deb bejiz aytishmagan. She'rdagi ushbu satrlar juda to'g'ri aytilganiga amin bo'lasan:
Birovga choh qazmoq nodonlar ishi,
Derlar zahar solmoq chayonlar ishi.
Jafo qilsa, jafo topgay har kishi,
Azalu abaddin qaytar dunyo bu!
Anvar G'ULOMOV,
mehnat faxriysi
Samarqand shahri
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati