بســـــم الله الرحمن الرحيم
INSON HAQ-HUQUQLARI – OLIY QADRIYAT!
Muhtaram azizlar! Ma’lumki, har bir davlatning ravnaqi va farovonligi yurtda amalda bo‘lgan qonunlarning adolatligi va insonparvarligiga, xalq tomonidan ushbu ko‘rsatmalarga amal qilinishiga bog‘liqdir.
Yurtimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng xalqimiz qo‘lga kiritgan eng katta yutuqlaridan biri inson huquq va erkinliklarini ta’minlovchi hujjat bo‘lmish Bosh qomusimizning qabul qilinishi bo‘ldi.
Konstitutsiya millatimiz ruhiga, hayot tarzi va urf-odatlariga mos bo‘lgan imon-e’tiqod, insof, diyonat, mehr-oqibat, or-nomus, hayo kabi eng ezgu fazilatlarni o‘z ichiga olgan. Konstitutsiya milliy davlatchiligimizning ramzi sifatida insonning qadr-qimmatini ulug‘lash, uning huquqiy qonuniy manfaatlari daxlsizligini ta’minlashga xizmat qiladi. Bosh qomusimizda bayon etilgan tamoyillar har bir inson o‘zini chinakam baxtiyor xis etishi, osuda va farovon hayot kechirishiga qaratilgan.
Binobarin, Alloh taolo inson naslini ulug‘ladi, unga behisob ne’matlar, yaxshiliklar ato etdi. Boshqa maxluqotlarga bermagan fazilatlarni aynan odamga xosladi.
Mamlakatimizda istiqomat qiluvchi turli din vakillari, jumladan yurtimiz musulmonlari ham, belgilab qo‘yilgan huquq va erkinliklardan keng foydalanmoqdalar.
Qayd etish joizki, diniy sohada muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbuslari bilan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, o‘tgan davr mobaynida joylarda tubdan yangi qurilib, xalqimiz ixtiyoriga topshirilgan Toshkent shahridagi “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf”, Termiz shahridagi “Imom Termiziy”, Urganch shahridagi “Oxun bobo” masjidlari, Qarshi tumanidagi “Abul Mu’in Nasafiy” majmuasi, yangidan tashkil etilgan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, “Hadis ilmi maktabi”, buyuk ajdodlarimizning ilmiy asarlari va boshqa turli diniy mavzulardagi adabiyotlar yetarli darajada nashr etilayotgani, yurtdoshlarimizning kunlik ibodatlari bilan bir qatorda muborak haj va umra ibodatlarini to‘la to‘kis ado etayotganlari – diniy sohada olib borilayotgan islohotlarning amaliy ifodasi hisoblanadi.
E’tirof etishimiz lozim bo‘ladiki, mazkur islohotlar huquqimiz kafolatlangani va erkinligimiz to‘liq ta’minlanayotganligidan dalolatdir.
Bu yutuqlarmizning barchasi yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va xotirjamlik demakdir.
Muhtaram jamoat! Islom ta’limotiga ko‘ra, din – inson o‘z xohishi bilan e’tiqod qiladigan ilohiy ko‘rsatmalar majmuidir. Alloh taolo O‘zining Kalomida shunday marhamat qilgan:
لَا إِكْرَاهَ فِي الدِّينِ قَدْ تَبَيَّنَ الرُّشْدُ مِنَ الْغَيِّ... (سورة البقرة/ 256)
ya’ni: “Dinda zo‘rlash yo‘q, zero, to‘g‘ri yo‘l yanglish yo‘ldan ajrim bo‘ldi...” (Baqara surasi 256-oyat).
Islom biror shaxsni dinga zo‘rlab kiritishga, o‘z e’tiqodini boshqalarning xohish-irodasiga qarshi o‘laroq tiqishtirishga yo‘l qo‘ymaydi.
Amaldagi qonunlarimizda ham aynan fuqarolarning vijdon erkinligi va boshqa diniy ehtiyojlari to‘liq kafolatlangani, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmasligi qayd etilgan.
Bundan tashqari, Islom dini azaldan oila va nikohga katta e’tibor qaratib kelgan. Nasl-nasabni saqlash, jamiyatning ma’naviy holatini yaxshilashning asosiy omili – oila deya e’tirof etilgan.
Qonunlarimizda ham oila masalasiga alohida to‘xtalib o‘tiladi: “Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega” (O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining o‘n to‘rtinchi bob, 63-moddasi).
Shuningdek, shariatimizda ota-onaning farzandi oldida uchta burchi borligi aytiladi. Chiroyli ism qo‘yish, go‘zal xulq-atvorli etib tarbiyalash va voyaga yetgach, agar o‘g‘il bola bo‘lsa, soliha qizga uylantirish; qiz bo‘lsa, imon-e’tiqodli musulmonga turmushga berishdir. Bu borada ham islom dinimizning qarashlariga asosiy huquqiy qomusimiz hamohang. Unga ko‘ra:
“Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar”, – deyiladi (O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining o‘n to‘rtinchi bob, 64-moddasi).
Qur’oni karimda shunday deyiladi:
وَعَلَى الْمَوْلُودِ لَهُ رِزْقُهُنَّ وَكِسْوَتُهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ ... (سورة البقرة/ 133)
ya’ni: “...Ularni me’yorida oziqlantirish va kiyintirish otaning (erning) zimmasidadir...” (Baqara surasi 133-oyat).
Ana shunday hamohanglik Konstitutsiyaning deyarli barcha moddalarida sezilib turadi. Unda O‘zbekiston hududida yashovchi har bir fuqaroning manfaatlari, huquq va burchlari qonun asosida belgilab qo‘yilgan bo‘lib, fuqarolarning millati, irqi va dinidan qat’i nazar, teng huquqli ekani kafolatlanadi.
Diniy soha xodimlari esa kishilarni muqaddas Islom qadriyatlari asosida tarbiyalab, jamiyat oldida turgan vazifalarni amalga oshirishda, hayotiy muammolarni hal etishda davlatga yordam berishlari, jamiyat a’zolarida amaldagi qonun-qoidalarga hurmat hissini shakllantirishlari zarur.
Qur’oni karimdagi “Niso” surasi 59-oyatida
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ وَأُولِي الْأَمْرِ مِنْكُمْ ... (سورة النساء/ 59)
ya’ni: “Ey, iymon keltirganlar! Allohga itoat qilingiz, payg‘ambarga itoat qilingiz hamda o‘zingizdan bo‘lgan ish egalariga (ya’ni rahbarlarga) itoat qilingiz”, – deyilgan. Shundan ma’lum bo‘ladiki, muqaddas Islom dinida jamiyat barqarorligi va taraqqiyoti uchun rahbarga itoat qilishlik buyurilgan. Ushbu itoatkorlik rahbar ko‘rsatmalari bilan bir qatorda, jamiyatda ayni paytda amalda bo‘lgan, xalq tomonidan umume’tirof etilgan qonunlarga itoat etishni ham nazarda tutadi.
Jamiyatdagi insonlarning o‘zaro bir-birlaridagi haq-huquq va majburiyatlarini astoydil ado etib, joriy bo‘lgan ma’lum qonun-qoidalarga rioya qilib yashashlari ijtimoiy adolatning qaror topishida muhim o‘rin tutadi. Islom dinida jamiyatdagi har bir kishining haq-huquq va majburiyatlari uning millati va e’tiqodidan qat’iy nazar, aniq va ravshan belgilab berilgan.
Eng avvalo, har bir shaxs yashash huquqiga ega ekanligi Qur’oni karimning ko‘plab oyatlarida bayon etilgan, Jumladan:
وَلَا تَقْتُلُوا النَّفْسَ الَّتِي حَرَّمَ اللَّهُ إِلَّا بِالْحَقِّ (سورة الأنعام/151)
ya’ni: “Alloh taqiqlagan jonni nohaq qatl qilmangiz!” (An’om surasi, 151-oyat).
Demak, hech kimsa boshqa kimsaning hayotiga tajovuz qilishi va uning yashash huquqidan nohaq mahrum qilishi mumkin emas. Dunyoda sodir bo‘layotgan voqealar zamirida turli dinlar o‘rtasida murosasizlik, adovat va nafratni yoyish, shu orqali tinch yurtlarni beqaror makonlarga aylantirishga harakat qilish maqsadi yotibdi. Biz esa mamlakatimizda yashaydigan barcha millat va din vakillari bilan bag‘rikenglikda hayot kechirmoqligimiz lozim bo‘ladi.
Darhaqiqat, Alloh taolo insoniyatni avvalda hur qilib yaratgan. Keyinchalik insoniyat turli xil omillar sababli quldorlik davrini ham boshidan o‘tkazdi. Islom dini kelib, qullarni ozod qilishga keng targ‘ib etdi. Aksincha, hur odamni qullikka solishni eng og‘ir gunohlardan sanadi. Quyidagi hadisda shu ma’no ifodalangan:
"ثَلَاثَةٌ أَنَا خَصمُهُمْ يَومَ القِيَامَةِ رَجُلٌ أَعْطَى بِي ثُمَّ غَدَرَ، وَرَجُلٌ بَاعَ حُرًّا فَأَكَلَ ثَمَنَهُ، وَرَجُلٌ اسْتَأْجَرَ أَجِيرًا فَاسْتَوْفَى مِنْهُ وَلَمْ يُعْطِه أَجْرَهُ" (رَوَاهُ الإِمَامُ البُخَارِيُّ عَن أَبِي هُرَيرَةَ رَضِيَ الله عَنهُ).
ya’ni: “Qiyomat kuni men uch toifa kishi bilan xusumatlashaman: men bilan va’da berib, so‘ngra xiyonat qilgan; hur kishini sotib, pulini yegan; ijarachi yollab, undan to‘la-to‘kis foydalanib bo‘lgach, haqqini bermagan kishi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Bu hadisda bugungi kunda xorijda o‘z yurtdoshlarini aldab, ularning qullikka mahkum qilayotgan, ularning huquq va erkinliklarini cheklayotgan nobakor shaxslar uchun jiddiy ogohlantirish mavjud.
Shu bilan birga, ta’lim olish, mehnat qilish, davolanish, e’tiqod qilish, mulkka egalik qilish huquqlari ham dinimizda hamma uchun birdek kafolatlangandir. Bosh qomusimizda ham aynan mana shu huquqlar alohida moddalar bilan kafolatlab qo‘yilgan.
Muhtaram azizlar! Dinimizda, shuningdek, jamiyatdagi har bir kishining zimmasida o‘zi yashab turgan jamiyatga nisbatan, undagi har bir shaxsga nisbatan va Vataniga nisbatan burch va majburiyatlari bor ekanligi ham bayon etilgan. Qur’oni karimda shunday deyilgan:
وَاعْبُدُوا اللَّهَ وَلَا تُشْرِكُوا بِهِ شَيْئًا وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا وَبِذِي الْقُرْبَى وَالْيَتَامَى وَالْمَسَاكِينِ وَالْجَارِ ذِي الْقُرْبَى وَالْجَارِ الْجُنُبِ وَالصَّاحِبِ بِالْجَنْبِ وَابْنِ السَّبِيلِ وَمَا مَلَكَتْ أَيْمَانُكُمْ إِنَّ اللَّهَ لَا يُحِبُّ مَنْ كَانَ مُخْتَالًا فَخُورًا
(سورة النساء/39).
ya’ni: “Allohga ibodat qilingiz va Unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingiz! Shuningdek, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qo‘shni-yu begona qo‘shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo‘lovchi (musofir)ga va qo‘l ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qiling)! Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi” (Niso surasi, 39-oyat).
Shuningdek, kishining oilasi oldidagi majburiyati, rahbarga itoat etish majburiyati, Vatanini himoya qilish majburiyati, boshqa din va millat vakillari oldidagi majburiyatlari ham borki, Alloh taolo dinimizda bularni bayon qilib bergan. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadislarining birida shunday dedilar:
"لا تَحَاسَدُوا، وَلَا تَنَاجَشُوا، وَلَا تَبَاغَضُوا، وَلَا تَدَابَرُوا، وَلَا يَبِعْ بَعْضُكُمْ عَلَى بَيْعِ بَعْضٍ وَكُونُوا عِبَادَ اللَّهِ أخْوَانًا، الْمُسْلِمُ أَخُو الْمُسْلِمِ، لَا يَظْلِمُهُ، وَ لَا يَخْذُلُهُ، وَ لَا يَحْقِرُهُ، التَّقْوَى هَاهُنَا، - وَيُشِيرُ إِلَى صَدْرِهِ ثَلَاثَ مَرَّاتٍ - بِحَسْبِ امْرِئٍ مِنْ الشَّرِّ، أَنْ يَحْقِرَ أَخَاهُ الْمُسْلِمَ، كُلُّ الْمُسْلِمِ عَلَى الْمُسْلِمِ حَرَامٌ؛ دَمُهُ، وَمَالُهُ، وَعِرْضُهُ"
(رواه الامام مسلم عن أبي هريرة رضي الله عنه).
ya’ni: “Bir-biringizga hasad qilmanglar, molning narxini yolg‘ondan ko‘tarmanglar, bir-biringizga bug‘zu-adovat qilmanglar, bir-biringizdan yuzingizni burmanglar, hech biringiz boshqaning savdosi ustiga savdo qilmasin, Allohning birodar bandalari bo‘linglar! Musulmon – musulmonning birodaridir, unga zulm qilmaydi, uni yordamsiz tashlab qo‘ymaydi, uni tahqirlamaydi. Taqvo mana bu joydadir, deb, uch marta ko‘kraklariga ishora qilib aytdilar. Kishining musulmon birodarini tahqirlashi uning yomonligiga kifoya qiladi. Har bir musulmonga musulmonning qoni, moli va obro‘yi haromdir” (Imom Muslim rivoyatlari).
Yuqoridagi oyat va hadislarning mazmunidan ma’lum bo‘ladiki, kishilik jamiyatida qonunlarning ahamiyati juda ham katta. Darhaqiqat, adolatli qonunlar – xalq farovonligi hamda dunyo va oxirat obodligining asosidir.
Muhtaram azizlar! Oldimizda bizning barcha haq-huquqlarimizning amalga oshirishda omil bo‘ladigan saylovlar jarayoni turibdi.
Xalq ravnaqi va yurt kelajagi borasidagi qarorlar hukmdorlar tomonidan mashvaratlarda kengashib, qabul qilingani ma’lum. Shu boisdan, bugungi kundagi Oliy Majlisda xalq vakillari tomonidan olib borilayotgan faoliyat, qabul qilinayotgan qarorlarni milliy va diniy qadriyatlarning mantiqiy davomi sifatida e’tirof etish mumkin.
Demak, Yurtimizda olib borilayotgan saylovlar xalqimizning tarixiy an’analariga hamohang desak, aslo mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.
Shunday ekan, joriy yilning 22 dekabr kuni o‘tkaziladigan xalq noiblari saylovida barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, faol qatnashaylik. Zero, ushbu tadbirlarga befarq bo‘lish, yurt kelajagi va taraqqiyotiga befarq bo‘lish demakdir.
Muhtaram jamoat! Mav’izamizning fiqhiy masalalar qismida hanafiy mazhabimiz bo‘yicha paypoqqa mas'h tortish masalasiga to‘xtalib o‘tamiz.
Darhaqiqat, Qur’oni karim bizga tahoratni ma’lum bir tartibda ado etishni farz qilgan. Aslida unda oyoqlarga masx tortish emas, balki yuvish ochiq-oydin ravishda buyurilgan. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا إِذَا قُمْتُمْ إِلَى الصَّلَاةِ فَاغْسِلُوا وُجُوهَكُمْ وَأَيْدِيَكُمْ إِلَى الْمَرَافِقِ وَامْسَحُوا بِرُءُوسِكُمْ وَأَرْجُلَكُمْ إِلَى الْكَعْبَيْنِ... (سورة المائدة/6).
«Ey, imon keltirganlar! Namoz (o‘qish)ga turar ekansiz, albatta, yuzlaringizni, qo‘llaringizni tirsaklarigacha yuvingiz, boshlaringizga mas'h tortingiz va oyoqlaringizni to‘piqlarigacha (yuvingiz)!” (Moida surasi 6-oyat).
Ushbu oyatda Alloh taolo tahoratda oyoqlarni yuvishga buyurmoqda. Shunga qaramay, maxsilarga masx tortish joizligiga butun ummat ittifoq qilgan. Bu haqdagi rivoyatlar mutavotir (juda ko‘p kishi rivoyat qilgan sahih hadislar) darajasiga yetgan.
Bugungi kundagi paypoqlarning barcha turiga xoh qalin, xoh yupqa bo‘lsin, mas'h tortib bo‘lmaydi. Ba’zi hadislarda Payg‘ambar alayhissalom “javrob”ga mas'h tortganlari rivoyat qilingan. Hozirgi zamonaviy arab tili lug‘atlarida “javrob” – paypoq ekani qayd etiladi. Lekin shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, Payg‘ambar alayhissalom davrlaridagi javroblar bilan hozirgi zamonaviy paypoqlar – butunlay boshqa-boshqa narsalardir. Buni to‘g‘ri anglab yetish uchun mo‘tabar manbalarga murojaat qilib, asri saodat davrlarida javrob qanday bo‘lganini yaxshi bilib olishimiz kerak bo‘ladi. Mug‘iyra ibn Sho‘ba raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
"تَوَضّأَ النّبيُّ صلى الله عليه وسلم وَمَسَحَ عَلَى الْجَوْرَبَيْنِ وَالنّعْلَينِ"
(أَخْرَجَهُ الإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ وَالإِمَامُ أَبُو دَاوُدَ)
ya’ni: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam tahorat qildilar va javrobga hamda kovushga mas'h tortdilar” (Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyatlari).
“Qomusul Muhit” va “Lisonul Arab” nomli eng mo‘tabar lug‘at kitoblarda “javrob” – kishining oyoqlariga o‘raladigan narsa ekani aytilgan. Alloma Shavkoniy: “Maxsi yumshoq, oshlangan teridan qilinadi, choriq uning ustidan kiyiladi, javrob esa choriqdan ham katta bo‘ladi”, – deganlar. Molikiy mazhabidagi muhaqqiq ulamolardan Ibn Arabiy hadislarda kelgan javrobni quyidagicha izohlaydi:
الجَوْرَبُ: غِشَاءَانِ لِلْقَدَمِ مِنْ صُوفٍ يُتَّخَذُ لِلدُّفْءِ
ya’ni: “Javrob – ikki oyoqni issiq tutish uchun jundan tayyorlangan va uni o‘rab turadigan narsadir” (“Orizatul ahvaziy sharhi Sunani Termiziy” kitobi). Alloma Badriddin Ayniy mazkur ta’rifga qo‘shimcha qilib, javrobni odamlar odatda o‘ta sovuq o‘lkalarda kiyishini ta’kidlab o‘tganlar.
Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning davrlarida joriy bo‘lgan javrobga berilgan ta’riflarning hammasini o‘rganib, xulosa qilinsa, u – jundan yoki paxtadan to‘qilgan qalin matodan bo‘lgan, oyoqni issiq tutish uchun kiyiladigan yoki oyoqqa o‘raladigan narsa bo‘lgani ma’lum bo‘ladi. Javrobning maxsidan farqi shuki, maxsi oshlangan teridan tikilib tayyorlangan bo‘lsa, javrob qalin matodan tayyorlangan. Ba’zi ulamolarga ko‘ra, javrobning osti yoki usti teridan qoplangan.
Zamon o‘tishi bilan turli oyoq kiyimlar tikilib, ularga ham “javrob” deb atalishi joriy bo‘lgan. Bu hol ayniqsa javrob turli o‘lkalarda turli ko‘rinishda bo‘lishi bilan ham farqlana boshlagan. Fuqaholarimiz javrobga mas'h tortishning hukmi o‘sha oyoq kiyimining holatiga qarab belgilanishini ochiq oydin aytib o‘tganlar. Jumladan: mo‘tabar fiqhiy manba hisoblangan “Inoya” kitobida shunday deyiladi:
الْمَسْحُ عَلَى الْجَوْرَبَيْنِ عَلَى ثَلَاثَةِ أَوْجُهٍ : فِي وَجْهٍ يَجُوزُ بِالِاتِّفَاقِ وَهُوَ مَا إذَا كَانَا ثَخِينَيْنِ مُنَعَّلَيْنِ ، وَفِي وَجْهٍ لَا يَجُوزُ بِالِاتِّفَاقِ وَهُوَ أَلَّا يَكُونَا ثَخِينَيْنِ وَلَا مُنَعَّلَيْنِ ، وَفِي وَجْهٍ لَا يَجُوزُ عِنْدَ أَبِي حَنِيفَةَ خِلَافًا لِصَاحِبَيْهِ وَهُوَ أَنْ يَكُونَا ثَخِينَيْنِ غَيْرَ مُنَعَّلَيْنِ .
ya’ni: “Javrobga mas'h tortishning hukmi uch xil ko‘rinishda bo‘ladi:
- Agar u qalin javrob bo‘lib, ostiga teri qo‘yilgan bo‘lsa, mas'h tortish joiz. Bunga ulamolarimiz ittifoq qilganlar.
- Teridan bo‘lmagan yupqa javrob bo‘lsa, mas'h tortib bo‘lmaydi. Bunga ham barchalari (ya’ni Imom Abu Hanifa, Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad) ittifoq qilganlar.
- Teridan bo‘lmagan lekin qalin javrob bo‘lsa, Imom A’zam nazdida mas'h tortish durust emas. Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad nazdida mas'h tortish joiz”.
Demak, avvalgi paypoqlar mahsiga o‘xshagani, mahsiga qo‘yilgan talablarga javob bergani uchun ularga mas'h tortilgan. Ushbu talablarga javob bera olmagan har qanday oyoq kiyimlarga mas'h tortish joiz emas, deb hisoblangan.
Ibn Abu Shaybaning “Al-Musannaf” kitobida shunday keltiriladi: “Said ibn Musayyib va Hasan Basriy rahimahumalloh: “Javrob juda qalin bo‘lsagina, unga mas'h tortishga ruxsat beriladi”, – der edilar”.
Alloma Kosoniy rahimahulloh “Badoye’us sanoye’” kitobida shunday yozadilar: “Ulamolarning yagona fikriga ko‘ra, agar javroblarning matosi suv sizib o‘tadigan darajada yupqa bo‘lsa, ularga mas'h tortish mumkin emas”.
Alloma ibn Nujaym rahimahulloh ham shunday deydilar: “Ip yoki jundan qilingan javroblarga mas'h tortish mumkin emas. Bu borada hech qanday ixtilof yo‘q. Kiyilgan javrob bir farsax (uch mil, taxminan 6 km.) dan ortiq yo‘l yursa bo‘ladigan darajada qalin bo‘lsagina, ulamolarning fikrida biroz farq uchrashi mumkin (“Al-Bahrur-Roiq” kitobi).
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, barcha faqihlar va mujtahidlar suv sizib o‘tadigan, oyoqda o‘zini tutib tura olmaydigan, ya’ni bog‘ichsiz tushib ketadigan, yuqorida aytilgan masofagacha kiyib yurilsa, yirtilib ketadigan paypoqlar va poyafzalga mas'h tortish joiz emasligiga ittifoq qilganlar. Bugungi kunimizda kiyilayotgan ip, paxta, jun, neylon va boshqa narsalardan qilingan paypoqlarda yuqorida ulamolarimiz aytib o‘tgan javroblarning xususiyatlari mutlaqo yo‘q, shuning uchun ularga mas'h tortib bo‘lmaydi.
Agar kimdir hozirgi yupqa paypoqlarga mas'h tortayotgan bo‘lsa, Imom Abu Hanifa va u zotning ikki shogirdlari hamda Imom Molik, Imom Shofeiy, Imom Ahmad ibn Hanbalning mazhablariga ko‘ra uning tahorati durust bo‘lmaydi.
Alloh taolo xalqimiz hayotini bundan ham farovon aylasin! Yurtimizni turli xildagi samoviy va aroziy ofatu balolardan hifzu himoyasida saqlab, barchamizni O‘zi rozi bo‘ladigan amallar bilan yashab o‘tmog‘imizga muyassar qilsin! Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “O‘z joniga qasd qilish – ijtimoiy illat” mavzusida bo‘ladi.
Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾
“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.
Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.
«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.
“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.
«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).
Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.
Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.
Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.
“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ
فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.
Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).
Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.
Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.
Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.
Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi