Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Iyul, 2025   |   13 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:15
Quyosh
04:58
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:37
Bismillah
08 Iyul, 2025, 13 Muharram, 1447

Milliarder sahoba haqlarida eshitganmisiz

29.11.2019   22082   3 min.
Milliarder sahoba haqlarida eshitganmisiz

Bu sahobiyning ismlari Abdurahmon ibn Avf bo‘lib, Banu Zuhra urug‘idan bo‘lganlar. Kunyalari Abu Muhammad edi. Makkada peshqadamlardan bo‘lib Islom diniga kirganlar. Rivoyatlarda fil yilidan o‘n yil keyin tug‘ilganlari aytiladi. Ikki marta hijrat qilganlar. Birinchisi Habashistonga, ikkinchisi Madinaga. Badr va boshqa barcha janglarda ishtirok etganlar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinada u kishini asnorlardan Sa’d ibn Rabiy’ roziyallohu anhu bilan birodar qilib qo‘yganlar. Qahramonimiz Ibn Avf roziyallohu anhu “Asharai mubashshara” (tirikligida jannatga kirishini eshitgan)lardan edilar.

Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu baland bo‘yli, oppoq chehralariga biroz qizil aralashgan, go‘zal yuzli, keng yelkali bo‘lganlar.

Sa’d ibn Robiy’ roziyallohu anhu u kishi bilan aka-uka tutinganlaridan so‘ng “Men ansorlarning orasida moli ko‘p odamman. Molimning yarmini sizga beraman...” deganlar. Shunda Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu “Alloh taolo sizning molingizga va ahlingizga baraka bersin! Menga bozorni ko‘rsatib qo‘ying!” deydilar. Sa’d roziyallohu anhu u kishiga bozorni ko‘rsatib qo‘yadilar. Keyin qahramonimiz bozorda savdo ishlarini yo‘lga qo‘yib, tez orada boyib ketganlar.

Boyliklari juda ko‘p edi. Hatto rivoyatlarda kelishicha, Shomdan Madinaga yetti yuz tuyadan iborat karvon kirib kelar, o‘sha karvon Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhuga tegishli bo‘lardi.

Imom Buxoriy rahimahulloh “Tarix” kitoblarida keltirishlaricha, Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu Badrda qatnashib, o‘sha paytda hayot bo‘lib turgan sahobalarning har birlariga to‘rt yuz dinor, mo‘minlarning onalarining har birlariga ko‘p miqdorda mol berishni vasiyat qilgan ekanlar. Hatto Oisha onamiz roziyallohu anho “Alloh uni salsabil bulog‘idan sug‘orsin” deb duo qilgan ekanlar.

U kishi vafot etganlarida, qoldirgan boyliklari 3 103 000 000 (uch milliard bir yuz uch million) dinor bo‘lgan ekan. 1 dinor — 4.365 gramm oltindir. Mazkur dinorlarni dollarga aylantirsak, 528.2 mlrd.$ bo‘lar ekan.

Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu qullari bilan birga ovqatlanardilar. Tanimagan odam u kishini qullari orasidan ajrata olmasdi.

Shuncha boyliklari bo‘lsa ham u kishi o‘ta kamtar edilar. Kekkayish, o‘zini katta olish, moli bilan, obro‘si bilan maqtanish ularga yot edi.

Sahobai kiromlar Nabiy sollallohu alayhi vasallam madrasalarining peshqadam talabalaridir.

Pulning ko‘p yoki ozligi ularning fazilatlariga soya solmagan. Doim insoniylikning yuksak namunasini ko‘rsatib boraverishgan.

Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu hijriy 32-yilda, Usmon roziyallohu anhuning xalifalik paytlarida vafot etganlar. Taxminan yetmish besh yil umr ko‘rganlar. 

Alloh taolo u kishidan va barcha sahobalardan rozi bo‘lsin!

 

Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar

Namozni qayta o‘qish kerakmi?

04.07.2025   5491   1 min.
Namozni qayta o‘qish kerakmi?

Savol: Bir birodarimning qalbi notinch bo‘lmoqda. Shu birodarim nomidan ushbu savolni yo‘llamoqdaman. Bomdod namozi vaqtida imomlikka u kishidan boshqa tajvidi yaxshi kishi bo‘lmagani sababli, jamoatga namoz o‘qib bergan. Namozdan so‘ng bavosir kasalligi esiga tushib, tahoratxonaga borib qarasa, kiyimida qonni ko‘rib qolibdi. U qon namozdan oldin chiqqanmi yoki keyin, buni aniq bilolmayapti. Endi o‘qilgan namozimiz to‘g‘rimi yoki yo‘qmi, jamoatga: “Namozingizni qayta qazo qilib o‘qib qo‘ying”, deb aytaymi-yo‘qmi, bilmay turibman, deb ko‘ngli notinch bo‘lmoqda. Buning hukmi qanday bo‘ladi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Kishi kiyimida najosat ko‘rib qolib, uning qachon tekkanini bila olmasa, ko‘rgan vaqtidan boshlab tekkan hisoblanadi. Ammo bu hukm tashqaridan tekkan yoki tashqaridan tegishi ehtimoli bor bo‘lgan najosatlarga tegishli. Agar qon yoki yiring o‘zining badanidan chiqqani aniq bo‘lsa, bunda kiyim najosat bo‘lish bilan birga tahorat ham ketgan bo‘ladi. Ko‘rgan paytda qon yoki yiring qotgan holatda bo‘lsa, u avvalroq chiqqan hisoblanadi. Agar ho‘l holatda bo‘lsa, hozir chiqqan hisoblanadi. Demak, birodaringiz qonni ko‘rgan vaqtda, u ho‘l holatda bo‘lsa, namozni qayta o‘qish shart emas. Agar qon qurib qolgan bo‘lsa, birodaringiz namozni qayta o‘qishi lozim. Jamoatga kelsak, qaraladi, agar ularga aytilsa, fitnaga sabab bo‘lsa, ularga bu haqida aytilmaydi. Balki imom o‘zi qaytib o‘qiydi va istig‘for aytadi. Jamoatning namozi durust bo‘lgan hisoblanadi. Lekin jamoatga bu haqida aytsa, fitna va ixtilof chiqmaydigan bo‘lsa, u holda ularga ham bu haqda aytib qo‘yish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi