Ma'lumki, Alloh taolo qiyomat kuni amallarimiz ichida avvalo namozlarimizdan hisob-kitob qiladi. Bu haqda Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan Abu Hurayra roziyallohu anhu bunday rivoyat qiladilar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Qiyomat kuni banda amallari ichidan eng birinchi hisob qilinadigani uning namozidir. Agar (namozi) to'g'ri (ado etilgan) bo'lsa, aniq yutuqqa erishibdi, najot topibdi. Agar (namozi) fosid bo'lsa, shubhasiz noumid bo'libdi, yutqazibdi. Agar farz namozlaridan biron kamko'sti bo'lsa, Parvardigor azza va jalla: “Qaranglar, bandamning nafllari bormi?” deydi. Shunda farz namozlariga etishmagani ular bilan to'ldiriladi. Keyin qolgan amallari shunga qarab bo'ladi”, deganlarini eshitganman”(Imom Ahmad va Dorimiy rivoyati).
Namoz dinimizning beshta ustunidan biridir. Uni vaqtida ado qilmoq har bir mo'min-musulmonga farzdir. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Albatta, namoz mo'minlarga vaqti tayin etilgan va (farz deb) bitilgandir”(Niso surasi, 103-oyat).
Har bir mo'min-musulmon uchun besh vaqt namoz eng qadrli va muhim amaldir. Hasan Basriy rahimahulloh aytadilar: “Ey Odam farzandi, agar senga namozing qadrsiz bo'lsa, u holda diningdagi qaysi narsa sen uchun aziz?! Holbuki, sen qiyomat kunida birinchi bo'lib namozingdan so'ralasan-ku!”.
Alloh taolo barchamizning ado etayotgan namozlarimizni O'z dargohida husni maqbul aylasin!
Ruhiddin AKBAROV,
O'MIning Qashqadaryo viloyatidagi vakillik xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati